MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

BAXRIYEV AXMAD RAXMATOVICH

BAXRIYEV AXMAD RAXMATOVICH

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi “O‘zbek tili va ijtimoiy fanlar” kafedrasi professori • Pedagogika fanlari doktori, psixologiya fanlari nomzodi, professor • Oilali, 3 nafar farzandning otasi • 3 ta darslik, 7 ta oʻquv qoʻllanma, 6 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 3 ta monografiya, 1 ta metodik tavsiyanoma, 2 ta dastur, O‘zbekiston respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk age
Baxriyev Axmad Raxmatovich 1958-yilda Buxoro viloyati Romitan tumanida tug‘ilgan. 1973–1977-yillarda Buxoro musiqa bilim yurtida tahsil olib, yosh ijrochilarning 4-Respublika tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etgan. 1985–1989-yillarda Nizomiy nomidagi Xalqlar do‘stligi ordenli Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti)ning “Musiqa-pedagogika” fakultetida tahsil olgan. Mehnat faoliyatini 1980-yilda Buxoro viloyati Romitan tumanidagi 31-o‘rta umumta’lim maktabida musiqa o‘qituvchisi sifatida boshlagan. 1988-yilda Buxoro pedagogika bilim yurti o‘qituvchisi, 1990-yildan 2013-yilgacha Buxoro davlat pedagogika instituti (1993-yildan Buxoro davlat universiteti) Musiqa nazariyasi kafedrasida o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, dotsent lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 2004-yilda O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Ixtisoslashgan ilmiy kengashda “O‘quvchilarda milliy musiqiy tasavvurlarni shakllantirishning ijtimoiy-psixologik xususiyatlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2008-yilda dotsent ilmiy unvonida tasdiqlangan. A.Baxryev 2 ta davlat granti sovrindori: Birinchi grant - 2005 yilda “Yosh ilmiy va pedagog kadrlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste’dod” jamg‘armasi granti sohibi. Ushbu grant doirasida 2006 yilda Rossiya Federatsiyasining M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida malaka oshirgan. Ikkinchi grant – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2008–2011-yillarga mo‘ljallangan uch yillik ITD-4 – "Yosh avlodni tarixiy, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida munosib tarbiyalash, ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish, uzluksiz ta’lim tizimida yuqori malakali, shuningdek, boshqaruv kadrlarni tayyorlashni takomillashtirish" yo‘nalishidagi ITD-4-047 – “Musiqa orqali yoshlar ongida yuksak ma’naviyatni shakllantirishning ijtimoiy-psixologik asoslari” mavzusidagi amaliy tadqiqot granti tanlovi sovrindori bo‘lib, grant loyihasi rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatgan va grant loyihasini o‘z muddatida muvaffaqiyatli yakunlagan. 2015-yildan O‘zbekiston davlat konservatoriyasida Magistratura bo‘limi boshlig‘i, 2019-yildan “Musiqa pedagogikasi” kafedrasi dotsenti, 2025-yil sentyabrdan “O‘zbek tili va ijtimoiy fanlar” kafedrasi professori lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. 2016-yilda A. Baxriyev “Ma’rifat” hamda “Учитель Узбекистана” gazetasi tahririyatlarining “Faslning eng yaxshi ijodkori” tanlovida “Pedagog muallifning dolzarb materiali” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan. Hozirgi kungacha A. Baxriyev tomonidan 150 dan ortiq ilmiy ishlar nashr etilgan. Jumladan, 3 ta darslik, 5 ta o‘quv qo‘llanma, 8 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 3 ta monografiya, shuningdek, xorijiy jurnallarda, OAK e’tirof etgan respublika va xalqaro ilmiy nashrlarda hamda ilmiy-amaliy konferensiyalar to‘plamlarida maqola va tezislari chop etilgan. A. Baxriyev 2023-yilda “Maktab repertuari asosida 5–7-sinf o‘quvchilarida musiqiy tinglovchilik madaniyatini rivojlantirish” mavzusida dissertatsiya ishini himoya qilib, pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olgan. Hozirgi kunda O‘zbekiston davlat konservatoriyasining “Musiqa pedagogikasi” kafedrasi professori lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda. A. Baxriyev O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi bir martalik ilmiy kengashlar va ilmiy seminarlar a’zosi, shuningdek, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi ilmiy kengashi qoshidagi 13.00.02 – “Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi bo‘yicha mutaxassislik fanidan malakaviy imtihon komissiyasi a’zosidir. A. Baxriyev ilmiy rahbarligida 4 nafar (PhD) tadqiqotchi o‘zining ilmiy izlanishlarini amalga oshirmoqda, shulardan ikkitasining ishi tayyor bo‘lib, himoyaga chiqish arafasida turibdi. Professor A. Baxriyev mamlakatimizda musiqa psixologiyasini rivojlantirish bo‘yicha chorak asrdan buyon xizmat qilib kelmoqda. Mazkur yo‘nalishda uning “Musiqiy faoliyatlar psixologiyasi (tinglash faoliyati misolida)” nomli monografiyasi (T., 2011, Fan), “Musiqiy ta’limning psixologik asoslari” nomli o‘quv qo‘llanmasi (T., 2019, Musiqa) nashr etilgan, shuningdek, respublika va xorijiy jurnallarda, respublika hamda xalqaro ilmiy konferensiyalarda 10 ga yaqin ilmiy maqola va tezislari e’lon qilingan. Musiqa pedagogikasining psixologik masalalari qamrab olingan “O‘quvchilarda musiqiy tasavvurlarni shakllantirishning ijtimoiy-psixologik xususiyatlari” mavzusidagi psixologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan dissertatsiyasi (T., O‘zMU, 2004) mazkur yo‘nalishdagi dastlabki, qaldirg‘och ilmiy-tadqiqot ishi bo‘lganligini alohida ta’kidlash joiz. U 2025-yilda International Bulletin of Applied Sciences and Technology xalqaro ilmiy jurnalining tahrir hay’ati a’zoligiga qabul qilingan, 2026-yilda esa O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining nashri — “Nafosat olami” jurnalining tahrir hay’ati a’zosi hisoblanadi. A. Baxriyev tashabbuskor, tinib-tinchimas pedagog, o‘z ustida tinimsiz ishlashni kasbining muqaddas xususiyati deb biladigan fidoyi ustozlardandir. U bakalavriat va magistratura talabalariga musiqa pedagogikasidan o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tish orqali ularni istiqbolda respublikamiz professional musiqa san’atini rivojlantirish, xorijiy mamlakatlarda o‘zbek milliy va akademik musiqasini keng targ‘ib qilish ishiga tayyorlashda kamarbasta bo‘lmoqda. Shuningdek, A. Baxriyev malaka oshirish va qayta tayyorlash tizimida ham qator yillardan buyon barakali xizmat qilib kelmoqda. Jumladan, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Musiqa sohasi pedagoglari malakasini oshirish markazida bolalar musiqa va san’at maktablari, ixtisoslashgan san’at va madaniyat maktablari o‘qituvchilariga “Pedagogik faoliyatda amaliy psixologiya” o‘quv moduli bo‘yicha innovatsion yo‘naltirilgan darslarni o‘tib kelmoqda. Zamonaviy musiqa pedagogikasi taraqqiyotining hozirgi kundagi tendensiyalari, ilg‘or o‘qitish usullari, shaxsga yo‘naltirilgan va innovatsion ta’lim texnologiyalari asosida musiqa o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etishning pedagogik-psixologik asoslari borasida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Tarmoq markazida oliy musiqa ta’limi professor-o‘qituvchilariga “Uzluksiz musiqa ta’limida kreativ yondashuvlar” moduli bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini amalga oshirib kelayotir. U zamonaviy va mumtoz musiqa mushtarakligi, musiqiy tinglovchilik madaniyati, musiqiy did, turli janrlardagi musiqa asarlarining tinglovchilarga psixologik ta’sir xususiyatlari borasida radio va telekanallarda chiqishlar qilib turadi. A.Baxryev samimiy, kamtar, malakali pedagog sifatida hamkasblari, shogirdlari va mahallasida munosib hurmat qozongan. U oilali, 3 nafar farzandning otasi va 8 ta nevaraning bobosidir.