MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

RUSTAMOV BAXTIYOR NORMAMATOVICH

RUSTAMOV BAXTIYOR NORMAMATOVICH

"Science and Innovation" MCHJ direktori

Rustamov Baxtiyor Normamatovich 1990 yilda Samarqand viloyati Narpay tumanida tavallud topgan. Oilali va 3 nafar farzandning otasi. Toshkent shahri Sergeli tumanida istiqomat qiladi.

B.Rustamov – Fan va Innovatsiyalar akademiyasi direktori, “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali bosh muharriri, “Oʻzbekistonning taniqli olimlari ensiklopediyasi” loyihasi rahbari, Plagiarism.uz - ilmiy ishlarni antiplagiatga tekshirish platformasi asoschisi.

Dasturchi bo‘lish orzusi, uni dastlab Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga olib keldi. 2008 - 2012 yillar oralig‘ida universitetning “Informatika va axborot texnologiyalari” yo‘nalishida ta’lim oldi. Yangi bilimlar o‘rganish maqsadida u qo‘shimcha kurslarda ham o‘qidi. 2011 yilda “Yosh dasturchilarni tayyorlash va qo‘llab quvvatlash” markazida 3 oylik “.Net Freamwork 2.0 asosida veb dasturlarini yaratish” kursini tamomladi. Shuningdek, Rossiyaning «ИНТУИТ» onlayn universitetining bir qancha kurslarida oʻqidi. 2012 yilda Koreya Axborot texnologiyalari markazida Koreyalik proffessordan dasturlashni o‘rgandi.

U “Moliyaviy savodxonlik asoslari” kursini va “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasi doirasida «Full Stack Development Track» kurslarini ham tamomlagan. B.Rustamov loyihalarni boshqarish bo‘yicha bilim va malakasini oshirish maqsadida “O‘zgarishlarni boshqarish” va “Fasilitatsiya bilimlari” trening kurslarida ham qatnashdi.

2012 yilda B.Rustamov O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasida yetakchi mutaxassis lavozimida ish faoliyatini boshladi.

Bilim olishga va ilm-fanga bo‘lgan qiziqishi, uni magistratura bosqichida ta’lim olishga undadi. 2012 - 2014 yillar davomida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining magistratura bosqichida o‘qidi.

2013 yil B.Rustamov tajriba orttirish maqsadida “Fido-Biznes” kompaniyasi “Avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini loyihalash va yaratish” departamentiga dasturchi bo‘lib ishga kirdi. B.Rustamov  bu tashkilotda dasturchi, 2-toifali dasturchi va Gurux rahbari lavozimlarida faoliyat yuritdi.

U Respublika va xalqaro miqyosda o‘tkazilgan ko‘plab tanlov va tadbirlarda g‘olib va sovrindorlar safidan joy oldi.

2014 yilda o‘tkazilgan «Fan va texnika taraqqiyotida intellektual yoshlarning o‘rni» mavzusidagi Respublika ilmiy anjumanida o‘z ilmiy loyihasi bilan ishtirok etdi, hamda “Eng yaxshi innovatsion g‘oya” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.

2015 yilda Respublika miqyosida o‘tkazilgan Milliy internet tanlovida o‘zining internet nashri bilan qatnashib, «Davlat tilidagi eng yaxshi sayt» nominasiyasi g‘olibi bo‘ldi. Tanlovda diplom va noutbuk bilan taqdirlandi.

2020 yilda B.Rustamov o‘z sohasida erishgan yutuqlari, malakali mutaxassis sifatida juda ko‘plab loyihalarni muvaffaqiyatli bajargani va ish faoliyatidagi tashabbuskorligi, mehnatsevarligi uchun “Yilning eng yaxshi xodimi” nominatsiyasini qo‘lga kiritdi.

B.Rustamov doimo sport bilan shug‘ullanib keladi. U 2021 yil 28-mart kuni 3-Toshkent xalqaro marofonida ishtirok etib, musobaqaning finisher medaliga ega bo‘ldi. Bundan tashqari ko‘plab sport musobaqalarida qatnashdi.

2021 yil dekabr oyida o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yilligiga bag‘ishlangan “Konstitutsiya – baxtimiz qomusi” shiori ostidagi “Eng yaxshi maqola” tanlovida g‘olib bo‘ldi, 1-darajali diplom va sertifikat bilan taqdirlandi.

2022 yil 27 mart kuni Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida o‘tkazilgan yarimmarofonda ishtirok etdi.

2022 yil aprel oyidan B.Rustamov “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnalida Bosh muharrir sifatida ham ishlay boshladi. Uning tashabbusi bilan jurnalga qabul qilingan har bir maqola uchun DOI raqam olinib, maqolalar Yevropaning Zenodo ilmiy bazasiga joylashtirila boshlandi. Shuningdek, jurnal rasmiy sayti scientists.uz sayti ham ishga tushirildi. U Gruziyaning “Universal Impact Factor” xizmati bilan “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnalini baholash uchun kelishuvga erishdi. Jurnal impakt faktori 8.2 ko‘rsatkich bilan bohalandi. Keyinroq, B.Rustamov “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnalini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiya Komissiyasi tavsiya etgan jurnallar ro‘yxatida keltirilgan Polsha davlatining “Index Copernicus” ilmiy bazasida ro‘yxatdan o‘tkazdi va chop etilgan barcha maqolalarni ushbu ilmiy bazaga joylashni boshladi. B.Rustamov rahbarligidagi “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali va Rossiyaning “Cyberleninka” ilmiy bazalari o‘rtasida shartnoma imzolashga erishildi. Hozirda jurnalni Web Of Science va Scopus bazalarida indekslash uchun amaliy ishlar bajarilmoqda.

B.Rustamov ilmiy, ilmiy-ommabop va ensiklopedik nashrlar chop etish uchun noshirlik litsenziyasini oldi va “O‘zbekistonning taniqli olimlari” ensiklopediyasining 1-tomi va “Mening muvaffaqiyat yoʻlim” biografik ensiklopediyalarini nashr qildi.

2022-yil 14-15-oktabr kunlari B.Rustamov Bosh muharrirligidagi “Fan va innovatsiyalar” xalqaro ilmiy jurnali hamda Toshkent davlat agrar universiteti hamkorligida  “Barqaror о‘rmonchilik” nomli xalqaro ilmiy-amaliy anjumani tashkillashtirildi.

2022 yil 30 noyabr kuni B.Rustamov rahbarligida “O‘zbekistonda ilm-fanning rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi ko‘p tarmoqli, xalqaro ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

2022 yil 20 dekabr kuni B.Rustamov tashabbusi bilan Oʻzbekiston Milliy akademik Drama teatrida “Olimlar bayrami” deb nomlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirda 400 dan ortiq O‘zbekistonning taniqli olimlari, vazirlik va tashkilot rahbarlari ishtirok etdilar. Tadbir davomida “Oʻzbekistonning taniqli olimlari” ensiklopediyasi 1-tomi va “Mening muvaffaqiyat yoʻlim” biografik ensiklopediyalari taqdimoti boʻlib oʻtdi. Shuningdek, “Ilm-fan targʻibotchisi” va “Ilmiy-innovatsion tadqiqotlar yetakchisi” esdalik koʻkrak nishonlari o‘zining munosib egalariga topshirildi. Tadbir kuy-qoʻshiqlar va olimlar intervyulari bilan juda qizgʻin boʻlib oʻtdi. Shuningdek u 3 ta telekanal va koʻplab internet nashrlarida yoritildi. Tadbir davomida B.Rustamov soʻzga chiqdi va telekanal muxbirlariga ham intervyular berdi.

B.Rustamov haqidagi ma’lumotlar “O‘zbegim iftixorlari” va “Mening muvaffaqiyat yoʻlim” kitoblariga ham kiritilgan.

B.Rustamov shaxsiy rivojlanish, biznes va tadbirkorlik bo‘yicha ko‘plab trening-kurslarda qatnashib, tadbirkorlik sohasida ham o‘z bilimini oshirib kelmoqda. Shuningdek, u axborot texnologiyalari sohasida mustaqil ilmiy izlanishlar ham olib bormoqda.

U buxgalteriya, bank, tibbiyot, ilm-fan va boshqa sohalar uchun dasturiy mahsulotlar yaratishga muvaffaq bo‘ldi.

B.Rustamovning 30 ga yaqin ilmiy maqolasi nufuzli ilmiy jurnallarda va ilmiy anjumanlar to‘plamlarida chop etilgan. U va u boshchiligidagi jamoa 30 dan ortiq avtomatlashtriligan axborot tizimlari yaratgan. Uning 10 dan ortiq dasturiy mahsulotlar uchun olingan patentlari mavjud. B.Rustamov boshchiligida yaratilgan loyihalar, dasturiy mahsulotlar minglab insonlarning ish faoliyatini yengillashtirib, ularning samaradorligini oshirishda xizmat qilib kelmoqda.

Hozirda u Fan va Innovatsiyalar akademiyasi direktori lavozimida ishlab kelmoqda. U boshchiligidagi jamoada 20 dan ortiq xodimlar faoliyat yuritadi.