MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

TOJIBOYEVA GULNOZ ZOHIDULLO QIZI

TOJIBOYEVA GULNOZ ZOHIDULLO QIZI

Bolalar yozuvchisi, rassom, tarjimon, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Yozuvchilar uyushmasining “Bolalar va o‘smirlar adabiyoti” kengashi rais o‘rinbosari

Tojiboyeva Gulnoz 2009-yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti uchun tanlovning “Adabiyot” yo‘nalishida o‘zining ijodiy ishlari va 2006-yilda ustozi Tohir Malikning “oq yo‘li” bilan nashr etilgan “O‘rmon ertaklari” nomli birinchi kitobi bilan qatnashgan. U tanlovning tuman va shahar bosqichlarini g‘olibasi, respublika bosqichining ishtirokchisi bo‘lgan.

2008-yilda Gulnozning bolalarga atalgan ikkinchi “Kuladigan quyoncha” nomli ertaklar to‘plami nashrdan chiqdi.

Gulnoz Tojiboyeva kollejni tamomlagach, PageMaker, Adobe CorelDraw, Adobe Photoshop, Adobe Illustrator, Adobe InDesign, HTML va CSS kabi kompyuter dasturlari bo‘yicha malaka oshirib, professional mutaxassis sifatida rasmiy sertifikat olgan. Til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi katta bo‘lgani sababli rus va ingliz tillari bo‘yicha qo‘shimcha shug‘ullana boshladi. 2009-2010-yillardan boshlab o‘zi yozgan ertak va topishmoqlarini rus tiliga tarjima qilishni o‘rgandi.

Nafaqat adabiyot, san’at va IT tizimi, balki siyosiy jarayonlarga ham befarq bo‘lmagan G.Tojiboyeva 2012-yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining “Parlamentarizm bilimdoni” Respublika tanlovida faol ishtirok etib, diplom bilan taqdirlandi.

Gulnoz Tojiboyeva O‘rta Osiyo mamlakatlarining fojiasiga aylangan muammo — Orol dengizining qurishi va ushbu muammoning “fantastik yechimi” asosiy g‘oya qilib olingan “Jayxun va Alanga”  nomli ertak-film ssenariysi bilan 2014 yili Janubiy Koreyada o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo va Koreya davlatlarining miflari, ertaklari va qahramonlik eposlari asosida yaratilgan ssenariylar Xalqaro tanlovi”da 1-o‘rinni egalladi.

Gulnozning ish faoliyati 2010-yildan “Bekajon” gazetasida muxbir, tarjimon va fotomuxbir sifatida boshlangan bo‘lib, 2012-2013-yillarda “Chashma-Print” nashriyotida rassom-dizayner sifatida davom etdi. U o‘zining nashriyotdagi ish faoliyati davomida “O‘rmon alifbosi” nomli mualliflik kitobini rassom-dizayner sifatida nashrga tayyorladi va mazkur kitob 2012-yilda chop etildi. Bundan tashqari, Gulnozning bolalarga atalgan interfaol o‘yinlar uslubida yaratgan “Topishmoqlar – Угадай и раскрась” nomli ikki tildagi topishmoqlar kitobi ko‘plab kitobxonlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi va bir necha yillar davomida qayta-qayta nashr etildi. Mazkur kitobda she’riy topishmoqlar o‘zbek va rus tillarida, javobi esa bo‘yash va nuqtalarni birlashtirib chizishga mo‘ljallangan rasm shaklida berilgan.

Gulnoz 2015-yilda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining “Amaliy san’at asarlarini ta’mirlash va qayta tiklash” yo‘nalishiga o‘qishga kirdi. Ta’lim yo‘nalishidan kelib chiqib, O‘zbekiston hududidan topilgan qadimiy buyumlarni o‘rganish, ta’mirlash va qayta tiklash jarayonlarini katta qiziqish bilan o‘rgandi.

Gulnoz talabalik davrining birinchi yilidayoq XIX-XI asrlarda Qanqa hududidan topilgan va hozirgi kunda Ikuo Xirayama nomli Xalqaro Madaniyat Karvonsaroyining muzeyida saqlanayotgan qadimiy sopol eksponatlarning o‘ndan oshig‘ini ta’mirlab, tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu eksponatlar 2016-yilda Ikuo Xirayama nomli Xalqaro Madaniyat Karvonsaroyida tashkil etilgan “Ajdodlar merosi” nomli sopol buyumlarni ta’mirlash bo‘yicha ko‘rgazmada namoyish etildi.

Gulnoz 2016-yilda Kamoliddin Behzod nomidagi  Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalarining ijodiy ishlari tanlovida faxrli o‘rin sohibasi bo‘ldi va bir qancha Xalqaro ijodiy tanlovlarda yuqori natijalar ko‘rsatdi.

2016-yilda Yaponiya va O‘zbekiston hamkorligi doirasida yaponiyalik arxeolog va ta’mirshunos professorlar ishtirokida o‘tkazilgan “Ta’mirlash va qadimshunoslik bo‘yicha malaka oshirish darslari”da ishtirok etib, imtiyozli diplom bilan taqdirlandi.  Aynan shu yildan boshlab u “Donish chirog‘i” nashriyot-matbaa uyining bosh-rassom dizayneri sifatida ish boshladi.

Gulnoz Tojiboyevaning bir nechta xorijiy tillarni bilishi, nafaqt O‘zbekiston, balki chet davlatlar bilan do‘stona adabiy aloqalar o‘rnatishiga zamin yaratdi va 2017-yilda Yevrosiyo Xalqaro Ijodkorlar Gildiyasi — Eurasian Creative Guild (London) a’zosi bo‘ldi.

2019-yilda Gulnoz “Qadimiy so‘g‘d libosining ta’mir loyihasi” mavzusida diplom ishini yoqlab, institutni Qizil diplom bilan tamomladi. O‘sha yildan boshlab u O‘zbekiston Badiiy Ko‘rgazmalar direksiyasida san’atshunos sifatida ish boshladi.

G.Tojiboyeva ko‘pgina sohalarda faoliyat olib borib, professional darajaga olib chiqqanining yana bir ko‘rinishi, bu — hunarmandlikdir. U maktabda o‘qiyotgan kezlaridayoq o‘zbek milliy amaliy san’atining namunasi bo‘lgan kashtachilik, zardo‘zlik va munchoqli bezaklar yaratish bilan faol shug‘ullangan. Kashta naqshlari bilan zeb berilgan liboslar, o‘zbek kelinlarining zar do‘ppilari, munchoqli dekorativ buyumlar uning qanchalik qo‘li gul va sabri ummondek sarhadsiz ekanligini namoyish qiladi. 2019-yilda Gulnoz Tojiboyevaning “Onamga atalgan gullar” nomli o‘zbek milliy san’atiga aloqador kashtalar, do‘ppilar va boshqa ijod namunalari jamlangan katalogi chop etilib, mazkur yilda u O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Badiiy Ijodkorlar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi.

Gulnoz hozirgi kunda bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan 13 ta kitob muallifidir: “O‘rmon ertaklari” (2006), “Kuladigan quyoncha” (2008), “O‘rmon alifbosi”  (2012), “Topishmoqlar – Угадай и раскрась” (o‘zbek va rus tilida, 2012), “Jayxun va Alanga” (fantastik roman, 2018), “O‘rmon alifbosi” (takror nashr, 2018), “Epchil zag‘izg‘on” (2021), “Sayohatchi kemacha” (2022), “Mehmondo‘st olmaxon” (2022), “Джайхун и Аланга” (2022), “우즈베키스탄-표지와본문-최종” (“Samarqand – Sharq marvaridi”, koreys tilida, ACC, Janubiy Koreya, 2023), “Новый дом муравьев” (rus tilida, 2023), “День рождения сороки” (rus tilida, 2023).

Gulnoz Tojiboyevaning ertak va hikoyalari rus, qozoq, qirg‘iz, vetnam, ingliz, koreys, belorus tillariga tarjima qilinib, “DASH” (Angliya), “Atunis Galaxsy Poetry” (Belgiya), “Sindh Courier” (Pokiston), “Нева”, “Камертон”, “Мастерская” (Rossiya), “Автограф” (Ukraina), “Белая Скала” (Qrim Respublikasi), “Дактиль” (Qozog‘iston) va boshqa qator davlatlarning adabiy jurnallarida chop etib kelinmoqda.

Aynan Bolalar va o‘smirlar adabiyotini rivojlantirish maqsadida Gulnoz Tojiboyeva 2019-yildan boshlab bir necha fidoiy o‘zbek yozuvchilari, shuningdek, chet ellardagi bolalar adiblarini jamlagan holda “HUMO” Xalqaro ertaklar tanlovining bosh koordinatori sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Tanlovdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston respublikalari hududidagi bolalar adabiyoti janrida ijod qilayotgan 35 yoshgacha bo‘lgan yozuvchilarni topish va ijodlariga yordam berishdan iborat. Mazkur tanlov yozuvchi Muhabbat Yo‘ldoshevaning muallifligi va bolalar yozuvchisi, IT tizimi mutaxassisi Xurshid Tojiboyevning homiyligi asosida tashkil etilgan.

2020-yilda O‘zbekistondagi “Россотрудничество” tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan “Eng sehrli bayram” nomli ertaklar tanlovida faxrli o‘rin sohibasi bo‘ldi.

Gulnoz 2021-yilda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasiga a’zo bo‘ldi hamda Partiya tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Yoshlar kelajak drayverlari” I Respublika Yoshlar forumida “Bolalar va o‘smirlar adabiyotini rivojlantirishga doir takliflari” bilan faol ishtirok etdi.

G.Tojiboyeva rus va ingliz tillarini bilishidan O‘zbek bolalar adabiyotini rivojlantirishda keng foydalanib, bir necha yillardan beri O‘zbekiston bilan hamkor MDH va xorijiy davlatlarning adabiy nashrlariga Zulfiya Mo‘minova, Muhiddin Omon, G‘ayrat Majidov, Muhabbat Hamidova, Dilfuza Shomalikova, Feruza Odilova, Orif To‘xtash, Salim Ashur, Muhiddin Abdusamat, Shodi Otamurod, Dilfuza Kamoljonova va boshqa qator bolalar adiblarining asarlarini rus va ingliz tillariga tarjima qilib bergan. Bundan tashqari, 2016-2017-yillarda o‘zbek telekanallari bilan hamkorlikda 50dan oshiq xorijiy filmlarni o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Bolalar yozuvchisi, rassom va tarjimon Gulnoz Tojiboyeva tarjima san’atiga qo‘shayotgan hissasi uchun YUNESKO qoshidagi Butunjahon Yozuvchilar uyushmasining “Vilyam Shekspir” nomidagi Xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi (2022).

Gulnozning koreys tilidagi “Samarqand — Sharq marvaridi” nomli kitobi Janubiy Koreyada nashrdan chiqdi (2023). Janubiy Koreyaning madaniyat vazirligi va Osiyo Madaniyat markazi tashabbusi bilan nashr etilgan ushbu asarda tarixiy va zamonaviy Samarqand hamda uning qadamjolari haqida so‘z boradi.

Bolalar adabiyotida chorak asrlik faoliyatga ega adiba Gulnoz Tojiboyeva bir necha yillardan beri Toshkent shahridagi turli maktablarda bilimga chanqoq va ijodkor o‘quvchilar bilan qiziqarli adabiy uchrashuvlar, sovrinli o‘yinlar o‘tkazib, g‘oliblarga va maktab kutubxonalariga o‘z kitoblaridan hamda oilasi vakillari bo‘lgan yozuvchi Muhabbat Yo‘ldosheva, bolalar yozuvchisi Xurshid Tojiboyevning mualliflik kitoblaridan taqdim qilmoqda.

Hozirgi kunda Gulnoz bir qator adabiy tanlovlarning hay’at a’zolari tarkibida bo‘lib, so‘nggi yillarda mamlakatimizdagi o‘quvchi yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan bir qancha tanlovlarda ekspert sifatida faol ishtirok etdi. Jumladan, 2022-yilda Respublika Bolalar kutubxonasi tomonidan o‘tkazilgan “Men eshitgan ertaklar” nomli insholar tanlovida hakamlik qilib, 70 dan ortiq qo‘lyozmalarni o‘rganib chiqdi va mualliflik huquqining buzilishi bo‘yicha maxsus dasturlar orqali tekshiruvlar o‘tkazdi. Ertaklarni internet tarmoqlardan to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chirib olib, tanlov nizomini buzgan ishtirokchilar tanlovdan chetlashtirildi.

2022-yilda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan maktab o‘quvchilari orasida o‘tkazilgan Respublika insholar tanlovida ham G.Tojiboyeva adabiy ekspertlar guruhida ishtirok etib, g‘oliblikka nomzodlarni tavsiya etish uchun o‘ttizdan ortiq qo‘lyozmalarni o‘qib, o‘rganib chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni, mutolaa madaniyatini rivojlantirish, bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan badiiy adabiyotlarni ko‘paytirish va ularning mualliflarini rag‘batlantirish maqsadida “Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob” tanlovini o‘tkazish” ga doir taklifi asosida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan “Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob” Respublika tanlovida Gulnoz Tojiboyeva “Jayxun va Alanga” nomli fantastik romani bilan faxrli II o‘rin sohibasi bo‘ldi.

Gulnozning asarlari MDH va xorijiy gazeta-jurnallarda chop etilibgina qolmay, balki qator Xalqaro antologiyalardan ham munosib joy olib kelmoqda. Jumladan, 2022-yilda Fransiyaning Parij shahrida nashr etilgan “La fenêtre de Paris” nomli Xalqaro antologiyadan uning qator she’rlari munosib o‘rin egalladi.

Gulnoz internet tarmoqlarida faol bo‘lgan O‘zbekiston yoshlarini Bolalar va o‘smirlar adabiyoti hamda kitobsevarlikka undash maqsadida 2021-yil www.muhabbatxon.uz nomli Xalqaro adabiy saytni ishga tushirdi. Mazkur adabiy sayt uch tilda – o‘zbek (lotin va kiril alifbosida), rus va ingliz tillarida yuritiladi. Saytda o‘zbek va xorij adabiyotiga doir Yangiliklar, Nasr, She’riyat, Bolalar adabiyoti, Tarjima, Kutubxona, Fantastika, Mistika va boshqa qator bo‘limlar mavjud. Adabiy sayt bir necha xalqaro toifadagi adabiy jurnallar bilan hamkorlik qiladi. Gulnoz mazkur jurnallarning O‘zbekistondagi norasmiy adabiy koordinatori hisoblanadi.

Bugunga qadar aynan bolalar nashrlari, bolalar adabiyoti muammolari hamda ularning yechimiga qaratilgan o‘nlab maqolalari matbuotlarda e’lon qilib kelinmoqda. Bundan tashqari bir necha yillardan beri bolalar adabiyotiga doir Xalqaro ilmiy konferensiyalar, adabiy anjumanlarda O‘zbekistondan spiker sifatida ishtirok etib kelmoqda.  Jumladan, 2021 -yilda Novosibirskda o‘tkazilgan “Книжный Сибирь” Xalqaro festivalida “O‘zbekistonda pandemiya va pandemiyadan keyingi davrdagi nashriyotlar faoliyati” ga doir mavzu bilan o‘zbekistonlik spiker sifatida ishtirok etdi.

Gulnoz professional rassom-dizayner sifatida ham salkam 15 yildan beri faoliyat

yuritib kelmoqda. Mualliflik kitoblari bilan birgalikda, bugungi kungacha 100dan ortiq badiiy hamda ilmiy kitoblar ichki va muqova dizaynlarini yaratgan. Hozirgi kunda o‘zining ertaklari va ularga chizgan rasmlari asosida 3D formatdagi animasion filmlar yaratish ustida ish olib bormoqda.

Gulnozning qator ertaklari “Bolalar adabiyoti yagona onlayn platformasi” va boshlang‘ich sinflar uchun darsdan tashqari badiiy adabiyot to‘plamlaridan o‘rin olgan. Bundan tashqari, u bolalar adabiyotiga doir “O‘zbek xalq ertaklari” nomli seriyalik to‘plamlarga ishlangan suratlarning muallifi hisoblanadi.

G.Tojiboyeva yozuvchilar oilasining uchinchi sulolasi vakili bo‘lib, uning buvasi Xusniddin Yo‘ldoshev yozuvchi, jurnalist va tarjimon bo‘lgan, lekin bevaqt vafoti sababli bu sohada ko‘zga ko‘rinishga ulgurmagan. Uning onasi Muhabbat Yo‘ldosheva va ukasi Xurshid Tojiboyevlar ham bolalar yozuvchilari va tarjimonlardir. Bugungi kunda Gulnozning oilasi “O‘zbekistondagi yagona yozuvchilar oilasi” deya e’tirof etib kelinmoqda.

Yozuvchilar oilasi to‘liq Viki.uz yagona onlany-ensiklopediyasiga kiritilgan bo‘lib, ma’lumotlarning nafaqat matn, balki audio-formati ham mavjud.

Gulnoz Tojiboyeva “Uch avlod” ruknidagi O‘zbek bolalar antologiyasini tashkil qilgan. U yozuvchi Muhabbat Yo‘ldosheva bilan hamkorlikda ikki yil davomida butun respublikamizdagi barcha yoshga mansub bolalar adabiyoti ijodkorlarining nasr, nazm va tarjima yo‘nalishlaridagi asarlarini to‘pladi.