MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

UMAROV ERKIN MARIFJONOVICH

UMAROV ERKIN MARIFJONOVICH

Shoir, adib, jurnalist, oliy toifali pedagog

“Ta`lim fidoyisi”,  ‘Intellektual izlanuvchi, “Tashabbuskor islohotchi” hamda “Iste’dod” ko‘krak nishonlari sovrindori, shoir va adib, jurnalist hamda Oliy toifali pedagog Umarov Erkinjon Marifjonovich 1987-yil       30-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Andijon viloyati Bo‘ston (sobiq Bo‘z) tumanida ziyoli oilada dunyoga keldi. Otasi Umarov Marifjon tumandagi 14-sonli umumta’lim maktabida matematika fanidan dars bersa, onasi Umarova Muharramxon tuman Bolalar shifoxonasida Oliy toifali hamshira bo‘lib faoliyat yuritgan. Oilada to‘ng‘ich farzand bo‘lgan bo‘lajak ijodkor bolalikdanoq o‘zining she’riyatga, san’atga oshufta ekanligini namoyon qildi. Zero, u tarbiyalangan Bo‘ston tumanidagi       13-Maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlari ham, boshlang‘ich ta’limni olgan tumandagi 14-sonli umumta’lim maktabi jamoasi ham hali-hanuz Erkinjonning bolalik chog‘laridanoq doimo she’r bilan, musiqa bilan birga bo‘lganini e’tirof etadilar.

Qahramonimiz boshlang‘ich ta`limni 14-maktabda olgach, 5-sinfdan 9-sinfga qadar tumandagi 27-sonli Davlat Ixtisoslashtirilgan maktab internatda tahsil oldi. DIMIni imtiyozli qizil shahodnoma bilan tamomlagan Erkinjon 2002-yilda Andijon Davlat Universiteti qoshidagi 10-sonli litseyda o`qishni davom ettirdi. Shu davrdan boshlab uning yozgan she’r va hikoyalari matbuotda yoritila boshlandi.Erkinjon bolalaigidan ijodkor jurnalist bo‘lishni orzu qilardi. Bu orzu uni 2004-yil litseyni muvaffaqiyatli tamomlagach Toshkentga, O‘zbekiston Milliy Universiteti jurnalistika fakultetiga olib keldi. Imtihonlardan yuqori ballni qo‘lga kiritgach, 2004-2008-yillar davomida davlat granti asosida muhtasham oliygohda  o‘qidi. Bu dargohda ulug‘ ustozlar: Omonulla Madayev, Ulug‘bek Dolimov, Qudrat Ernazarov, Muxtor Xudoyqulov, Nurboy Jabborov, Qozoqboy Yo‘ldoshev, Nasimxon Rahmon, To‘lqin Eshbek hamda Uzoq Jo‘raqulovlardan jurnalistika va adabiyot sirlarini o‘rgandi.  Ijodkor bir umr bu ustozlarga ehtiromda yashaydi.

Erkinjon Umarov O‘zbekiston Milliy Universitetini Imtiyozli diplom bilan tamomlab, Toshkendagi “Media+” gazetasida muhbir bo`lib ishladi. 2008-2012 yillar davomida bu dargohda davrimizning zabardast ijodkorlari Sirojiddin Rauf, Olimjon O‘sarov, Musallambonu Umirova, Sulaymon Haydar Kasbiy, Dilfuza Qo`ziyevalardan ta`lim oldi, ijod sirlarini o`rgandi.

Gazetadagi qizg‘in faoliyatidan so‘ng qonida o‘qituvchi zarralari oqayotgan Erkinjon Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika Univertsitetiga hujjat topshirdi, 2015-yil mazkur oliygohni tamomlab, o‘zbek tili va adabiyoti fani o`qituvchisi diplomiga ham ega bo`ldi. Bu orada o‘qish bilan birgalikda 2012-2017-yillar davomida o‘zi tug‘ilib o‘sgan tumandagi 26-umumta’lim maktabida ona tili va adabiyot fanidan dars berdi. 2017-2021-yillar davomida Andijon viloyati Ulug‘nor tumanidagi 21-umumta’lim maktabida ishladi. 2021-yildan Samarqand viloyati Nurobod tumani 64-umumta’lim maktabida Oliy toifali o‘qituvchi bo‘lib ishlab kelmoqda. Oilali, uch nafar farzandi: bir o‘g‘il va ikki qizi bor. Turmush o‘rtog‘i Azizaxon Umarova bilan hayotlarini baxt va saodat bilan yashamoqdalar.

Erkinjon Umarov hayoti haqida so‘zlaganda, o`zini dunyodagi eng baxtli, omadli insonlardan deb biladi. Chunki ziyoli oilada tug‘ildi, ixtisoslashtirilgan,  “a`lo” baholarga o‘qiydigan o‘quvchilar bilan o‘rta maktabni bitirdi. Nufuzli Oliygohlarda ta’lim oldi. Eng asosiysi — ozod va obod, tinch va farovon yurtda yashab, ijod qilmoqda.

Erkinjon Umarov ijod olamiga “Bo‘stoniy” taxallusi bilan kirib keldi. Bu borada u ustozi, hammaslagi shoir va adib, “Yurt kelajagi’ Respublika tanlovi g‘olibi Ikromjon Asliy Andijoniyga rahmat aytadi. Chunki Ikromjon Asliy 2002-yildan buyon Bo‘stoniydan yordamini ayamay kelyapti.

Uning 2021-yilda ilk kitobi — she’rlar va hikoyalardan iborat “Rangin tuyg`ular” nomi bilan nashrdan chiqdi hamda o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi.  Kitob borasida Erkinjonga juda iliq fikrlar hamda munosabatlar bildirildi. Bundan ilhom olgan qahramonimiz faoliyat olib borayotgan Nurobod tumani Tim qishlog‘i ijodkorlarining asarlarini to‘plab, o‘zi moliyalashtirib va muhharrirlik qilib  2022-yil ‘Tim salomi” nomli kitobni chop ettirdi. Bu esa ijodkorning ish faoliyatiga ijobit ta`sir qildi. Kitob yuzlab samarqandlik o‘quvchilar qo‘liga yetib bordi. “Rangin tuyg‘ular” hamda “Tim salomi” haqidagi maqolalar Samarqand viloyatining markaziy nashri — “Zarafshon” gazetasida bosilib chiqdi. Mazkur e’tiroflar Erkinjonning kuchiga kuch, kayfiyatiga kayfiyat qo’shdi. 2022-yil aprel oyida uning nisbatan salmoqli, o`z ichiga she`rlar, dostonlar, hikoyalar, esse va badialarni olgan “Mehr sohili” nomli kitobi nashr qilindi. Shu -yili Erkinjon mazkur kitobini xalqaro MDH miqiyosidagi “Tashabbuskor islohotchi” tanloviga yubordi va g‘oliblar qatorida shu nomdagi ko‘krak nishoni va ko‘krak nishoni belgisiga ega bo‘ldi. 2022-yilning avgust oyida ustozi Ikromjon Asliy bilan hamkorlikdagi “Satrlarda hayotim” nomli kitobi chop etildi. Ayni kunlarda uning “Samarqand “segoh”i” nomli kitobi nashrdan chiqish arafasida.

Erkinjon Umarov adabiy asarlar bilan birga ilmiy ishlar bilan ham shug‘ullanmoqda. U o‘zbek adabiyoti vakillari: O‘zbekiston Xalq shoiri To‘lan Nizom, shoirlar Olimjon Xoldor, Farmon Toshev, Halim Karim ijodlari borasida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Ilmiy ishlarini xalqaro tanlovlarga yubordi. Tanlovlarda g‘olib bo‘lib, 2022-yil “Renessans davri: ilmiy tadqiqotlar yetakchisi”, “Intellektual izlanuvchi” ko‘krak nishonlari sohibi bo‘ldi.     Erkinjon Umarov Bo‘stoniy nafaqat o‘zi, balki shogirdlarining ham ilk kitoblari nashr qilinishida bevosita va bilvosita harakat qilmoqda. 2022-yil Nurobod tumani Oymaxol qishlog‘ida yashovchi ijodkor Mehribonu To‘lqinovaning “Parvoz zavqi” deb nomlangan kitobini nashr ettirgan bo‘lsa, 2023-yil timlik ijodkor qiz Fayuza Murtozayevaning “Kelajakka boraman” nomli she’riy to‘plamini chop ettirdi. Galdagi katta maqsadi nurobodlik ijodkorlar asarlarini yig‘ib almanah nashr ettirish, o‘zining 4 jildlik Saylanma kitobini chop ettirish. Ayni kunlarda Bo‘stoniy “Tog‘ yo‘lbarsi” nomli tarixiy romannini yozmoqda.

Erkinjon Umarov 2023-yil yanvarda “Ta`lim fidoyisi”, mart oyida “Iste`dod” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi. Adabiy-badiiy hamda publitsistik maqolalari, she’r va hikoyalari “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati’, “Zarafshon”, “Andijonnoma’ , ‘Namangan haqiqati» hamda “Bekajon’ gazetalarida nashr qilingan.

Erkinjon doimo yaxshilikka ishonib, intilib yashaydi. Hayotdagi shiori — ishonch muvaffaqiyat kaliti, mehnat — zafarlar darvozasi.