Kadirova Fotima Rashidovna olib borgan ilmiy-tadqiqotlarining natijalari chop etilgan 250 dan ziyod ishlarida: darsliklar, oʻquv qoʻllanmalar, konsepsiyalar va monografiyalarda, shuningdek, ilmiy, ilmiy-metodik maqolalarda oʻz ifodasini topgan. Jumladan, “Maktabgacha pedagogika”, “Maktabgacha yoshdagi bolalarning nutqini rivojlantirish nazariyasi va metodikasi”, “Bolalar bogʻchasida metodik ishlar”, “Bolalarga chet tilini oʻqitish nazariyasi va metodikasi” kabi darsliklari; “Maktabgacha taʼlimda STEAM texnologiyasi va kommunikativ kompetensiya integratsiyasi”, “Maktabgacha yoshdagi bolalarga ikkinchi tilni oʻrgatish metodikasi”, “Maktabgacha pedagogika”, «Дидактические игры для обучения детей русскому языку», “Til va nutq rivojlanish markazlarida faoliyatni rejalashtirish” kabi oʻquv qoʻllanmalar.
jpg
Mualiflik ilmiy ishlanmalari asosida koʻp yillar mobaynida Nizomiy nomidagi TDPUda, bugungi kunda Nizomiy nomidagi Oʻzbekiston milliy pedagogika universitetida bakalavr va magistratura bosqichi talabalariga oʻzlari maʼruzalar oʻqib, seminarlar olib borgan. Parallel mazkur ishlanmalar boʻyicha mamlakatimizdagi barcha oliy oʻquv yurtlari maktabgacha taʼlim yoʻnalishi professor-oʻqituvchilari talabalar bilan nazariy, amaliy mashgʻulotlarni olib bordilar. Shuningdek, nashr qilingan metodik qoʻllanmalaridan foydalanib, maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagoglari, tarbiyachilari taʼlim-tarbiya jarayonida, yaʼni amaliyotda qoʻllamoqdalar.
Fotima Rashidovna 1989-yilda Moskva shahrida «Дидактические игры как эффективное средство обучения детей русской разговорной речи в детских садах Узбекистана» mavzusida pedagogika fanlari boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Dissertatsiyada olib borilgan tajriba-sinovlar asosida psixolingvistik qonuniyatlarga tayanib maktabgacha yoshdagi bolalarda oʻzga tilni bilishga qiziqish va ehtiyojini shakllantirish, fonematik idrokini rivojlantirish jarayonida tovushlarning farqini tinglab, ajratish, ularning lugʻatini boyitish, mustahkamlash va faollashtirish, fonetik oʻyinlar orqali ona tilidagi va oʻrganilayotgan tilda oʻxshash tovushlarni farqini anglash hamda ona tilida mavjud boʻlmagan tovushlar va tovushlar birikmalarini toʻgʻri talaffuz qilishga, kattalar va tengdoshlari bilan muloqot qilishlarini, dialogik va monologik nutqini rivojlantirishning ilmiy-metodik tizimi ishlab chiqilgan. Fotima Rashidovna 1997-yilda pedagogika fani boʻyicha mamlakatimizda oʻtkazilgan tanlovda “Maktabgacha yoshdagi rusiyzabon bolalarni oʻzbekcha soʻzlashishga oʻrgatish” nomli oʻquv qoʻllanmasi uchun 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan. 2004-yilda esa Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida oʻtkazilgan “Kafedraning yuksak mahoratli oʻqituvchisi” tanlovida gʻolib deb tan olindi. Ularning ilmiy-pedagogik ishlari va natijalari dissertatsiyalarga rahbarlik qilish, maktabgacha taʼlimni ham nazariy, ham amaliy jihatdan sifatini oshirishga qaratilgan. Ushbu olib borilgan ishlar OʻzR televideniyesi orqali namoyish etilgan.
jpg
F.R.Kadirova 2003 - 2017 yy. – О‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi “Maktabgacha ta’lim muassasalar xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish respublika о‘quv-metodik markazi” huzuridagi ilmiy-metodik kengashiga raislik qilgan. Fotima Rashidovna 2006-yilda «Лингводидактические основы обучения детей дошкольного возраста второму языку» mavzusida pedagogika fanlari boʻyicha doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Dissertatsiyada maktabgacha yoshdagi bolalarga oʻzga tilni oʻrgatishda mavzuga oid mamlakatimizdagi va xorijiy mamlakatlar ilm-fandagi pedagogik, psixologik, psixolingvistik manbalar oʻrganilib, tahlil qilingan hamda koʻp yillar mobaynida oʻzlari olib borgan ilmiy tadqiqotlarga asoslanib, ushbu metodikani takomillashtirib, sifatini oshirish boʻyicha xulosalar va tavsiyalar bergan. F.R. Kadirova 2006-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan taʼsis etilgan “Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati forumi”ning pedagogik grantlar dasturida, loyiha rahbari sifatida ishtirok etib, gʻolib deb tan olingan. Shuningdek, “Pedagogik texnologiyalarni qoʻllash asosida maktabgacha yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirish”, “Fuqarolik jamiyati sharoitida barkamol avlodni maʼnaviy yuksaltirishning dolzarb falsafiy va pedagogik muammolari”, «Формирование духовно-нравственных качеств у старших дошкольников в процессе развития их речи» kabi fundamental, innovatsion va amaliy ilmiy loyihalarga rahbarlik qilgan.
jpg
Qodirova F.R. 2003–2016-yillarda 13.00.01 – Pedagogika nazariyasi va tarixi hamda 13.00.05 – Ijtimoiy-gumanitar fanlarni oʻqitish metodikasi ixtisosligi boʻyicha pedagogika fanlari doktori va pedagogika fanlari nomzodi dissertatsiyalarini himoya qilish boʻyicha Birlashgan ixtisoslashgan kengashining rais oʻrinbosari, ilmiy seminar raisi oʻrinbosari sifatida ishlab kelgan. 2017-yildan u 13.00.02 – Taʼlim va tarbiya nazariyasi va metodikasi, 2019–2023-yillarda 13.00.08 – Maktabgacha taʼlim va tarbiya nazariyasi va metodikasi ilmiy kengashining aʼzosi, 2020–2023-yillarda ilmiy seminar raisi sifatida samarali faoliyat yuritib boshqargan.
Jpg
Xalqaro va Respublikamizda boʻlib oʻtgan va oʻtayotgan ilmiy-nazariy, ilmiy-amaliy anjumanlarda oʻz maʼruzalari bilan faol ishtirok etmoqda. Fotima Rashidovna 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan “SODIQ XIZMATLARI UCHUN” medali bilan mukofotlangan. Oʻz ishiga masʼuliyatli, izlanuvchan, tashabbuskor, yosh avlodni maʼnaviy barkamol, intellektual rivojlangan shaxs qilib tarbiyalash yoʻlida maktabgacha taʼlim sohasiga munosib hissa qoʻshgan, samarali mehnat qilayotgan, salohiyatli pedagog, olima sifatida jamoa aʼzolari va ustoz sifatida shogirdlar orasida katta hurmatga sazovor.