Xakberdiyev Obid Eshniyozovich 1964-yil 8-iyulda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida ishchi oilada tug‘ilgan. Millati o‘zbek, ma’lumoti oliy, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi.
1971-1976-yillar Samarqand viloyati, Djuma shahridagi 8-o‘rta maktabga 1-sinfga o‘qishga borgan.
1976-1981-yillar Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani 96-o‘rta ta’lim maktabida o‘qigan.
1982-yilda Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) Biologiya – tuproqshunoslik fakultetining “Tuproqshunoslik” yo‘nalishiga o‘qishga kirgan hamda uni 1989-yilda tamomlagan.
1989-1992-yillar Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy tadqiqot instituti, katta laboranti, kichik ilmiy xodim lavozimida ishlagan.
1992-1995-yillarda Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy tadqiqot instituti aspiranti.
1995-1997-yillarda Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy tadqiqot instituti, tuproq eroziyasi va texnikaviy buzilishi bo‘limi ilmiy xodimi.
1997-2000-yillarda Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy tadqiqot davlat instituti, tuproq unumdorligini boshqarish, baholash va eroziya bo‘limi katta ilmiy xodimi.
2000-2003-yillarda Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy tadqiqot davlat instituti, tuproq eroziyasi, ekologiyasi va muhofazasi bo‘lim mudiri.
2003-2006-yillarda Toshkent davlat agrar universiteti, targ‘ibot va tatbiq qilish bo‘lim boshlig‘i.
2006-2013-yillarda Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy tadqiqot davlat instituti, tuproq eroziyasi va muhofazasi bo‘lim mudiri.
2013-2017-yillarda Toshkent davlat agrar universiteti, agrokimyo va tuproqshunoslik kafedrasi dotsenti.
2017 yildan “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti, tuproqshunoslik va dehqonchilik kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.
Tuproqshunos olim sifatida bir nechta xalqaro va mahalliy loyihalar rahbari hamda ijrochi sifatida faoliyat olib borgan. AQSH qishloq xo‘jaligi vazirliginihg “SECSHIN” loyihasi, Germaniya davlati bilan “O‘zbekistonda konsultatsiya salohiyatini shakllantirish orqali Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” mavzusida Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlatlari bilan hamkorlikda loyihada ishtirok etgan. “Tuproqshunoslik va agrokimyo” ilmiy tadqiqot instituti va Toshkent davlat agrar universitetining ilmiy loyihalari doirasida: A-11.1.25 “O‘zbekistonning tog‘ va tog‘oldi hududlarida tuproq eroziyasi va unga qarshi kurashish choralari”, “A-7-402” O‘zbekistonning janubiy qismidagi tog‘ va tog‘oldi hududlarida tuproq eroziya jarayonlarini o‘rganish, eroziyalangan tuproqlarning unumdorligini tiklashning samarali agrotexnologik usullarini ishlab chiqish, “A-7-450„ O‘zbekistonning tog‘li hududlarida tuproq eroziyasiga qarshi kurash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish, “K-7-012„ Eroziyaga xavfli yerlarni aniqlash, baholash va O‘zbekistonning lalmi zona tuproqlar unumdorligini oshirishni ayrim usullari,“QXA-7-065” Qizilqum sahrosi gipsli va qum yaylovlar tuproqlari unumdorligini yaxshilash va yaylov o‘simliklarning hosildorligini oshirish usullarini ishlab chiqish va “QXI-5-040” Sug‘oriladigan tuproqlarni g‘o‘zapoya va o‘simlik qoldiqlari bilan mulchalash texnologiyasini ishlab chiqarishga joriy qilish“ mavzusidagi mahalliy grantlarda loyiha rahbari va mas’ul ijrochi sifatida faoliyat olib borgan.
Hozirda kafedrada talabalarga ta’lim berish bilan birga Vengriya davlatidagi Obuda universiteti hamkorligida AL-6222052520-sonli “Geofazoviy usullar orqali organik va an’anaviy dehqonchilikni qo‘llab quvvatlash” va Eron davlati bilan “Climate-Smart Agriculture by integrating Remote Sensing, Meteorological Data and Geo-AI Methods” mavzusida ilmiy tadqiqotlar olib bormoqdalar.
5-dekabr – “Butunjahon tuproq kuni” munosabati bilan samarali faoliyati davomida kadrlar tayyorlashda soha rivojiga qo‘shgan munosib xizmatlari uchun Qishloq xo‘jaligi vaziri tamonidan “Tashakkurnoma” va Qishloq xo‘jaligi ta’lim muassasalaridagi ko‘p yillik samarali mehnati hamda o‘z xizmat vazifasiga bo‘lgan sadoqati uchun “Faxriy yorliq”bilan taqdirlangan.
“Vatan himoyachilari kuni”ga bag‘ishlab o‘tkazilgan professor – o‘qituvchilar va ishchi xodimlar o‘rtasida o‘tkazilgan an‘anaviy spartakiadada stol tennis turi bo‘yicha faol ishtirok etib faxrli 2-o‘rinni egalladi va 2-darajali diplom bilan taqdirlangan.
Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston milliy universiteti va Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi seminar Kengashlarining a’zosi.
2018-yildan boshlab hozirgacha juda ko‘p biologiya va qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajalariga (PhD) talabgor N.Ch.Nomozov, A.X.Qoraev, O.X.Ergasheva, F.A.Mamatqulova, Z.B.Islamova, A.Sh.Maxkamova va boshqa dissertasiyalarga rasmiy opponent sifatida taqrizlar bergan.
Shuningdek o‘zining ilmiy-pedagogik faoliyati davomida 20 dan ortiq magistr, 1 ta biologiya fanlari nomzodi, 1 ta qishloq xo‘jaligi fanlari falsafa doktori (PhD) tayyorlagan.
Ilmiy va uslubiy sohada: 4 ta darslik, 6 ta o‘quv qo‘llanma, 5 ta monografiya, 10 ta tavsiyanoma, 12 ta uslubiy qo‘llanma va 100 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etgan.
Hozirda Rossiyaning Moskva davlat universiteti, Komi respublikasining Siktivkar davlat universiteti, Turkiya davlatining Anqara universiteti bilan hamkorlikda ishlamoqda.
Rossiyaning “Tuproqshunoslar” jamiyatining faxriy a’zosi. Bir necha 10 yillardan beri tuproqshunoslar jamiyatining quriltoylarida faol ishtirok etib kelmoqda.
2018-2019-o‘quv yilida Guliston davlat universiteti 5111000 – Kasb ta’lim, 5410200 – Agranomiya, 5410000 – Tuproqshunoslik ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha; 2019-2020-o‘quv yilida Toshkent davlat agrar universiteti 5410100 – Agrokimyo va agrotuproqshunoslik bakalavriyat yo‘nalishi bo‘yicha bitiruv malakaviy ishlari himoyasini o‘tkazish bo‘yicha Davlat attestatsiyasi komissiyasi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Zamonaviy pedagogik texnologiyalarni o‘rganish borasida Nizomiy nomidagi TDPU huzuridagi, Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning ta’lim muassasasida 144 soatga mo‘ljallangan “Pedagogik texnologiya va pedagogik mahorat” maxsus kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan MO№196846 raqamli sertifikatga ega bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Oliy ta’lim tizimi pedagog va rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularni malakasini oshirishni tashkil etish Bosh ilmiy – metodik markazida jami 108 soatlik qayta tayyorlash kursida malakasini oshirgan (№ 000490) raqamli sertifikatga ega bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Oliy ta’lim tizimi pedagog va rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularni malakasini oshirishni tashkil etish Bosh ilmiy – metodik markazida jami 288 soatlik “Ta’lim sifati menejmenti” qayta tayyorlash kursini muvaffaqiyatli tugatgan va МА№018200 raqamli sertifikatga ega bo‘lgan. 2017-yildan hozirgi kunga qadar “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti, Yer resurslari va kadastr fakultetining “Tuproqshunoslik va dehqonchilik” kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.