MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

DANISH ATHER

DANISH ATHER

Toshkent shahridagi Amity universiteti Oʻquv ishlari, ilmiy-tadqiqotlar va ishlanmalar boʻyicha dekani, professor • Kompyuter fanlari boʻyicha falsafa doktori (Ph.D.) — Hindiston • Kompyuter fanlari va muhandisligi boʻyicha falsafa doktori (Ph.D.) — Hindiston • Postdoktorlik tadqiqotini yakunlagan (Postdoctoral Research) — Malayziya • Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyal
Danish Ather 1979-yil 22-noyabrda Hindistonning Moradobod shahrida tugʻilgan; fuqaroligi boʻyicha hind. Danish Ater 1996-yilda Nyu-Dehlidagi I.C.S.E. kengashi boʻyicha oʻrta maktab taʼlimini 71% aʼlo baho (distinction) bilan tamomlagan. 1998-yilda Nyu-Dehlidagi C.B.S.E. kengashi ostida yuqori oʻrta taʼlimni (Intermediate) 66,8% koʻrsatkich bilan muvaffaqiyatli yakunlagan. 2001-yilda Hindistonning Bareyli shahridagi MJP Rohilkhand universitetida matematika va statistika yoʻnalishi boʻyicha bakalavr (B.Sc.) darajasini 62,8% ball bilan tamomlagan. 2005-yilda Hindistonning Laknau shahridagi Doktor A.P.J. Abdul Kalam nomidagi Texnika universitetida kompyuter ilovalari magistri (M.C.A.) darajasini imtiyozli diplom bilan tugatib, 77,5% ball toʻplagan. 2008-yilda Hindistonning Karaikudi shahridagi Alagappa universitetida kompyuter fanlari boʻyicha falsafa magistri (M.Phil.) darajasini 61,4% ball bilan yakunlagan. 2013-yilda Laknaudagi Doktor A.P.J. Abdul Kalam nomidagi Texnika universitetida kompyuter fanlari va muhandisligi boʻyicha texnika magistri (M.Tech.) darajasini 7,3/10 C.P.I. koʻrsatkichi bilan olgan. 2016-yilda Hindistonning Itanagar shahridagi Himalayan universitetida “Kompyuter fanlari” ixtisosligi boʻyicha doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlab, falsafa doktori (Ph.D.) ilmiy darajasiga ega boʻlgan. 2023-yilda esa Laknaudagi Doktor A.P.J. Abdul Kalam nomidagi Texnika universitetida “Kompyuter fanlari va muhandisligi” ixtisosligi boʻyicha ikkinchi Ph.D. doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlagan. 2024-yilda u Malayziyaning Kual-Lumpur Infratuzilma universitetida postdoktorlik tadqiqotini (Postdoctoral Research) muvaffaqiyatli yakunladi. Doktor D. Ater oʻzining akademik va pedagogik faoliyatini 2005-yil oktyabr oyida Hindistondagi Tirtankar Mahavir universitetida (TMU) oʻqituvchi (Lecturer) sifatida boshlagan. 2008-yildan 2019-yilgacha ushbu universitetda dotsent (Assistant Professor), 2019-yildan 2020-yilgacha esa katta dotsent (Associate Professor) lavozimlarida faoliyat olib borib, taʼlim va ilmiy-tadqiqot ishlariga munosib hissa qoʻshdi. 2020-yil oktyabr oyidan buyon doktor D. Ater Oʻzbekistonda akademik va ilmiy faoliyat olib bormoqda. 2020-yildan 2021-yilgacha Sharda universitetining Toshkent filialida dotsent (Associate Professor), 2021-yildan 2022-yilgacha Hindistondagi Sharda universitetida dotsent lavozimida ishladi. 2022-yil avgust oyida doktor D. Ater Toshkent shahridagi Amity universitetida dotsent (Associate Professor) sifatida ish boshladi. 2024-yil 14-oktyabrda u ushbu taʼlim muassasasida professor lavozimiga tayinlandi. Hozirgi kunda u Toshkent shahridagi Amity universitetining Oʻquv ishlari, ilmiy-tadqiqotlar va ishlanmalar boʻyicha dekani (Dean of Academics, Research and Development) lavozimida oʻz burchlarini yuksak darajada bajarib kelmoqda. 2023-yilda doktor D. Ater Oʻzbekiston Respublikasida raqamli taʼlimni rivojlantirishga qoʻshgan munosib hissasi hamda koʻrsatgan alohida xizmatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan Tashakkurnoma bilan taqdirlandi. Usha yilning oʻzida u “Python asoslari, sunʼiy intellekt va buyumlar interneti” nomli Texnik koʻnikmalarni rivojlantirish dasturini muvaffaqiyatli muvofiqlashtirgani va unga rahbarlik qilgani uchun Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Toshkent shahridagi Amity universiteti tomonidan birgalikda topshirilgan Tashakkurnomani qoʻlga kiritdi. 2024-yilda doktor D. Ater ilmiy tashabbuslar va yutuqlardagi yetakchiligi uchun Toshkent shahridagi Amity universiteti tomonidan “Yilning ilmiy yetakchisi” (Scientific Leader of the Year) mukofoti bilan taqdirlandi. 2023-yilda esa u ushbu universitet tomonidan ajoyib pedogogik faoliyati hamda akademik hamjamiyatga qoʻshgan hissasi eʼtirofi sifatida nufuzli “Yil oʻqituvchisi” (Faculty of the Year) mukofotiga sazovor boʻlgan edi. 2024-yilda u Oʻzbekistonning BRB banki tomonidan BRB Fintech Hackcelerator xalqaro tadbirida koordinator sifatida faol ishtirok etgani uchun Tashakkurnoma bilan mukofotlandi. Oʻsha yilning oʻzida u IEEEDuino Student Hardware Contest 2024 tanlovida hakam sifatidagi munosib hissasi uchun IEEE Region 8 Student Activities Committee tomonidan Tashakkurnomaga sazovor boʻldi. 2019-yildan buyon u Elektr va elektronika muhandislari instituti — IEEE institutining nufuzli IEEE Senior Member (IEEE toʻla-qonli toʻngʻich aʼzosi) maqomiga ega. 2017–2019-yillar oraligʻida u koʻplab Tashakkurnomalar bilan taqdirlangan hamda IEEE UP Section va Hindiston Hukumatining Taʼlim vazirligi qoshidagi NPTEL tashkilotining kumush medallari bilan mukofotlangan. Muvaffaqiyatli ilmiy faoliyati davomida doktor D. Ater ilm-fan va texnologiyaning eng zamonaviy yoʻnalishlarida 14 ta ixtiro va innovatsiya patentlarini qoʻlga kiritgan. Ushbu patentlar Sunʼiy intellekt, Buyumlar interneti (IoT), kriptovalyuta va blokcheyn texnologiyalari, 5G aloqa tarmoqlari, elektromobillar uchun aqlli quvvatlash tizimlari, COVID-19 ni aniqlash uchun chuqur neyron tarmoqlari, implantatsiya qilinadigan tibbiy qurilmalar xavfsizligi, dronlarga asoslangan kuzatuv tizimlari, quyoshni kuzatish (panel) tizimlari hamda aqlli sinf xonalarini monitoring qilish kabi sohalarni qamrab oladi. Doktor D. Ater CRC Press (Taylor & Francis Group), IGI Global va Emerald Publishing kabi nufuzli xalqaro nashriyotlarda chop etilgan 14 ta monografiya hamda akademik kitoblar muallifi va muharriridir. Ularning ilmiy maqolalari Scopus va Web of Science bazalariga kiritilgan xalqaro indekslangan jurnallarda nashr etilgan. Jumladan, "Journal of Cybersecurity and Information Management", "Wireless Personal Communications", "SN Computer Science", "Desalination", "Journal of Food Quality", "Scientific Programming" va boshqa koʻplab nufuzli xalqaro nashrlar shular jumlasidandir. Ularning jami ilmiy ishlari soni 100 tadan oshadi. Doktor D. Aterning ilmiy rahbarligi ostida hozirgi kunda Hindiston va Oʻzbekiston universitetlarida 7 nafar postdoktorant tadqiqot olib bormoqda. Ular orasida doktor Pratap Patil, doktor Vishal Jain, professor (doktor) Ambuj Kumar Agarwal, doktor Mohit Bhandwal va doktor Tanveer Baig boʻlib, ular Sunʼiy intellekt, Mashinali oʻrgatish, biometrik xavfsizlik, robototexnika va Buyumlar interneti sohalarida ilmiy izlanishlar oʻtkazmoqda. Bundan tashqari, ularning ilmiy rahbarligi va hammuallifligida bir qancha Ph.D. izlanuvchilari doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli yoqlagan va hozirda tadqiqotlarini davom ettirmoqda. Xususan, Rajan Prasad Tripathi 2024-yilda “Sunʼiy intellektning koʻkrak saratoni prognozi va uni oldindan aniqlashdagi amaliyoti” (Artificial Intelligence Applications in Breast Cancer Prognosis and Prediction) mavzusida Ph.D. doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi. Xalqaro ilmiy hamkorlik doirasida doktor D. Ater dunyoning koʻplab mamlakatlarida oʻtkazilgan keng koʻlamli akademik tadbirlarda faol ishtirok etgan. 2021-yil mart oyida u Saudiya Arabistonining Dammam shahridagi Imom Abdulrahmon Bin Faysal universitetida taklif etilgan maʼruzachi (Guest Speaker) sifatida qatnashdi. 2023-yilda BAAning Dubay shahrida boʻlib oʻtgan ICCAKM 2023 Xalqaro konferensiyasida shoʻba raisi (Session Chair) vazifasini bajardi. 2024-yil iyul oyida Seulda (Janubiy Koreya) oʻtkazilgan IEEE ICISCT 2024 va Singapurda boʻlib oʻtgan IIPEM 2024 Xalqaro konferensiyasida faol qatnashdi. U shuningdek, Oʻzbekistonda oʻtkazilgan koʻplab xalqaro konferensiyalarda, jumladan ICTACS 2022, ICTACS 2023, ICTACS 2024 va InTech 2025 tadbirlarida tashkilotchi, shoʻba raisi (Session Chair), asosiy maʼruzachi (Keynote Speaker) hamda hamrais (Co-Chair) sifatida faol hissa qoʻshgan. 2024-yilda doktor D. Ater SMS Incubation and Entrepreneurship Foundation tashkilotining Faxriy mentori (Honorary Mentor) maqomiga ega boʻldi. Ushbu lavozimda u tadbirkorlar va startap loyihalariga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib, ularga ustozlik qiladi, loyihalarini taqrizdan oʻtkazadi hamda ularni soha tarmoqlari va investorlar bilan bogʻlashga koʻmaklashadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Sunʼiy intellekt kengashi aʼzosi hamda Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi eksperti sifatida u mamlakatimizda sunʼiy intellekt va raqamli taʼlimni rivojlantirishga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Masʼuliyatli, mehnatkash va izlanuvchan olim hamda pedagog sifatida doktor D. Ater kasbdoshlari, akademik hamjamiyat va talabalar oʻrtasida yuksak hurmat-ehtiromga ega. U har qanday jamoaning munosib aʼzosi boʻlib, oʻziga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan va yuqori masʼuliyat bilan bajarishga qodir. Rahbar sifatida u oʻz xodimlariga nisbatan gʻamxoʻr va talabchan boʻlib, ularni doimiy ravishda ilmiy izlanishga hamda bilim olishga undaydi. Oʻz faoliyati davomida u oʻzini doimo tirishqoq, izlanuvchan hamda mustaqil ilmiy tadqiqotlar olib borishga qodir shaxs sifatida namoyon etgan. Oʻzining boy ilmiy va pedagogik tajribasi bilan doktor D. Ater Oʻzbekiston taʼlimi va ilmiy salohiyatini rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshishda davom etmoqda.