Turaeva Baxora Ismoilovna 1981-yil 22-martda Samarqand viloyatida tugʻilgan. 1988-1998-yillarda 3-sonli umumtaʼlim oʻrta maktabini aʼlo baholarga tugatib, 2000-yilda Samarqand Davlat universitetining Biologiya fakultetiga Davlat granti asosida oʻqishga kirgan. 2003-2004-yilda Samarqand Davlat Universitetini imtiyozli tamomlagan. 2004-2006-yillarda Samarqand Davlat Universiteti magistratura bosqichida Davlat granti asosida tahsil olgan va aʼlo baholarga bitirgan. 2006-yilda OʻzR FA Mikrobiologiya institutiga stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchi sifatida qabul qilingan. Hozirgi kungacha mazkur institutning «Probiotiklar mikrobiologiyasi va biotexnologiyasi» laboratoriyasining katta ilmiy xodimi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. 2011-yilda oʻtkazilgan «Eng Faol Yosh olim» yosh olimlar koʻrik tanlovida gʻolib boʻlgan faxrli birinchi oʻrinni olgan va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlangan.
2021-yilda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan eʼlon qilingan “Olima ayollar” tashabbuskor amaliy va innovatsion loyihalar tanlovida A-FA-2021-524 «Uzumchilikda fitogormon sintezlovchi bakteriyalar asosida biopreparat yaratish» mavzusidagi loyihasi bilan gʻolib boʻldi va loyiha rahbari sifatida ushbu loyiha doirasida belgilangan vazifalarni muvaffaqiyatli bajardi. Loyiha doirasida 10-15 yillik tok plantatsiyalarining mikroflorasi oʻrganilgan, uzumdan (Vitis vinifera L), Pantoea. va Bacillus avlodiga mansub bakteriya shtammlari ajratib olingan, molekulyar genetik usullari yordamida Pantoea agglomerans BDI 1 va Priestia megaterium BDI-2 shtammlari sifatida identifikatsiya qilingan, NCBI bazasiga kiritilgan. Kasallangan tok plantatsiyalaridan Aspergillus sp., Penicillium sp., Fusarium sp., Alternariya sp va yangi turdagi patogen mikromitset Curvularia sp. avlodiga mansub 109 ta fitopatogen mikromitsetlar aniqlangan. Pantoea agglomerans BDI 1 va Priestia megaterium BDI-2 bakteriya shtammlarining Gk va ISK hosil qilishi miqdoriy hamda sifat (YuSSX-MS) tahlillari asosida aniqlangan. Yuqori oʻstiruvchi xususiyatga ega Pantoea agglomerans BDI 1 va Priestia megaterium BDI-2 shtammlari asosida yangi ekologik xavfsiz fitopatogenlardan himoyalovchi, antogonistik xususiyatga ega «Bioquvvat» biopreparati yaratilgan. 2023-2024-yillar davomida «CLIMATE SMART» “USAID” Xalqaro startap loyihalar dasturida ishtirok etgan.
Turaeva B.I. tomonidan makkajoʻxori ildiz rizosferasidan Trichoderma harzianum UzCF 55 mahalliy shtammi skrining natijasida ajratib olingan. Bu shtamm sellyulaza fermentlari, oqsil, gibberill kislota, geteroauksin va V guruh vitaminlarini biosintezlashi hamda uning biommasasida glutamin va prollin kabi faollashtiruvchi aminokislotalar mavjudligi aniqlangan.
Turaeva B.I. ushbu faol mikroorganizm uchun 2014-yilda patent olishga muvaffaq boʻlgan. Bundan tashqari u olib borgan ilmiy izlanishlari davomida 6 ta patent olishga erishgan.
Turaeva Baxora tomonidan juda dolzarb boʻlgan yaʼni amaliyotda madaniy oʻsimliklarning ildiz rizosferasi qismidan oʻsimliklar oʻsishini faollashtiruvchi moddalar hosil qiladigan mikroorganizmlarni ajratib olish va ularning qishloq xoʻjaligi ekinlarining oʻsishi, rivojlanishi va hosildorligini oshirishda qoʻllaniladigan biopreparat yaratilgan. Yaratilgan biopreparat tarkibiga kiruvchi mikroorganizmlar ekologik xavfsiz, qoʻllanilishi oddiy, namlik yetishmagan sharoitda ham samaradorligi yuqori, oʻsimlik immunitetini hamda stressga chidamliligini oshiradi. Turaeva B.I. 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya institutida 03.00.04 “Mikrobiologiya va virusologiya” ixtisosligi boʻyicha «Istiqbolli mahalliy mikromitset shtammlarining oʻsimliklar rivojlanishiga taʼsiri va antifungal xususiyati» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Shuningdek kichik kavsh qaytaruvchi hayvonlarning ovqat hazm qilish tizimi mikroflorasini oʻrgangan va sellyulolitik faollikga ega bakteriya shtammlarini ajratib olish, sellyuloza parchalovchi xususiyatlarni aniqlash, sellyulolitik faolligini aniqlash ustida ham ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.
Ilmiy tadqiqot natijalari boʻyicha Turaeva.B.I tomonidan 70 ta ilmiy ish, jumladan 47 ta maqola, shundan 10 ta Scopus indeksatsiyalangan maʼlumotlar bazasiga kirgan jurnallarda eʼlon qilingan maqolalar, 5 ta Web of Science indeksatsiyalangan maʼlumotlar bazasiga kirgan jurnallarda eʼlon qilingan maqolalar, 30 ta OAK roʻyhatiga kirgan mahalliy va MDH davlatlarida, 23 ta tezis maʼruzalari, shulardan 10 tasi MDH (Rossiya, Qozogʻiston) ilmiy-amaliy konferensiyalarining materiallari toʻplamlarida chop etilgan.
Bundan tashqari u ommaviy axborot vositalarining ilmiy yoʻnalishdagi koʻplab dasturlarida ilmiy izlanishlari davomida erishgan natijalari va yutuqlari bilan ishtirok etgan.
B.I. Turaeva har yili oʻtkazib kelinayotgan Innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkasining Toshkent, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlaridagi hududiy taqdimotlarida va Respublika bosqichlarida faol ishtirok etgan. Respublikamizdagi fermer xoʻjaliklar bilan shartnomalar tuzish va “Mikrooʻstirgich” biopreparatini fermer xoʻjaliklardagi paxta, gʻalla, sabzavot va poliz ekinlariga tadbiq qilish borasidagi faoliyati uchun yarmarka hududiy taqdimotlarida qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlangan.
Turaeva Baxora rahbarligida 20 dan ortiq magistrlar ilmiy ishlarini himoya qilgan va hozirgi kunda 4 ta tayanch (PhD) doktarantlarga ilmiy rahbarlik qiladi.
Respublikamizda va xalqaro nufuzli ilmiy amaliy anjumanlarda oʻz maʼruzalari bilan qatnashib keladi. ATLAS 12th International Congress on Advanced Scientific Studies and Interdisciplinary Research to be held on July 1-3, 2024 at Paris, FRANCE da oʻtkazilgan anjumanda mʼruza bilan ishtirok etgan. Shuningdek Turkiya, Hindiston va Qozogʻiston davlatlarida oʻtkazilgan anjumanlarda faxriy yorliqlar va tashakkurnomalar bilan taqdirlangan.
B.I. Turaeva ilmiy-ijodiy faoliyat bilan bir qatorda tashkiliy ishlarni ham muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.
Jumladan, 2024-yilda yosh olimlar oʻrtasida turli xil tanlovlar, Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar va boshqa bir qator tadbirlarni tashkil etishda faol qatnashib kelmoqda. “Fundamental va amaliy mikrobiologiyaning holati va rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanida va 2024-yil 25-26-sentabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti va Hindistonning Integral universiteti tomonidan oʻtkazilgan “Fundamental va amaliy mikrobiologiyaning holati va rivojlanish istiqbollari: yosh olimlar nigohi” mavzusidagi Xalqaro yosh olimlar konferensiyalari maqolalar toʻplamining bosh muharriri boʻlgan.
2022-yildan asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etiladigan xalqaro ilmiy nashrlarda, jumladan, “The American Journal of Agriculture and Biomedical Engineering”, The American Journal jurnalida tahririyat aʼzosi va Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengashida, davlat ilmiy dasturlari doirasida oʻtkaziladigan amaliy, innovatsion hamda fundamental loyihalar eksperti sifatida faoliyat yuritmoqda.