MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

TURAYEVA XURSHIDA KAMALBAYEVNA

TURAYEVA XURSHIDA KAMALBAYEVNA

Kimyo fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), Toshkent shahar Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti “Organik va biologik kimyo” kafedrasi dotsenti vazifasini bajaruvchi

Turayeva Xurshida Kamalbayevna 1988-yil 18-oktyabrda Toshkent shahri Yunusobod tumanida ziyoli oilada tug‘ilgan. 1994–2005-yillarda Nodirabegim nomidagi 265-son umumiy o‘rta ta’lim maktabida tahsil olgan. 2006-2010-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tabiiy fanlar fakultetining kimyo va ekologiya yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat bosqichini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. 2010–2012-yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti kimyo fakultetida magistratura bosqichida tahsil olgan. 2019-2021-yillarda esa ushbu universitetning tayanch doktoranturasida o‘qigan. 2021-yilda “Malein kislotaning azot saqlagan hosilalari sintezi va xossalari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muddatidan ilgari muvaffaqiyatli himoya qilgan.

2013-2019-yillarda O‘zbekiston Milliy universiteti “Organik kimyo” kafedrasida o‘qituvchi lavozimida faoliyat yuritgan. 2021–2022-yillarda Toshkent farmatsevtika instituti “Organik sintez” kafedrasida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. 2022-yildan hozirgi vaqtgacha Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti “Organik va biologik kimyo” kafedrasida katta o‘qituvchi lavozimida faoliyat olib bormoqda.

Shuningdek, 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Milliy universiteti Kimyo fakultetida “Yosh olimlar” kengashi raisi hamda iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Turayeva Xurshida Kamalbayevna kimyo sohasining pedagogik hamda ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida faoliyat yuritib kelmoqda. U ko‘plab nufuzli xalqaro konferensiyalar doirasida o‘tkazilayotgan ilmiy anjumanlarda muntazam ishtirok etib kelmoqda. Shuningdek, uning e’tiborga molik bir qator yutuqlari mavjud. Jumladan, “Innovative Academy” Ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash markazining buyrug‘iga asosan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi miqyosida tashkil etilgan “Eng yaxshi innovator – 2022” maqolalar tanlovi g‘olibi sifatida esdalik ko‘krak nishoni va diplom bilan taqdirlangan.

2023-yilda C.A.T. Science Accelerator dasturida “Agro Insecticide” (organik insektitsid preparati) loyihasi bilan ishtirok etib, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga qaratilgan O‘zbekistondagi birinchi akselerator — “C.A.T. Science Accelerator 5.0”ning final bosqichi g‘olibi bo‘lgan.

Shuningdek, 2022-2024-yillar davomida institutda ko‘plab iqtidorli talabalarga ilmiy rahbarlik qilgan. Uning rahbarligida talabalar bir qator ilmiy-innovatsion loyihalarda, ko‘rik-tanlovlar, olimpiadalar hamda nufuzli xorijiy va mahalliy konferensiyalarda faol ishtirok etib, sovrinli o‘rinlar hamda e’tirofga sazovor yutuqlarga erishganlar. Jumladan, uning rahbarligida quyidagi yutuqlarga erishilgan:

“Jiyda pastasi” nomli loyiha bilan Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan tashkil etilgan “Bo‘lajak olim – 2023” tanlovi doirasidagi “START4REGION” g‘olibi — Aytbayeva Maftuna;

“Pedikulyoz profilaktikasi uchun zakolkalar va sanitariya spreylar” loyihasi — Omonova Ruhina;

“Organik shamcha (svecha): bavosil (gemorroy)ga birinchi tibbiy yordam dori vositasi” va "HEMAHEAL" — gematoma holatlarida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan plastir (yopishqoq bint) vositasi. — Mahliyo Bahodirova;

“PEKTINORM” — qabziyat va parazitlarga qarshi eliksir loyihasi — Robiya Ismatullayeva;

“Nail For Mask” — tirnoq zamburug‘lariga qarshi niqoblar — Meylieva Sevinch.

Ushbu loyihalar bilan talabalar Ulug‘bek Jamg‘armasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi tomonidan tashkil etilgan “Mirzo Ulug‘bek vorislari – 2024” tanlovining tuman va viloyat bosqichlari g‘oliblari, shuningdek, Respublika bosqichi ishtirokchilari va g‘oliblari bo‘lganlar.

Pashaqulova Sevara — “O‘zkimyosanoat” AJ, “Ziyo Forum” ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish xalqaro fondi hamda D.I. Mendeleev nomidagi Rossiya kimyo texnologiyalari universitetining Toshkent shahridagi filiali hamkorligida tashkil etilgan talaba qizlar uchun “Kimyo Girls” kimyo fani bo‘yicha olimpiadaning 2-o‘rin g‘olibi bo‘lgan.

Maxamadjonov Kozimjon — “Mirzo Ulug‘bek vorislari – 2023” Respublika tanlovi g‘olibi, shuningdek, “Yil talabasi – 2024” tanlovida “Yilning eng faol targ‘ibotchi talabasi” nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rin sohibi bo‘lgan. Bundan tashqari, u yana ko‘plab boshqa yutuqlarga ham erishga.

Turayeva Xurshida Kamalbayevna hozirgi kunda Farmatsevtika ta’lim va tadqiqot instituti “Organik va biologik kimyo” kafedrasida “Talabalar ilmiy jamiyati” bo‘yicha kafedra mas’uli, shuningdek, kafedraning ilmiy tadqiqot ishlari va talabalarning ilmiy-ijodiy (TIJ) faoliyatiga mas’ul sifatida faoliyat yuritmoqda.

U ko‘plab Respublika miqyosidagi yarmarkalarda, jumladan har yili o‘tkazib kelinayotgan “InnoWeek” — Xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligida o‘z ilmiy ishlanmalari bilan muntazam qatnashib kelmoqda.

2025-yilda Turkiya Respublikasining Izmir shahrida joylashgan EGE universitetida malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli yakunlagan va turk tilida mahorat darslarini olib borgan. Shuningdek, shu yilning may oyida tashkil etilgan ilmiy simpoziumda ishtirok etib, nufuzli sertifikat va diplomga sazovor bo‘lgan.

Turayeva Xurshida Kamalbayevna ilmiy loyihalar hamda ularning oraliq va yakuniy hisobotlarini baholash jarayoniga jalb qilinuvchi mustaqil ilmiy ekspert a’zosi sifatida faoliyat yuritmoqda.