Sheraliyev Saʼdullo Suyunboyevich 1972-yil may oyining 1-sanasida Tojikiston Respublikasi Leninobod viloyati Asht rayonining Obi-Asht qishlogʻida ziyoli oilada tugʻilgan
Millati oʻzbek, maʼlumoti oliy, pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi.
Sheraliyev Saʼdulloning unutilmas bolalik yillari Obi-Asht qishlogʻida oʻtgan boʻlib, uning taʼlim va tarbiya olgan ziyo maskani 1979-1987-yillarda Alisher Navoiy nomidagi 16-sonli toʻliqsiz (8 yillik) umumiy taʼlim maktabi hamda 1988-1989-yillarda Umar Xayyom nomidagi 1-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida boʻlgan. Saʼdullo oʻzining tirishqoqligi va zukkoligi, yangilikka intiluvchan boʻlganligi, har qanday hodisa va jarayonlarga diqqat va eʼtiborli boʻlishi, bilim olishga boʻlgan qiziqishi kabi qator xislatlari bilan oʻz tengdoshlari orasida farqlanib turar, doʻstlariga boʻlgan munosabati, toʻgʻri soʻzligi bilan yoshligidan ularning hurmatiga sazovor boʻlgan. U bilim olish davrida fanlardan berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida qiziqish bilan bajargan va “aʼlo” baholarga oʻzlashtirgan. Saʼdullo maktabda naʼmunali xulqi va tashkilotchilik qobiliyati bilan maktabdoshlariga oʻrnak boʻlib, “Maktab faxriylari” guruhining faollari aʼzosi boʻlgan. U maktabda bilim olish bilan birgalikda “Sinf sardori”, oʻquvchilar “Drujina sovetining raisi”, “Maktab oʻquvchilari maʼnaviyati yetakchisi” kabi tashkiliy ishlarda yetakchilik qilgan.
Saʼdullo Suyunboyevich bilim olishiga boʻlgan qiziqishini shakllanishi va rivojlanishida otasi Suyunboy Sheraliyevning beqiyos hissasi kattaligini, jumladan yetuk tajribali pedagogik mahoratga ega boʻlgan birinchi muallimi Oʻsarboy Jumanov hamda “Fizika va matematika” fanlari oʻqituvchisi Imomali Husanboyevlarni tasdiqlab, hanuz ulardan cheksiz minnatdor ekanligini aytadi.
1990-1995-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Toshkent viloyati Angren shahridagi “Toshkent viloyati davlat pedagogika instituti (TVDPI)” ning “Fizika va matematika” fakultetida oʻqigan va institutning yetuk professor — olimlaridan ilm olgan.
1995-1998-yillarda Angren shahar xalq taʼlimi mudiri buyrugʻi bilan Angren shahridagi 4-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida “Fizika va matematika” fanlaridan oʻquvchilarga taʼlim va tarbiya bergan.
1998-2000-yillarda TVDPI qoshidagi Angren pedagogika litsey internatida, 2000-2004 yillarda Angren akademik litseyida, 2004-2006-yillarda Angren politexnikumida oʻquvchilarga Fizika va matematika fanlaridan taʼlim bergan.
Sheraliyev Saʼdulloni yuqorida keltirilgan taʼlim muassasalaridagi faoliyati uni taʼlim jarayonida oʻqitish metodikasi (ayniqsa fizika va matematika)ni rivojlantirish va yanada takomillashtirish kerakligi va buning uchun oʻzining fikr va gʻoyalarini tajriba sinovdan oʻtkazish va taʼlim jarayoniga tadbiq qilishga undaydi.
2006-2014-yillarda Saʼdullo Suyunboyevich Angren shahridagi oʻzi taʼlim olgan TVDPIda unga taʼlim bergan ustozlari bilan birgalikda talabalarga “Fizika va uni oʻqitish metodikasi” fanlaridan taʼlim berib, oʻzining ish faoliyatini olib boradi va rejalashtirgan maqsadi ustida izlanishlar olib boradi.
2014-2016-yillarda Toshkent shahridagi Oʻzbekiston Milliy universitetining “Fizika” fakulteti “Katta ilmiy xodim izlanuvchi” sifatida Oliy taʼlimdan keyingi faoliyatini olib boradi. Saʼdullo Suyunboyevich oʻzining ilmiy faoliyati davomida “Fizikani oʻqitishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining mazmuni va metodikasini takomillashtirish” ga oid ilmiy izlanishlar olib borgan. Uning oʻz oldiga qoʻygan maqsadi sari tinimsiz izlanishlari, yetuk professorlar va akademiklardan olgan bilimlari oʻz natijasini berdi.
Saʼdullo Suyunboyevichning taʼlimda fizikadan dars mashgʻulotlari (maʼruza, amaliy, laboratoriya)ni tashkil etish va uni oʻtkazish metodlarini takomillashtirish va oʻqitish metodikasini yanada rivojlantirish ustida olib borgan izlanishlarida 100 dan ortiq ilmiy maqolalar va konferensiyalarda maʼruzalari, 50 dan ortiq ilmiy uslubiy ishlari, oʻquv qoʻllanmalari va elektron taʼlimiy dasturlari Respublikamiz va nufuzli xorijiy davlat (AQSH, Germaniya, Hindiston, Texas, Rossiya, Qozogʻiston…)lar jurnallarida chop etilgan va ularga dunyo olimlari tomonidan ijobiy fikrlar bildirilgan.
Taʼlim va tarbiya jarayonining rivojlanishida oʻz hissasini qoʻshganligi uchun 2019-yilning oktabr oyida Saʼdullo Suyunboyevichning izlanishlari va tinimsiz mehnati natijasida tayyorlangan dissertatsiya ishining himoyasi Oʻzbekiston Milliy universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi kengashida 100% natija bilan Olimlarimiz tomonidan maʼqullandi va unga Oʻzbekiston Respublikasi oliy atestatsiya Komissiyasi tomonida 13.00.02 — Taʼlim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (fizika) mutaxassisligi boʻyicha “Pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori” ilmiy darajasi berildi.
2022-yil uning izlanishlari, qilingan mehnatlari va ilmiy ishlari natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Atestatsiya Komissiyasi (OAK) tomonidan “Taʼlim va tarbiya nazariyasi va metodikasi” boʻyicha Dotsent unvoni berilgan.
Saʼdullo Suyunboyevichning ilmiy rahbarligida, bakalavriat va magistratura yoʻnalishlari boʻyicha 50 dan ortiq va “Pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy daraja boʻyicha qator shogirtlarining ilmiy ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilgan va diplomlar bilan taqdirlangan. Hozirgi kunda qator oliy ta’limdan keyingi ta’lim oluvchi izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilib, ilmiy maslahatlar berib kelmoqda.
2020-yildan hozirgi kunga qadar Saʼdullo Suyunboyevich Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialida talabalarga Fizika fanidan mashgʻulotlar olib borish bilan birgalikda oʻzining muomala madaniyati yuqoriligi, maʼnaviy va maʼrifiy ishlarda yetakchiligi, har qanday jamoa bilan tezda til topa olishi va yetuk bilimga ega ekanligi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida va shu kabi qator saylov jarayonlarida “Toshkеnt viloyati Angrеn shahrida oʻtkaziladigan oʻquv jarayonlarini amalga oshirish uchun uchastka komissiyalari raislari, oʻrinbosarlari va kotiblariga nomzodlarini oʻqitish boʻyicha oʻquv sеminar” larida maʼruzachi (trener) boʻlib, saylov jarayonlarini tashkil etish va oʻtkazishda ularga yaqindan yordam berib, tushuntirish ishlari va oʻquv jarayonlarida maʼruzalar olib borgan.
Shuninhdek, hozirda Saʼdullo Suyunboyevich Piskent tumanidagi “Nurli kelajak” xususiy maktabining ilmiy maslahatchisi bo‘lib ham faoliyat yuritib kelmoqda.
Saʼdullo Suyunboyevichning harakatlari bilan taʼlim jarayonini yanada rivojlantirish oʻquvchilar bilimini oshirish maqsadida 2024-yil Oʻrta Osiyo davlatlari (Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiziston) bilan doʻstona hamkorlik qilishga erishgan.
Qo‘shni davlatlardagi xususiy maktab oʻquvchilari oʻrtasida fanlar boʻyicha “Xalqaro olimpiadalar” tashkil qilgan va yuqori kayfiyatlarda shaffoflik bilan oʻtkazib ijobiy natijalarga erishgan.
Olimpiada natijalariga asosan yuqori natija koʻrsatgan oʻquvchilar Oʻrta Osiyo va Osiyo davlatlariga sayohatlar bilan ragʻbatlantirildi.
Sheraliyev Saʼdullo Suyunboyevichning maqsadi Respublikamiz oʻquvchilarining iqtidorlarini rivojlantirish va ularni fanlar boʻyicha dunyo Xalqaro Olimpiadalarida qatnashtirish va yuqori natijaga erishayotgan vatanimiz oʻgʻil–qizlarini sonini oshirish hamda Oʻzbekiston respublikasining bayrogʻini yanada yuqoriga koʻtarishlarini koʻrishdir va u shu bilan birgalikda Vatanimizni rivojlangan davlatlarning oldingi qatorlarda boʻlishiga oʻz hissasini qoʻshish deb hisoblaydi.