Ilxomova Gulnoza Zayniddin qizi 1995-yil 23-aprel sanasida Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tavallud topgan. Millati – oʻzbek, maʼlumoti – oliy boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi. 2018-2022-yillarda Janubiy Koreyaning Yeoju Texnika Institutining Toshkent shahridagi filialida Turizm yoʻnalishida bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Mehnat faoliyatini URG (Union Relatives Group) turistik kompaniyasi, International Hotel Tashkent va MChJ Beeline kabi kompaniyalarda boshlagan. 2022-2024-yillar davomida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida magistratura bosqichida “Turizm (faoliyat turlari boʻyicha)” yoʻnalishida tahsil olgan. Oliy taʼlim vazirligi huzuridagi Professional taʼlimni rivojlantirish instituti tomonidan amalga oshirilgan grant loyihalarida faol ishtirok etgan. Shuningdek, Germaniyaning DVV International tashkiloti tomonidan andragogika, kattalarni oʻqitish taʼlim dasturi doirasida oʻtkazilgan seminar-treninglarda tarjimon sifatida faoliyat yuritgan. 2025-2027-yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Turizm va mehmonxona biznesi” kafedrasining tayanch doktoranti sifatida taʼlim olmoqda. 2023-yildan hozirgi davrgacha Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi huzuridagi Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutida bir qator muvaffaqiyatli loyihalarda ishchi guruh aʼzosi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Kasbiy faoliyati davrida Oʻzbekiston hamda dunyo miqyosidagi diqqatga sazovor tadbirlardan biri — Butunjahon turizm tashkilotining (UN Tourism) Bosh assambleyasi 25-sessiyasi doirasida Taʼlim forumini tashkillashtirishda koordinator sifatida faoliyat boshladi. Institut tomonidan taʼlim va turizm sohasida yetakchi va muvaffaqiyatli tashkil etilgan tadbirlardan: har yilgi anʼanaviy “Turizm va ekskursiya faoliyati: yangi muammolar va rivojlanish yoʻllari” VIII Xalqaro gidlar forumi, “Ipak yoʻlida turizm” 30-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi, “Ipak yoʻli: turizm prizmasi orqali hamkorlik” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyasi koordinatori sifatida eʼtiborga sazovor boʻlgan. Bundan tashqari, hamkorlikdagi qoʻshma loyiha dasturi asosida Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti hamda USAID FGI koʻmagida iCA+iVET loyihasini ishchi guruh aʼzosi sifatida amalga oshirdi. Loyihaning maqsadi sifatida tilshunoslar, tarjimonlar va imo-ishora tili oʻqituvchilari uchun imo-ishora tilini oʻqitish kurslarini tashkil etish hamda ishga tushirish belgilangan edi. Uning asosiy maqsadi eshitishida va muloqotida nuqsoni bor insonlar ham musiqani his etishlari bilan bogʻliq boʻlib, mazkur loyiha Qozogʻiston fuqarosi, musiqachi Asem Kalman tashabbusi bilan boshlandi. Jumladan, ijtimoiy ahamiyatga ega sanalarni xotirlash tadbirlari, “Bolalar kuni” uchun bolalar rasmlari tanlovini tashkil qilish kabi koʻrgazma dasturlarining tashabbuskori hisoblanadi. Turizm sanoatini rivojlantirishga boʻlgan professional qiziqishi ilmiy va kasbiy faoliyatining barcha sohalarida aks etadi. Shuningdek, oliy taʼlim muassasalari talabalari bilan dual va kasb-hunar taʼlimi doirasida ishlab, oʻz malakasini doimo oshiribgina qolmay, nazariy bilimlarni amaliy koʻnikmalar bilan integratsiyalashga yordam beradi va shu orqali nazariya hamda amaliyot oʻrtasidagi tafovutni bartaraf etishga oʻz hissasini qoʻshadi. Bundan tashqari, tashkillashtirilgan tadbirlar davomida nafaqat mezbon, balki dastur boshlovchisi sifatida ham omma eʼtiboriga sazovor boʻldi. Samarali yetakchilik, yangi gʻoyalar va innovatsion yondashuvlar hamda ularning natijadorligini koʻrsatib kelmoqda. Ayni paytda 2 ta yirik loyiha ustida ilmiy va kasbiy faoliyatini yuritib kelmoqda. Bular “Oʻzbekiston shaharlarining ifori” mavzusidagi innovatsion turistik loyiha boʻlib, uning asosiy maqsadi sayyohlar eʼtiborda qoluvchi va mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy taʼsir etuvchi omil sifatida ommalashtirish hamda loyiha natijalarini kelgusida tijoratlashtirishdan iboratdir. Keyingi yirik loyihalardan biri Oʻzbekistonda biznes turizm (M.I.C.E.) tadbirlarini rejalashtirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan tadqiqotlar hisoblanadi.
Uning doirasida xizmat safari yoki biznes maqsadlarida kelgan sayyohlarning sonini koʻpaytirish hamda qayta tashrif buyurish foizini oshirish kabi vazifalar qoʻyilgan. Kasbiy faoliyati davomida u bir qator koʻrgazma va xalqaro seminarlarda oʻz malakasini oshirib kelmoqda, jumladan, har yili anʼanaviy oʻtkaziladigan ATM (Arabian Travel Market) xalqaro turistik koʻrgazmasida URG va GTS turistik kompaniyalarining elchisi (ambassadori) sifatida qatnashib, hamkorlik aloqalarini oʻrnatdi. Bular qatorida, Malayziyaning Taylor’s Universiteti professori, mehmondoʻstlik va turizm boʻyicha falsafa doktori, "Sustainable Tourism Impact Lab" laboratoriyasi rahbari hamda "Central, Western, and South Asia Event Management Journal" jurnali muharriri Jitesh Kumar (Jeetesh Kumar) ishtirokida “TURIZMDA ILMIY YONDASHUV: TAHLIL VA ILMIY NASHRLAR” mavzusida oʻtkazilgan ilmiy seminarda faol qatnashib, xalqaro sertifikat bilan taqdirlandi. Shu bilan birga, bir qator tadbirlarda oʻzining ilmiy izlanishlari bilan boʻlishib kelmoqda. Jumladan, “Halol sertifikatlash tizimi” fani boʻyicha talabalarning nazariy bilimlarini amaliy jihatdan mustahkamlash va yanada rivojlantirish maqsadida Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan binar dars mashgʻulotida Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti yetakchi mutaxassisi Ilxomova Gulnoza Zayniddin qizi tomonidan “Turizmda sertifikatlash: nazariya va amaliyot oʻrtasidagi tafovut” mavzusi boʻyicha talabalarga seminar-trening dasturi amalga oshirildi. Qarshi davlat universiteti Turizm va marketing kafedrasi hamda "Science and Innovation" xalqaro ilmiy jurnali, Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida oʻtkazilgan “Raqamli texnologiyalar va turizm marketingi: innovatsion yondashuvlar va global imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda "DIGITALIZATION OF BUSINESS ADMINISTRATION PROCESSES IN MICE-TOURISM: GLOBAL TRENDS AND INNOVATIONS" mavzusidagi nutqi va ilmiy maqolasi bilan ishtirok etdi.
Xalqaro malaka oshirish dasturlaridan biri boʻlgan Hindistonning Dehli shahridagi Habitat World Centre majmuasida boʻlib oʻtgan nufuzli xalqaro simpoziumda ishtirok etib, 10 kunlik malaka oshirish dasturini muvaffaqiyatli tamomlab qaytdi. OAK jurnallarida ilmiy izlanishlarini faol chop etib kelmoqda. Hozirda ilmiy turizm va taʼlim sohasidagi ilmiy maqolalar soni 15 dan oshib, Google Scholar (Akademiya) platformasida 15 ta iqtibos va h-indeksi 3 birlikka teng boʻldi. Doimiy izlanish va harakatchanligi tufayli u oʻz sohasida chuqur bilim va tajriba toʻplab, ilmiy jamoatchilik orasida oʻziga xos oʻrin egallamoqda. Shuningdek, zamonaviy ilmiy yondashuvlarni amaliyot bilan uygʻunlashtirish orqali ilm-fan va taʼlim rivojiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Kelgusida uning ilmiy salohiyati yanada yuksalib, yangi innovatsion gʻoyalar va tadqiqotlar orqali soha taraqqiyotiga sezilarli taʼsir koʻrsatishi kutilmoqda.