Abdukadirova Ra’no Yulchibayevna, 1983-yil 20-aprelda Toshkent shahrida, xizmatchi oilasida tug‘ilgan.
1989-yili Toshkent shahar Uchtepa tumanidagi 129-maktabga o‘qishga qabul qilingan. Mazkur maktabni 1998-yilda a’lo baholarga bitirib, “A’lo darajali tayanch ma’lumot to‘g‘risida”gi imtiyozli shahodatnoma” olgan.
1998-yildan 2001-yilgacha esa Toshkent pedagogika 2-kollejida o‘qigan. Mazkur kollejda ham barcha fanlarni a’lo baholarga o‘zlashtirib, “Imtiyozli diplom” olishga muyassar bo‘lgan.
So‘ngra o‘qishni davom ettirish maqsadida hujjatlarini Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga topshirdi va kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, mazkur universitetning 1-kursiga o‘qishga qabul qilindi. 2001-yildan 2006-yilgacha maktabgacha va oilaviy ta’lim yo‘nalishida tahsil olib, maktabgacha va oilaviy ta’lim mutaxassisligiga ega bo‘ldi.
Talabalik yillaridanoq Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida mehnat faoliyatini olib borgan.
2003-yildan boshlab shu kunga qadar 129-maktabda dastlab boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, 2016-2018 yillarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, 2018 yil iyun oyidan esa maktab direktori lavozimida ishlab kelmoqda.
Maktabda yuqori tashkilotlardan kelayotgan topshiriqlarni muvaffaqiyatli bajarib kelmoqda.
Direktorlik faoliyati mobaynida ta’lim muassasa mukammal ta’mirlashdan chiqarildi, maktabda ta’lim sifatini oshirish uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Maktabda tahsil olayotgan o‘quvchilarning individual xohish-istaklari, qobiliyatlarini inobatga olgan holda matematika hamda ingliz tili fanlari bo‘yicha variativ o‘quv jarayoni tashkil etilgan.
Maktab o‘quvchilari “Eng yaxshi kitobxon” kabi tanlovlarda muntazam ishtirok etib sovrinli o‘rinlarni egallab kelishmoqda.
R. Abduqodirova maktab pedagogik kengashiga rahbarlik qilib, o‘quv-tarbiya jarayonini samarali tashkil etib kelmoqda. U rahbarlik qilayotgan 129-maktabda ta’lim sifatiga katta e’tibor berilmoqda, o‘quvchilar uchun fan to‘garaklari tashkil etilgan.
Pedagog - o‘qituvchilarning malakalarini oshirishga katta e’tibor qaratilgan bo‘lib, toifa hamda sertifikatga ega bo‘lganlar foizi ortib bormoqda. Natijada R.Abudukadirova direktorlik faoliyatini boshlagan 2018 yilda maktab bitiruvchilarining 7% i oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib bu ko‘rsatkich 50 % dan ortmoqda.
R.Abdukadirovaning bevosita tashabbusi bilan 2018 yilda Mehnat Qahramoni, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi, “Alifbo” darsligining muallifi Oqilxon Sharafutdinov tavalludining 120 yilligiga arafasida maktabda muzey tashkil etilib, ochilish marosimi o‘tkazilgan. Muzeyda buyuk pedagog tomonidan yozilgan alifboning qo‘lyozma nusxasi va boshqa ko‘plab ashyolar saqlanmoqda.
2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi hamda 129-maktab tashkil topganligining 40 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” mavzusida katta tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda faxriy muallimlar, sobiq o‘quvchilar ishtirok etishdi.
R. Abdukadirova yosh avlodni tarbiyalashda erishilgan yutuqlari uchun Uchtepa tuman hokimligining Faxriy yorlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligining Tashakkurnomasi, Beshqayrag‘och MFY Tashakkurnomasi bilan taqdirlangan.
2021 yilda “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” ko‘krak nishoni sohibi bo‘lgan.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi a’zosi.
2019-yilda Xalq Deputatlari Uchtepa tuman Kengashi Deputatligiga saylangan. Deputatlik faoliyati mobaynida hududdagi ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash tizimidagi qator muammolarni o‘rgangan holda ularni bartaraf etib tuman aholisining turmush-tarzi yuksalishiga o‘z hissani qo‘shib kelmoqda.
Oilali. Uch farzandning onasi.