Dilbar Yo‘ldosheva 1955-yil 9-iyunda ziyoli oilada tug‘ilgan. Muallima Dilbar Yo‘ldosheva ish faoliyati davomida o‘z fanini chuqur biladigan, izlanuvchan, ijodkor o‘qituvchi sifatida namoyon bo‘ldi. U yangilikka intilib, har bir darsni qiziqarli, jonli o‘tishga harakat qilganligi bois jamoada o‘z hurmatiga ega bo‘lib, ota-onalar va shogirdlari qalbidan joy egallay olgan. Hamda “Yosh ijodkorlar” to‘garagini tashkil etib, iqtidorli o‘quvchilarga katta qiziqish va yo‘llanma berdi. Dilbar Yo‘ldosheva muntazam ijod bilan shug‘ullanadi, ko‘p kitob o‘qiydi, adabiyot shaydosi. Uning she’r, hikoya, esse hamda maqolalari tuman, viloyat, respublika ro‘znomalari va jurnallarida bosilib chiqqan. Dilbar Yo‘ldoshevaning ijod namunalarida insonlar o‘rtasida mehr-oqibat, sevgi-muhabbat, axloq-odob, murakkab muammolar, insoniy fazilatlar qalamga olinib, yechimi kitobxonlar hukmiga havola qilinadi. U ijodni bolaligidan, 4–5-sinfligidan boshlagan. O‘zining aytishicha, yangi chiqqan gazeta, jurnal, kitoblarning muattar, beqiyos iforidan mast bo‘lib, qo‘lidan qog‘oz-qalam tushmay ulg‘aydi. U 9-sinfligida “Onaga ehtirom” nomli manzuma uchun Yozuvchilar uyushmasining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi va shu bilan birga Nizomiy nomidagi institutga bitta imtihon bilan qabul qilinish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Dilbar Yo‘ldosheva Angor tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabini imtiyozli tugatib, 1971–1975-yillarda Termiz davlat institutining Filologiya fakultetining Ona tili va adabiyot bo‘limini muvaffaqiyatli tugatdi. Dilbar Yo‘ldosheva o‘zi o‘qigan maktabda ish faoliyatini boshlab, o‘qituvchilari, shogirdlari mehrini qozondi, o‘quvchilarni fan olimpiadalariga, oliy o‘quv yurtiga kirib talaba bo‘lishida o‘z ko‘magini ayamadi. Uning bu faoliyatini sharaflab, sobiq ittifoq davridagi komsomol syezdiga delegat qilib saylandi. O‘sha davrdagi mas’ul davlat rahbari Sharof Rashidov nazariga tushdi va “Faxriy yorliq” hamda qimmatbaho sovg‘a bilan taqdirlandi. Taqdir taqozosi bilan Boysun tumanidagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchilik faoliyatini boshlagan. Dilbar Yo‘ldosheva o‘qituvchi, muallima, ustoz degan sharafli kasbiga sadaqat bilan xizmat qildi, hamkasblari va shogirdlari, o‘quvchilarining mehr-muhabbatiga, hurmatiga sazovor bo‘ldi. “Darsda qo‘llanadigan ko‘rgazmalar” tanlovida respublika g‘olibi hamda sobiq ittifoq “Faxriy yorliq”iga ega bo‘ldi. (Награждает Почетной грамотой учителя средней школы № 2 имени А. Навои Байсунского района Сурхандарьинской области Узбекской ССР Юлдашеву Дилбар за достигнутые успехи в обучении и воспитании учащихся Председатель Государственного комитета СССР по народному образованию Г. А. Ягодин, 13.04.1990 г.) Dilbar Yo‘ldoshevaning tashkilotchilik faoliyati hisobga olinib, Andijon shahridagi Malaka oshirish institutida bir oylik saboq olish sharafiga muyassar bo‘ldi. Dilbar Yo‘ldosheva 2002-yil “O‘qituvchi-murabbiylar haqidagi eng yaxshi asar” ko‘rik-tanlovida qatnashib, respublika g‘olibi bo‘ldi, birinchi faxrli o‘rin sohibasi bo‘ldi hamda badiiy adabiyotni targ‘ib etishdagi sa’y-harakatlari, ta’lim sohasidagi muvaffaqiyatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining Faxriy yorlig‘i hamda qimmatbaho sovg‘asi bilan taqdirlandi. Faxriy yorliqni O‘zbekiston Qahramoni, shoir Abdulla Oripov topshirgan. “Ustoz-murabbiylar haqida eng yaxshi asar” ko‘rik-tanlovida qatnashib, faxrli birinchi o‘rinni egallagan Dilbar Yo‘ldosheva eng kam ish haqining 35 baravari miqdorida rag‘batlantirildi. Dilbar Yo‘ldosheva Jizzax shahrida o‘tkazilgan “Ijodkor o‘qituvchilar” anjumanida ham faol ishtirok etib, shoir, yozuvchilar hamda safdoshlari hurmatini qozongan. 2-maktab o‘qituvchisi Dilbar Yo‘ldosheva xalq ta’limi tizimidagi ko‘p yillik samarali mehnati, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” hamda 2004–2009-yillarda maktab ta’limini rivojlantirish Davlat umummilliy dasturini hayotga tatbiq qilish, yoshlarni milliy istiqlol g‘oyasi va qadriyatlar ruhida tarbiyalashda erishgan muvaffaqiyatlari uchun tuman hokimligining Faxriy yorlig‘i bilan mukofotlandi (27.09.2006-yil, 27-20). O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Surxondaryo viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi: Dilbar Yo‘ldosheva — Boysun tumanidagi 2-maktabning Ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi. Xalq ta’limi tizimi muassasalaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, respublika xalq ta’limini isloh qilish va uning rivojiga qo‘shgan hissasi uchun hamda 1-oktyabr — “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bayrami munosabati bilan Faxriy yorliq bilan mukofotlandi (2001-yil). Surxondaryo viloyati Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” YIH Surxondaryo viloyat Kengashi, Surxondaryo viloyat “Mahalla” jamg‘armasi, “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi Surxondaryo viloyat bo‘limi, Boysun tumani: Dilbar Yo‘ldoshevaga “Ayol — barkamol avlod murabbiysi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida faol ishtirok etganligi uchun ushbu Faxriy yorliq berilgan (2006-yil 15-may). Dilbar Yo‘ldosheva Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha “Eng faol targ‘ibotchi” tanlovining tuman bosqichida faxrli 1-o‘rinni egallagani uchun birinchi darajali diplom bilan taqdirlandi. Dilbar Yo‘ldosheva “Yil ayoli” milliy tanlovi Surxondaryo viloyat bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etgani uchun sertifikat bilan taqdirlandi. “Sog‘lom oila — sog‘lom jamiyat” konseptual g‘oyasini hayotga tatbiq etish, oilaning reproduktiv salomatligi va demografik rivojlanishi, uning farovonligi va xotirjamligini oshirish, oilaning ichki munosabatlari, shaxslararo munosabatlarni, boy madaniy, tarixiy meros va an’anaviy oilaviy qadriyatlar, er-xotin va ularning ota-onalari o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash hamda “Oila — jamiyat va davlat himoyasida” konstitutsiyaviy prinsipiga rioya qilish va jamiyatga singdirishdagi xizmatlari uchun Dilbar Yo‘ldosheva va Tangriqul Bo‘riyevlar oilasi “Eng ijodkor oila” nominatsiyasi bilan taqdirlandi. Dilbar Yo‘ldosheva 19.09.2008-yili “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi. Dilbar Yo‘ldosheva tinimsiz mehnati tufayli davlatimizning nufuzli va faxrli mukofotlari bilan taqdirlandi. O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston Mustaqilligiga 25 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlandi. Dilbar Yo‘ldosheva O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Hay’atining 2021-yil 25-fevraldagi 9-sonli qaroriga asosan “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi. Dilbar Yo‘ldosheva “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash uchun” medali bilan taqdirlandi (2022-yil). Dilbar Yo‘ldosheva 2017-yil 7-iyunda Prezident devonining tashakkurnomasi bilan taqdirlanadi, ya’ni Prezident Sh. M. Mirziyoyevga yozgan minnatdorlik xati e’tiborsiz qoldirilmadi: Surxondaryo viloyati, Boysun tumani, “Tuzbozor” mahallasi, 20-uyda yashovchi Dilbar Yo‘ldoshevaga — Sizning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yo‘llagan minnatdorchilik maktuBingiz haqida axborot berildi. Samimiy tilaklaringiz uchun Sizga chuqur tashakkur bildiramiz. Hurmat bilan, Davlat maslahatchisining o‘rinbosari X. To‘raxo‘jayev. Dilbar Yo‘ldosheva 30.09.2021-yilda tuman hokimligining tashakkurnomasi bilan taqdirlanadi: 1-oktyabr — “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini davr talablari asosida takomillashtirish, sohaga doir islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish ishlariga qo‘shgan salmoqli hissasi hamda ko‘p yillik samarali xizmatlari uchun Dilbar Yo‘ldosheva ushbu Tashakkurnoma bilan taqdirlandi. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniyat va san’at ko‘rgazmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Beshta muhim tashabbusining ijrosi bo‘yicha “Yosh avlodni madaniyat, san’at va sportga keng jalb etish, yoshlar o‘rtasida keng kitobxonlikni targ‘ib etish” maqsadida o‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy tadbirda faol ishtiroki uchun Dilbar Yo‘ldosheva Tashakkurnoma bilan taqdirlandi (25.07.2019-yil). Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Surxondaryo viloyat bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Termiziy allomalar merosi — boy ma’naviy xazinamiz” tanlovida faol ishtiroki uchun Dilbar Yo‘ldosheva Tashakkurnoma bilan taqdirlandi. 27-iyun — “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan yurtimizda kechayotgan o‘zgarish va yangilanishlar jarayonlarini keng jamoatchilikka targ‘ib qilish, so‘z erkinligini ta’minlash, soha faoliyatini rivojlantirish, milliy istiqlol g‘oyalarini targ‘ib etish borasidagi fidokorona xizmatlari uchun Dilbar Yo‘ldosheva ushbu Tashakkurnoma bilan taqdirlandi (Boysun tuman hokimi A. Jo‘rayev, 2022-yil, Guvohnoma 33-78). Dilbar Yo‘ldosheva O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining 2026-yil 4-maydagi 77-sonli buyrug‘iga asosan “Ibratli oila” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi hamda “Bu xonadonda Ibratli oila ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan oila istiqomat qiladi” esdalik nishoni va qimmatbaho mukofot bilan mukofotlandi. Dilbar Yo‘ldosheva tuman va viloyatlarda o‘tkaziladigan har bir tanlov va tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Shuningdek, Dilbar Yo‘ldosheva 27-iyun — “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan yurtimizda kechayotgan o‘zgarish va yangiliklar jarayonlarini keng jamoatchilikka targ‘ib qilish, so‘z erkinligini ta’minlash, soha faoliyatini rivojlantirish, milliy istiqlol g‘oyalarini targ‘ib etish borasidagi fidokorona xizmatlari uchun bir necha bor tuman, viloyat, respublika tashakkurnomalari bilan taqdirlangan. Dilbar Yo‘ldosheva yozganda yurakdan, qalb qo‘rini qog‘ozga to‘kib yozadi. Ijodkorning qalami hali yozishdan to‘xtamaydi, uning aytar so‘zi, ezgu istaklari bisyor. U insonlardagi sadaqatni, mehrni, oqibatni, sevgi va vafoni targ‘ib etishni astoydil istaydi. Dilbar Yo‘ldoshevaning “Mehr bekati” nomli kitobi nashrdan chiqdi. “Mehr bekati” kitobiga shoir Shodmonqul Salom so‘zboshi yozib, kitoblari soni yana ko‘payishiga tilak bildirgan. Ijodkor o‘qituvchi Dilbar Yo‘ldoshevaning kitobi keng kitobxonlarga va barchaga manzur bo‘ldi. Dilbar Yo‘ldosheva — “Xalq ta’limi a’lochisi”, “Yil ayoli” respublika ko‘rik-tanlovi g‘olibi, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi hamda “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishonlari sohibasi, “Mehr bekati” va “Jannatga yo‘l” kitoblari muallifi. Ana shu kabi ko‘plab sovrinlar, mukofotlarga loyiqligi nazarda tutilgan Dilbar Yo‘ldosheva 2024-yil 26-dekabrda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari safiga qabul qilinib, a’zolik guvohnomasiga ega bo‘ldi.