XALDARBEKOVA GULJAXON ZAFAR QIZI
Biologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)
• Toshkent Davlat Tibbiyot Universiteti Gistologiya va tibbiy biologiya kafedrasi katta oʻqituvchisi.
• Toshkent Xalqaro Kimyo Universiteti Tibbiy-biologik fanlar kafedrasi dotsenti.
• Oʻzbekiston Respublikasi intellektual mulk agentligi patentlari sohibasi.
• 2 ta darslik, 6 ta oʻquv qoʻllanma, 2 ta monografiya va 4 ta metodik qoʻllanma,
Xaldarbekova Guljaxon Zafar qizi 1991-yilda Toshkent shahrining ziyolilar oilasida dunyoga kelgan. Millati oʻzbek, maʼlumoti oliy, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi. Toshkent shahridagi 49-umumtaʼlim maktabini imtiyozli tamomlagan. 2007–2011-yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining Biologiya va tuproqshunoslik fakulteti bakalavriat, 2012–2014-yillarda xuddi shu fakultetning biologiya (fan yoʻnalishi boʻyicha) magistratura mutaxassisligini tamomlagan. 2016–2019-yillarda Toshkent davlat stomatologiya instituti Gistologiya va tibbiy biologiya kafedrasida assistent lavozimida oʻz mehnat faoliyatini boshlagan. Soʻng, 2019–2022-yillarda ushbu institutning Mikrobiologiya va farmakologiya kafedrasi tayanch doktoranti sifatida ilmiy ishlarini davom ettirdi. 2022-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti huzuridagi Kengashda 03.00.04 – Mikrobiologiya va virusologiya ixtisosligidan dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qilgan va biologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan. 2022–2025-yillarda Toshkent davlat stomatologiya instituti Gistologiya va tibbiy biologiya kafedrasida dotsent lavozimida ilmiy-pedagogik faoliyatini davom ettirgan. 2025-yildan to hozirgi vaqtga qadar Toshkent davlat tibbiyot universiteti Mikrobiologiya, virusologiya va immunologiya kafedrasida doktorantura (DSc) bosqichida taʼlim olmoqda. G. Z. Xaldarbekova 2017–2018-yillarda Toshkent davlat stomatologiya instituti Bolalar stomatologiyasi fakultetida bosh kurator, 2018–2019-yillarda esa xuddi shu fakultetning Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha dekan oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan. Umumiy pedagogik ish staji – 10 yil. G. Z. Xaldarbekova tibbiy biologiya, umumiy genetika, molekulyar biologiya, mikrobiologiya, virusologiya va immunologiya yoʻnalishlarida professor Ilaman Muxamedovich Muxamedov boshchiligida ilmiy-pedagogik faoliyat yuritib kelmoqda. G. Z. Xaldarbekovaning asosiy tadqiqot yoʻnalishi reproduktiv yoshdagi ayollar jinsiy yoʻllarining laktobakteriyalarini oʻrganishga bagʻishlangan. Ilmiy-tadqiqot ishi doirasida olingan natijalar Polsha, Avstriya, Vengriya, AQSh, Germaniya, Rossiya va Hindiston kabi davlatlarda oʻtkazilgan ilmiy konferensiyalarda bayon etilgan va sertifikatlar bilan taqdirlangan. G. Z. Xaldarbekova oʻzi faoliyat yuritayotgan kafedrada ish jarayonini samarali yoʻlga qoʻyishda oʻzining tashabbuskorligi hamda harakatchanligi tufayli namunaviy, ishchi dasturlarni tuzish, oʻquv-uslubiy majmualarni yaratish va darslarni samarali tashkil etishda oʻz hissasini qoʻshmoqda. 2023-yil 26–28-sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 80 yilligiga bag‘ishlangan “Fundamental va amaliy mikrobiologiyaning holati va rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumani tashkilotchisi. 2025-yil 1-mayda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Toshkent davlat stomatologiya instituti tomonidan oʻtkazilgan akademik Komiljon Zufarovning 100 yilligiga bagʻishlangan “Yosh olimlar kunlari” xalqaro ishtirokli respublika ilmiy-amaliy anjumani tashkilotchisi. 2025-yil 24–25-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti, O‘zbekiston mikrobiologlar jamiyati, Jahon bankining MUNIS loyihasi (“Public Research Institutes Modernization Program”, PRIM 01-24) bilan hamkorlikda oʻtkazilgan “Fundamental va amaliy mikrobiologiyaning holati va rivojlanish istiqbollari” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkiliy qoʻmita aʼzosi. 2026-yil mart-aprel oylarida oʻtkazilgan Toshkent davlat tibbiyot universiteti qoshidagi 1-, 2-, 3-sonli akademik litsey o‘quvchilari o‘rtasida biologiya, kimyo va ingliz tili fanlaridan olimpiada tashkilotchilaridan biri. 2026-yil 27–30-aprelda Qozogʻistonning Turkiston shahri Xoʻja Ahmad Yassaviy nomidagi xalqaro qozoq-turk universitetida akademik mobillik dasturi doirasida maʼruza va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazgan.
. Z. Xaldarbekova Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot institutining 2024-yil 15-maydagi buyrugʻiga asosan stajyor-tadqiqotchi, mustaqil izlanuvchilikka suhbat asosida hamda tayanch doktorantura va doktoranturaga imtihon asosida qabul qilish komissiyasi aʼzosi sifatida faoliyat olib borgan. G. Z. Xaldarbekova bir qator tayanch doktorantlar, magistrlar va bakalavr bosqichidagi iqtidorli talabalar bilan samarali ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borib, ularni talabalar konferensiyalari, ilmiy-amaliy anjumalar va turli tanlovlarga tayyorlab kelmoqda. Uning ilmiy rahbarligi ostidagi talabalar, magistrlar va tayanch doktorantlarning maqolalari respublika va xalqaro miqyosdagi anjumanlar toʻplamlarida muntazam ravishda nashr etilmoqda. Oʻz ishiga masʼuliyatli, talabchan va izlanuvchan yosh olima sifatida kafedra jamoa aʼzolari va universitet talabalari orasida katta hurmat hamda eʼtiborga sazovor. U har qanday jamoaning munosib aʼzosi boʻlib, oʻziga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajara oladi. Ustoz sifatida talabalarga nisbatan mehribon, talabchan va izlanishda toʻxtamaslikni talab qiluvchi, oʻz faoliyati davomida oʻzini tirishqoq, izlanuvchan, mustaqil ilm olishga qobiliyatli shaxs ekanligini namoyon etadi.