MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

AXMEDOVA DILNOZA ESHNAZAR QIZI

AXMEDOVA DILNOZA ESHNAZAR QIZI

Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Profi University Navoiy filiali “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi dotsenti v.b. • 50 dan ziyod ilmiy maqolalari nashr etilgan. • Yakka mualliflikdagi 2 ta darslik muallifi.
Axmedova Dilnoza Eshnazar qizi 1995-yil 6-fevralda Navoiy viloyati Navbahor tumanida tug‘ilgan. Millati — o‘zbek, ma’lumoti — oliy, O‘zbekiston fuqarosi. 2002–2011-yillarda 12-umumta’lim maktabida, 2011–2014-yillarda Navbahor qishloq xo‘jaligi kollejining “Buxgalteriya hisobi va audit” yo‘nalishida tahsil olgan. 2015–2019-yillarda Navoiy davlat pedagogika institutining “Pedagogika-psixologiya” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat bosqichi, 2019–2021-yillarda “Pedagogika nazariyasi va tarixi (faoliyat turlari bo‘yicha)” mutaxassisligi bo‘yicha magistratura bosqichi hamda 2022–2024-yillarda 13.00.01 – “Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi” mutaxassisligi bo‘yicha tayanch doktoranturada tahsil olgan. 2025-yil 26-dekabrda “Kredit-modul tizimida talabalarning mustaqil ta’limini tashkil etishning nazariy asoslari” mavzusida pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2018–2019-yillarda Karmana tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabida maktab psixologi, 2020–2021-yillarda Navoiy shahar Xalq ta’limi boshqarmasida metodist-psixolog, 2021–2022-yillarda Navoiy davlat pedagogika institutining “Umumiy pedagogika va psixologiya” kafedrasida o‘qituvchi, 2022–2024-yillar davomida Profi University Navoiy filialining “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi o‘qituvchisi lavozimida faoliyat yuritgan. Axmedova Dilnoza Eshnazar qizi respublika hamda xalqaro miqyosda o‘tkazilgan konferensiyalarda o‘z ilmiy maqolalari bilan ishtirok etib kelmoqda. Uning ilmiy faoliyatida bugungi kungacha 50 dan ortiq ilmiy maqolalari mavjud. Xususan, Web of Science bazasidagi hamda yuqori impakt-faktorli ilmiy jurnallar, shu bilan bir qatorda, Oliy attestatsiya komissiyasi tasarrufidagi mahalliy jurnallarda ham o‘z ilmiy maqolalarini chop ettirgan. Ilmiy-uslubiy ishlar bilan ham shug‘ullanib, 2024-yilda “Pedagogik mahorat” nomli darsligini yozgan. 2026-yilda esa “Xulqi og‘ishgan bolalar psixologiyasi” nomli ikkinchi darsligini ham yozib, talabalarning foydalanishi uchun taqdim etgan.

- 2024-yilda Web of Science bazasidagi “Naturalista Campano” ilmiy jurnalining 28-sonida “Current State of Organizational and Methodical Provision of Student Independent Education and Its Problems” nomli maqolasi chop etilgan. - 2020-yil avgust oyida “International Journal of Environmental Economics, Commerce and Education Management” xalqaro jurnalining 3-sonida “The role of problem-based learning methods in teaching pedagogy” nomli, 2024-yil 3-martda “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnalining 3-sonida “Didactic principles of using innovative technologies in the organization of independent education” nomli ilmiy maqolalari chop etilgan. - 2021-yilda “Pedagogik mahorat” ilmiy-nazariy va metodik jurnalining 2-sonida “Pedagogika fanlarini o‘qitishda muammoli ta’lim metodlarining o‘rni” nomli, 2022-yil fevral oyida “Pedagogik mahorat” ilmiy-nazariy va metodik jurnalining 1-sonida “Kredit-modul tizimida talabalar mustaqil ishlarini tashkil etishning asosiy shakllari” nomli, 2022-yilda “O‘zMU xabarlari” ijtimoiy-gumanitar fanlar seriyasi jurnalida “Oliy ta’lim muassasalarida kredit-modul tizimida talabalarning mustaqil o‘qishini tashkil etishning didaktik imkoniyatlari” nomli, 2023-yilda “Pedagogik akmeologiya” xalqaro ilmiy-metodik jurnalida “Kredit-modul tizimida talabalarning mustaqil ta’limini tashkil etishda modellashtirish metodining o‘rni” nomli, 2023-yil dekabr oyida “Pedagogik mahorat” ilmiy-nazariy va metodik jurnalining 11-sonida “Masofali o‘qitish vositasida talabalarning auditoriyadan tashqari mustaqil ta’limini tashkil etishning metodikasi” nomli, 2025-yilda “Ta’limda istiqbolli izlanishlar” xalqaro ilmiy-metodik jurnalining 11-sonida “Tajovuz va tajovuzkor axloqning mazmun-mohiyati” nomli, 2025-yilda “Pedagogik akmeologiya” xalqaro ilmiy-metodik jurnalining 11-sonida “Dezadaptatsiya va uning o‘smir xulqida namoyon bo‘lishi” nomli, 2025-yilda “Pedagogik mahorat” ilmiy-nazariy va metodik jurnalining 5-sonida “Oliy ta’lim muassasalarida talabalar mustaqil ta’limining tashkiliy-psixologik shakllari va uning xususiyatlari” nomli, 2025-yilda “Pedagogik mahorat” ilmiy-nazariy va metodik jurnalining 10-sonida “O‘quvchilarda suisidal holatlarning kelib chiqish sabablari va uni bartaraf etishning psixologik asoslari” nomli maqolalari chop etilgan. - 2025-yil oktyabr oyida “International Journal of Scientific Trends” jurnalining 10-sonida “Causes of the Emergence of Deviant Behavioral Types and Methodology for Their Diagnosis” nomli ilmiy maqolasi chop etilgan hamda sertifikat bilan taqdirlangan. Bundan tashqari, u 2024-yil 29-noyabr kuni “Profi University” tomonidan tashkil etilgan “Ta’limda innovatsiya va raqamli texnologiyalar muhitida o‘qitishning zamonaviy tendensiyalari: muammolar va yechimlar” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi hamda 2025-yil 30-may kuni “Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitishda zamonaviy yondashuvlar: muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etgan.

Axmedova Dilnoza Eshnazar qizi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining “Pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi hamda kasbiy mahoratini oshirish” mavzusidagi o‘quv-amaliy seminaridagi faol ishtiroki uchun tashakkurnoma bilan taqdirlangan. 2022-yil 26-mayda “Kredit-modul tizimi asosida ta’lim jarayonlarini tashkil etish” nomli, 2026-yil 21-yanvarda “Mobil ta’lim texnologiyalari asosida pedagog kadrlarni kasbiy rivojlantirish metodlari” nomli, 2026-yil 28-yanvarda esa “Pedagogning kreativ kompetentligini rivojlantirish” nomli guvohnomalarni qo‘lga kiritgan. 2025-yil 25-noyabrda Navoiy viloyati Asalarichilar assotsiatsiyasida jamoatchilik asosida trener sifatida “Yangi O‘zbekistonda yangi tadbirkor” grant loyihasida ishtirok etgan. Axmedova Dilnoza Eshnazar qizi 2024–2025-o‘quv yilida “Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi” nominatsiyasini qo‘lga kiritib, sertifikat bilan taqdirlangan.