Tulibaev Hikmatulla Egamovich 1961-yil 11-may kuni Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida dehqon oilasida tavallud topgan. Ma’lumoti oliy. 1987 yilda Toshkent davlat universiteti (hoz. O‘zbekiston milliy universiteti)ning sharqshunoslik fakultetini fors va arab tillari mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 1979-1981-yillarda harbiy xizmatda bo‘lgan.
Talabalik yillarida kurs sardori, harbiy o‘quv vzvodi komandiri va fakultetning sport instruktori kabi jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etgan.
1987-yilda Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo va Tinch okeani ko‘rfazi davlatlarining xalqaro forumida tarjimon sifatida faoliyat olib borgan.
1987-1989-yillarda Sobiq Ittifoq Mudofa vazirligining buyrug‘i bilan Afg‘oniston Respublikasiga harbiy komandirovkaga safarbar etilgan. Xizmat jarayonida sobiq Ittifoq va Afg‘oniston Respublikasi medallari bilan taqdirlangan.
1989-1998-yillar davomida komsomol, sovet va madaniyat sohalarida rahbarlik vazifalarida mehnat qilgan.
1998-1999-yillarda Jizzax viloyati xokimi Shavkat Mirziyoevning yo‘llanmasi bilan O‘zbekiston respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasining “Tashqi iqtisodiy aloqalar va davlatlararo munosabatlar” fakultetida tahsil olgan. Akademiyada “Markaziy Osiyo o‘ziga xos geosiyosiy mintaqa” mavzusidagi magistrlik dissertatsiyasini a’lo baholarga himoya qilib “Xalqaro munosabatlar” magistri ilmiy darajasiga sazovor bo‘lgan.
1999-2004-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida diplomatik kurslar rahbari, so‘ngra O‘DJQNA kafedrasida katta o‘qituvchi vazifasida ishlagan. 2003-yilda Misr Arab Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi taklifi bilan Misr diplomatiya Akademiyasida tahsil olib qaytdi.
Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy strategiya maktabida, 2004-yildan esa Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida avval katta o‘qituvchi, 2008-yildan dotsent vazifalarida faoliyat yuritgan.
Oliy o‘quv yurtlarida siyosatshunoslik, O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti fanlaridan o‘zbek va rus tillarida o‘quv qo‘llanmalari chop ettirgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasida 23.00.02 siyosiy institutlar va jarayonlar ixtisosligi yo‘nalishida “Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishi muammolari” mavzusida nomzodlik ishlarini yozgan. Respublika OAK tarkibiga kiruvchi ilmiy jurnallarida rus va o‘zbek tillarida 10 dan ortiq ilmiy maqolalari bosilib chiqdi. Bulardan tashqari tuman, viloyat va respublika gazetalarida ijtimoiy va siyosiy yo‘nalishlardagi maqolalari chop etiladi.
Fors, ingliz tillarini mukammal, arab va turk tillarini esa lug‘at yordamida biladi. Xizmat yuzasidan dunyoning Afrika, Osiyo va Yevropa qit’alari davlatlarida safarlarda bo‘lgan.
2018-yil sentyabr oyidan Yangiyo‘l shahridagigi 9-umumta’lim maktabida tarix fanidan dars bermoqda.
Hikmatulla akaning xobbisi sportning futbol, voleybol, stol tennisi turlaridir va bu sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan tuman, viloyat va respublika miqyosidagi musobaqalarda ishtirok etgan. Bulardan tashqari kitob o‘qish, siyosat, adabiyot, geografiya va astronomiya fanlariga ham qiziqadi.
Ilmiy-pedagogik faoliyati mobaynida 20 dan ortiq tarix, siyosatshunoslik fanlaridan o‘quv uslubiy qo‘llanma nashr ettirganligini inobatga olib Turon fanlar akademiyasi ilmiy kengashining qaroriga ko‘ra 2019-yilda faxriy professor ilmiy unvonini berilgan.
Hikmatulla aka To‘liboev oilali, 5 nafar farzandning otasi, 14 nafar nabiraning suyukli bobosidir.