Janakova Durdona Ulugbekovna 1982-yil 3-fevralda Toshkent viloyatining Qibray tumanida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. 1989–1997-yillarda M. Ulug‘bek tumanidagi 248-umumta’lim maktabida, 1997–1999-yillarda esa M. Ulug‘bek tumanidagi Respublika kasb-hunar litseyida tahsil olgan. 1999–2003-yillarda Toshkent davlat agrar universitetining “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat bosqichini, 2003–2005-yillarda esa magistraturaning “Uzumchilik” mutaxassisligini tamomlagan. 2005-yil noyabr oyida Toshkent davlat agrar universitetining “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik” kafedrasida assistent-o‘qituvchi lavozimida pedagogik faoliyatini boshlagan. 2015–2019-yillarda Toshkent davlat agrar universitetida mustaqil izlanuvchi sifatida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borib, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
2018-yil Xitoy xalq respublikasida 14 kunlik malaka oshirish va stajirovka kurslarida o‘qib kelgan.
2020-yildan boshlab Toshkent davlat agrar universitetining “Mevachilik va uzumchilik” kafedrasida dotsent lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Janakova Durdona Ulugbekovna mevachilik va uzumchilik sohasining pedagogik va ilmiy-tadqiqot jabhalarida faoliyat yuritib kelmoqda. Uning ilmiy-tadqiqot faoliyati serhosil bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining ilmiy natijalarni chop etish tavsiya etilgan ilmiy jurnallarida maqolalari nashr etilgan. Undan tashqari, xalqaro va respublika konferensiyalari to‘plamlarida 60 dan ziyod ilmiy maqolalari chop etilgan. D.U. Janakova xalqaro va respublika miqyosida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyalarning faol ishtirokchisidir.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan 2024-yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan “INNOWOMENWEEK – 2024” ixtirochi xotin-qizlarning innovasion haftaligi doirasida tashkil qilingan tadbirda o‘z ilmiy ishlanmalari bilan ishtirok etgan.
D.U. Janakova Toshkent davlat agrar universitetida tashkil etilgan “Rektor kubogi” doirasidagi arqon tortish sport turi musobaqasida faol ishtirok etib, faxrli II oʻrinni egallagan. Professor-o‘qituvchilar o‘rtasida sport va intellektual salohiyatni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda jamoaviylik ruhini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan “TDAU Kubogi” musobaqasida shaxmat sport turi bo‘yicha faxrli 3-o‘rinni egallagan. 11-noyabr – “O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni” munosabati bilan Toshkent davlat agrar universitetida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinida faxrli 2-o‘rinni egallagan.
D.U. Janakova ko‘p yillik pedagogik faoliyati davomida Toshkent davlat agrar universitetining Mevachilik va uzumchilik kafedrasi qoshida tashkil etilgan bog‘dorchilik sohasiga oid to‘garak va o‘quv kursiga rahbarlik qilgan. “Ustoz-shogird” an’anasini davom ettirgan holda ilmga chanqoq talaba qizlarni birlashtirib, ko‘plab yutuqlarga erishgan. 2025-yil 18-oktyabr kuni Nurafshon shahar “Vatanparvar bog‘i”da hamda Bo‘stonliq tumani “Piramida” majmuasida 15-oktyabr Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan “Qishloq ayoliga ehtirom” mavzusida bo‘lib o‘tgan viloyat tadbirida ishtirok etib, Toshkent viloyati hokimligining qimmatbaho sovg‘a va faxriy yorliq bilan taqdirlangan.
D.U.Janakova ko‘p yillik ilmiy va pedagogik faoliyat davomida universitetda tashkil etilgan Respublika talabalar konferensiyasida iqtidorli talabalarni izlash, yoshlarni fundamental ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish, ularning innovatsion g‘oya va loyihalarini amaliyotga tadbiq etishda ko‘maklashganligi uchun qimmatbaho sovg‘a hamda “Tashakkurnoma” bilan taqdirlangan.
D.U.Janakova pedagogik faoliyat bilan bir qatorda tashkiliy ishlarni ham muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Jumladan, Toshkent davlat agrar universiteti hamda “Agrar soha ayollari” uyushmasi hamkorligida Meva-sabzavotchilik va uzumchilik fakultetida “AGRO-ZAMIN YULDUZLARI” ko‘rik-tanlovining fakultet bosqichida shogird-talaba qizlarning faol ishtirokini ta’minlagan.
2023-yildan D.U.Janakova O‘zbekiston respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish uchun tavsiya etilgan ilmiy nashrlarda, jumladan, “Agrobiotexnologiya va veterinariya tibbiyoti ilmiy jurnali” va “The role of agriculture and medicine in science” ilmiy jurnallarida tahririyat a’zosi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Durdona Ulugbekovna bugungi kunda Toshkent davlat agrar universiteti Meva-sabzavotchilik va uzumchilik fakultetining Mevachilik va uzumchilik kafedrasida dotsent lavozimida pedagogik faoliyatini olib bormoqda. “Umumiy mevachilik”, “Uzumchilik,” “Rezavor mevachilik”, “Tok biologiyasi”, “Meva ekinlari biologiyasi”, “Meva va rezavor meva ekinlarini yetishtirish texnologyasi, “Kasbiy amaliyot” kabi bir qancha fanlardan bakalavriat va magistratura talabalariga ma’ruza va amaliy mashg‘ulot darslarini o‘tib, ularga ilmiy ishlarida rahbarlik qilib kelmoqda.