MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

SAYFULLAYEVA DILNOZA DILSHOD QIZI

SAYFULLAYEVA DILNOZA DILSHOD QIZI

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “O‘zbek va rus tillari” kafedrasi o’qituvchisi

Sayfullayeva Dilnoza Dilshod qizi 1999-yil 7-sentabr kuni Toshkent shahrida ziyolilar oilasida dunyoga keldi. 2005-yil Toshkent shahridagi Ijtimoiy yo‘nalishdagi Respublika maxsus gimnaziyasi (hoz. Filologiya fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat umumta‘lim maktabi)ga o‘qishga qabul qilingan.

Maktabda o‘qiyotgan vaqtlaridanoq ona tili va adabiyot faniga o‘zgacha mehr qo‘ygan Dilnoza mazkur fan bo‘yicha o‘tkazilgan “Bilimlar bellashuvi”da muntazam ravishda ishtirok etgan. Gimnaziyada ona tili va adabiyoti fanidan dars bergan malakali pedagoglar Mo’mina opa Ibragimova, Muxtabar opa Maraimova, Sharofat opa Toshmirzayeva hamda Muhabbat opa Mirboboyevalardan olgan bilimlari tufayli ketma-ket uch yil mobaynida Toshkent shahar bosqichining faxrli I o‘ringa loyiq deb topildi. 2013 yilda esa respublika bosqichida faxrli III o‘rinni egallab, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta‘limi vazirligining diplomi hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlangan.

Maktabni a’lo baholar va namunali xulq bilan tamomlab, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi Shayxontohur akademik litseyiga imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilingan. Litseyni tamomlagach, 2017-2021-yillar oralig‘ida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining O‘zbek filologiyasi fakultetida tahsil oldi. Bakalavrlik davrida filologiya fanlari doktori Munavvara Qurbonova rahbarligida “Ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun tilshunoslik fanlari bo‘yicha audiokitob ta'minotini yaratish” mavzusidagi ilmiy grantlarda qatnashib, o‘z bilim va malakalarini mustahkamlab bordi. Filologiya fanlari doktori Iqboloy Adizova rahbarligida esa shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiga bag'ishlangan ilmiy maqolalar nashr ettirdi.

2020 yilda O‘zbekiston Ixtirochi ayollari uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan I Respublika tanlovida ishtirok etgan.

2021-yil “Ahmad Taroziyning “Funun ul-balog‘a” asarida she‘r nav‘lari” mavzusida bitiruv malakaviy ishini a‘lo bahoga yoqladi. Shu yilning o‘zidayoq Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining Magistratura bo‘limiga Adabiyotshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishga qabul qilindi.

Magistrlik dissertatsiyasi mavzusi yuzasidan 2022-yilning 3-iyunida bo‘lib o‘tgan “Filologiya masalalari yosh tadqiqotchilar nigohida” respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida “Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Mungli ko‘zlar” asarida sarlavha masalasi” nomli tezisi hamda “Science and innovation” xalqaro ilmiy jurnalining 2022-yil 8-sonida “Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Mungli ko‘zlar” asari haqida mungli satrlar” nomli ilmiy maqolasi chop etildi.

Magistraturada tahsil olish bilan birga PIIMA qoshidagi Shayxontohur ixtisoslashtitilgan maktabda yosh avlodga ona tili va adabiyoti fanidan dars berdi.

2023 yilda filologiya fanlari doktori, professor U. Rasulova rahbarligida 70230502 Adabiyotshunoslik (o‘zbek adabiyoti) mutaxassisligi bo‘yicha magistr darajasini olish uchun yozilgan “Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Mungli ko‘zlar” romanida bolalar obrazi” dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.

Mazkur tadqiqot ishida “Mungli ko‘zlar” romanidagi davr va inson ziddiyati, oilada farzandlar tarbiyasi masalasi, adib nasrida oila ma’naviyati masalasi batafsil yoritilgan.

Dilnoza o‘zbek, rus va ingliz tillarini mukammal biladi, shuningdek, fors va arab tillarini o‘rganmoqda.

Hozirgi kunda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “O‘zbek va rus tillari” kafedrasi o’qituvchisi lavozimiga ishga qabul qilindi.

Oilali.