MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

BEKNAZAROVA SAIDA SAFIBULLAYEVNA

BEKNAZAROVA SAIDA SAFIBULLAYEVNA

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalar universiteti “Televizion va Media texnologiyalar” kafedrasi professori, texnika fanlari doktori • Texnika fanlari doktori (DSc), professor • Oilali, 2 nafar farzandning onasi • “Shuhrat” medali sohibi • "Yil ayoli" mukofotining Grand-pri sovrindori • “Isaak Nyuton” medali egasi • "Women in Tech Caucus and Central Asia Awards 202
O‘zbekiston fan-texnika sohasida so‘nggi yigirma yil ichida shakllangan yangi avlod olimalari orasida Beknazarova Saida Safibullayevnaning ismi alohida o‘ringa ega. Beknazarova Saida texnika fanlari doktori, professor, sun'iy intellekt, kompyuter ko‘rish tizimlari, raqamli signal va tasvirlarni qayta ishlash, audiovizual va multimedia texnologiyalari sohalarida jahon miqyosida tan olingan mutaxassis, ilmiy maktab asoschisi, o‘nlab yosh tadqiqotchilarning ustozi hamda ayollarni fan va texnologiyalar sohasida qo‘llab-quvvatlovchi ijtimoiy harakatlarning faol yetakchisidir. Beknazarova Saidaning hayot yo‘li, bu izchillik, mehnatsevarlik va mukammallikka intilishning yorqin timsoli. Namangan shahridagi ziyolilar oilasida tug‘ilib, ilm-ma'rifat yo‘lini tanlagan yosh qiz, bugungi kunda O‘zbekistonning yetakchi texnika universitetlaridan birida kafedra professori, xalqaro miqyosda 750 dan ortiq ilmiy ish muallifi, 50 dan ortiq patentlangan dasturiy mahsulot yaratuvchisi va 30 dan ortiq milliy hamda xalqaro mukofot sohibasi darajasiga yetib keldi. Saida Safibullayevna Beknazarova (Abdullayeva) 1986-yil 3-yanvarda ziyolilar oilasida dunyoga keldi. Yoshligidanoq u o‘zining bilimga chanqoqligi, mantiqiy fikrlash qobiliyati va aniq fanlarga, xususan matematika hamda tabiiy fanlarga bo‘lgan alohida qiziqishi bilan ajralib turgan. Oilasi va o‘qituvchilari uning bu fazilatlarini erta payqab, unga bilim olishda har tomonlama ko‘maklashishgan. Ta'lim olish borasidagi birinchi jiddiy sinov va birinchi katta g‘alaba maktab yillarida sodir bo‘ldi: u Namangan shahridagi ixtisoslashtirilgan gimnaziyani oltin medal bilan tamomladi. Oltin medal nafaqat a'lo baholarning yig‘indisi, balki bilim olishga bo‘lgan izchil, tizimli va mas'uliyatli munosabatning natijasidir. Aynan shu yutuq uning butun keyingi ta'lim va ilmiy faoliyatida namoyon bo‘lgan mukammallikka intilish tamoyilining birinchi va eng muhim ko‘rsatkichiga aylandi. Gimnaziyani tamomlagach, u oldida ikki muhim yo‘nalish,qaysi sohani tanlash va qayerda o‘qishni davom ettirish masalasi turardi. 2003-yilda Saida Beknazarova Davlat granti asosida Namangan muhandislik-pedagogika institutining "Informatika va axborot texnologiyalari" ta'lim o‘qishga qabul qilindi. Bakalavriat davri nafaqat nazariy bilimlarni egallash, balki kelajakdagi ilmiy dunyoqarashning shakllanish davri hamdir. Davlat granti asosida ta'lim olish imkoniyatiga ega bo‘lish o‘zi ham katta mas'uliyat va yuksak natijalarni talab qiladigan holat edi. Bu davrda ko‘rsatgan intilishi, faollik va bilim darajasi bilan u nafaqat o‘qituvchilar, balki kurs-doshlari orasida ham obro‘-e'tibor qozondi. Institutning ilmiy-uslubiy salohiyatidan to‘liq bahramand bo‘lgan holda, u o‘zining kelajakdagi ilmiy faoliyati uchun zarur bo‘lgan barcha ko‘nikma va bilimlarni izchil egallab bordi. 2006-yilda Respublika Fan Olimpiadasida Kompyuter Grafika Fanidan uchinchi o‘rin egalladi. Bakalavriat davrida turli xil anjuman va tanlovlarda qatnashib kelgan. 2007-yilda Namangan muhandislik-pedagogika institutini imtiyozli, "a'lo" diplom bilan muvaffaqiyatli tamomladi. Imtiyozli diplom bilan bitirish, talabaning butun o‘qish davomida yuqori akademik ko‘rsatkichlarni barqaror saqlab kelganining rasmiy tasdig‘idir va bu O‘zbekiston oliy ta'lim tizimida yuksak baholanadigan yutuqdir. Bakalavriat ta'limini imtiyozli diplom bilan yakunlagach, Saida Beknazarova o‘z ilmiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida ta'limni davom ettirishga qaror qildi. 2007 yilda Davlat granti asosida, "Informatika va axborot texnologiyalari" magistratura mutaxassisligiga hujjat topshirdi va birinchi o‘rin bilan, ya'ni eng yuqori natija bilan qabul qilindi. 2007-yilda O‘zbekiston Respublikasining iqtidorli yoshlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan nufuzli “Kelajak Ovozi” Respublika tanlovining “Axborot texnologiyalari” yo‘nalishi g‘olibi bo‘ldi. Mazkur tanlov doirasida axborot texnologiyalari, texnik ishlanmalar va innovatsion loyihalar sohasidagi yutuqlari yuqori baholanib, mamlakatning istiqbolli yosh mutaxassislaridan biri sifatida e’tirof etildi. 2008–2009-o‘quv yilida uning mehnati va salohiyati birinchi marta yuqori davlat darajasida e'tirof etildi: "Texnika va informatika" yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi sovrindori bo‘ldi. Prezident stipendiyasi mamlakatning eng iqtidorli va istiqbolli yoshlariga beriladigan eng nufuzli davlat mukofotlaridan biri bo‘lib, bu yutuq uning ilmiy-akademik salohiyati davlat darajasida rasman tan olinganini anglatadi. Shu bilan bir qatorda, o‘sha davrda "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan tashkil etilgan "Yosh tadbirkor yurtga madadkor" tanlovining g‘olibi sifatida ham tan olindi. Bu yutuq uning nafaqat ilm-fan, balki tadbirkorlik va tashabbuskorlik sohasida ham salohiyatga ega ekanligini ko‘rsatdi, bu fazilat keyinchalik uning ko‘plab startap va innovatsion loyihalarni yaratishida yaqqol namoyon bo‘ldi. Ushbu yilda Namangan shahar hokimligi tomonidan tashkil etilgan Yoshlar Parlamenti Raisi sifatida tayinlandi, o‘z faoliyatini yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishladi. 2009-yilda magistraturani muvaffaqiyatli yakunlab, magistr akademik darajasiga ega bo‘ldi. Ushbu bosqichning yakunlanishi bilan u endi mustaqil ilmiy faoliyat yuritishga, ya'ni aspirantura bosqichiga, o‘z kasbiy taqdirining navbatdagi, yanada mas'uliyatli bosqichiga, kirishga to‘liq tayyor edi. 2010–2012-yillarda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 05.01.04 "Hisoblash mashinalari, majmualari va kompyuter tarmoqlarining matematik va dasturiy ta'minoti" ixtisosligi bo‘yicha kunduzgi aspiranturasida tahsil oldi. Saida ilmiy faoliyatida haqiqiy burilish nuqtasi bo‘ldi, chunki aynan shu davrda u o‘z ilmiy tadqiqotining asosiy yo‘nalishini multimedia axborot tizimlarini modellashtirish va ularda diskret-uzluksiz jarayonlarni qayta ishlash usullarini aniq belgilab oldi. Aspirantura, doktarantura davri ilmiy izlanuvchi uchun eng mashaqqatli, ammo eng samarali davrlardan biridir. Bu yillarda Saida Beknazarova nafaqat nazariy bilimlarni, balki ilmiy tadqiqot metodologiyasini, statistik va matematik modellashtirish usullarini, shuningdek ilmiy natijalarni to‘g‘ri taqdim etish va ilmiy jamoatchilik oldida himoya qilish mahoratini chuqur egalladi. 2012-yili Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan Academy of Sciences Malaysia International Conference (ASMIC 2012) xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi. Konferensiya “Ijtimoiy-iqtisodiy transformatsiya uchun fan, texnologiya va innovatsiyalar” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda turli mamlakatlardan yetakchi olimlar, tadqiqotchilar va siyosatshunoslar ishtirok etib, fan va innovatsiyalarning barqaror rivojlanishdagi o‘rni hamda xalqaro ilmiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. 2011–2012-yillarda Aspirantura bilan bir vaqtda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Fizika kafedrasida intern-tadqiqotchi lavozimida faoliyat yuritdi. Bu amaliy tajriba unga nazariy bilimlarni real ilmiy-tadqiqot muhitida sinab ko‘rish, laboratoriya sharoitida ishlash ko‘nikmalarini oshirish imkonini berdi. 2012–2013-yillarda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Kompyuter grafikasi va dizayn kafedrasida assistent-o‘qituvchi lavozimida faoliyat yuritdi. Bu davrda u kompyuter grafikasi, vizual dizayn va raqamli tasvirlarni qayta ishlash sohalaridagi bilim va tajribasini yanada boyitdi, bu bilim keyinchalik uning audiovizual texnologiyalar sohasidagi ilmiy faoliyati uchun muhim asos bo‘lib xizmat qildi. 2013–2014-yillarda TATU Audiovizual texnologiyalari kafedrasiga o‘tdi. Bu o‘tish uning kasbiy hayotidagi muhim burilish nuqtasi bo‘ldi, chunki aynan shu yo‘nalish audiovizual va multimedia texnologiyalari uning butun keyingi ilmiy faoliyatining markaziy va asosiy yo‘nalishiga aylandi. Shu kundan boshlab uning ilmiy izlanishlari video, audio va televizion axborot tizimlarini modellashtirish, ularni qayta ishlash algoritmlarini takomillashtirish atrofida jamlana boshladi. 2014-yilda Yoshlarning "Innovatsion g‘oyalar" respublika ko‘rik-tanlovida, turli vazirlik, idora va tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu nufuzli tanlovda, axborot va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish yo‘nalishi bo‘yicha faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qarorlariga muvofiq o‘tkazilgan "Yilning eng faol yosh mutaxassisi" tanlovining "Eng faol yosh dasturchi" nominatsiyasida ham faxrli 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Bir yil ichida ikki nufuzli respublika tanlovida g‘olib chiqish uning ilmiy-innovatsion salohiyati keng jamoatchilik va davlat idoralari tomonidan yuqori baholanganini ko‘rsatuvchi muhim dalildir. 2014–2017-yillarda TATU Audiovizual texnologiyalari kafedrasida katta o‘qituvchi lavozimida faoliyat yuritdi. Ushbu davrda nafaqat pedagogik mahoratini, balki ilmiy-tadqiqot faoliyatini ham jadal sur'atlarda rivojlantirdi, aynan shu yillarda o‘zining doktorlik dissertatsiyasi ustida faol ishlay boshladi. 2014-yildan hozirgi kungacha YUNESKOning Media va axborot savodxonligi (Media and Information Literacy, MIL) bo‘yicha eksperti. Media va axborot savodxonligi, raqamli savodxonlik, sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish hamda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida milliy va xalqaro miqyosdagi ilmiy-tadqiqot, ta’lim va hamkorlik loyihalarida faol ishtirok etib kelmoqda. Har qanday yirik olimning kasbiy hayotida markaziy o‘rin egallaydigan voqea, uning doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilishidir. Saida Beknazarova uchun bu voqea 2015-yilda sodir bo‘ldi va uning butun keyingi ilmiy martabasining poydevoriga aylandi. 2015-yilda 05.01.04 ixtisosligi bo‘yicha "Axborot resurslariga TIAV-multimedia tizimlarida diskret-uzluksiz ishlov berish jarayonlarini modellashtirish usullari" mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ushbu tadqiqot multimedia axborot tizimlarida audio, video va matn ma'lumotlarini uzluksiz va diskret shakllarda birgalikda qayta ishlash muammosiga bag‘ishlangan bo‘lib, bu sohada yangi, original ilmiy yondashuvlarni taklif etdi.

Dissertatsiyaning ilmiy ahamiyati shundan iboratki, unda taklif etilgan matematik modellar va algoritmlar TIAV (televizion, informatsion, audio, video) multimedia tizimlarida ma'lumotlarni yo‘qotishsiz, sifatli va tezkor uzatish hamda qayta ishlash imkonini beradi. Bu natijalar nafaqat nazariy, balki amaliy ahamiyatga ham ega bo‘lib, keyinchalik ta'lim, tibbiyot, xavfsizlik va boshqa ko‘plab sohalarda qo‘llanildi. 2016-yilda Doktorlik dissertatsiyasi natijalari asosida unga Texnika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasi rasman berildi. Bu yutuqning ahamiyatini alohida ta'kidlash lozim: Saida Beknazarova ushbu yuksak ilmiy darajaga atigi 29 yoshida erishdi, texnika va muhandislik fanlari sohasida, ayniqsa ayol olimalar orasida, nihoyatda kamdan-kam uchraydigan, haqiqatan ham noyob natijadir. Bu yosh bilan DSc darajasiga erishish uning favqulodda ilmiy iste'dodi, mehnatsevarligi va maqsadga intiluvchanligining eng yaqqol ko‘rsatkichidir. Shu bilan bir qatorda, 2016-yilning o‘zida u yana ikki muhim xalqaro va milliy e'tirofga sazovor bo‘ldi: "Olima" ayollar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan "Ilm yulduzlari" IV respublika intellektual tanlovida "Eng iste'dodli ixtirochi" nominatsiyasida g‘olib chiqdi, hamda Rossiya Federatsiyasining Rostov-na-Donu shahridagi Ilmiy hamkorlik xalqaro tadqiqot markazi tomonidan tashkil etilgan, fan va ta'lim sohasidagi yuqori yutuqlar uchun beriladigan "E'tirof" xalqaro tanlovida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2017-yilda 05.01.04 ixtisosligi bo‘yicha dotsent ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldi. Ilmiy unvon ilmiy daraja bilan bir qatorda, olimaning ilmiy-pedagogik faoliyatining barqarorligi va sifatini tasdiqlovchi muhim mezondir; dotsentlik unvoni uning nafaqat tadqiqotchi, balki yetuk pedagog sifatida ham shakllanganini rasman tasdiqladi. 2017-yil Saida Beknazarova Yevropa ilmiy-ishlab chiqarish konsortsiumining unvonlar va taqdirlash departamenti xulosasiga binoan kompyuter fanlarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun jahon miqyosida nufuzli hisoblangan "Isaak Nyuton" ("Isaac Newton") xalqaro medali bilan taqdirlandi. Ushbu medal buyuk ingliz olimi Isaak Nyuton nomi bilan atalgan bo‘lib, fan-texnika taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan olimlarga beriladi, O‘zbekistonlik yosh olima uchun katta xalqaro e'tirof edi. Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan o‘tkazilgan "Yosh olim" tanlovining g‘olibi bo‘ldi hamda mazkur vazirlik tomonidan tashkil etilgan "Oliy ta'lim muassasasining eng yaxshi o‘qituvchisi" respublika tanlovining "Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari" sohasi bo‘yicha "Innovatsiya va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi pedagog" nominatsiyasida Respublika bosqichi g‘olibi sifatida tan olindi. Bu uchta yirik yutuq bir yil ichida qo‘lga kiritilgan bo‘lib, uning ham ilmiy, ham pedagogik, ham innovatsion faoliyatining barobar yuksak darajada rivojlanayotganini ko‘rsatadi. 2017-yildan hozirgi kungacha Respublika miqyosidagi ijtimoiy, ilmiy va innovatsion tashabbuslarning tashkilotchisi va koordinatori. Jumladan, “Respublikaning eng faol ayollari” tanlovi, “Respublika yoshlar tanlovi”, yosh olimlar va iqtidorli talabalar uchun ilmiy-innovatsion tanlovlar, forumlar, konferensiyalar hamda STEM va IT yo‘nalishlarida xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator dasturlarni tashkil etib kelmoqda. 2018-yilda Kasbiy martabasining navbatdagi muhim bosqichi sifatida, VIII xalqaro Oliy ta'lim muassasalari professional o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan "Pedagogical Discovery: Universary-2018" xalqaro tanlovida "Texnika fanlari" yo‘nalishi bo‘yicha "Media tizimlarini modellashtirish" ("Моделирование медиа систем") mavzusidagi tadqiqot ishi uchun 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Aynan 2018-yilda u YUNESKO tashkilotining dasturiy bo‘linmasi hisoblangan, Jahon fanlar akademiyasi (TWAS) qoshidagi nufuzli "Fandagi ayollar xalqaro tashkiloti" (OWSD) safiga qo‘shildi. A'zolik uning endilikda nafaqat milliy, balki global miqyosdagi ilmiy ayollar hamjamiyatining bir qismiga aylanganini anglatadi, tashkilot dunyoning turli mamlakatlaridagi ayol olimalarni birlashtirib, ularning ilmiy salohiyatini rivojlantirish va ilmiy diplomatiyani mustahkamlashga xizmat qiladi. 2017-yil Rossiyaning Moskva shahridagi Tabiiy fanlar akademiyasi (Российская Академия Естествознания) hamda Xalqaro olimlar, professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar assotsiatsiyasi tomonidan “Professor” ilmiy unvoni bilan taqdirlandi. Mazkur unvon 2017-yil 20-noyabr kuni Moskva shahrida ilm-fan, ta’lim va axborot texnologiyalari sohasidagi salmoqli ilmiy yutuqlari hamda xalqaro miqyosdagi faoliyati e’tirofi sifatida berilgan. Shu yilning o‘zida u O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan o‘tkaziladigan an'anaviy "Yil ayoli" mukofotining eng yuksak darajasi Grand-pri sovrindori bo‘ldi. Bu mukofot mamlakatimizning turli sohalarida ilm-fan, ta'lim, tadbirkorlik, ijtimoiy faoliyat kabi yo‘nalishlarda o‘zini yorqin namoyon etgan ayollarga beriladigan eng nufuzli milliy mukofotlardan biri hisoblanadi, va uning Grand-pri sohibasi bo‘lishi uning jamiyatdagi mavqeining naqadar yuksak ekanligini ko‘rsatadi. 2019-yili Polsha Respublikasining Varshava shahrida bo‘lib o‘tgan "Perspektywy Women in Tech Summit 2019" xalqaro sammitida O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida ishtirok etdi. Mazkur sammit Yevropa va Osiyodagi STEM, axborot texnologiyalari va muhandislik sohalarida faoliyat yurituvchi ayollar uchun eng nufuzli xalqaro platformalardan biri bo‘lib, unda dunyoning yetakchi olimlari, texnologiya kompaniyalari vakillari, innovatorlar va yosh yetakchilar ishtirok etgan. 2019–2022-yillarda TATU Audiovizual texnologiyalari kafedrasida professor lavozimida faoliyat yuritdi, 2021 yilda esa unga rasman professor ilmiy unvoni berildi. Professor unvoni ilmiy-pedagogik faoliyatning eng yuqori bosqichlaridan biri bo‘lib, uni olish uchun nafaqat yuksak ilmiy natijalar, balki ko‘p yillik pedagogik tajriba, shogirdlar tarbiyalash borasidagi izchil faoliyat va ilmiy jamoatchilik oldidagi katta obro‘-e'tibor talab etiladi. 2019–2022-yillarda uning ilmiy faoliyatining eng samarali davrlaridan biri bo‘ldi. Aynan shu yillarda uning ilmiy maqolalari soni keskin oshdi, xalqaro hamkorlik doirasi kengaydi, olima tomonidan boshqariladigan ilmiy loyihalar soni ortdi. Bu davrda olima sun'iy intellekt va mashinaviy o‘rganish usullarini video va tasvir tahlili masalalariga tatbiq etish borasidagi tadqiqotlarini faollashtirdi yo‘nalish keyinchalik uning eng mashhur ilmiy natijalariga aylandi. 2020-yili O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti, "Shuhrat" medali bilan taqdirlandi. "Shuhrat" medali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mamlakat taraqqiyotiga, jumladan fan, ta'lim va madaniyat sohalariga katta hissa qo‘shgan fuqarolarga beriladigan eng nufuzli davlat mukofotlaridan biri hisoblanadi. Bu mukofotni qo‘lga kiritish uning ilmiy va ijtimoiy faoliyati davlat darajasida yuksak e'tirof etilganining yorqin dalilidir. Shu yilning o‘zida Qozog‘iston Respublikasida faoliyat yurituvchi "Bobek" umumxalq harakati qoshidagi yosh olimlar (fan doktorlari, nomzodlari), aspirant va doktorantlar assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) yosh olimlarining to‘plamida "Eng yaxshi yosh olim 2020" nominatsiyasida (35 yoshgacha bo‘lgan olimlar orasida) I-darajali diplom bilan taqdirlandi. Bu yutuq uning nafaqat O‘zbekistonda, balki butun MDH mintaqasida yosh olimlar orasida yetakchi o‘rinlardan birini egallaganini ko‘rsatadi. 2019-yili O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan respublika “ITWomenUz” tanlovi g‘olibi. Zamonaviy axborot texnologiyalari va innovatsion loyihalar sohasidagi yutuqlari uchun diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlangan. 2019–2026-yillarda Janubiy Koreyaning Seul va Incheon shaharlarida Koreya Ixtirochi Ayollar Assotsiatsiyasi (Korea Women Inventors Association) tomonidan tashkil etilgan nufuzli Korea International Women’s Invention Exposition (KIWIE) xalqaro ixtirolar ko‘rgazmasi va tanlovlarida O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida faol ishtirok etib kelmoqda. Sun’iy intellekt, axborot texnologiyalari, media tizimlari va ijtimoiy ahamiyatga vega innovatsion loyihalari bilan qatnashib, Gran-pri, oltin, kumush va bronza medallari hamda xalqaro ekspertlar tomonidan taqdim etilgan maxsus mukofotlar bilan taqdirlangan. 2019-yili Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashgan muassasasi hisoblangan Jahon Intellektual Mulk Tashkiloti (World Intellectual Property Organization, WIPO) tomonidan media tizimlari yo‘nalishidagi innovatsion ilmiy ishlanmasi va uning amaliy ahamiyati uchun maxsus xalqaro mukofot bilan taqdirlandi. Mazkur mukofot muallifning axborot texnologiyalari va media sohasidagi ilmiy-innovatsion salohiyatining xalqaro miqyosda e’tirof etilganligini tasdiqlaydi. 2023-yildan hozirgi kungacha O‘zbekiston Respublikasi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti komissiyasining “Axborot texnologiyalari” yo‘nalishi bo‘yicha eksperti sifatida faoliyat yuritib, mamlakatning eng iqtidorli va istiqbolli qizlarining IT, innovatsiya va ilm-fan sohalaridagi yutuqlarini ekspertiza qilish hamda davlat mukofoti sovrindorlarini saralash jarayonlarida ishtirok etmoqda. 2022–2023-yillarda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Audiovizual texnologiyalari kafedrasi mudiri lavozimini egalladi. Olimaning kasbiy martabasidagi sifat jihatidan yangi bosqich bo‘lib, endilikda u nafaqat o‘z ilmiy-pedagogik faoliyatiga, balki butun bir kafedra jamoasining rivojlanishiga mas'ul bo‘ldi. Kafedra mudirasi sifatidagi faoliyati davomida olima o‘zini yuqori malakali, tashabbuskor va strategik fikrlaydigan rahbar sifatida namoyon etdi. U kafedraning rivojlanishiga sezilarli ta'sir ko‘rsatib, ta'lim va ilmiy ish sifatini oshirish uchun zarur sharoitlar yaratishda faol ishtirok etdi. Kafedraning rivojlanishini strategik rejalashtirish uning rahbarlik davridagi asosiy yutuqlaridan biri bo‘ldi. Uning rahbarligida kafedra professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda ta'lim yo‘nalishi hamda magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha yangi o‘quv dasturlari ishlab chiqildi va zamonaviy mehnat bozori talablariga to‘liq yo‘naltirilgan dastur amalga oshirildi. Bu esa o‘quv dasturlarining sifatini sezilarli darajada oshirishga va ularning dolzarbligini ta'minlashga imkon berdi bitiruvchilar endilikda bozor talablariga to‘liq javob beradigan bilim va ko‘nikmalar bilan qurollangan holda mehnat bozoriga chiqmoqda. S. Beknazarova kafedrani malakali kadrlar bilan ta'minlash masalasiga ham alohida e'tibor qaratdi. Uning rahbarligida yosh va istiqbolli o‘qituvchilar faol jalb etilib, do‘stona hamda professional jamoa shakllantirildi. Bundan tashqari, u xodimlarning malakasini muntazam oshirib borish maqsadida doimiy treninglar va seminarlar tashkil etdi, bu esa kafedra professor-o‘qituvchilarining kasbiy salohiyatini uzluksiz rivojlantirishga xizmat qildi. Kafedra mudirasi sifatidagi faoliyatining yana bir muhim yo‘nalishi, xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish bo‘ldi. Uning tashabbusi bilan yetakchi xorijiy universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi, bu esa tajriba almashish va hamkorlikdagi tadqiqotlar uchun yangi imkoniyatlar ochdi. Shuningdek, aynan shu davrda kafedra tomonidan xalqaro konferentsiyalar muntazam tashkil etila boshlandi, bu tashabbus kafedraning nafaqat mamlakat ichida, balki undan tashqarida ham obro‘-e'tiborini sezilarli darajada oshirdi. 2023-yildan hozirgi kunga qadar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti "Televizion va media texnologiyalari" kafedrasi professori lavozimida faol ilmiy-pedagogik faoliyatini davom ettirmoqda. Bu yangi lavozimda u o‘zining ko‘p yillik ilmiy-pedagogik tajribasini yangi bosqichga olib chiqib, televizion va media texnologiyalari sohasidagi ta'lim va ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish ustida faol ishlamoqda. Ushbu davrda uning ilmiy faoliyati sezilarli darajada faollashdi: 2023, 2024 va 2025-yillarda u o‘nlab yangi ilmiy maqolalar chop ettirdi, xalqaro konferensiyalarda ma'ruzalar bilan qatnashdi, yangi dasturiy mahsulotlarni patentlashtirdi va bir qator yangi xalqaro loyihalarga rahbarlik qildi. Bundan tashqari, u O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi ekspert sifatida ham faol faoliyat yuritmoqda, xususan, Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamda Xotin-qizlar va gender tengligi qo‘mitasi ekspertlar guruhi tarkibida ishtirok etib, mamlakat miqyosidagi muhim qonunchilik va siyosat masalalari bo‘yicha o‘z bilim va tajribasini baham ko‘rmoqda. 2023-yil, 28-mart Qozog‘istonning Olma-ota shahridagi Xalqaro Informatizatsiya Akademiyasi (International Informatization Academy)ning haqiqiy a’zosi etib saylandi hamda “Akademik” unvoniga sazovor bo‘ldi. Mazkur unvon axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, multimedia tizimlari va ilm-fan rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi hamda xalqaro ilmiy hamjamiyatdagi faoliyati e’tirofi sifatida berilgan. Shuningdek, olima ixtisoslashgan ilmiy kengashlar, semenarlar a'zosi sifatida tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini baholash va rivojlantirishda faol ishtirok etadi, shuningdek universitet miqyosida doktorantlar va mustaqil izlanuvchilarning faoliyati samaradorligini monitoring qilish ishchi guruhlari tarkibida faoliyat yuritadi. Prof. S.S. Beknazarovaning ilmiy salmog‘ini raqamlar orqali tasavvur qilish uning faoliyatining ulkanligini yaqqol ko‘rsatadi. Bugungi kunga kelib u mahalliy va xorijiy nufuzli nashrlarda chop etilgan 750 dan ortiq ilmiy ishning muallifidir. Bu ishlarning katta qismi nafaqat O‘zbekistonda, balki AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Rossiya, Germaniya, Fransiya, Ozarbayjon, Malayziya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi o‘nlab mamlakatlarning ilmiy jurnallari va konferensiya materiallarida chop etilgan. Ilmiy faoliyati davomida Saida Beknazarova jami 12 ta davlat granti asosida turli lavozimlarda ilmiy izlanishlar olib bordi va 4 ta grant rahbari sifatida turli soha korxonalari bilan hamkorlikda, jumladan: Oila ilmiy-tadqiqot institutida, Oliy ta‘lim va innovatsiyalar vazirligida; o‘z faoliyatini olib boradi. Bu grantlar mamlakatimizning ustuvor ilmiy-texnik yo‘nalishlari doirasida moliyalashtirilgan bo‘lib, ularning har biri aniq amaliy natija bilan yakunlangan. Ushbu grantlar doirasidagi faoliyati uning ilmiy g‘oyalarini nafaqat nazariy jihatdan asoslashi, balki ularni davlat miqyosidagi real loyihalarga aylantira olish qobiliyatini yaqqol namoyon etadi. Ilmiy maqolalar bilan bir qatorda, u o‘quv-uslubiy adabiyotlar yaratishga ham katta e'tibor qaratadi. Uning qalamiga mansub 5 ta darslik, 21 ta o‘quv qo‘llanma, 15 ta monografiya va 1 ta variativ dastur mavjud. Zamonaviy fan xalqaro hamkorlikdan tashqarida rivojlana olmaydi, va Saida Beknazarova bu haqiqatni chuqur anglagan holda o‘zining butun faoliyati davomida xalqaro ilmiy aloqalarni faol rivojlantirib kelmoqda. Bugungi kunda u bir qator nufuzli xalqaro va milliy tashkilotlarning a'zosi va faol ishtirokchisidir: • YUNESKOning dasturiy bo‘linmasi hisoblangan, Jahon fanlar akademiyasi (TWAS) bilan hamkorlikdagi Xalqaro Fandagi Ayollar Tashkiloti (OWSD) a'zosi, bu tashkilot faoliyati dunyo bo‘ylab ayol olimalarning ilmiy salohiyatini oshirish va tinchlikni targ‘ib qilishga qaratilgan; • MIL Alliance (Media va Axborot Savodxonligi Alyansi) a'zosi hamda MIL Alliance Global Kengashi eksperti; • O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi Respublika Ayollar olimlari tashkiloti "Olima" a'zosi va uning qoshidagi Yosh olimlar akademiyasi raisi, bu lavozimda olima mamlakatning barcha hududlaridagi yosh ayol olimlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi. O‘zbekiston Ayollar innovatorlari markazi faoliyatida faol ishtirok etadi, hamda Qizlar dasturchilari maktabining raisi sifatida yuzlab yosh qizlarni dasturlash va zamonaviy IT texnologiyalariga jalb etmoqda. Bu faoliyat doirasida u muntazam ravishda ma'ruzalar o‘qiydi, mahorat darslari o‘tkazadi va yosh qizlarni ilm-fan sohasida o‘z kuchlarini sinab ko‘rishga ruhlantiradi. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshidagi O‘zbekiston Ayollar innovatorlari markazi a'zosi; • "IT Ladies", "Women in Tech" va boshqa nufuzli xalqaro IT hamjamiyatlari a'zosi; • O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamda Xotin-qizlar va gender tengligi qo‘mitasi ekspertlar guruhi a'zosi; • Qirg‘iziston Respublikasidagi Osh davlat universiteti doktorantining xalqaro ilmiy rahbari, bu uning ilmiy rahbarlik faoliyati O‘zbekiston chegaralaridan tashqariga ham chiqqanini ko‘rsatadi.

Prof. Beknazarovaning faoliyatining alohida va nihoyatda muhim qirrasi, uning ayollarni, xususan yosh qizlarni, fan va texnologiyalar sohasiga jalb etish, ularning salohiyatini ochib berish yo‘lidagi izchil va samimiy xizmatidir. U chuqur ishonch bilan shunga amin: mamlakat texnologik taraqqiyoti faqat barcha, jumladan ayollar salohiyatidan to‘liq foydalanilgandagina mumkin bo‘ladi. Uning ijtimoiy faolligi xalqaro miqyosda ham keng tan olingan, olima dunyoning turli mamlakatlarida o‘tkaziladigan ayollar forumlari, biznes-forumlar va tanlovlarning tashkilotchisi, eksperti va hakami sifatida faol ishtirok etib, O‘zbekistonlik ayol olimalar va tadbirkorlarning xalqaro maydonda munosib namoyon bo‘lishiga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Prof. Beknazarova 10 yildan ortiq davr mobaynida quyidagi nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarning tahririyat hay'ati a'zosi bo‘lib xizmat qilib kelmoqda: AQShning Marsland Press nashriyoti (New York, NY) qoshidagi "New York Journal", "Nature and Science", "Report and Opinion", "Researcher" jurnallari; "Journal of Engineering Research and Sciences"; "American Journal of Planetary and Space Science"; "Sarcouncil Journal of Engineering and Computer Sciences"; "The British Journal of Media and Communication"; "Asian Journal of Education and Social Studies"; "Asian Journal of Dental Science"; "BP International"; "WSEAS Transactions on Mathematics"; "WSEAS Transactions on Computers"; "Asian Research Journal of Mathematics"; shuningdek sun'iy intellekt, kompyuter fanlari, kibernetika va ta'lim tadqiqotlari yo‘nalishlaridagi bir qator boshqa xalqaro nashrlar. Tahririyat kengashi a'zosi sifatidagi bu uzoq yillik faoliyat uning ilmiy jamoatchilik oldidagi obro‘-e'tibori naqadar yuksak ekanligini, hamda uning xalqaro ilmiy nashrlar sifatini nazorat qilish va ilmiy ekspertiza jarayonlariga qo‘shgan hissasini yaqqol ko‘rsatadi. Kasbiy mahoratini muntazam oshirib borish va xalqaro tajriba almashish maqsadida u Polsha, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya, Fransiya, Malayziya, Tojikiston va boshqa bir qator mamlakatlarda ilmiy-uslubiy stajirovka va safarlarda bo‘lgan. Bu safarlar davomida u yetakchi xorijiy universitetlar va ilmiy markazlar bilan bevosita aloqalar o‘rnatib, ularning ilg‘or tajribasini o‘rganib, uni O‘zbekiston ta'lim tizimiga tatbiq etish borasida katta ishlarni amalga oshirdi. 2025-yil sentyabrda Qozog‘istonning Almati shahrida o‘tkazilgan "Women in Tech Caucus and Central Asia Awards 2025" xalqaro tanlovida "Lifetime Achievement Award" (Umrbod yutuqlar uchun mukofot) sovrindori bo‘ldi. Bu mukofot Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqasidagi texnologiya sohasida ishlayotgan ayollarning butun umr davomidagi yutuqlarini e'tirof etuvchi eng yuksak mukofot hisoblanadi va uni qo‘lga kiritish butun mintaqa miqyosida nihoyatda nufuzli yutuqdir. 2025-yil noyabrda olima Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilgan "Women in Tech Global Awards 2025" tanlovining finalisti bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. Bu dunyo bo‘ylab texnologiya sohasidagi eng yetakchi ayollarni birlashtiruvchi global tanlov bo‘lib, unda finalist bo‘lish O‘zbekistonlik olima uchun katta xalqaro yutuq va mamlakatimiz ilmiy salohiyatining jahon miqyosida munosib namoyon bo‘lishi hisoblanadi. 2025-yil davomida u yana bir qator xalqaro va milliy tadbirlarning tashkilotchisi, eksperti, mentori va hakami sifatida g‘oyat faol ishtirok etdi. Xususan: "Fan va texnika taraqqiyotida xotin-qizlarning o‘rni" mavzusidagi forum tashkilotchisi; Xalqaro AKTda xotin-qizlar kuni tadbiri hamda "Женщины в ИКТ" tadbiri tashkilotchisi; KIWIE xalqaro ko‘rgazmasi milliy g‘oliblarini taqdirlash marosimi tashkilotchisi; hududning "100 nafar ixtirochi ayollar" respublika tanlovining tashkilotchisi va eksperti; 11-fevral — "Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni" munosabati bilan o‘tkazilgan respublika forumi va ko‘rgazma tashkilotchisi; "Techinnovation" tanlovida mentor; "UniCen" workshopida trener; O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga talabgorlarni tanlash komissiyasi a'zosi; 2025-yil 20-sentabrda o‘tkazilgan "O‘zbekiston–Polsha ishbilarmon ayollarining xalqaro biznes-forumi" tashkilotchisi; "Ilm yulduzlari" respublika tanlovining tashkilotchisi va hakami; "Digital Generation Uzbekistan" ochiq darsining muallifi. Bundan tashqari, 2025-yilda u "KPPIM International Webinar 2025 on Mathematical Science" (Malayziya, UiTM Shah Alam) tadbirida ma'ruzachi, "2025 Malaysia-China International Conference on Educational Development" tadbirida muharrir va ekspert, Xalqaro ta'lim filmlari kinofestivali va innovatsion ta'lim kontenti "Kinointellekt-2025" (Rossiya) tadbirida hakam, hamda Mustaqil Qozog‘iston Akkreditatsiya Markazining eksperti sifatida faoliyat yuritdi. Shuningdek, u O‘sh davlat universiteti (Qirg‘iziston) va Qozog‘istonning K.I. Satpayev nomidagi Milliy tadqiqot texnika universitetida zamonaviy interaktiv ma'lumotlarni vizualizatsiya qilish usullari hamda ilmiy tadqiqotlarda amaliy dasturiy ta'minot mavzularida mahorat darslari (master-klasslar) o‘tkazdi. Tojikiston va Qirg‘izistonning ilmiy tadqiqotchilariga opponent va rahbarlik qildi va himoyalarida ishtirok etdi. 2025-yilda Turkiyaning Stanbul shahrida 28th ISTANBUL International Conference on Urban Design, Transportation, Architectural & Environmental Engineering (UTAEE-25)” nomli xalqaro anjumanida keynote speaker sifatida ishtirok etdi. 2025, 2026-yillarda kunlarida Qozoqistonning Shimkent shahrida IQAA (Ostana, Qozoqiston) Ta'limda sifatni ta'minlash bo‘yicha mustaqil agentlikgi tomonidan o‘tkazilgan akkreditasiyada xalqaro ekspert sifatida “Televizion va media texnologiyalar” kafedrasi professori, t.f.d., prof. Beknazarova Saida Safibullayevna akkreditasiya jarayonida ishtirok etdi. IQAA (Ta’limda sifatni ta’minlash bo‘yicha mustaqil agentlik) oliy va kasbiy ta’lim muassasalarining sifatini baholash hamda akkreditatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro tashkilotdir. Uning asosiy maqsadi ta’lim tizimini rivojlantirish, o‘quv dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish va talabalarga sifatli ta’lim berilishini ta’minlashdan iborat. Agentlik ta’lim muassasalarini tekshiradi, ularning faoliyatini tahlil qiladi va zarur tavsiyalar beradi. 2026-yil 17-21-may kunlari Ozarbayjonning Baku shahrida Matematika institutida nufuzli “5th International conference on problems of logistics, management and operation in the east-west transport corridor (PLMO 2026)” xalqaro anjumanida o‘z (Springer) ilmiy maqolasi bilan ishtirok etdi. Hamda ushbu anjumanda ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi 2026-yili martda Raqamli texnologiyalar vazirligida bo‘lib o‘tgan "Yulduz Tech Awards" tanlovida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU Televizion va media texnologiyalari kafedrasi professori sifatida "Yilning eng faol AT ayoli" nominatsiyasi bilan taqdirlandi. Mazkur nufuzli tanlov Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Education Association, IT Park Uzbekistan hamda Raqamli ta'limni rivojlantirish markazi hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, mamlakat miqyosida axborot texnologiyalari sohasida eng faol ayollarni aniqlash va rag‘batlantirishga qaratilgan. Prof. Beknazarovaning faoliyatidagi eng noyob xususiyatlaridan biri, uning sof ilmiy-akademik faoliyat bilan chegaralanib qolmasdan, o‘z ilmiy natijalarini real ijtimoiy muammolarni hal qiluvchi tadbirkorlik loyihalariga aylantira olishidir. U bir qator startap va innovatsion loyihalarning asoschisi va bosh ijrochi direktori (CEO) hisoblanadi. Loyihalar: AvaylAI Media savodxonligi va kiberzo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan ushbu sun'iy intellekt loyihasi zamonaviy raqamli dunyoda, ayniqsa yoshlar va bolalar orasida tobora dolzarb bo‘lib borayotgan kiberxavfsizlik va media savodxonlik muammolarini hal qilishga xizmat qiladi. Loyiha sun'iy intellekt algoritmlari yordamida zararli kontentni aniqlash va foydalanuvchilarni himoya qilish imkonini beradi. Autizmli bolalar uchun sog‘liqni saqlash ta'lim platformasi Ushbu ijtimoiy ahamiyatga molik loyiha autizm spektri buzilishiga ega bolalarning ta'lim va rivojlanish jarayonini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan raqamli platformadir. Loyiha ota-onalar va mutaxassislarga maxsus ehtiyojli bolalar bilan ishlashda zamonaviy texnologik vositalar taqdim etadi va bu borada jamiyatda katta ijtimoiy ahamiyatga ega. Buyrak toshlarini aniqlash tizimi (Kidney Stone Detection) Bu loyiha uning tibbiy tasvirlarni qayta ishlash sohasidagi ilmiy tadqiqotlarining bevosita amaliy natijasi bo‘lib, MRT va UZI tasvirlari asosida buyrak toshlarini avtomatik aniqlash va ularning geometrik parametrlarini hisoblash imkonini beruvchi sun'iy intellekt tizimidir. Tizim shifokorlarga tezkor va aniq diagnostika qo‘yishda amaliy yordam beradi. Yuqoridagilardan tashqari, u yana 20 dan ortiq boshqa innovatsion loyihaning ham muallifi va rahbaridir. Ularning barchasi tegishli tartibda patentlangan bo‘lib, milliy va xalqaro miqyosdagi nufuzli innovatsion tanlov va ko‘rgazmalarda bir necha bor g‘olib chiqqan. Bu loyihalar orqali u minglab talabalar, tadqiqotchilar, o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, ayollar va yosh innovatorlarning kasbiy va ijtimoiy rivojlanishiga bevosita hissa qo‘shdi, olimaning ilm-fanni jamiyat farovonligiga xizmat qildirish borasidagi izchil falsafasining amaliy ifodasidir. Prof. Beknazarova o‘z faoliyatining markaziy qismini yosh avlodni tarbiyalash, ularga ilmiy yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish deb biladi. Pedagogik va ilmiy faoliyati davomida u jami 41 nafar bakalavr talaba, 19 nafar magistrant, shuningdek 11 nafar doktorant va mustaqil tadqiqotchiga bevosita ilmiy rahbarlik qildi. Bu raqamlar ortida, har biri o‘ziga xos ilmiy yo‘lni bosib o‘tgan, ustozining g‘amxo‘rligi va bilimidan bahramand bo‘lgan o‘nlab yosh mutaxassislarning taqdiri turibdi. 5 tasi PhD ilmiy darajasiga ega bo‘ldi. Uning ilmiy rahbarligida fakultetning iqtidorli talabalari uchun maxsus "Iqtidorli yoshlar klubi" (keyinchalik "Ilmiy tadqiqot klubi" nomi bilan ham yuritilgan) tashkil etildi. Ushbu klub doirasida talabalarga o‘z ilmiy faoliyatlarini olib borishlari, ilmiy maqolalar yozishlari, xalqaro konferensiyalarda qatnashishlari uchun keng qamrovli imkoniyatlar yaratib berildi. Bu klubning faoliyati natijasida ko‘plab talabalar hali talabalik davridayoq o‘zlarining ilk ilmiy maqolalarini chop ettirish, davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lishdi. Ushbu izchil va samimiy ustozlik faoliyati natijasida uning shogirdlaridan 3 nafari "Beruniy" nomidagi Davlat stipendiyasi, 7 nafari "Muhammad Al-Xorazmiy" nomidagi Davlat stipendiyasi, 4 nafari esa O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining maxsus stipendiyasi sovrindori bo‘lishdi. Bu O‘zbekistonning eng nufuzli ta'lim stipendiyalari bo‘lib, ularga sazovor bo‘lish talabaning yuksak ilmiy salohiyatini tasdiqlaydi va bu yutuqlar orqasida, shubhasiz, ularning ustozi Saida Beknazarovaning bevosita mehnati va g‘amxo‘rligi yotadi. Bundan tashqari, uning o‘zi ham bakalavr bosqichida bo‘lganida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi sohibi bo‘lgan va Respublika kompyuter grafikasi fan olimpiadasida 3-o‘rin sovriniga sazovor bo‘lgan edi bu tajriba unga endilikda o‘z shogirdlarini xuddi shunday yuksak natijalarga yetaklashda katta yordam bermoqda, chunki u bu yo‘lni shaxsan o‘zi bosib o‘tgan. Shuningdek, olima jamoatchilik asosida ixtirochi ayollar markazi qoshidagi Qizlar dasturchilari maktabi raisi lavozimida ham faoliyat yuritib, dasturlash sohasiga qiziqqan qizlarni tarbiyalash, ularga zamonaviy IT ko‘nikmalarini o‘rgatish borasida katta ishlarni amalga oshirmoqda. Olima shuningdek xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan bir qator tanlovlarda ayollar tomonidan taqdim etilgan ilmiy-innovatsion loyihalar bo‘yicha ekspert sifatida ham faol ishtirok etadi, bu orqali o‘z bilim va tajribasini keng doiradagi ayol tadqiqotchilar bilan baham ko‘radi. Prof. Beknazarovaning kelajakdagi faoliyati borasidagi qarashlari uning butun ilmiy-pedagogik va ijtimoiy faoliyati mantig‘idan kelib chiqadi: sun'iy intellekt va raqamli texnologiyalarni jamiyat farovonligiga, xususan tibbiyot, ta'lim va ijtimoiy himoya sohalariga xizmat qildirish, shu bilan birga yosh avlod, ayniqsa ayol tadqiqotchilar va innovatorlarning salohiyatini ochib berish. Olima o‘z faoliyati orqali quyidagi asosiy g‘oyani amalga oshirishni maqsad qilgan: fan-texnika yutuqlari faqat toraygina ilmiy doiralar mulki bo‘lib qolmasligi, balki ular oddiy insonlar hayotini yaxshilashga, kasalliklarni erta aniqlashga, bolalarni himoya qilishga, ta'lim sifatini oshirishga xizmat qilishi lozim. Aynan shu falsafa uning barcha startap va innovatsion loyihalarining, jumladan tibbiy diagnostika va bolalar himoyasiga qaratilgan tizimlarning yaratilishi ortida turadi. Kelgusida ham o‘zining ilmiy maktabini yanada rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, yosh olimalar safini ko‘paytirish va O‘zbekistonning jahon ilm-fan xaritasidagi mavqeini yanada mustahkamlash borasidagi izchil faoliyatini davom ettirishga qat'iy intilmoqda. Beknazarova Saida Safibullayevna nafaqat taniqli olima, professor va jamoat arbobi, balki oilaparvar inson hamdir. Mehribon turmush o‘rtog‘i, kelin va ikki nafar farzandning g‘amxo‘r onasi sifatida oilaviy qadriyatlarni yuksak e’zozlaydi. Ilm-fan, ta’lim va jamoatchilik faoliyatidagi serqirra mehnati bilan bir qatorda, farzandlarini vatanparvarlik, insonparvarlik va ilmga muhabbat ruhida tarbiyalashni o‘zining eng muhim hayotiy vazifalaridan biri deb biladi. Shaxsiyati, dunyoqarashi va hayotiy qadriyatlarining shakllanishida Saida Beknazarovaning onasi beqiyos o‘rin tutgan. Farzandlari uchun nafaqat mehribon ona, balki umrboqiy yo‘l ko‘rsatuvchi va ilhom manbai bo‘lib qolgan. Aynan onasining mehri, donoligi, intizomi va farzandlariga bo‘lgan cheksiz ishonchi ularning barcha yutuqlari uchun mustahkam poydevor yaratdi. Farzandlarini ilmga hurmat bilan qarashga, o‘zlari va boshqalar oldida halol bo‘lishga, erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmaslikka hamda har qanday vaziyatda ham insoniylik fazilatlarini saqlab qolishga o‘rgatdi. Bugun Saida Beknazarova va uning yaqinlari har bir muvaffaqiyat zamirida onasining mehnati, sabri va beqiyos onalik mehrini chuqur his qiladilar. Saida Beknazarovaning onasi yuksak aql-zakovat, ulkan matonat va ezgu qalb sohibasi edi. Butun umrini oilasi, farzandlari tarbiyasi va yaqinlariga bag‘ishlab, fidoyilik va qadr-qimmat timsoli sifatida yodda qoldi. Saida Beknazarovaning ilm-fan va hayotda erishgan barcha yutuqlarida onasining bolaligidan singdirgan ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi muhim o‘rin tutdi. Uning yorqin siymosi farzandlari, nabiralari va yaqinlari qalbida abadiy yashaydi, xotirasi esa ularning oilalarida, kelajak avlodlarda va amalga oshirayotgan barcha ezgu ishlarida davom etadi. Saida Beknazarova onasiga hayot, mehr va farzandlarini munosib insonlar qilib tarbiyalagani uchun cheksiz minnatdordir. Aziz va mehribon onasining xotirasi uning qalbida mangu saqlanadi, nomi va ezgu amallari esa hech qachon unutilmaydi.