MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

SADULLAYEVA MUXLISA XAMRAYEVNA

SADULLAYEVA MUXLISA XAMRAYEVNA

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti magistranti va Toshkent moliya instituti akademik litseyi oʻqituvchisi

Sadullayeva Muhlisa Xamrayevna 1998-yil 15-may kuni Toshkent shahrida ziyolilar oilasida dunyoga keldi. 2004-yil Xorazm viloyati Gurlan tumani 21-sonli umumta’lim maktabiga o‘qishga qabul qilingan. 6-sinfdan boshlab Gurlan tumanidagi 42-Ayrim fanlar chuqur o‘rgatiladigan ixtisoslashgan maktabda tahsil olgan.

Maktabdagi o‘quv faoliyati davomida ona tili va adabiyot faniga o‘zgacha mehr qo‘ygan Muhlisa mazkur fan bo‘yicha o‘tkazilgan “Bilimlar bellashuvi”da muntazam ravishda ishtirok etgan. Gurlan tumanidagi maktablar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan ona tili va adabiyoti fanidan olimpiadasida tuman bosqichining faxrli I o‘riniga loyiq deb topildi.

Maktabni muvaffaqiyatli tugatib, Gurlan tumanidagi kasb-hunar kollejining pedagogika yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilingan. Kollejni tamomlagach, hujjatlarini Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga topshirdi. Kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan Muhlisa mazkur universitetning O‘zbek filologiyasi fakultetiga qabul qilindi. Universitetda maxsus fanlarni yaxshi o‘zlashtirdi. Filologiya fanlari nomzodi, prof. Abdulla Ulug‘ov rahbarligida ilmiy konferensiyalarda o‘z maqolalari bilan ishtirok etdi.

2021-yil “Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” hamda Lev Tolstoyning “Anna Karenina” romanlarida ayol obrazi talqini” mavzusida bitiruv malakaviy ishini a’lo bahoga yoqlab, bakalavr darajasini oldi. Shu yilning o‘zidayoq Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining Magistratura bo‘limiga Adabiyotshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishga qabul qilindi. Hozirda “O‘zbek hikoyachiligida oila mavzusi talqini (Abdulla Qahhor, O‘tkir Hoshimov, Isajon Sulton hikoyalari asosida)” mavzusida magistrlik dissertatsiyasining himoyasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Magistrlik dissertatsiyasi mavzusi yuzasidan 2022-yilning 3-iyunida bo‘lib o‘tgan “Filologiya masalalari yosh tadqiqotchilar nigohida” respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida “O‘zbek hikoyachiligida oila mavzusi talqini (Abdulla Qahhorning “Bemor”, “Anor” hikoyalari misolida) nomli maqolasi hamda “Science and innovation” xalqaro ilmiy jurnalining 2022-yil 8-sonida “Zamonaviy o‘zbek hikoyachiligida ayol obrazi talqini (Shukur Xolmirzayevning “Bulut to‘sgan oy”, Isajon Sultonning “Go‘zal” hikoyalari asosida)” nomli ilmiy maqolasi chop etildi.

2022-yil “SSP-BIZNES HAMKOR” HTM tomonidan tashkil etilgan dasturda qatnashib biznes loyihasi uchun sertifikat bilan mukofotlangan.

2022-yilning 7-iyun sanasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Turkiyaning Istanbul shahridagi Bosfor universiteti o‘rtasida 2021-yil imzolagan hamkorlik memorandumi doirasidagi “Akademik almashinuv” loyihasi asosida 10 kunlik o‘quv mashg‘ulotida qatnashib, Bosfor universiteti tomonidan sertifikat bilan taqdirlangan.

Hozirgi kunda Muhlisa magistraturada tahsil olish bilan birga Toshkent moliya instituti akademik litseyida yosh avlodga ona tili va adabiyoti fanidan dars berib kelmoqda.

Muhlisa o‘zbek, rus va ingliz tillarini mukammal biladi, shuningdek fors va arab tillarini o‘rganmoqda.