MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

YOQUBOVA SEVINCHOY ISLAMJONOVNA

YOQUBOVA SEVINCHOY ISLAMJONOVNA

Filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), Toshkent amaliy fanlar universiteti Boshlangʻich taʼlim nazariyasi va metodikasi kafedrasi katta oʻqituvchisi

Sevinchoy Islamjanovna, 1996-yil 27-iyulda Xorazm viloyati, Urganch shahrida ziyoli oilasida tugʻilgan.

S. Yoqubova Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 219-umumtaʼlim maktabi (2002-2011) da, Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti qoshidagi Olmazor akademik litseyi (2011-2014) da tahsil olgan. U akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumtaʼlim maktab oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkaziladigan fan olimpiadasida “Ona tili va adabiyot” fani boʻyicha Shahar bosqichida qatnashib, 3-oʻrinni egallagan va Respublika bosqichi (2014) da muvaffaqiyatli ishtirok etgan.

S. Yoqubova Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika  universiteti Oʻzbek tili va adabiyoti fakulteti (2014)ga oʻqishga qabul qilinib, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti (2016) ni aʼlo baholar bilan tugallagan. Shu oliygohda Oʻzbek tili va adabiyoti mutaxassisligi boʻyicha taʼlimning magistratura bosqichida (2018-2020) da, shuningdek Oʻzbek adabiyoti mutaxassisligi boʻyicha tayanch doktorantura (2021-2023) da oʻqigan.

Hozirda Toshkent amaliy fanlar universiteti Boshlangʻich taʼlim nazariyasi va metodikasi kafedrasi katta oʻqituvchisi sifatida talabalarga yuqori darajadagi maʼruza va amaliy mashgʻulot darslari oʻtish orqali mamlakatimizda pedagog kadrlarni tayyorlashga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda.

Mamlakatimizda iqtidorli yoshlar intellektual salohiyatini yuzaga chiqarishga boʻlgan eʼtibor har qachongidan ham ortgan bizning kunlarimizda talabalik davridayoq toʻrtta kitobi, qirqqa yaqin ilmiy va badiiy ijod namunalari bilan ilmiy-adabiy jamoatchilik nazariga tushgan izdoshlarimiz biz bilan bir safda ulgʻayayotgani kishini quvontiradi.

Yoqubova Sevinchoy aʼlo oʻqishi, namunali xulqi va ilmiy-ijodiy jarayondagi faol ishtiroki tufayli alohida eʼtiborga loyiq bir qator muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritgan.

Jumladan, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” jamoat fondi tomonidan muntazam oʻtkazib kelinayotgan “Isteʼdod maktabi” VII-Respublika yosh ijodkorlar seminarida faol ishtirok etib, “Adabiy tanqidchilik” nominatsiyasi boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritgan va “Tengdoshlarim — tuygʻudoshlarim” nomli kitobi 20 000 nusxa (2016) da chop etilgan. Bu yutugʻi uchun Uyushma va “Ijod” jamoat fondi tomonidan sertifikat  va moddiy ragʻbatlantirish bilan taqdirlangan.

Sevinchoy Yoqubova Oʻzbekiston Respublikasida bakalavriyat bosqichi talabalari lari uchun taʼsis etilgan Islom Karimov nomidagi Davlat stipendiyasi tanlovi (2017) gʻolibasi boʻlgan. Ijodiy va ilmiy sohalarda erishgan muvaffaqiyatlari inobatga olinib, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligi (2023) ga qabul qilingan.

Yosh isteʼdod sohibasi bolaligidan boshlab badiiy ijod va ilmiy izlanishlar  bilan shugʻullanib keladi. Uning “Nurli umid” (2015), “Tengdoshlarim — tuygʻudoshlarim” (2016), “Nafis tuygʻular tarovati” (adabiy-tanqidiy maqolalar) (2020) kitobi hamda “Diltortar gʻazallar va dilbar qoʻshiqlar” (2022) nomli oʻquv qoʻllanmalari nashr etilgan.

S. Yoqubovaning ilk izlanishlari “Nurli umid” kitobida jamlangan. Undagi badiiy va ilmiy ijod namunalarida odam va olamni dastlab oʻz oilasi, ota-onasi, bobo va buvisi, shahar hamda qishlogʻi misolida idrok etgan boʻlsa, keyinchalik uning poetik idroki, taxayyul ufqlari kengaya bordi. U Vatan tushunchasini Ona sayyora, qolaversa, mustaqil Oʻzbekiston timsolida anglay boshladi. Uning sheʼriyat, essenavislik va ilmiy ijodni birday qoʻshib olib borish iqtidori kelajagiga umid nazari bilan qarash mumkinligidan darak beradi.

Darhaqiqat, oʻz milliy zaminidan uzilgan adabiyot istiqboldan mahrumdir. Sevinchoy Yoqubova “Nasib etsa sheʼrlarim bilan, / Bu boʻstonda boqiy qolaman” singari komil ishonchga yoʻgʻrilgan sheʼrlari bilan koʻzga tashlanib, ilm soʻqmoqlaridan dadil odimlashi uchun ham muayyan zamin hozirladi.

Uning kitob va maqolalari, ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy anjumanlardagi maʼruzalarida xalq ogʻzaki ijodi, mumtoz soʻz sanʼatining vakillari, Abdulhamid Choʻlpon, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Tavallo singari jadid shoirlari, Muhammad Ali, Tursunboy Adashboev, Anvar Obidjon, Iqbol Mirzo, Rustam Nazar, Qoʻzi Ismoil, Abdurahmon Akbar, Dilshod Rajab kabi zamonaviy adabiyot namoyandalari; oʻnlab oʻziga tengdosh va tuygʻudosh yoshlarning ijod namunalari, jahon soʻz sanʼatining bir qator ulugʻ namoyandalari ijodi ham tahlilga tortilgan. Ular Sevinchning bolalik yillaridan oʻsmirlikka qadam qoʻyish, kattalarga tengdosh va yondosh boʻlishni orzulagani, ulgʻayishga intiqib, istiqbolga talpinib borayotib, qunt bilan oʻqib-oʻrganish, tajriba va malaka toʻplash mashaqqatlarini ham tobora chuqurroq anglayotganidan darak beradi.

Yosh tadqiqotchining “Tengdoshlarim — tuygʻudoshlarim” kitobidan oʻrin olgan  maqolalarda oʻziga tengdosh boʻlgan ijodkorlar asarlari tahlil etilgan. Bunday tadqiqotlarining oʻziga xosligi shundaki, Istiqlol yillarida nashr etilayotgan rang-barang yangi asarlar uning qalbi va ruhiyatiga gʻoyat yaqin, yosh ijodkorlarning aksariyati unga tuygʻudosh boʻlgani sababli ular ijodining mohiyatini ham tez anglaydi. Oʻziga tengdosh yosh ijodkorlarning koʻpini shaxsan taniydi, aksariyat asarlarining yozilish tarixini biladi. Chunki ular bilan Uyushma qoshidagi toʻgarak mashgʻulotlariga qatnab kelgan.  Shuning uchun oʻz maqola va kitoblarida Shodi Otamurod, Joʻrabek Jahon, Behzod Biybolaev, Mahfuza Imomova, Nurilla Chori, Bibirobiya Saidova, Dilorom Moʻminova, Durdonaxon Imomalieva singari shoiru adiblar ijodini kuzatib, muayyan xulosalarini ifodalaydi. Oʻrni bilan yosh ijodkorlar asarlarini XX asr adabiyoti namunalari bilan qiyoslaydi. Har biri oʻziga xos isteʼdod egasi boʻlgan bu umidli ijodkorlarning bugungi oʻzbek nasri, sheʼriyati, bolalar adabiyotiga qoʻshgan muayyan hissalarini tadqiq etish bilan bir qatorda, ular ijodida uchraydigan  ayrim kamchilik va nuqsonlarni ham xolis va dadil koʻrsatib kelmoqda.

Olimaning ilmiy kuzatishlarida mustaqil mushohada yurita olish, fikrlarni ilmiy asoslash va xulosalash, oʻziga xos ilmiy uslubni egallashga intilish kabi jihatlar namoyon boʻlgan.

S. Yoqubova filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov ilmiy rahbarligida “Oʻzbek jadid sheʼriyatida obraz va ramzlar poetikasi”  mavzusidagi filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasi (2024 yil, 11 may) ni muvaffaqiyatli himoya qildi.

Ushbu tadqiqot oʻzbek adabiyotshunosligiga yosh va isteʼdodli olima kirib kelayotganini yana bir bor tasdiqladi. S. Yoqubovaning ilgari surgan fikr-mulohazalari, ilmiy asosga ega boʻlgan nazariy umumlashmalari  oʻziga xosligi va yangilanayotgan adabiyotshunoslik ilmi mezonlariga muvofiqligi bilan eʼtiborga molikdir.

S. Yoqubova dissertatsiyasida oʻzbek jadid sheʼriyatida obraz va ramzlar poetikasi milliy va jahoniy adabiy anʼanalardan uzilmagan, ayni paytda, muayyan ijtimoiy-madaniy davr adabiyot va sanʼat oldiga qoʻygan vazifalar koʻlamiga koʻra, oʻziga xos fenomenal hodisa ekani aniq misollar asosida dalillangan. Oʻzbek jadid sheʼriyatida poetik obraz va ramzlarning shakl va uslub, badiiy ifoda rakurslari, vazn, lirik kechinma hamda kompozitsiya bilan bogʻliqligi boʻyicha muhim nazariy fikrlar ilgari surilgan. Mazkur tadqiqotda Avloniy, Hamza, Fitrat, Choʻlpon sheʼrlaridagi ayrim obrazli ifoda va ramzlar Aleksandr Blok, Anna Axmatova, Garsia Lorka, Lengston Xyuz, Pablo Neruda, Magʻjon Jumaboy, Abdulla Toʻqay, Tavfiq Fikrat, Oʻrxon Vali, Nozim Hikmat singari shoirlar ijodiy meroslari bilan qiyosiy oʻrganilgan va muayyan nazariy xulosalar chiqarilgan.

S. Yoqubovaning jahon miqyosida umumeʼtirof etilgan indeksatsiyalangan maʼlumotlar bazalari roʻyxatiga kirgan nufuzli jurnallarda 10 ta, respublikamiz ilmiy jurnallari va toʻplamlarida 60 dan ortiq ilmiy maqolalari chop etilgan.

S. Yoqubova Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va boshqa mamlakatlarda oʻtkazilib kelinayotgan xalqaro ilmiy-nazariy, ilmiy-amaliy anjumanlarda oʻz maʼruzalari bilan qatnashib kelmoqda.

Olima qalamiga mansub maqolalar respublikamiz bilan bir qatorda AQSh, Rossiya, Hindiston, Qoreya Turkiya, Ozarbayjon singari xorijiy mamlakatlar nufuzli jurnallarida ham eʼlon qilingan. “Description of the spirit of call for patriotism and unity in the poetry of Fitrat”, “Description of poetic images related to landscape in jadid poetry”, “The Issue of way in Cholponʼs poetry”, “Principles of renewal of poetic images in modern uzbek poetry” singari maqolalari bunga misol boʻla oladi.

Olimaning bir qator maqolalarida hozirgi adabiy jarayondagi izlanish va intilish jarayonlarini  sinchkovlik bilan kuzatayotgan yosh munaqqidning oʻtkir nigohi, oʻziga xos nozik tahlil va talqinlari ifoda etilgan. Jumladan: “Adabiyot — ruhni poklaydi”, “Tarixiy haqiqat va badiiy talqin”, “Musiqa sehri va bir muhabbat tarixi”, “Adolat va erk sogʻingan ritsar”, “Bezavol sheʼriyat”, “Nafis navolarning xush nasimlari”, “Bugungi bolalar sheʼriyati va tanqidchilik”, “Suhbatlarda sayqallangan satrlar”, “Ertasi nurafshon milliy sheʼriyat” kabi maqolalarini misol sifatida keltirib oʻtish joizdir.

Uning “Jadid sheʼriyatida rang bilan bogʻliq ramziylik” , “Tabiatning shoirona tasviri”, “Jadid sheʼriyatida ramzlar: semiotik va germenevtik talqin”, “Abdulla Avloniy sheʼriyatining poetik ifoda rakurslari”, “Fitratona poetik talqinlar”, “Pari obrazi poetik ifodasi bilan bogʻliq yangilanishlar”, “Jadid sheʼriyatida yil fasllari  tasvirining poetik ifodasi”  va boshqa koʻplab maqolalarida jadid sheʼriyati bilan bogʻliq muammolar tadqiq etilgan.

S. Yoqubova Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Bolalar adabiyoti” ijodiy kengashining 2016 yil yakunlariga bagʻishlangan hisobot yigʻilishida oʻz maʼruzasi bilan qatnashib, ilmiy-adabiy jamoatchilik haqli eʼtirofiga sazovor boʻlgan.

Sevinchoy Yoqubova Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tojikiston va boshqa mamlakatlarda oʻtkazilib kelinayotgan xalqaro ilmiy-nazariy, ilmiy-amaliy anjumanlar hamda seminar-treninglarda oʻz maʼruzalari bilan faol qatnashib kelmoqda.

U intiluvchan, zahmatkash pedagog, oʻz ilmiy uslubini tobora qatʼiylashtirib borayotgan umidli olima va mehribon ustoz sifatida shakllanib bormoqda. Bugungi kunda olima turkiy xalqlar jadid sheʼriyatidagi oʻziga xoslik va mushtarakliklarni oʻrganish ustida jiddiy ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.