Nasritdinova Madina Nurullayevna staji
12 yil. Mazkur lavozimda 2009-yildan ishlab kelmoqda. Nasritdinova Madina Nurullaevna 2005-yil Farg‘ona davlat sanʼat kolleji “Musiqa nazariyasi” mutaxassisligi bo‘yicha, 2009-yil O‘zbekiston davlat konservatoriyasining “Musiqiy taʼlim” mutaxassisligini muvaffaqiyatli tamomlagan. 2009-yildan buyon Farg‘ona shahar 2-bolalar musiqa va sanʼat maktabida “Musiqa nazariyasi” bo‘limi o‘qituvchisi lavozimida ishlab, yosh avlodga taʼlim berishda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. M.Nasritdinova viloyatning eng ilg‘or, tajribali va yuqori malakali pedagoglaridan, 100 dan ortiq shogird yetishtirdi.
Ularning aksariyati Farg‘ona ixtisoslashtirilgan sanʼat maktabi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutini tamomlab, safimizda yosh avlodga taʼlim berib kelmoqda. Jumladan, Djuraeva Sevara va Buriboev Rustam Rossiya Federatsiyasining Moskva shahridagi Гнесиных nomidagi Musiqa Аkademiyasida tahsil olishmoqda.
Nasritdinova Farg‘ona viloyati Madaniyat boshqarmasi tasarrufidagi Farg‘ona viloyati Bolalar musiqa va sanʼat maktablari “Musiqa nazariyasi” uslubiy birlashmasining ishchi guruhi aʼzosi. M.Nasritdinova qisqa davr ichida o‘zining serg‘ayratliligi va tirishqoqligi bilan o‘quv jarayonini jadallashtirish yo‘lida bolalar musiqa va sanʼat maktablari bazasida yangi ochilgan “Аnʼanaviy ijrochilik” yo‘nalishi uchun 2009-yil nazariy fan qatoriga kiritilgan “Maqom asoslari” fanidan 4 yillik o‘quv uslubiy ishlanma yaratdi va amaliyotga tadbiq etdi.
M. Nasritdinova 2009-yil O‘zbekiston davlat konservatoriyasida respublika sanʼat institutlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan “Musiqa ijodiyoti masalalari samarasini oshirishga doir” respublika konferentsiyasida o‘z maʼruzasi bilan qatnashib 1-o‘rinni egallagan.
2010-yil Samarqand, 2011-yil Qo‘qon, 2012-yil Termiz shaharlarida o‘tkazilgan “Yagonasan, muqaddas Vatan” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi sovrindori bo‘lgan. 2012-yil O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan tashkillashtirilgan “Donolik va tashabbuskorlik” ko‘rik tanlovida partiya aʼzosi sifatida qatnashib, 1-o‘rinni egallagan. 2013-yil Qarshi shahrida o‘tkazilgan “Аkademik xonanda va estrada ijrochiligi” respublika ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi natijalaridan kelib chiqib, Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan “Fidoyi o‘qituvchi” faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangan. 2014-yil uning o‘quvchisi Buriboev Rustam Toshkent shahrida o‘tkazilgan Muhiddin Qori Yoqubov nomidagi respublika ko‘rik-tanlovida qatnashib, respublika bosqichida 2-o‘rinni egallagan.
M.Nasritdinova 2018-yil O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi tomonidan respublika miqyosida o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi bolalar musiqa va sanʼat maktabi o‘qituvchisi va kontsertmeysteri” ko‘rik-tanlovi g‘olibi bo‘ldi va 1-darajali diplom bilan taqdirlashgan. 2018-yil aprel oyida Farg‘ona viloyati madaniyat boshqarmasi tasarrufidagi viloyat bolalar musiqa va sanʼat maktablari “Musiqa nazariyasi” uslubiy kengashi doirasida 2-bolalar musiqa va sanʼat maktabi “Fortepiano” bo‘limi 4-sinf o‘quvchilari bilan “Solfedjio” fanidan “Аsosiy pog‘ona uchtovushliklari va ularni amaliyotda qo‘llanilishi” mavzusida innovatsion pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda ochiq dars o‘tkazdi.
Mazkur ochiq dars viloyatning yetakchi nazariy fanlar o‘qituvchilari tomonidan namunaviy deb topildi va “Аmaldagi kelajak Solfedjiosi” degan yorliqni qo‘lga kiritdi. 2020-yil yanvar oyida viloyat bolalar musiqa va sanʼat maktablari “Musiqa nazariyasi” uslubiy birlashmasi loyihalari doirasida Qo‘qon shahar 6-bolalar musiqa va sanʼat maktabining 4-sinf “Xalq cholg‘ulari” bo‘limi o‘quvchilari bilan “Musiqa adabiyoti” fanidan “O‘zbek musiqiy folklorining janr va shakllari” mavzusida mahorat darsi o‘tkazdi. Ushbu mahorat darsi muallif M. Nasritdinovaning “O‘zbek musiqa adabiyoti” fanidan 2019-yili chop ettirilgan darsligining taqdimoti bilan yakunlandi.
Respublikamizning 30 yilligi munosabati bilan ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan, 2019-2021 yillar davomida Farg‘ona davlat universitetida magistrlik akademik darajasini olgan. Xozirda Farg‘ona davlat universiteti, Sanʼatshunoslik fakulteti Musiqiy taʼlim va madaniyat kafedrasida o‘qituvchi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Ikkita darslik, ikkita o‘quv qo‘llanma, bitta monografiya, uslubiy qo‘llanma hamda 30 dan ziyod ilmiy maqolalar muallifidir.
M. Nasritdinova hozirda bolalar musiqa va sanʼat maktablari uchun 5 va 7 yillik o‘quv dasturi asosida “Solfedjio” fanini samarali o‘zlashtirish jarayoniga yangilik kiritish maqsadida yangi innovatsion pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda elektron darslik va multimediali dars ishlanmalarini tayyorlash ustida ish olib bormoqda.Jamiyatimizdagi rivojlanishdan ortda qolgan bolalarni musiqa taʼlimi orqali sog‘lomlashtirishning pedagogik tizimini takomillashtirish yuzasidan loyiha ustida ilmiy-nazariy izlanishlar va amaliy tajriba ish-sinovlarini olib bormoqda.
Ushbu loyiha asosida bir necha bor Oliy attestatsiya komissiyasi ro‘yxatidagi xalqaro ilmiy jurnallar va respublika, xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda o‘z mualliflik maqolalari bilan ishtirok etib, rivojlanishdan ortda qolgan bolalarni jamiyatda o‘z o‘rinini topishlari masalasini keng omma eʼtiboriga havola etish bilan bir qatorda, amalga oshirayotgan saʼy-harakatlari bilan eʼtirofga sazovor bo‘lib kelmoqda.
M.Nasritdinova o‘zining tirishqoqligi, mehnatsevarligi, doimo yangilikka intiluvchanligi bilan viloyat faollari o‘rtasida hurmat qozongan. Hozirgi kunlarda FarDU Sanʼatshunoslik fakulteti xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchisi, Respublikamizda yagona Gender tengligi tadqiqotlar markazi badiiy ijodiyot sektori rahbari, Farg‘ona viloyat madaniyat boshqarmasi huzuridagi Musiqa nazariyasi sho‘ba rahbari sifatida faoliyatini yuritib kelmoqda.