Hayitov Sirojbek Ilhomjon o‘g‘li 2005-yil 16-mayda Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida Abdiyev Ilhomjon Hayitovich va Salayeva Lobar Xalbayevna oilasida dunyoga kelgan. Oddiy va mehnatsevar oilada kamol topgan Sirojbek yoshligidan mas’uliyat va ilmga bo‘lgan ishtiyoqi bilan ajralib turgan. 2012–2023-yillarda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanidagi 8-sonli davlat umumta’lim maktabida o‘qigan va 2023-yilda shu maktabni a’lo baholarga bitirgan. U yoshlikdan tibbiyot yo‘lini aniq reja bilan emas, hayotning o‘zi orqali tanladi. Avvaliga bu soha unga shunchaki qiziq tuyulgan edi. Vaqt o‘tgan sayin inson sog‘lig‘i, hayot va mas’uliyat tushunchalari uni chuqur o‘ylantira boshladi. Biror kishining dardini yengillashtirish, yordam qo‘lini cho‘zish naqadar katta savob va sharaf ekanini angladi. Shu yo‘lni tanlash uchun S.I. Hayitov 2023-yilda Osiyo xalqaro universitetining Tibbiyot fakultetiga talabalikka qabul qilingan. Hozirda Osiyo xalqaro universiteti Tibbiyot fakulteti "Davolash ishi" yo‘nalishi 3-bosqichida tahsil olmoqda.
Sirojbek Hayitovning ilmiy izlanishlari turli holatdagi shikastlanishlarni jarrohlik yo‘li bilan davolashning yangi usullari, yangi biomateriallar yordamida suyak va yumshoq to‘qimalarni tiklash, reanimatsiya hamda intensiv terapiya bilan bog‘liq jarrohlik yondashuvlari va harbiy jarrohlikning innovatsion texnologiyalariga bag‘ishlangan.
Universitetdagi dastlabki o‘qish davridanoq ilmga bo‘lgan qiziqishini ustozlariga ko‘rsata olgan Sirojbek Hayitov 2-bosqichdan boshlab ilmiy rahbarlari bilan birgalikda tezis va ilmiy maqolalar chop ettirib, turli ilmiy anjumanlarda faol qatnashgan holda o‘zining ilm-fanga bo‘lgan ishtiyoqini oshirib bordi. U xalqaro va respublika miqyosidagi ko‘plab ilmiy-amaliy konferensiyalar, anjumanlar hamda ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan.
Xususan, “Yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish va maʼnaviyatini yuksaltirishning zamonaviy texnologiyalari” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumanida 1-oʻrin gʻolibi (2023-yil 12-dekabr), “Tibbiyotning dolzarb muammolariga innovatsion yondashuv” mavzusidagi respublika yosh olimlar ilmiy-amaliy anjumanida 2-oʻrin gʻolibi (2024-yil 29-mart, Andijon davlat tibbiyot instituti), Tibbiyot oliy oʻquv yurtlari talabalari va yosh olimlarning “Fundamental, amaliy tibbiyot va farmatsiya yutuqlari” 78-xalqaro ilmiy-amaliy anjumanining “Amaliy tibbiyot” yoʻnalishi boʻyicha 1-oʻrin gʻolibi (2024-yil 17–18-may, Samarqand davlat tibbiyot universiteti) hamda “Sifatli taʼlim – taraqqiyot poydevori” mavzusidagi II respublika ilmiy-amaliy konferensiyasining tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha “Eng yaxshi maqola” nominatsiyasi gʻolibi (2024-yil 18-may, Toshkent) boʻlgan. Shuningdek, “Zamon talabi – kuchlilar sari” 31-xalqaro talabalar ilmiy-amaliy konferensiyasida “Morfologiya” yoʻnalishi boʻyicha 2-oʻrin gʻolibi (2024-yil 31-may, Buxoro davlat tibbiyot instituti), Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) miqyosida tashkil etilgan “FIDOYI XIZMATLARI UCHUN” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasining tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha “Eng yaxshi ilmiy izlanuvchi” nominatsiyasi gʻolibi (2025-yil 19-fevral, Toshkent) hamda “YUKSAK XIZMATLARI UCHUN” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasining tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha “Eng yaxshi ilmiy maqola” nominatsiyasi gʻolibi (2025-yil 9-mart, Toshkent) boʻlgan. U keyinchalik jarrohlik yoʻnalishiga oid ilmiy ishlar bilan shugʻullanishni boshladi hamda “Bolalar orasida jarrohlik kasalliklarining tarqalish koʻrsatkichlarini aniqlash va ularning oldini olish” va “Buxoro hududida yashovchi bolalarni umumiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish” mavzularida tadqiqot ishlarini olib bordi. Ushbu mavzularga oid ilmiy ishlari koʻplab forum hamda anjumanlarda gʻolib deb topilib, anjuman tezislari toʻplamlarida nashr etildi. Til o‘rganishga bo‘lgan yuqori qiziqishi tufayli rus, ingliz va nemis tillarini puxta egallab, ushbu tillarda ilmiy maqolalar chop ettirmoqda. Shu bilan birgalikda, u tibbiy dasturlar, statistik tahlil hamda tibbiyotda AI (sun’iy intellekt) texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha tajribalar olib bormoqda. Sirojbek Hayitovning qisqa muddat ichida tibbiyot sohasida olib borgan tadqiqot natijalari o‘quv qo‘llanmalar, monografiyalar, ilmiy maqolalar va tezislar orqali o‘z aksini topgan. Xususan, u 2 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 1 ta monografiya muallifi bo‘lib, xalqaro darajadagi tibbiyot jurnallarida 10 dan ortiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) e’tirof etgan ilmiy nashrlarda 40 dan ortiq ilmiy maqola hamda xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanlar to‘plamlarida 20 dan ortiq tezislarini e’lon qilgan. Uning ilmiy ishlari Rossiya, Hindiston, Germaniya hamda AQSh kabi xorijiy mamlakatlarning nufuzli jurnallarida chop etilgan.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) miqyosida tashkil etilgan “Yuksak xizmat, fidokorona mehnat va jamiyat taraqqiyotiga qo‘shilgan munosib hissa” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha “YUKSAK XIZMATLARI UCHUN” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Respublika miqyosida o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekiston ma’rifatparvarlari” ilmiy-ma’rifiy maqolalar tanlovining tibbiyot yo‘nalishida “Eng yaxshi ilmiy maqola” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topilib, tanlov esdalik nishoni hamda statuetkasi bilan mukofotlangan.
Bundan tashqari, Sirojbek Hayitov o‘zining “EWM Academy” tibbiyot maktabiga asos solgan. Ushbu maktab “Ilm bilan najot berish – eng oliy g‘alaba!” shiori ostida faoliyat yuritib, uning ramkasida Anatomiya, Gistologiya, Fiziologiya va Biokimyo fanlari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilgan hamda talabalarning tibbiyot sohasidagi ilmiy va amaliy bilimlarini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelinmoqda. Bir qancha shogirdlari allaqachon nufuzli tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilingan. Ayni vaqtda tadqiqotchi talaba Sirojbek Hayitov Osiyo xalqaro universiteti Umumiy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi M.Sh. Narzilloyevaning ilmiy rahbarligida turli holatdagi shikastlanishlarni jarrohlik yo‘li bilan davolashning yangi usullari hamda yangi biomateriallar yordamida suyak va yumshoq to‘qimalarni tiklash yo‘nalishida ilmiy izlanishlarini davom ettirmoqda. Sirojbek Hayitov erishayotgan barcha yutuqlari va ilmiy muvaffaqiyatlari zamirida, avvalo, ota-onasi — Abdiyev Ilhomjon Hayitovich hamda Salayeva Lobar Xalbayevnaning cheksiz mehri, namunali tarbiyasi va duolari mujassam ekanligini chuqur his etadi.