ISMAILOV ZOXIDJON NURMANOVICH Respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, “ZI Academy of Health” MChJ asoschisi va bosh direktori, “ZI Clinic” asoschisi va direktori • Tibbiyot fanlari doktori DSc, dotsent, 2026-yildan • O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi, oliy toifali bolalar nevrologi, refleksoterapevt • EPNS, WSO, EAN, AOPMC, DUKE Health kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar a’zosi • 40 dan ortiq ilmiy maqola, 2 ta o‘quv qo‘llanma, 4 ta uslubiy qo‘llanma, 4 ta uslubiy tavsiyanoma, 15 ta mualliflik guvohnomasi hamda “Ildiz” nomli avtobiografik kitob muallifi Ismailov Zohidjon Nurmanovich 1982-yil 7-mayda Samarqand viloyati Jomboy tumanida tugʻilgan. Millati – oʻzbek, maʼlumoti – oliy. 2007-yil: Samarqand davlat tibbiyot institutini “Pediatriya ishi” yoʻnalishi boʻyicha (bakalavriat) tamomlagan. 2010-yil: Toshkent pediatriya tibbiyot institutining “Bolalar nevrologiyasi” mutaxassisligi boʻyicha magistraturasini muvaffaqiyatli tugatgan. 2012, 2019-yillar: Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida refleksoterapiya (2012) hamda bolalar nevrologiyasi (2019) yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislik kurslarini oʻtagan. 2018-yil: Hindistonning “Punya” kasalxonasida “Nevrologiya va neyroreabilitatsiya” yoʻnalishida malaka oshirgan. 2020-yil: Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti huzuridagi ilmiy kengash qaroriga asosan tibbiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan. 2024-yildan: Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi “Xalq tabobati” kafedrasi dotsenti hisoblanadi. U Yevropa bolalar nevrologlari jamiyati (EPNS) hamda WSO, EAN, AOPMC, DUKE Health kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarning aʼzosidir. Z. N. Ismailov mehnat faoliyati davomida tibbiyot sohasining turli boʻgʻinlarida ishlab, katta tajriba orttirgan yetuk mutaxassis va olim hisoblanadi.
Z.N.Ismailov mehnat faoliyatini bolalar nevrologiyasi va tibbiy reabilitatsiya yo‘nalishida boshlab, Respublika bolalar poliomielit kasalxonasi hamda tayanch-harakat a’zolari kasalliklari bo‘yicha Respublika bolalar reabilitatsiya markazida shifokor bo‘lib ishlagan. 2017-yildan Toshkent shahridagi yetakchi klinikalarda oliy toifali bolalar nevrolog, neyroreabilitolog sifatida faoliyat yuritib, minglab bemor bolalarni davolashda ishtirok etgan. Hozirgi kunda u O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufidagi Respublika bolalar tibbiy reabilitatsiya markazi direktorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari hamda ilmiy ishlar va xalqaro aloqalar bo‘yicha komissiya raisi lavozimlarida samarali faoliyat olib bormoqda. Shu bilan birga, Z. N. Ismailov xususiy sogʻliqni saqlash sohasida ham tashabbuskor rahbar sifatida tanilgan — u “ZI Academy of Health” MChJ asoschisi va bosh direktori hamda “ZI Clinic” asoschisi va direktori hisoblanadi. Akademiya qoshida tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga yoʻnaltirilgan oʻquv kurslari tashkil etilib, bitiruvchilarga sertifikatlar topshirilmoqda. Z. N. Ismailov mehnat faoliyati samaradorligi hamda erishilgan natijalari asosida Sogʻliqni saqlash vazirligi va koʻplab jamoat, ilmiy hamda xalqaro tashkilotlar tomonidan bir qator mukofotlar bilan taqdirlangan, jumladan: • 2021-yil: Sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻiga asosan “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. • 2023-yil: Gruziya Yevropa ilmiy akademiyasining qaroriga asosan “Akademik” diplomiga hamda “Scientific academy” ilmiy-tadqiqot markazining “Faol tadqiqotchi” koʻkrak nishoniga sazovor boʻlgan. • 2024-yil: Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiy turizm assotsiatsiyasining “Oʻzbekistonda tibbiy turizmni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. • “Scientific Publication” nashriyot markazi tomonidan MDH miqyosida oʻtkazilgan birinchi ilmiy ishlar tanlovida “Oliy xizmatlari uchun” nominatsiyasida gʻolib deb topilgan. • 2025-yil: “Scientific academy” markazining “Fidoyi xizmatlari uchun” va “Vatan iftixori” koʻkrak nishonlari hamda MDH miqyosida taʼsis etilgan “MILLIY IFTIXOR” xalqaro koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan. • 2025-yil may: Xalqaro “The Legend” mukofotlash marosimida “Yilning bolalar nevrologiyasi sohasidagi eng yaxshi xalqaro shifokori” nominatsiyasi sovrindori boʻlgan. Ilmiy sohada jahon miqyosidagi koʻplab nufuzli ilmiy anjuman, kongress va simpoziumlarda doimiy ishtirok etib keladi. Jumladan, 2019-yil fevral oyida Fransiyaning Parij shahrida boʻlib oʻtgan Neyrodegenerativ kasalliklar va insult boʻyicha 7-xalqaro konferensiyada maʼruza bilan ishtirok etib, oʻzi ishlab chiqqan “Rem-Ex” mobil ilovasining reabilitatsiyadagi samaradorligini xalqaro ilmiy jamoatchilikka taqdim etgan. Bugungi kunga qadar 40 dan ortiq ilmiy maqola (shu jumladan, xorijiy ilmiy jurnallarda 15 ta, Scopus va Web of Science maʼlumotlar bazasi jurnallarida 2 ta maqola), 2 ta oʻquv qoʻllanma, 4 ta uslubiy qoʻllanma hamda 6 ta uslubiy tavsiyanoma chop ettirgan. U 15 ta mualliflik huquqi guvohnomasi egasi boʻlib, sogʻliqni saqlashni raqamlashtirish yoʻlidagi bir qator dasturiy mahsulotlar hamda reabilitatsiya dasturlarining mualliflaridan biridir: • “Rem-Ex” mobil yuklamasi (2018) — reabilitatsion mashqlarni nazorat qilish uchun; • “PeriNeuro Mobile Application” (2024) — periferik nerv tizimi kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlarning milliy elektron registri; • “PeriRemEx” mobil ilovasi (2025) — shifokorlar va bemorlar uchun; • Reabilitatsiya dasturlari: Activ, Activ+, Activ plex, Activ LFK, Core spine-sogʻlom umurtqa, Cardio-neuro rehabilitatsiya hamda Parkinsonni multidissiplinar reabilitatsiyasi. Bundan tashqari, Z. N. Ismailov “Ildiz” nomli avtobiografik publitsistik kitob hamda “Farmakopunktura” va “Bolalar tibbiy massaj asoslari” nomli oʻquv qoʻllanmalari muallifidir. Bugungi kunda Z. N. Ismailov Respublikaning koʻplab viloyatlarida, xususan, chekka qishloq hududlarida boʻlib, bemor bolalarni tibbiy konsultatsiyadan oʻtkazish, ularga aniq tashxis qoʻyish hamda zarur tavsiyalarni berish ishlarini faol olib bormoqda. Shu bilan birga, u chekka hududlardagi shifokorlarga amaliy yordam koʻrsatish, dolzarb innovatsion mavzular hamda davolashning zamonaviy usullarini amaliyotga tatbiq etish maqsadida oʻz tajribasi va bilimlari bilan oʻrtoqlashib, “Mahorat darslari”ni (master-klasslar) oʻtkazib kelmoqda. Bu orqali mamlakatimizda bolalar nevrologiyasi va tibbiy reabilitatsiyasining rivojlanishiga munosib hissa qoʻshmoqda.
Xalqaro hamkorlik doirasida yetakchi xorijiy universitetlar, klinikalar va ilmiy markazlar bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyib, qoʻshma ilmiy loyihalar, oʻzaro anglash memorandumlari hamda tajriba almashish dasturlarini amalga oshirishda faol qatnashib kelmoqda. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi “doctor_zohidjon” sahifasi orqali keng jamoatchilikka, ayniqsa ota-onalarga bolalar nevrologiyasi boʻyicha maʼrifiy va profilaktik maʼlumotlarni muntazam yetkazib bormoqda. Ismailov Zohidjon Nurmanovich Vatanimiz hamda xalqimiz ravnaqiga astoydil hissa qoʻshish, aholi salomatligini muhofaza qilish yoʻlida doimiy izlanishda boʻlib, oʻzining jonkuyarligi bilan atrofdagilarga namuna boʻlib kelmoqda. U shifokor va olim sifatidagi masʼuliyatli vazifalarini sidqidildan bajarib, oʻz ishiga talabchan, tashabbuskor hamda izlanuvchan mutaxassis sifatida hamkasblari va bemorlar orasida chuqur hurmat-eʼtiborga sazovor boʻlgan.