Salijonova Shaxnozaxon Dilmurodovna 1990-yil 10-mart kuni tavallud topgan. 1997-2006 yillari 322-umumta’lim maktabini a’lo baholarga tamomlab, 2006-yil Toshkent kimyo-texnologiya instituti qoshidagi akademik litseyga o‘qishga qabul qilingan va o‘qishni 2009-yil imtiyozli diplom asosida bitirgan.
Shu kunga qadar olgan bilim va ko‘nikmalariga tayanib Sh.D.Salijonova 2009-yil Toshkent kimyo-texnologiya institutining “Oziq-ovqat texnologiyasi (yog‘-moy mahsulotlari)” ta’lim yo‘nalishiga talabalikka qabul qilingan. O‘qish mobaynida ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy va pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanib kelgan va uning natijasida 2012-yil “Beruniy” nomidagi nomdor stipendiyasi sohibasiga aylangan. Sh.D.Salijonova 2013-yil malakaviy diplom ishini “Yangi navli margarin mahsulotlari ishlab chiqarishning ilmiy tadqiqoti” mavzusida, a’lo baholarga himoya qilib, imtiyozli diplom bilan oliy ta’limning bakalavr bosqichini tamomlagan.
Sh.D.Salijonova 2013-yilning o‘zidayoq ushbu oliygohning “Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash texnologiyasi” mutaxassisligiga, magistratura bosqichiga qabul qilingan. 2013-2015-yillar davomida o‘zining ham ilmiy ham pedagogik faoliyatini davom ettirib, “Yumshoq diyetik margarin ishlab chiqarish imkoniyatlari tadqiqoti” mavzusida magistrlik dissertatsiyasini a’lo bahoga himoya qilgan.
Oliy ta’lim dargohida bakalavr va magistratura bosqichida o‘qish bilan bir qatorda, talabalar va yosh avlodlarga Ingliz tili fanidan qo‘shimcha dars mashg‘ulotlari olib borgan. Bugungi kunda, uning qo‘l ostida ta’lim olgan shogirdlari nufuzli korxonalarda o‘z faoliyatini olib borishmoqda.
Sh.D.Salijonova Oliy ta’limni tamomlagach olgan bilim va ko‘nikmalari asosida Sergili sanoat kasb-hunar kollejida 2016-yildan boshlab katta o‘qituvchi lavozimida pedagogik faoliyatini boshlagan. U o‘z faoliyati davomida mehnatsevarligi, tirishqoqligi, bilimga chanqoqligi va barcha vazifalarga mas’uliyat bilan yondashganligi sababli, qo‘l ostida kollejni tamomlagan yosh avlodlar oziq-ovqat va oshpazlik sohasida yetuk kadr bo‘lib yetishib chiqqan.
Sh.D.Salijonova ilm-fanga bo‘lgan qiziqishi ortgani sabab va bor bilim hamda malakalari asosida 2018-yil Toshkent kimyo-texnologiya institutining 02.00.17 – “Qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlariga ishlov berish, saqlash hamda qayta ishlash texnologiyalari va biotexnologiyalari” ixtissosligi bo‘yicha tayanch doktoranturaga qabul qilingan va ilmiy faoliyatga birinchi qadamini bosgan. Doktorant sifatida u o‘z ilmiy faoliyati va mutaxasisligiga bo‘lgan muhabbati sabab chuqur izlanishlar olib borgan va olgan bilim va ko‘nikmalari asosida 2020 yili «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari» tanlovining energetika, resurslar, sanoat yo‘nalishi bo‘yicha g‘olibasi bo‘lgan.
U 2021-yilning 22-may kuni Toshkent kimyo-texnologiya instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashda “Yangi turdagi margarin mahsulotlarini olish texnologiyasini takomillashtirish” mavzusigi texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya ishini muvofaqqiyatli himoya qilib, iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya komissiyasining tegishli qarori asosida texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lgan.
Sh.D.Salijonova 2020-yildan buyon muntazam ravishda institutning ilmiy-tadqiqot ishlarida, xususan, uning ijrochiligida: 2020-2022-yillarga mo‘ljallangan AM-FZ-201908159 – «Mahalliy xom ashyolar asosida funksional qo‘shimchalar bilan boyitilgan parhezli margarin olish texnologiyasini ishlab chiqish» mavzusidagi amaliy loyihada kichik ilmiy hodim lavozimida faoliyat yuritgan.
Sh.D.Salijonova tayanch doktoranturani 2021-yil tugatgach, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, “Oziq-ovqat mahsulotlari texnologiyasi” kafedrasiga assistent lavozimiga ishga qabul qilingan. O‘zining ilmiy-pedagogik faoliyati davomida erishgan yutuqlari asosida shu yilning o‘zidayoq katta o‘qituvchi va 2023-yildan dotsent lavozimiga ko‘tarilgan.
Ilmiy faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida 2022-yil Toshkent kimyo-texnologiya institutiga 02.00.17 – “Qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlariga ishlov berish, saqlash hamda qayta ishlash texnologiyalari va biotexnologiyalari” ixtissosligi bo‘yicha doktoranturaga qabul qilingan va bugungi kungacha ilmiy izlanishlarini davom ettirib kelmoqda.
Sh.D.Salijonova bugungi kunga qadar 2 ta darslik, 3 ta monografiya, 1 ta o‘quv qo‘llanma, 6 ta uslubiy qo‘llanma, 8 ta uslubiy ko‘rsatma, 20 dan ziyod mahalliy va xorijiy jurnallarida maqola va 50 dan ziyod Xalqaro va Respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy konferensiyalar to‘plamlarida o‘zining tezislarini nashr qildirgan.
Shu bilan bir qatorda tashkiliy ishlarni ham muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, 2022-yil Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Hindistonning Integral Universiteti hamkorligida olib borilgan ilmiy-amaliy konferensiya kotibasi sifatida faoliyat olib brogan. Bundan tashqari 2022-yil “Sardoba Agro Holding” MChJ korxonasida stajirovka o‘tab kelgan, 2022-yilning 23 iyul- 6 avgust oylari mobaynida Turkiyaning “Aydin” universitetida «Delightful Istanbul 2022 – Food Technology, Cereal and Vegetable Oil Applications» kursida malaka oshirib, sertifikat bilan taqdirlanib kelgan. 2022-yil 25 oktabrdan 3 noyabrgacha “Moskva davlat oziq-ovqat mahsulotlari universiteti” da “Методы и средства работы с цифровыми образовательными ресурсами” qo‘shimcha malakaviy dastur bo‘yicha o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan.
Sh.D.Salijonova 2023-yilning mart oyida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashabbusi bilan Jahon Bankining “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” (MUNIS) loyihasining moliyaviy ko‘magi doirasida respublikamizning tadqiqotchi olimlari uchun bepul “English for Science” o‘quv dasturining 3-mavsum tanlovining na’munali bitiruvchisi bo‘lgan.
Sh.D.Salijonova Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi yoshlar akademiyasi a’zosi.
Sh.D.Salijonova 2023-yilning may oyida Jahon Bankining MUNIS loyihasi ko‘magi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan amalga oshirilgan “International approaches and best practices of using data in scientific research” dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan va maxsus sertifikat bilan taqdirlangan.
2023-yilning 01 iyul- 15 iyul sanalari mobaynida Turkiyaning “Yildiz Technical University” da «Advances of Food Science and Technology» kursida malaka oshirib, sertifikat bilan taqdirlanib kelgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2023-yilning 23 yanvarida IAP 07339 “Kunjut kunjarasi qo‘shilgan parhezbop mayonez” nomli va 3 mart sanasida № IAP 07408 “Topinambur tuganagi ekstrakti qo‘shilgan parxezbop margarin” nomli Ixtiro uchun potentlar muallifi.
Sh.D.Salijonova 2023-yilning 5-mayida O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi Toshkent kimyo-texnologiya instituti kengashining tavsiyasiga ko‘ra “Qishloq xo‘jalik va oziq-ovqat mahsulotlariga ishlov berish, saqlash hamda qayta ishlash texnologiyalari va biotexnologiyalari” ixtissosligi bo‘yicha Dotsent ilmiy unvonini olgan.
Bugungi kunda Sh.D.Salijonova bir qator nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan aloqa o‘rnatishda va ular bilan hamkorlikda qo‘shma grantlar yozishda faol qatnashib kelmoqda. Shu bilan bir qatorda professional ta’lim muassasalari o‘qituvchilarini malakasini oshirish uchun “Yog‘-moy sanoatidagi zamonaviy texnologiyalar” fanidan ma‘ruza va amaliy mashg‘ulotlarini olib bormoqda.