MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

DILDORA HASHIMOVA

DILDORA HASHIMOVA

Aktrisa • teleboshlovchi va reporter • tadbirkor • media va ta’lim loyihalari tashabbuskori • O‘zbekiston san’at ta’limi maktabida raqs va estrada aktyorligi bo‘yicha tahsil olgan. • “Sevginator”, “Oshiqlar”, “Koreyalik kelin”, “Koreyadagi muhabbat”, “Zulmat” kabi filmlarda rol ijro etgan. • Janubiy Koreyada MBC, KTV, OBS, CJ HelloVision va KBS kabi telekanallardagi loyihalarda ishtirok etgan
Dildora Hashimova 1986-yil 19-yanvarda Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahrida, bir o‘g‘il va uch qizdan iborat oilada ikkinchi farzand bo‘lib tug‘ilgan. Bolalik yillaridanoq san’atga, ayniqsa raqs va aktyorlikka alohida mehr qo‘ygan. Dastlab o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilgan Dildoraning qiziqishlari keyinchalik raqs san’atiga, undan esa aktyorlik olamiga yo‘nalgan. U Farg‘ona shahridagi 19-umumta’lim maktabida tahsil olgan. 1999–2004-yillarda Farg‘ona davlat san’at kollejida “Xalq raqsi ansambli artisti” yo‘nalishida o‘qib, professional sahna san’atining dastlabki sirlarini egallagan. 2004–2008-yillarda O‘zbekiston davlat san’at institutining estrada aktyorligi san’ati yo‘nalishida tahsil olgan. Talabalik davridayoq kino olamiga kirib kelib, ijodiy faoliyatini amaliy suratga olish jarayonlari bilan uyg‘unlashtirgan. Dildora Hashimovaning kino ijodida 2007-yildagi “Sevginator”, 2008-yildagi “Oshiqlar”, keyinchalik “Koreyalik kelin”, “Koreyadagi muhabbat” hamda “Zulmat” kabi filmlar alohida o‘rin tutadi. U 2007-yilda “Yosh oila”, 2020-yilda esa “Sevgi” seriallarida ham ishtirok etgan. Ayniqsa “Koreyalik kelin” obrazi uning ijodiy faoliyatida muhim bosqich bo‘lib, tomoshabinlar orasida kengroq tanilishiga xizmat qilgan. 2008-yilda turmush qurib Janubiy Koreyaga kelishi Dildora Hashimova hayotida yangi bosqichni boshlab berdi. Yangi mamlakat, yangi til va madaniy muhitga moslashish bilan birga u o‘zining san’atga bo‘lgan muhabbatini davom ettirdi. Koreyaga kelganidan ikki yil o‘tib, ko‘p madaniyatli oilalar markazi orqali televideniye loyihalarida ishtirok eta boshladi va keyinchalik Koreyaning turli hududlarida reportyor boshlovchi sifatida faoliyat olib bordi. 2010–2018-yillarda Dildora Hashimova Koreya televideniyesida reporter va ko‘rsatuv ishtirokchisi sifatida faol ishladi. MBC telekanalining “다문화 희망 프로젝트 – 우리는 한국인” (“Ko‘p madaniyatli umid loyihasi – Biz koreyalikmiz”) dasturi va “딜도라의 헬로우 코리아” (“Dildoraning Hello Korea”) rukni, KTVning “사랑합니다 대한민국”, OBSning “으라차차 우리동네”, CJ HelloVisionning “행복한 여행” kabi loyihalarida qatnashdi. 2017-yilda KBS1 telekanalining mashhur “이웃집 찰스” (“Qo‘shnim Charlz”) ko‘rsatuvining 115-soni hamda maxsus sonida namoyon bo‘ldi. Uning Koreyadagi media faoliyati nafaqat shaxsiy ijodiy yutuq, balki O‘zbekiston va Koreya xalqlari o‘rtasidagi madaniy yaqinlikni targ‘ib qilish vositasiga ham aylandi. O‘zbek ayoli, aktrisa, ona va ko‘p madaniyatli oila vakili sifatida Koreya jamiyatidagi hayot, madaniyat va kundalik turmush haqida o‘z tajribasini tomoshabinlarga yetkazib bordi. 2017-yil 28-noyabrda Dildora Hashimova Koreyada o‘tkazilgan “전국 다문화가족 생활체험 수기 공모” — ko‘p madaniyatli oilalarning hayotiy tajribalariga bag‘ishlangan respublika tanlovida bosh mukofot (대상) bilan taqdirlandi. Ushbu e’tirof uning Koreya jamiyatidagi faol ishtiroki va ko‘p madaniyatli oilalar hayotini yoritish borasidagi faoliyatining muhim natijalaridan biri bo‘ldi. Dildora Hashimovaning yana bir muhim ijodiy va ijtimoiy tashabbuslaridan biri — “Koreyada Nima Gap” loyihasidir. Mazkur loyiha Janubiy Koreyada yashayotgan o‘zbekistonlik yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dodi, ijodiy salohiyati va hayotiy tajribalarini keng jamoatchilikka tanishtirish, shuningdek, o‘zbek san’ati va madaniyatini xorijda targ‘ib qilish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan. Loyiha doirasida san’atkorlar, ijodkor yoshlar, talabalar, tadbirkorlar, blogerlar hamda turli sohalarda muvaffaqiyatga erishayotgan yurtdoshlar bilan suhbatlar tashkil etilib, ularning Koreyadagi hayoti, bosib o‘tgan yo‘li, erishgan yutuqlari va duch kelgan sinovlari yoritib boriladi. Dildora Hashimova ushbu loyiha orqali, ayniqsa, yosh iste’dodlarga o‘zini namoyon etish uchun media maydon yaratish, ularni yangi g‘oya va tashabbuslarga ruhlantirish hamda san’atga qiziqqan yoshlarning ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqda. “Koreyada Nima Gap” shu jihatdan oddiy ko‘rsatuv yoki podkast emas, balki Koreyadagi o‘zbek diasporasi vakillarini birlashtiruvchi, yoshlarning ovozini keng auditoriyaga olib chiquvchi va O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiluvchi ijodiy platforma sifatida rivojlanib bormoqda. Dildora Hashimova Janubiy Koreyada sud-huquq tizimi doirasida ham faoliyat yuritib kelmoqda. U Janubiy Koreya Oliy sudi hamda prokuratura organlarida o‘zbek va koreys tillari bo‘yicha tarjimon sifatida ishtirok etib, huquqiy jarayonlarga duch kelgan ko‘plab O‘zbekiston fuqarolariga til to‘sig‘ini yengib o‘tishda ko‘maklashmoqda. Sud va tergov jarayonlarida aniq va xolis tarjimani ta’minlash orqali yurtdoshlarimizning o‘z huquq va manfaatlarini to‘g‘ri tushunishi hamda tegishli idoralar bilan samarali muloqot qilishi uchun yordam berib kelmoqda. Uning bu yo‘nalishdagi faoliyati Koreyada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy jarayonlarda o‘z fikrini to‘laqonli ifoda eta olishiga ko‘maklashish va ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni mustahkamlashga qaratilgan. Dildora Khashimova ijod bilan bir qatorda tadbirkorlik va xalqaro ta’lim yo‘nalishida ham faoliyat boshladi. 2018-yilda Uz International Company (UzIC) kompaniyasiga asos soldi va uning rahbari sifatida faoliyat yurita boshladi. Kompaniyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri O‘zbekistonlik yoshlarga Janubiy Koreyadagi ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish jarayonida amaliy va huquqiy ko‘mak ko‘rsatish, hujjatlarni tayyorlash, ta’lim imkoniyatlari bo‘yicha maslahat berish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim aloqalarini rivojlantirishdan iborat. Uz International faoliyati ta’lim sohasi bilan cheklanib qolmadi. Kompaniya Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy-media hamkorliklarini yo‘lga qo‘yib, ijodkorlar va suratga olish guruhlarini Koreyaga taklif qilish, Koreya madaniyati va sayyohlik maskanlarini o‘zbek auditoriyasiga tanishtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirdi. 2018-yilda “Shukrona”, 2019-yilda “Jurnalist” drama ijodiy guruhlarining Koreyadagi faoliyati, shuningdek, Toshkent TV bilan Koreyaning turli madaniy va sayyohlik maskanlarini yoritish ishlari shular jumlasidandir. Dildora Hashimova zamonaviy media imkoniyatlaridan ham samarali foydalanib, YouTube va ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z ijodiy, ijtimoiy va tadbirkorlik faoliyatini keng auditoriyaga yetkazib kelmoqda. Uning faoliyatida O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi madaniyat, ta’lim va insoniy aloqalarni mustahkamlash g‘oyasi muhim o‘rin egallaydi. Ko‘p madaniyatli oilalar siyosati bo‘yicha o‘z tajribasidan kelib chiqib, doimiy yashash huquqiga ega xorijliklarning favqulodda vaziyatlardagi huquqlari va immigratsiya jarayonlarida chet elliklarning inson huquqlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish masalalari yuzasidan takliflar ham ilgari surdi. Bugungi kunda Dildora Hashimova san’at va ta’lim bilan bir qatorda go‘zallik industriyasida ham o‘z faoliyatini rivojlantirmoqda. U Sidora Brand kosmetika brendining asoschisi bo‘lib, ushbu yo‘nalishda yangi mahsulotlar va biznes loyihalarini rivojlantirish ustida ish olib bormoqda. Shu tariqa uning faoliyati aktrisalik va televideniyedan boshlangan bo‘lsa-da, bugunga kelib xalqaro ta’lim, media, huquqiy xizmatlar va kosmetika biznesini qamrab olgan ko‘p qirrali faoliyatga aylangan. Oilani hayotidagi eng katta qadriyatlardan biri deb bilgan Dildora Khashimova bir qizning onasi. U o‘zini ona, aktrisa, televideniye vakili, tadbirkor va ijodkor sifatida bir-birini to‘ldiruvchi turli mas’uliyatlar egasi deb biladi. Farg‘onada san’atni sevib ulg‘aygan qizaloqdan Janubiy Koreyada o‘z o‘rnini topgan ijodkor va tadbirkorgacha bo‘lgan yo‘l uning izlanish, qat’iyat va yangi imkoniyatlardan unumli foydalanishga intilishining yorqin ifodasidir. Dildora Khashimova kelajakda ham yangi ijodiy loyihalarni amalga oshirish, Uz International faoliyatini yanada kengaytirish, Sidora Brand kosmetika yo‘nalishini rivojlantirish hamda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ta’lim, madaniyat va biznes aloqalariga o‘z hissasini qo‘shishni maqsad qilgan. Uning hayotiy qarashida erishilgan natija yakun emas, balki navbatdagi marraga olib boradigan yangi boshlanishdir.

IJODIY FAOLIYATIDAN Yo‘nalish Asosiy ishlar Filmlar Sevginator (2007); Oshiqlar (2008); Koreyalik kelin; Koreyadagi muhabbat; Zulmat. Seriallar Yosh oila (2007); Sevgi (2020). Koreya televideniyesi MBC “Biz koreyalikmiz / Dildoraning Hello Korea”; KTV “사랑합니다 대한민국”; OBS “으라차차 우리동네”; CJ HelloVision “행복한 여행”; KBS1 “이웃집 찰스” 115-son va maxsus son. Tadbirkorlik Uz International Company asoschisi va rahbari (2018-yildan); Sidora Brand kosmetika brendi asoschisi.