MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

RUSTAMOVA RAXIMA RUZIYEVNA

RUSTAMOVA RAXIMA RUZIYEVNA

Pedagogika fanlari nomzodi, oliy toifali surdopedagog, “RAYXONZIYO” MCHJ direktori

Rustamova Raxima Ruziyevna 1958 yil 3-fevralda Samarqand viloyatining Kattaqo’rg’on shahrida tug’ilgan. 1965-1975 yillarda shu shahardagi 13-sonli o’rta maktabni tugatgan. 1978- yilda ToshDUning Roman-German tillari Fakultetiga o’qishga kiradi va 1984-yilda nemis tili filologi va tarjimoni ixtisosligi bo’yicha bitiradi.

1984-1987 yillarda Samarqand viloyatida nemis tili o’qituvchisi vazifasida ishlaydi. 1988- yilda Nizomiy nomidagi TDPIning Defektologiya fakultetiga o’qishga kirib, 1992 yilda Surdopedagogika yo’nalishi bo’yicha tugatadi.

Surdopedagoglik faoliyatini Toshkent shahridagi 106-zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus maktab-internatida boshladi. 1997-2003 yillarda o’z faoliyatini A.Avloniy nomidagi XTXMOMIning maxsus ta’lim kafedrasida davom ettirib, defektolog-pedagoglar malakasini oshirishda o’z hissasini qo’shdi.

R.Rustamova A.Avloniy nomidagi XTXMOMIning mustaqil tadqiqotchisi sifatida ilmiy izlanishlar olib bordi.  2004 yilda R.Rustamova eshitish imkoniyatlari cheklangan bolalarning ona tilini amaliy egallashlari va reabilitatsiya jarayonini tez va oson amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida, 1-5-sinflar uchun «Ona tili» (Tilning grammatik qurilishini shakllantirish) fanidan dastur, o’quvchilar bilimiga talablar va rejalashtirishlarni yozdi. 

1-5-sinflar uchun «Ona tili» fanidan yozilgan dastur  dastlab Toshkent shahridagi maxsus maktablarda, natijalar o’rganilgach, butun Respublika bo’ylab maxsus ta’lim muassasalarida sinovdan o’tkaziladi, tajribalar ommalashtiriladi.

2009 yilda «Boshlang’ich sinflarda zaif eshituvchi o’quvchilar nutqining grammatik qurilishini shakllantirish» mavzusida nomzodlik dissertatsiya ishini yoqladi. Buning natijasida zaif eshituvchi bolalar maktablarida o’quvchilarning ona tilini o’rganish va shu asosda boshqa fanlarni egallashga tayyorlash bo’yicha ta’lim jarayoni yo’lga qo’yilgan, eshitish imkoniyatlari cheklangan bolalarning sog’lom tengdoshlari orasida ta’lim olishlari tashkil etilgan va reabilitatsiya jarayoni amalga oshirilgan.

Xalq ta’limi vazirligi tomonidan R.Rustamovaning ish tajribasi Respublika miqyosida eshitish imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internat pedagoglari o’rtasida ommalashtirilgan.

R.Rustamova tomonidan eshitish imkoniyatlari cheklangan bolalarning ona tilini amaliy egallashlari va reabilitatsiya jarayonini tez va oson amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida, ko’plab ilmiy maqolalar,     1-sinf «Ona tili», 2-sinf «Ona tili» darsligi yozilgan va nashr etilgan.

R.Rustamova respublika miqyosida «Men ham gapirishni istayman», «Eshitish imkoniyatlari cheklangan bolalar ijtimoiy reabilitatsiyasi», «Koxlear implant eshituv apparati qo’yilgan bolalar bilan operatsiya oldi va undan so’ng bajariladigan ishlar» mavzularida imkoniyatlari cheklangan bolalarni o’qitish va reabilitatsiyasi muammolari bo’yicha turli anjuman va seminarlar tashkil etgan va etmoqda.

R.Rustamova tomonidan alohida ta’lim ehtiyojlari bo’lgan bolalar ijtimoiy reabilitatsiya jarayonini amalga oshirish maqsadida, «Eshitish qobiliyatini hamda nutqiy holatini tekshirish», «Aqliy faoliyatlarini tekshirish», «Koxlear implant eshituv apparati qo’yilgan bolalar bilan operatsiya oldi va undan so’ng bajariladigan ishlar» mavzularida metodik qo’llanmalar nashrga tayyorlangan va berilgan.

R.Rustamova bir necha yuzlab eshitish imkoniyatlari cheklangan bolalarning ijtimoiy reabilitatsiyasini amalga oshirib, sog’lom tengdoshlari qatoriga qo’shgan va ularni umumta’lim maktablarida o’qishlarini davom ettirish imkoniyatlarini yaratgan. U yoshlarni milliy g’urur, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

R.Rustamova 2019 yilda bir necha yuzlab eshitish imkoniyatlari cheklangan bolalarning ijtimoiy reabilitatsiyasini amalga oshirgani, sog’lom tengdoshlari qatoriga qo’shgani va ularning umumta’lim maktablarida o’qishlarini davom ettirish imkoniyatlarini yaratgani,  yurtimiz ravnaqi yo’lidagi namunali va fidokorona xizmatlari uchun  Respublika miqyosida bo’lib o’tgan “O’zbegim ayollari” tanlovida “G’amxur ayol”  milliy mukofoti bilan taqdirlangan.

USAID tomonidan moliyalashtirilgan Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “O’zbekiston Barkamollik uchun Ta’lim Dasturi” ta’lim standartlarini taqriz qilish bo’yicha o’tkazilgan seminarda Ona tili fanidan (1-4- sinflar uchun) asosiy taqrizchilardan bo’lib ishtirok etdi.

Eshitish imkoniyatlari cheklangan bolalarning o’z ona tilini amaliy egallashlari-reabilitatsiyasiga, ona tilimizning jamiyatdagi o’rni va nufuzini mustahkamlashga hissa qo’shib kelayotgan olima sifatida keng jamoatchilik o’rtasida hurmat qozongan.

2023 yilda Ozarbayjonning Boku shahrida, asosiy vazifasi fanda, biznesda - turli sohalarda yuqori natijalar va muvaffaqiyatlarga  erishgan Dunyo ayollari jamoasi bilan tanishtirish bo’lgan, Global Woman Awards taqdirlash marosimida R.Rustamova fan va biznesda erishgan yutuq va muvaffaqiyatlari uchun taqdirlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi tibbiy turizm assotsiatsiyasi tomonidan Raxima Rustamovani o’z faoliyatida erishgan yutuqlari, tibbiy turizmga qo’shgan hissalari, Qirg’iziston, Qozog’iston respublikalaridan, Amerika Qo’shma Shtatlaridan(o’zbeklar) kelgan imkoniyati cheklangan bolalar reabilitatsiyasini amalga oshirgani, yutuqlarini qadrlab, “O’zbekistonda tibbiy turizmni rivojlantirishda qo’shgan hissasi uchun” ko’krak nishoni bilan munosib taqdirladi.

Hozirgi kunda R.Rustamova ota-onalar, maxsus maktab-internat pedagoglari va yosh mutaxassislarga onlayn-video darslar orqali “O’zbek imo-ishora tilini”  o’rgatib kelmoqda.

2021 yilda Respublika Ixtisoslashtirilgan Pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbariyatining  “Eng yaxshi surdopedagog” nominatsiyasiga sazovor bo’ldi.

Olimaning ilmiy-nazariy hamda amaliy qarashlarini shogirdlari F.Ergasheva, D.Shoyunusova, D.Azamova, N.Adilovalar davom ettirmoqdalar.

Raxima Rustamova ibratli oila bekasi, to’rt farzandning mehribon onasi va yetti nabiraning sevimli buvijonisi.

R.Rustamova O’zbekistonda “Surdopedagogika”, “Ona tili o’qitish metodikasi” fanlari mazmunini ilmiy-nazariy jihatdan boyitish hamda rivojlantirishga katta hissa qo’shgan olima.