O‘zbek sharqshunosligi, manbashunosligi va tasavvufshunosligining yosh avlodi vakili, o‘z ilmiy izlanishlari natijasida Markaziy Osiyo tasavvufining vujudga kelishi va rivojlanishi tarixi, shuningdek, xojagon-naqshbandiya tariqati tarixi va ta’limotini chuqur tadqiqotlar doirasiga jalb etgan iste’dodli sharqshunos, manbashunos, bitikshunos, islomshunos, tasavvufshunos, manbashunos olim, mohir tarjimon va jamoatchilik faoli – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti, “Naqshbandiya” jurnali bosh muharriri o‘rinbosari, tarix fanlari doktori Komiljon Rahimov (Sayyid Komiljon Buxoriy) 1982-yil 9-iyulda qadimiy ilmu ma’rifat markazi bo‘lmish Buxoro shahrida Rahmat Rahimov va Samiya Nuriddinovalar ziyoli oilasida dunyoga kelgan.
Ta’limi. Komiljon Rahimov 1995–1999-yillari Buxorodagi Mir-i Arab madrasasida va 2000–2007-yillari Buxoro davlat universitetining O‘zbek filologiyasi fakultetida bakalavriat va magistraturada tahsil olgan, bir yillik davlat granti asosida 2006–2007-yillari Misr Arab Respublikasining Qohira universiteti Arab filologiyasi fakultetida malaka oshirgan. 2007–2014-yillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi “O‘zbekiston davlatchiligi tarixi va dinshunoslik” kafedrasida professor Najmiddin Komilov rahbarligi ostida mustaqil tadqiqotchi sifatida tahsil va tadqiqot bilan shug‘ullangan.
2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti aspiranturasini, 2021-yilda esa ushbu institut doktoranturasini bitirgan Komiljon Rahimov 2018-yilda tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozgan “Mustamliy Buxoriyning “Sharh at-Ta’arruf” asari hamda uning XI–XV asrlar Movarounnahr va Xuroson tasavvuf manbalariga ta’siri” mavzusidagi dissertatsiyani, 2019-yilda katta ilmiy xodim (dotsent) ilmiy unvoni, 2022 -yilda esa tarix fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun yozgan “Xojagon-naqshbandiya ta’limotining ildizlari va shakllanish manbalari (IX–XIV asrlar)” mavzusidagi dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Shuningdek, Komiljon Rahimov 2024-yilning sentabr-oktabr oylarida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining davlat organlari va tashkilotlari xodimlari uchun “Manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash, ularni bartaraf etish hamda oldini olish” mavzusida masofaviy o‘quv kursini a’lo baholarda (88 ball) tamomlagan.
Mehnat faoliyati. Komiljon Rahimov mehnat faoliyatini 2001-yilda Buxoro shahridagi “Jo‘ybori kalon” ayol-qizlar islom o‘rta maxsus bilim yurtida arab tili fani o‘qituvchisi (2001–2005-yillar) sifatida boshlagan. So‘ngra 2004–2006-yillari Buxoro shahridagi Sadriddin Ayniy nomidagi 15-sonli o‘rta umumiy ta’lim maktabida arab tili va dinshunoslik fani o‘qituvchisi, 2007–2014-yillari esa Buxorodagi Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi ilmiy xodimi (bir paytda “Naqshbandiya” ilmiy-irfoniy, adabiy-ma’rifiy uch oylik jurnalining bosh muharrir o‘rinbosari) lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. Shu bilan birga u 2009–2013-yillari Toshkent davlat sharqshunoslik instituti Sharq filologiyasi fakultetining Mumtoz filologiya hamda Tarix va falsafa fakultetining Sharq falsafasi va madaniyati kafedralarining “Tasavvuf” fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. Komiljon Rahimov 2017-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti turli bo‘limlarida katta ilmiy xodim (2017–2022) va yetakchi ilmiy xodim (2022 yildan buyon) sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. U 2022-yildan buyon mazkur institut “Markaziy Osiyo tarixi” bo‘limining yetakchi ilmiy xodimi hisoblanadi. Komiljon Rahimov ilmiy tadqiqot bilan bir paytda o‘qituvchilik faoliyati bilan ham shug‘ullanib kelmoqda. U 2023-yildan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti “Sharq sivilizatsiyasi va falsafasi” fakulteti “Manbashunoslik va tasavvuf germenevtikasi” (2023–2024-yillari) hamda “Sharq falsafasi va germenevtika” (2024–2025-o‘quv yilidan) kafedralarida “Tasavvuf manbashunosligi”, “Tasavvufiy qo‘lyozmalarni o‘qish va talqin qilish amaliyoti”, “Tasavvuf atamashunosligi va matnshunosligi”, “Tasavvuf tarixi va tariqatlarning shakllanish jarayonlari” va “Mutaxassislikning nazariy masalalari» fanlaridan, shuningdek, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti Arxitektura fakulteti “Arxitektura yodgorliklari restavratsiyasi” kafedrasida “Me’moriy obidalardagi bitiklar” va “Me’moriy obidalardagi xattotlik” fanlaridan saboq berib kelmoqda.
Ilmiy-tadqiqot faoliyati. Shu paytga qadar Komiljon Rahimovning O‘zbekiston va 15 xorijiy mamlakat nashrlarida 250 dan ortiq ilmiy maqolasi e’lon qilgan, 30 ta monografiyasi va 2 ta ilmiy to‘plami nashr etilgan. Bundan tashqari u turli to‘plam, lug‘at va ensiklopediyalarda ham 77 ta maqola chop etgan. Bulardan tashqari O‘zbekistondagi 41 ta va xorijiy mamlakatlardagi 20 ta ilmiy-amaliy va ilmiy-nazariy anjumanlarda o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etgan.
Komiljon Rahimovning ilk bor o‘zining “Xojagon tariqati va Buxoroda irfoniy-falsafiy ilmlar rivoji (IX–XV asrlar)” (prof. N. Komilov bilan hamkorlikda, Toshkent, 2011) nomli monografiyasida xojagon-naqshbandiya tariqatining o‘lkamiz tasavvufidagi o‘rnini ochib bergan bo‘lsa, uning navbatdagi “Movarounnahr tasavvufi tarixi: ta’limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII–XI asrlar)” monografiyasi (Toshkent: “Akademnashr”, 2021) Markaziy Osiyo tasavvufining VIII–XI asrlarda kechgan, ya’ni vujudga kelishidan xojagon-naqshbandiya tariqati vujudga kelguniga qadar bo‘lgan davri tadqiqiga bag‘ishlanadi.
Yosh o‘zbek tasavvufshunosi bu yo‘nalishdagi izlanishlarida davom etib, “Xojagon-naqshbandiya tariqati va yetti pir” (Toshkent: “O‘zbekiston”, 2020) hamda xojagon-naqshbandiya tariqatining iqtisodiy taraqqiyotga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan “Xojagon-naqshbandiya tariqati va iqtisodiyot” (Toshkent, 2022) monografiyalarini nashr ettirdi. Komiljon Rahimovning xojagon-naqshbandiya tariqati pirlari maqbaralari va ular bilan bog‘liq makonlarga vaqf qilingan mol-mulklar to‘g‘risidagi vaqfnomalar tarjimasi va tadqiqini o‘z ichiga oluvchi “Xojagon-naqshbandiya tariqati pirlariga bag‘ishlangan vaqflar” asari (O‘zbekiston Milliy arxivda saqlanayotgan hujjatlar asosida. Toshkent, 2021) ham xojagon-naqshbandiya tariqatini tatqiq etish ishiga qo‘shilgan yana bir hissa bo‘ldi. Olimning “Xojagon-naqshbandiya tariqati va yetti pir” monografiyasi 2021-yilda bir butun holda “Oltin silsila: xojagon-naqshbandiya tariqati yetti piri” (Toshkent: “Splendid Idea”, 2021) nomi bilan, shuningdek, “Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy”, “Xoja Abduxoliq Orif Revgariy”, “Xoja Mahmud Anjirfag‘naviy”, “Xoja Ali Romitaniy”, “Xoja Muhammad Bobo Samosiy”, “Xoja Sayyid Amir Kulol” va “Xoja Bahouddin Naqshband” nomli alohida kitoblar shaklida o‘zbek va rus tillarida ham nashr etilgan.
Komiljon Rahimov xojagon-naqshbandiya tariqati tadqiqotlaridan tashqari Buxoro shahrining islom ilmlari rivojidagi tutgan o‘rniga bag‘ishlangan “Buxoro: Qubbat ul-islom shahri” (Toshkent, 2021) hamda buxorolik buyuk alloma Abu Hafs Kabir Buxoriy (768–837) hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Buxoroni Qubbat ul-islom etgan alloma” (Toshkent, 2021) monografiyalarini ham nashr etgan.
Komiljon Rahimov ayni paytda o‘rta asrlarda Buxorodagi ta’lim, fan va madaniyat asoslarining qo‘yilishi va rivojlanishi tadqiqiga bag‘ishlangan “VIII–XI asrlarda Buxorodagi ta’lim, fan va madaniyat taraqqiyoti” nomli fundamental monografik tadqiqot hamda taniqli muarrix Abu Bakr Narshaxiy (899–959) qalamiga mansub Markaziy Osiyo tarixnavisligining ilk qadimiy durdonalaridan biri bo‘lmish “Buxoro tarixi” asari ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlash va ilmiy izohli tarjimasini amalga oshirish ustida ishlamoqda.
Komiljon Rahimov tadqiqotlari xorijiy mamlakatlarda ham keng shuhrat topmoqda. Jumladan shu kunga qadar uning “Movarounnahr tasavvufi tarixi: ta’limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi (VIII–XI asrlar)” monografiyasi (Toshkent, 2021) Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkiya va Iordaniyada rus, tojik, qozoq, ozarboyjon, turk va arab tillariga, “Xojagon-naqshbandiya tariqati va yetti pir” (Toshkent: “O‘zbekiston”, 2020) monografiyasi Rossiya, Turkiya va Eronda rus, turk va fors tillariga, “Xojagon-naqshbandiya tariqati va iqtisodiyot” (Toshkent, 2022) monografiyasi esa Rossiya va Turkiyada rus va turk tillariga tarjima qilinib, nashr etilgan.
Komiljon Rahimov o‘tmishda yashab o‘tgan buyuk alloma ajdodlarimiz hayoti va faoliyatiga, islom ilmlari, jumladan tasavvufga, shuningdek, xattotlik, miniatyura va epigrafika san’atlariga bag‘ishlangan qomuslar, to‘plamlar va lug‘atlarda ham o‘z maqolalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan u ustozi Abdulg‘afur Razzoq Buxoriy bilan muallifning shaxsiy bisoti asosida o‘zbek, rus, ingliz, fransuz va yapon tillarida tartib berilgan “Sharq xattotlik va miniatyura san’atidan namunalar (VII–XXI asrlar)” (Turkiya, 2011), 13 jilddan iborat “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” (Toshkent, 2011–2016, 13 jildlik), “Tasavvuf atamalari izohli lug‘ati” (Toshkent, 2015), “Buyuk yurt allomalari” (Toshkent, 2016), “Islom ensiklopediyasi” (Toshkent, 2017), “Shedevri miniatyurnoy jivopisi v rukopisi “Zafar-name” (miniatyuri spiska “Zafarname” Sharaf ad-Dina Ali Yazdi 1533 g. iz sobraniya Britanskogo muzeya)” (Toshkent-London, 2018) to‘plamlarining faol mualliflaridan hisoblanadi.
Komiljon Rahimov o‘z ilmiy-tadqiqot faoliyati doirasida tadqiqot va stajirovka maqsadlarida bir necha bor turli xorijiy davlatlarga ilmiy safarlar amalga oshirgan. Jumladan, u 2015-yilda Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari instituti (Sankt-Peterburg shahri) kutubxonasida, 2017-yilda Hindistonning Rampur shahridagi Rizo Rampur kutubxonasida, shu yilda Germaniyaning Berlin kutubxonasi va Myunxen universiteti kutubxonasida, 2022-yilda dekabr oyida Tojikistonning Dushanbe shahridagi Tojikiston Fanlar akademiyasi Sharq qo‘lyozmalari markazi, Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Islomshunoslik markazi va Tojikiston Milliy kutubxonasida, 2023-yil dekabr oyida Rossiya Federatsiyasi Sankt-Peterburg davlat universitetining ilmiy kutubxonasida, 2024-yil avgust oyida esa Amerika Qo‘shma Shtatlarining Vashington shahridagi Kongress kutubxonasi, Nyu-York shahridagi Metropoliten muzeyi, Massachusets shtatidagi Garvard universiteti kutubxonasi, Nyu-Havendagi Yyel universiteti kutubxonasi, Indiana shtatidagi Indiana universiteti kutubxonasi, Missuri shtati Sent-Luis shahridagi Vashington universiteti kutubxonasida, 2024-yil dekabr oyida esa Fransiyadagi Parij milliy kutubxonasi (BNF)da ilmiy izlanishlar olib borgan.
Tarjimalari. Komiljon Rahimov ilmiy-ma’naviy merosimizga oid qadimiy manbalarni o‘zbek tiliga tarjima qilib, xalqimizga taqdim etish borasida ham katta xizmatlar qilib kelmoqda. Jumladan, u shu paytga qadar Hakim Termiziyning “Adab un-nafs” (Toshkent, 2015) va “Xatm ul-avliyo” (Toshkent, 2017) asarlarini hamda Abdulkarim as-Sam’oniy qalamiga mansub “al-Ansob” (Abdulg‘afur Buxoriy bilan hamkorlikda, Toshkent, 2018) asarini (ushbu asarning o‘zbekistonlik allomalarga bag‘ishlangan qismini) arab tilidan, G‘iyosiddin Xondamirning Alisher Navoiy hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan “Makorim ul-axloq” (Toshkent, 2015 va 2018) asarini, Ahmad ibn Mahmud Buxoriyning Buxoro avliyolari tarixiga bag‘ishlagan “Tarixi Mullozoda dar zikri mazoroti Buxoro” (Toshkent, 2019), Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniyning “Vasiyatnoma” (Toshkent, 2020), Xoja Orif Revgariyning “Orifnoma” (Toshkent, 2020) va Xoja Ali Romitaniyning “Risolai Azizon” (Toshkent, 2020) asarlarini esa fors tilidan o‘zbek tiliga ilmiy-izohli tarjima qilib, ilmiy jamoatchilik va keng o‘quvchilar ommasiga havola etdi. Ulug‘ o‘zbek shoiri Alisher Navoiy hikmatlarini kirill va eski o‘zbek yozuvlarida tartib berib hamda fors va arab tillariga tarjima qilib nashr etgan. (Toshkent, 2018).
Jamoatchilik va ilmiy-jamotchilik faoliyati. Komiljon Rahimov xalqimiz va xorijliklarni buyuk tarixiy, ilmiy, madaniy va ma’naviy merosimiz bilan yaqindan tanishtirishga qaratilgan keng jamoatchilik va ilmiy-jamotchilik faoliyati bilan ham shug‘ullanib kelmoqda. Jumladan, uning tashabbusi bilan 2008-yilda Markaziy Osiyoda yagona “Naqshbandiya” ilmiy-irfoniy, ma’naviy-ma’rifiy jurnali tashkil etildi. Komiljon Rahimov o‘sha yildan buyon mazkur jurnalda bosh muharrir o‘rinbosari sifatida ishlab kelmoqda. Shuningdek, u 1994-yildan boshlab har yili sentabr oyida Buxorodagi Bahuoddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Naqshbandxonlik Respublika ilmiy-amaliy anjumanining 2007-yildan keyingi davrdagi doimiy ishtirokchisi va tashkilotchisi hisoblanadi. Bundan tashqari Komiljon Rahimov 2019-yil 21–23-fevral kunlari Buxoroda o‘tkazilgan I Xalqaro ziyorat turizmi forumining asosiy ilmiy maslahatchilaridan biri bo‘lgan.
Komiljon Rahimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23 iyundagi 3080-son Qarori asosida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-martdagi 2855-son qarori asosida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi muzeyi faoliyati konsepsiyalari va ustavlarini tuzishda faol ishtirok etgan.
Shuni ham aytib o‘tish lozimki, 2022-yilning 30-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an hamda Birinchi xonimlar Ziroat Mirziyoyeva va Emine Erdo‘g‘an Xivadagi Ichan qal’aga tashrif buyurgan chog‘da ikki Prezident rahbarligidagi delegatsiyaga yosh sharqshunos-manbashunos Komiljon Rahimov hamrohlik qildi va Xiva me’moriy obidalari tarixi va undagi bitiklar haqida so‘zlab berdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati maxsus lavha tayyorladi. Komiljon Rahimov 2022-yilning 22 dekabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosimjo‘mart To‘qayev davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev hamrohligida poytaxtimizdagi Shayx Xovandi Tohur va To‘labiy (Qaldirg‘ochbiy) maqbaralarini ziyorat qilishi jarayonida ham o‘z izohlari va sharhlari bilan ko‘maklashgan.
Komiljon Rahimov turli, jumladan ta’lim maqsadida xorijda bo‘lgan chog‘larida ham yurtimizning shonli tarixi va boy madaniy merosi bilan xorijliklarni tanishtirish ishiga hissa qo‘shgan. Jumladan u 2006–2007 yillari Misrdagi Qohira universiteti Arab filologiyasi fakultetida malaka oshirish davrida “Arxelologiya va madaniy meros” fakultetida 4 oy “O‘zbekiston islom obidalari”, “O‘zbek milliy urf-odatlari”, “Buxorodagi me’moriy yodgorliklar”, “Buxoro xattotlik maktabi” kabi mavzularda arab tilida o‘qituvchi va talabalarga ma’ruzalar o‘qigan. Misrdagi nufuzli siyosiy gazetalar – “al-Ahrom”, “al-Masaiya”, “Abu-l-Havl” gazetalarida shu mavzularda 5 ta maqola e’lon qilgan hamda Misrning “The Egyptian Nile Culture TV channel” telekanalidagi dasturlardan birida tomoshabinlar bilan ushbu mavzular borasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri arab tilida muloqot olib borgan.
Bundan tashqari u jamoatchilik va ilmiy-jamoatchilik vazifalarini bajarish maqsadida bir necha bor xorijiy mamlakatlarga ham tashrif buyurgan. Jumladan, Komiljon Rahimov 2015-yil mart oyida O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi delegatsiyasi tarkibida O‘mon Sultonliga borib, u yerda O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalar to‘g‘risidagi filmni tasvirga olishda bevosita ishtirok etgan va tarjimonlik qilgan.
Shuningdek, Komiljon Rahimov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov topshirig‘iga ko‘ra AQShda saqlanayotgan Bahodir Yalangto‘shga nisbat berilgan qo‘lyozmani aslligini aniqlash, tavsif qilish, shuningdek, AQSH qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan o‘rta asr tarixchisi Abu Bakr Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asari qo‘lyozmalarini tatqiq va tavsif qilib, uning nusxasini O‘zbekistonga olib kelish maqsadida 2024-yil 15–30 avgust kunlari AQShga ilmiy safar qilgan.
Bundan tashqari 2024-yil dekabrda YUNESKOni Parijdagi bosh qarorgohida O‘zbekistonning YUNESKO huzuridagi doimiy vakolatxonasi, turkiy mamlakatlar doimiy vakolatxonalari va Turkiy madaniyat va meros fondi tomonidan o‘tkazilgan buyuk olim Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” kitobining 950-yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada mazkur asarning turkshunoslik tarixidagi salmoqli o‘rni haqida ma’ruza qildi va tashakkurnomalar olib qaytgan.
Komiljon Rahimov hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Ilmiy kengashlarning a’zosi hisoblanadi. Shuningdek, Buxoro davlat universitetida Ilmiy seminar raisidir. Bundan tashqari u O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-apreldagi №209-sonli qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining (2023-yildan O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining) Ilmiy-ekspert kengashi a’zosi etib tayinlangan.
Komiljon Rahimov O‘zbekistonda va xorijda nashr etiladigan bir qator ilmiy jurnallar tahrir hay’atlarining a’zosi sifatida ham keng ilmiy-jamoatchilik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. Jumladan, u bugungi kunda mamlakatimizda chop etilayotgan jurnallardan Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi muassisligidagi “Naqshbandiya” ilmiy-irfoniy, ilmiy-adabiy uch oylik jurnali (2008-yildan buyon), Oriental universiteti muassisligidagi “Al-Buxoriy” ilmiy jurnali (2024-yildan buyon) hamda “Moziydan sado” jurnali (2025 yildan buyon) tahrir hay’atlarining a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari Komiljon Rahimov xorijda chop etilayotgan ilmiy jurnallardan Misrdagi Qohira universiteti Arxeologiya va madaniy meros fakultetining “Majallatu kulliyat ul-osor” (“Arxeologiya va meros fakulteti jurnali”) ilmiy-tadqiqiy jurnali (2020-yildan buyon), Tojikiston Fanlar Akademiyasi Sharq qo‘lyozmalar markazining “Merosi Sharq” (“Sharq merosi”) ilmiy jurnali (2022-yildan buyon), Rossiya musulmonlari diniy idorasining “Minaret islama” (“Islom minorasi”) ilmiy-ma’rifiy jurnali (2025-yildan buyon) hamda Eronning “Pajuheshho-ye no‘vin-e adabiy” (“Yangi adabiy tadqiqotlar”) ilmiy-tadqiqiy jurnali (2025-yildan buyon) tahrir hay’atlarining ham a’zosi hisoblanadi.
Mukofotlari. Komiljon Rahimov shu paytga qadar O‘zbekiston Respublikasi va bir qator xorijiy davlatlarning turli darajadagi mukofotlariga sazovor bo‘lgan.
Jumladan, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 17-maydagi Farmoniga binoan ta’sis etilgan davlatimizning ilmiy-ta’lim, madaniy va ma’naviy salohiyatini mustahkamlash hamda vatanimizning munosib yosh avlodini tarbiyalash ishiga qo‘shgan hissasi uchun “O‘zbekiston mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni bilan, 2024-yili esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 24-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san’at sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan, o‘zining yorqin iste’dodi, ko‘p qirrali ijodiy, ilmiy-amaliy faoliyati bilan xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, mamlakatimizda ilm-fan va ta’lim sohalarini rivojlantirish, yoshlarimizni ona yurtga muhabbat va sadoqat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Komiljon Rahimov 2021-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi hamkorligida Oliy ta’lim muassasalari talabalari, doktorantlar va yosh tadqiqotchilar o‘rtasida o‘tkazilgan “Yangi O‘zbekistonning iste’dodli yoshlari” nomli 2021-yilning eng yaxshi maqolasi tanlovining O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ijtimoiy-gumanitar institutlari doktorantlari orasidagi respublika g‘olibi bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirning 2021-yil 30-avgustdagi 376-son buyrug‘i bilan mazkur tanlov g‘oliblariga beriladigan bir martalik pul mukofoti va esdalik sovg‘alari bilan ham taqdirlangan.
Bundan tashqari Komiljon Rahimov butun postsovet makonida buyuk ajdodlardan qolgan ilmiy-ma’naviy merosning o‘rganilishi va targ‘ib etilishi hamda ma’naviy qadriyatlarning tiklanishiga, shuningdek Rossiya va O‘zbekiston xalqlari orasidagi tinchlik, do‘stlik va o‘zaro tushunishni mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasi va boshqa xizmatlari uchun Rossiya musulmonlari Markaziy diniy idorasi rayosatining 2023-yil 14-fevraldagi qarori va ushbu idora raisi, Bosh muftiy Shayxulislom Tal’at Safo Tojiddinning shu sanadagi №04-23-sonli farmoniga asosan mazkur idoraning “Vera i chest” (“Imon va sharaf”) ordeni, Rossiyadagi nufuzli musulmon tashkilotlaridan hisoblangan Shimoliy Kavkaz musulmonlari muvofiqlashtirish markazi (SHKMMM) raisi Muftiy shayx Ismoil Berdiyevning 2023-yil 11-noyabrdagi 0194-sonli farmoniga asosan mazkur markazning “Za utverjdeniye duxovnix sennostey” (“Ma’naviy qadriyatlarni o‘rnatishdagi xizmatlari uchun”) ordeni hamda Rossiya Federatsiyasi Musulmonlari diniy idorasi raisi, Shayx Ravil Gaynutdinning 2023-yil 12-dekabrdagi Guvohonomasiga asosan Rossiya musulmon ilohiyotchisi, sharqshunosi va ma’rifatparvari Husayn Fayzxanov tavalludining 200-yilligiga bag‘ishlangan maxsus medal bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Komiljon Rahimovga 2023-yilda Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2023-yilda 20-iyuldagi Tashakkurnomasi, Rossiya Federatsiyasi Musulmonlari diniy idorasining 2023-yil 21-iyuldagi №502-sonli Tashakkurnomasi, Rossiya Federatsiyasi Stavropol o‘lkasi Musulmonlari diniy idorasining 2023-yil avgustidagi Tashakkurnomasi, 2024-yilda esa Nalchik shahrida joylashgan Rossiya Federatsiyasi Imom Abu Hanifa nomidagi Shimoliy Kavkaz Islom universiteti Tashakkurnomasi topshirildi.
Komiljon Rahimov oilali, ikki nafar farzandi bor.