MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

NAZAROVA SEVARA MUSTAKIMOVNA

NAZAROVA SEVARA MUSTAKIMOVNA

Qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Buxoro davlat universiteti Agronomiya va tuproqshunoslik kafedrasi dotsenti

Nazarova Sevara Mustakimovna  1984-yil  15-yanvarda Buxoro viloyatining Gijduvon tumanida tug`ilgan.

2002-2006-yillari Buxoro davlat universitetining  “Agrokimyo va tuproqshunoslik” mutaxassisligi bo‘yicha bakalavriat bosqichi va 2006-2008-yillari tuproqshunoslik yo‘nalishida magistratura bosqichida tahsil olib imtiyozli diplom bitirgan.

S.M.Nazarova 2009-yildan 2023-yilgacha bakalavr va magistratura ta’lim bosqichi talabalariga “Tuproq fizikasi”, “Tuproq kimyosi va fizikasi”, “Tuproq bonitirovkasi”, “Geologiya, mineralogiya va geodeziya asoslari”, fanlaridan ma’ruza o‘qigan va amaliy mashg‘ulotlarni amalga oshirgan. Bu fanlarni talabalarga o‘qitishda quyidagi zamonaviy o‘qitish usullaridan foydalanmoqda: “Aqliy Hujum”, “Davra suhbati”, “Rolli o‘yin”, “Bahs-munozara”, “Muammoli vaziyat”, “Venn diagrammasi” va boshqalar. Mazkur usullarni qo‘llash jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan va multimediya ta’lim resurslarini keng qo‘llab, o‘quv mashg‘ulotlarini taqdimotlar asosida olib bormoqda.

BuxDU Ilmiy tadqiqot va ilmiy pedagog kadrlarni tayyorlash bo‘limida 2019-yildan 2021-yilga qadar ilmiy texnik kengash kotibi sifatida faoliyat olib borgan.

U 2019-yil “Buxoro viloyati sug‘oriladigan o‘tloqi tuproqlarining hozirgi davr agrofizikaviy holati” mavzusidagi qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Uning ilmiy-tadqiqot faoliyatida bir qator jumladan, Xalqaro va Respublika miqyosidagi jurnal va konferensiya to‘plamlarida 100 dan ziyod ilmiy maqolalari nashr etilgandir. Jumladan, 2016-yil 3-4 iyun kunlari Buxoro davlat universitetida o‘tkazilgan “XXI-asr intellektual avlod asri” shiori ostida yosh olim va talabalarning hududiy ilmiy-amaliy konferensiyasida “Tabiiy fanlar yo‘nalishi” bo‘yicha faol ishtiroki uchun sertifikat bilan taqdirlangan.

Universitetning ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarida, har oyda bir marta o‘tkaziladigan “Ma’naviyat” kunlari hamda professor-o‘qituvchilarga “Ma’rifat soatlari”ni  samarali tashkil etib, kafedraga biriktirilgan akademik guruhlardagi talabalarning siyosiy-ijtimoiy ongini shakllantirishda faol qatnashib kelmoqda.

Jumladan, 2021-2022-o‘quv yilida  Prezidentimizning  “Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish” bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusi ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qator tadbirlar tashkil qildi.

Maktablar bilan hamkorlik qilish jarayonlarida maktablarda faoliyat olib borayotgan pedagog xodimlarga seminar-treninglar o‘tkazib kelmoqda. Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil           6-noyabrdagi PQ-4884-son qarorining 22-bandi ijrosi yuzasidan universitet pedagog-xodimlari va talabalari o‘rtasida “Islohotlar bilimdoni” keng tarmoqli respublika ilmiy-ma’rifiy ko‘rik tanlovining universitet bosqichida “Eng yaxshi guruh murabbiysi” nominatsiyasida faxrli 2-o‘rinni egallagani uchun diplom bilan taqdirlandi.

Buxoro davlat universiteti professor-o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng namunali tomorqachi murabbiy” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritganligi uchun universitet rahbariyati tomonidan diplom bilan taqdirlandi. Buxoro viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi tomonidan “Yilning eng faol yosh mutaxassisi” tanlovining viloyat bosqichida “Eng faol yosh olim” nominatsiyasi bo‘yicha 2-o‘rinni egallaganligi uchun Birlashma kengashi raisi tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020-yil 27-martdagi 233-sonli buyrug‘ining ijrosini ta’minlash maqsadida Buxoro davlat universitetda Ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassislik fanlari bo‘yicha elektron o‘quv resurslarini ishlab chiqish hamda masofaviy ta’lim platformasiga joylashtirish bo‘yicha malakali mutaxassis sifatida hamda masofaviy ta’lim jarayonini joriy qilishda faol ishtirok etib kelmoqda.

Nazarova Sevara Mustakimovna respublika hamda viloyat miqyosida, shuningdek, har -yili universitetda o‘tkaziladigan ma’naviy va ma’rifiy tadbirlarda faol qatnashib kelmoqda. Hozirda Buxoro davlat universiteti Agronomiya va biotexnologiya fakulteti oqila ayollar yetakchisi sifatida faoliyat olib bormoqda.

Joriy yilning 6-11-fevral kunlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015-yil 22-dekabrdagi 70-sessiyasida 11-fevral “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” sifatida rasman e’lon qilinganligi, xotin-qizlar orasidan yangi iqtidor egalarini kashf qilish, ular amalga oshirayotgan loyihalarni keng targ‘ib qilish maqsadida “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” munosabati bilan olima,  tadqiqotchi va talaba qizlar haftaligi doirasida olima, tadqiqotchi ayollar va talaba qizlar o‘rtasida  “Olima va tadqiqotchi ayollar” tanlovi o‘tkazildi.Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi eng yaxshi innovatsion loyiha muallifi sifatida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

U hozirgi paytda kafedraning bosh ilmiy mavzusi asosida doktorlik dissertatsiyasi mavzusini “Buxoro vohasi sug‘oriladigan tuproqlarining ilmiy tahlili” deb tanlagan va doktorlik dissertatsiya ishi ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.