MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

XOLBUTAYEVA SHAXNOZA ABDUVALIYEVNA

XOLBUTAYEVA SHAXNOZA ABDUVALIYEVNA

Iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Korporativ iqtisodiyot va boshqaruv kafedrasi dotsenti

Xolbutayeva Shaxnoza Abduvaliyevna 1980-yil 11-noyabrda Toshkent shahrida ziyoli oilada tug‘ilgan. Millati o‘zbek, ma’lumoti oliy, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi.

1987-1991-yillarda Toshkent shahridagi Botir Zokirov nomidagi 46 hamda 1991-1996-yillarda 191-umumiy o‘rta umumiy ta’limni muvaffaqiyatli tamomlagan. Maktabda o‘qishni boshlagan dastlabki yillardayoq a’lo baholar bilan ta’lim olgan, fanlarga bo‘lgan qiziqishini namoyon etgan. Xususan, matematika, adabiyot va tabiiy fanlar bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan.

Madaniy tadbirlar va ijtimoiy faoliyatda ham faol ishtirok etgan. Maktab ichida tashkil etilgan she’rxonlik va musiqa tanlovlarida ishtirok etib, o‘z ijodiy qobiliyatini namoyon qilgan. Shuningdek, sportga bo‘lgan qiziqishi tufayli maktabdagi basketbol va shaxmat musobaqalarida qatnashgan.

1996-1998-yillarda S.X.Sirojiddinov nomli akademik litseyda tahsil olgan. Akademik litseyda o‘qish davomida iqtisodiyot, matematika va ingliz tili fanlariga bo‘lgan qiziqishini yanada chuqurlashtirgan. Iqtisodiyot sohasidagi bilimlarini yanada mustahkamlash maqsadida turli ilmiy to‘garaklarda ishtirok etgan.

Litseyda tashkil etilgan “Iqtisodiy tahlil va strategiya” to‘garagi a’zosi sifatida iqtisodiy modellashtirish, bozor tendensiyalari masalalari bo‘yicha tadqiqotlar olib borgan. Iqtisodiyot yo‘nalishidagi bilimlari va tahliliy qobiliyati tufayli litseydagi iqtidorli talabalar qatoridan joy olgan. O‘zining tafakkuri va ijodiy yondashuvi bilan tanilgan hamda litseyda o‘tkazilgan iqtisodiy simulyatsiya o‘yinlarida bir necha bor g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Shuningdek, litseyda tashkil etilgan iqtisodiy forumlar va seminarlarda ma’ruzachi sifatida qatnashib, iqtisodiy tendensiyalar va investitsiya muhiti haqida tahlillar taqdim etgan.

2000-2004-yillarda Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining “Iqtisodiyot” fakultetida tahsil olib, bakalavr darajasini oldi. Ta’lim davomida iqtisodiyot va moliya fanlariga alohida e’tibor qaratib, bir qator respublika va xalqaro ilmiy anjumanlarda faol ishtirok etdi. 2002-yili “Eng yaxshi iqtisodiy tahlil” mavzusidagi respublika ilmiy tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 2003-yili “Tadbirkorlik va investitsiya” bo‘yicha talabalar tanlovida birinchi o‘rinni egalladi.

2005-2008-yillarda Markaziy temiryo‘lchilar madaniyat saroyida iqtisodchi sifatida faoliyat yuritdi. Ushbu davrda moliyaviy boshqaruv va byudjetlashtirish tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator takliflar ishlab chiqdi. 2007-2009-yillarda Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida “Iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar)” yo‘nalishi bo‘yicha magistraturada o‘qib, innovatsion iqtisodiyot va tarmoq iqtisodiyoti yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bordi.

2008-2011-yillarda “O‘ztemir yo‘l qurilish montaj” unitar korxonasida yetakchi iqtisodchi sifatida ishlab, temir yo‘l infratuzilmasining iqtisodiy tahlili, investitsion samaradorlik va resurslardan samarali foydalanish masalalari bo‘yicha tahlil ishlarini olib bordi.

Sh.A. Xolbutayeva 2011-2017-yillarda Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining Iqtisodiyot nazariyasi, tarix va huquq kafedrasida assistent sifatida faoliyat yuritdi. Ilmiy-metodik ishlarga e’tibor qaratib, iqtisodiyot nazariyasi, bozor munosabatlari va makroiqtisodiyot yo‘nalishlarida tadqiqotlar olib bordi. Shu davrda xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalari chop etildi va iqtisodiyot fanini o‘qitishda innovatsion yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan tadqiqotlarini amalga oshirdi.

2018-2020-yillarda Toshkent temir yo‘l muhandislari institutining Iqtisodiyot va menejment kafedrasida assistent sifatida ishladi. 2020-yilda Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida “Olima ayollar grantlari” tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar tanlovida ishtirok etib, tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishga qaratilgan loyihasi bilan muvaffaqiyatga erishdi.

2020-yilda ERASMUS+ xalqaro granti doirasidagi “Triggering Innovative Approaches and Entrepreneurial Skills for Students through Creating Conditions for Graduate’s Employability in Central Asia – TRIGGER” loyihasida ishtirok etdi.

Loyiha doirasida Markaziy Osiyoda innovatsion ta’lim usullarini joriy etish va talabalarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga oid tadqiqotlar olib bordi. Ushbu izlanishlar natijasida ta’lim jarayonida innovatsiya va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha bir qator metodik qo‘llanmalar ishlab chiqildi.

2021-2023-yillarda Transport iqtisodiyoti kafedrasida katta o‘qituvchi sifatida transport sohasining iqtisodiy modellari, ekologik samaradorlik va transport infratuzilmasiga investitsiyalarni jalb etish borasida tadqiqotlar olib bordi.

2023-yili tayanch doktoranturani muvaffaqiyatli tamomlab, 2024-yili iqtisodiyot bo‘yicha falsafa doktori (PhD) darajasiga erishdi. Ilmiy tadqiqotlari transport iqtisodiyoti, investitsiya muhiti va raqamli iqtisodiyotning rivojlanishiga bag‘ishlangan.

Ilmiy faoliyat bilan bir qatorda, fakultetda iqtidorli talabalar bilan ishlash bo‘yicha mas’ul sifatida faoliyat yuritib, iqtidorli talabalarga ilmiy-tadqiqot ishlarida yo‘nalish berib, ularni olimpiada va konferensiyalarga tayyorlashda katta hissa qo‘shgan.

Shuningdek, sport musobaqalari va ijtimoiy hayotda ham faol ishtirok etib, talabalarning sport va madaniy tadbirlardagi ishtirokiga ko‘maklashgan.

Bugungi kungacha 40 dan ortiq mahalliy va xalqaro miqyosdagi ilmiy maqola, tezislar, “Transportda konsalting xizmatlaridan foydalanishni takomillashtirish ("O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ misolida)” nomli monografiya, “Ценообразование на товарных рынках” nomli darslik va “Особенности корпоративного налогообложения” nomli o‘quv qo‘llanma muallifi hisoblanadi. Uning ilmiy ishlari iqtisodiyot, transport va logistika sohalarida amaliy tadqiqotlarga asoslangan bo‘lib, xalqaro jurnallarda e’lon qilingan.

Hozirda ilmiy izlanishlarini davom ettirib, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “Korporativ iqtisodiyot va boshqaruv” kafedrasida dotsent lavozimida faoliyat yuritib, investitsiyaviy boshqaruv va raqamli iqtisodiyot sohasida tadqiqotlar olib bormoqda. Shu bilan birga, xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirok etish va Markaziy Osiyo, Yevropa mamlakatlari bilan akademik hamkorlikni kengaytirish ustida ish olib bormoqda.