Zoirova Lola Xamidovna 1983-yil 31-dekabrda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida tug‘ilgan. 1990-1998 yillari Navoiy shahridagi 2-umumta’lim maktabi, 1999-2001-yillari Navoiy shahar akademik litseyida tahsil olgan. 2001-2005-yillari – Navoiy davlat pedagogika institutining “Fizika-astronomiya” mutaxassisligi bo‘yicha bakalavriat bosqichi va 2005-2007-yillari O‘zbekiston Milliy universitetining “Yarim o‘tkazgichlar fizikasi” mutaxassisligi bo‘yicha magistratura bosqichi, 2008-2010-yillari O‘zRFA Fizika-texnika institutida aspirantura (hozirgi tayanch doktorantura)da tahsil olgan.
2007-2014-yillar davomida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti Umumiy fizika kafedrasi o‘qituvchisi, 2014-2017-yillarda Umumiy fizika kafedrasi mudiri, 2018-2024-yillarda kafedra dotsenti, 2024-yildan hozirgi vaqtgacha Navoiy innovatsiyalar universiteti Aniq, texnika va tabiiy fanlar kafedrasi dotsenti lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda.
2000-yilda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan o‘tkazilgan “Bolalar san’ati – 2000 – O‘zbekiston” milliy festivalida o‘zi yasagan milliy qo‘g‘irchoqlari bilan ishtirok etb, festival diplomi bilan taqdirlangan.
2004-yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi davlat stipendiyasi, 2006-yilda O‘zMU ning Ubay Oripov nomidagi stipendiya, 2011-yilda Kamolot YoIH Markaziy Kengashining “Yosh olimlar” stipendiyalari sovrindori bo‘lgan.
2016-yilda “Yosh olimlar fundamental va amaliy tadqiqotlar loyihalari” tanlovida ishtirok etib, loyiha rahbari sifatida 50 mln so‘mlik grantni qo‘lga kiritdi. 2020-yil 17-yanvar kuni O‘zbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi tomonidan 40 yoshgacha bo‘lgan xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Ilm yulduzlari” V-Respublika intellektual ko‘rik-tanlovida ishtirok etib, Respublika bosqichi g‘olibi bo‘ldi.
Shuningdek, 2020-yil 28-fevralda Toshkent shahrida o‘tkazilgan “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” III-Respublika bosqichi tanlovida “Eng yaxshi ixtiro” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi hamda diplom va statuetka bilan taqdirlandi.
2020 yil sentyabrda MDH davlatlari yosh olimlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi yosh olim – 2020” (“Самый лучший молодой ученый – 2020”) tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, medal bilan taqdirlandi.
2020-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsiya Vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda g‘olib bo‘lib, “AM-PZ-2019062031 “Yadro energetikasi”, “Yadro tibbiyoti va texnologiyasi”, “Radiatsion tibbiyot va texnologiyasi” fanlari bo‘yicha bakalavr va magistrlar uchun multimediali darsliklarni yaratish” nomli 3 mlrd so‘mlik innovatsion loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan.
2022-yil 22-noyabrda “Yil ayoli” milliy tanlovining viloyat bosqichida “Yilning eng faol olima ayoli” nominatsiyasi g‘olibi, shuningdek, “Eng faol Xotin-qizlar boshlang‘ich tashkiloti” nominatsiyalari viloyat bosqichi g‘olibi.
2022-yil noyabrda MDH davlatlari orasida o‘tkazilgan “Ilm-fan fidokori” tanlovi g‘olibi bo‘lib, ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
2024-yil dekabrda “Yil ayoli” milliy tanlovining Respublika bosqichida “Yilning eng ilg‘or g‘oyalar tashabbuskor ayoli” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
L. Zoirova 2011-yil “Galliy arsenidi asosidagi uch to‘siqli fotodiodli strukturaning elektrofizik va spektral xarakteristikalari” mavzusidagi fizika-matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozgan dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va 26 yoshida fizika-matematika fanlari nomzodi bo‘ldi. Uning ilmiy faoliyati serhosil bo‘lib, Xalqaro va Respublika jurnal va konferensiyalarida 120 dan ortiq ilmiy maqolalari chop etilgan. Jumladan, Lola Zoirova 2 ta ixtiro uchun patent, 10 dan ortiq ilmiy ishlanmalarga DGU guvohnomalar hamda 1 ta mobil ilova – ta’lim platformasi muallifi bo‘lib, hozirgacha 10 ta darslik, 1 ta monografiya, 2 ta multimedia elektron darslik, 4 ta o‘quv qo‘llanma, 20 dan ortiq o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari nashr etilgan.
L. Zoirova Xalqaro va Respublika miqyosida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyalarning faol ishtirokchisidir. 2006-2012-yillarda Moskva shahrida o‘tkazilgan “Lomonosov” Xalqaro konferensiyasining muntazam ishtirokchisi, shuningdek, 2006-yilda Ukrainaning Kiyev va Odessa shaharlarida, 2017-yil Rossiyaning Penza shahrida, 2018-yil Rossiyaning Kazan shahrida, 2019-yilda Qozog‘istonning Astana shahrida, 2020-yilda Rossiyaning Anapa shahrida, 2022-2024-yillarda Germaniya, AQSh, Belorussiya, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Indoneziya kabi qator davlatlarda o‘tkazilgan Xalqaro konferensiya va Simpoziumlarda o‘zining ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etgan.
Mehnat faoliyati davomida ko‘plab shogirdlar уetishtirgan bo‘lib, ular fan olimpiadalarida, turli tanlovlarda munosib qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda.
L. Zoirova serqirra ijodkor bo‘lib, ijodiy faoliyati davomida hayotimizning turli ijtimoiy sohalariga oid 30 dan ortiq publitsistik maqolalari hamda she’rlari Respublika, viloyat gazeta va jurnallarida chop etilgan. 1998-2002-yillar davomida Navoiy viloyat teleradiokompaniyasi orqali “Iste'dod”, “Sovchilar”, “Gullar dunyosi”, “Non – aziz” kabi turkum mualliflik ko‘rsatuvlari Navoiy viloyat teleradiokompaniyasi tomonidan efirga uzatilgan.
2000-yilda L. Zoirovaning “Ogoh bo‘l, karvonim!” she’rlar to‘plami, “Fizik atamalar izohli lug‘ati” ilmiy risolasi hamda “Shofirkon jamoli” ilmiy-ommabop risolalari chop etilgan.
2001-yilda “Aka Sharif – Toshkentda” musiqali kinokomediyasida epizodik rol ijro etgan.
Bundan tashqari L. Zoirova universitetda “Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari” davlat dasturining 5 ta tashabbusi ijrosi doirasida turli dolzarb mavzularda talabalar bilan birgalikda sahna ko‘rinishlari, davra suhbatlari, kitobxonlik kechalari va sport musobaqalarini muntazam ravishda o‘tkazib kelmoqda.
U “Olima” hamda “O‘zbekiston Ixtirochi ayollar” uyushmalari, “Oqila ayollar” harakatining Navoiy viloyati a’zosi, NIUda tashkil etilgan “Olima qizlar” klubining ham faol a’zosi hisoblanadi..
Namunali oila bekasi, 3 nafar farzandning onasi. O‘zi istiqomat qilayotgan mahalla va mehnat jamoasida o‘tkaziladigan tadbirlar tashkilotchisi, faol ishtirokchisi.
Hozirda Lola Zoirova ustozlari Nasriddinov K.R., Suyarov K.T. lar bilan hamkorlikda “Oliy ta'lim muassasalarida Radiatsion tibbiyot va texnologiyalarini o‘qitish metodikasini takomillashtirish (tibbiyot oliygohlari misolida)” mavzusida pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya doirasida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Uning ilmiy rahbarligida 30 dan ortiq talabalar bakalavr va magistrlik bitiruv malakaviy ishlarini himoya qildilar, tibbiyot fizikasi, informatika va fizikani o‘qitish metodikasi yo‘nalishlarida bir nechta shogirdlari PhD dissertatsiyalarini himoya qilish arafasida turishibdi. Shu bilan birga L. Zoirova Indoneziya, Hindiston va Germaniya Xalqaro jurnallarida tahririyat a’zosi hisoblanadi.