Samukov Tulqin Ergashevich 1971-yil 18-avgustda ziyolilar oilasida tug‘ilgan. 1978–1988-yillarda Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 201-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabini “oltin” medal bilan muvaffaqiyatli tugatgan. 1988-yilda Abu Rayhon Beruniy nomidagi “Toshkent politexnika instituti”ning “Kimyo-texnologiya” fakultetiga suhbat asosida o‘qishga kirib, uni 1993-yilda imtiyozli diplom bilan tugatgan. 1993-yilda Toshkent kimyo-texnologiya institutining “Plastmassalar va elastomerlarni qayta ishlash texnologiyasi” kafedrasiga kichik ilmiy xodim bo‘lib ishga kirib, ilmiy faoliyatini boshlagan. 1994-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo institutining kunduzgi aspiranturasiga o‘qishga kirgan. Uni 1998-yilda “Gaz kondensatidan tizimli erituvchilar olish texnologiyalarini yaratish” mavzusida 02.00.08 ixtisosligi bo‘yicha mustaqil O‘zbekistonda birinchi bo‘lib neft-kimyosi bo‘yicha falsafa doktorlik (PhD) dissertatsiya ishini himoya qilgan hamda ilmiy darajasini olgan. Shu yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo institutining “Gazni kimyoviy qayta ishlash” laboratoriyasida ilmiy xodim lavozimida faoliyat yuritgan. Samukov Tulqin Ergashevichning ilmiy-tadqiqot ishlari O‘zbekiston Respublikasi gaz konlaridagi gaz kondensatlarining kimyoviy xususiyatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Ular xossalarini tahlil qilib, uglevodorod erituvchilarini olish texnologiyalarini ishlab chiqish masalalarini yoritib bergan. Gaz kondensatlari va erituvchilarining guruh tarkiblari hamda ularning fizik-kimyoviy, ekspluatatsion xossalari tadqiqoti, tizimli, aralash, alohida, maxsus va kompozit turdagi 13 xil uglevodorodli erituvchilar olishning samarali texnologiyalari, sxema va shartlari yaratilgan. Yangi alohida va kompozit ekstragentlar yordamida aromatik (benzol va toluol) uglevodorodlarini gaz kondensati fraksiyalaridan miqdorini ekstraktiv ravishda ajratib olishning texnologik jarayonlarini o‘rganib, ularni 80–95% miqdorga oshirish mumkinligini tadqiqot qilib o‘rgangan va isbotlagan. Samukov Tulqin Ergashevich 2024-yili “Rektifikatsiya va ekstraksiya jarayonlari asosida gaz kondensatidan erituvchilar olish texnologiyalarini ishlab chiqish va ularning xossalari tadqiqoti” mavzusida texnika fanlari doktori unvonini olish uchun dissertatsiya ishini Toshkent kimyo-texnologiya instituti qoshidagi ixtisoslashgan ilmiy kengashda muvaffaqiyatli himoya qilgan. Iste’molchilar sharoitlarida kompleks va tizimli sinovdan o‘tgan har xil turdagi uglevodorod erituvchilarining tajriba partiyalarini joriy etish va ishlab chiqarish uchun yangi me’yoriy-texnik hujjatlar ishlab chiqqan. Rektifikatsiya va ekstraksiya jarayonlari asosida yangi texnologiyalar ishlab chiqish “SANEG” MChJ QK, Samarqand Xalqaro Texnologiya universiteti, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasi, “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” AJ, “Hayat paints” AJ kabi korxona va tashkilotlarda amalga oshirilgan. Samukov Tulqin Ergashevich 3 ta o‘quv qo‘llanma, 3 ta ilmiy monografiya, 60 dan ortiq ilmiy maqolalar, 4 ta yangi ixtiro uchun patentlar muallifi hisoblanadi. Samukov T. E. bir qator xalqaro ta’lim bo‘yicha va malaka oshirish universitetlari hamda kompaniyalari dasturlarida faol qatnashib kelgan va xalqaro darajadagi sertifikatlar sohibi. Samukov Tulqin Ergashevich quyidagi vazifa va amallarni bajargan:
• “SGS Toshkent Ltd” XK bosh menejeri lavozimida 1998–2018-yillar (kompaniyaning operatsion faoliyatida sertifikatlash biznesini rivojlantirishga rahbarlik qilgan); • “SGS Afghanistan Ltd” QK direktori 2018–2020-yillar (import va eksport qilinadigan tovar va mahsulotlarning sifati hamda miqdorini teshirish va nazorat qilish, sertifikatlashni boshqarish, shuningdek, inspeksiya faoliyatida tadbirkorlikni rivojlantirishga rahbarlik qilgan); • “SANEG” MChJ QKda Markaziy kimyoviy-tahlil laboratoriyasi boshlig‘i 2020–2024-yillar (kompaniyaning barcha laboratoriyalari, FNQIZ, yonilg‘i quyish majmuasi va neft bazalari laboratoriyalarini boshqarish; neft, gaz va neft mahsulotlari sifatini nazorat qilishda rahbar bo‘lgan).
Samukov Tulqin Ergashevich hozirda Samarqand Xalqaro Texnologiya universitetida ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha rektor muovini lavozimida ishlamoqda va ilmiy tadqiqotlarni 45 dan ortiq xorijiy professor va o‘qituvchilar bilan birgalikda ilmiy-amaliy hamda ta’lim (dual) sohasida jadal ishlar olib borib, o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Samukov Tulqin Ergashevich Respublikamizda Oliy Ta’lim Muassasalari ichida birinchilardan bo‘lib Samarqand Xalqaro Texnologiya universitetida dual ta’limni, ya’ni talabalar nazariy bilimlari bilan birgalikda ishlab chiqarishda amaliy tajriba oshirib, Yangi O‘zbekiston iqtisodiyotini yuqori darajaga ko‘tarish uchun suv va havodek zarur bo‘lgan malakali muhandis-texnologlarni tayyorlash dasturida asosiy ijrochi bo‘lib qatnashmoqda. 70 dan ortiq turli korxona va kompaniyalar bilan aloqa o‘rnatib, talabalarning saviyasini oshirish uchun o‘quv yili davomida 2 marotaba 30 kunlik ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashni tatbiq qildi.
Hozirgi kunda Samukov T. E. 2 nafar PhD ilmiy darajasini olish uchun va bir necha magistrant shogirdlar bilan ilmiy tadqiqot va pedagogik ishlarni olib bormoqda. Samukov T. E. respublika hamda xalqaro seminar, konferensiya va forumlarda faol ihtirok etib, o‘z ilmiy ma’ruzalarini keng ommaga taqdim etib kelmoqda.
2025-yil dekabr oyida Samarqand Xalqaro Texnologiya universiteti har yili o‘tkaziladigan “Science and Innovation Awards 2025” ilmiy festivalida “Yilning eng innovatsion universiteti” deb e’tirof etildi. Bu muvaffaqiyatda Samukov T. E.ning yil davomida universitetda amalga oshirgan ijobiy va natijalarga ega innovatsion yutuqlarining samarasi bo‘ldi.
Shu festivalda Samukov T. E.ning “Neft va gazni qayta ishlash kimyosi” ilmiy asari ilmiy salohiyati, yangicha yondashuvi va mazmuni bilan e’tirofga loyiq deb topilib, “Yilning eng yaxshi ilmiy nashri” nominatsiyasida top-10 talikdan o‘rin oldi va taqdirlandi.
Samukov Tulqin Ergashevich ish tajribasining asosiy qismi va muvaffaqiyat yo‘li laboratoriyalarni loyihalashtirish, ochish, ularni boshqarish bilan bog‘liq. 30 yillik davrda turli xil yo‘nalishdagi bir necha laboratoriyalarni zamonaviy jihoz va uskunalar bilan ta’minladi, ular neft va gaz, paxta, paxta mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar va qishloq xo‘jaligi kabi mahsulotlarning sifatini nazorat qilish va muvofiqlikni baholashda ishlab kelmoqda. Shular jumlasidan SGS, SANEG, FNQIZdagi faol va SXTU qoshida barpo etilayotgan Laboratoriya Markazidir. Samukov T. E. rahbarligida tashkil etilgan laboratoriyalar ilm-fan rivojiga hissa qo‘shishda, ishlab chiqarishdagi muammolar va ehtiyojlarni qoplashda muhim o‘rin egallaydi. Xulosa qilib aytganda, Samukov Tulqin Ergashevich ko‘p yillik samarali ilmiy-pedagogik va amaliy faoliyati davomida yuqori malakali mutaxassis, yetuk olim va tajribali rahbar sifatida shakllangan. Uning neft va gaz kimyosi sohasida olib borgan ilmiy-tadqiqot ishlari, innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish borasidagi yutuqlari nafaqat respublika miqyosida, balki xalqaro darajada ham e’tirof etilmoqda. Samukov T. E. tomonidan yaratilgan ilmiy ishlar, patentlar va texnologiyalar sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, resurslardan samarali foydalanish hamda ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga, u oliy ta’lim tizimida ilmiy salohiyatni oshirish, dual ta’limni rivojlantirish va zamonaviy bilim hamda amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlashda faol ihtirok etib kelmoqda. Uning rahbarligi ostida amalga oshirilayotgan ilmiy-amaliy loyihalar, xorijiy hamkorlar bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik aloqalari va yosh olimlar tayyorlashga qaratilgan ishlar mamlakatimiz ilm-fani va iqtisodiyotining barqaror rivojiga xizmat qilmoqda. Shuningdek, Samukov Tulqin Ergashevichning kasbiy faoliyati, tashabbuskorligi va mas’uliyati uning o‘z sohasida yetuk mutaxassis va nufuzli olim ekanligini yaqqol namoyon etadi. Kelgusida ham ning ilmiy va tashkiliy faoliyati yangi yutuqlar bilan boyib, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishda davom etishiga to‘liq ishonch bildirish mumkin.