MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

MUXAMEDOVA FERUZA NURMAXMATOVNA

MUXAMEDOVA FERUZA NURMAXMATOVNA

San'atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, O'zbekiston davlat konservatoriyasi Maxsus fortepiano kafedrasi dotsenti v.b.

Muxamedova Feruza Nurmaxmatovna  1986 yil  7 dekabrda Toshkent shahrida tug`ilgan. 1993-1998 yillari – 9-umumta`lim maktabi va 13-bolalar musiqa maktabi, 1998-2002 yillari – V.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan maxsus musiqa maktabi, 2002-2005 yillari – O`zbekiston davlat konservatoriyasi qoshidagi akademik litseyida tahsil olgan. 2005-2009 yillari O`zbekiston davlat konservatoriyasining  “fortepiano  ijrochiligi” mutaxassisligi bo`yicha bakalavriat bosqichi va 2009-2011 yili magistratura bosqichi, 2012-2013 yillari assistentura-stajirovka (to`xtatilgan), 2016-2018 yillari tayanch doktoranturada tahsil olgan.

1998-yil Italiyada o`tkazilgan Xalqaro tanlovda 3-o`rin olgan. 2002 yili  Moskva shahrida o`tkazilgan “Yangi nomlar” Xalqaro master-klass dasturida ishtirok etgan. 2000-2003 yillar davomida “Unesco”  Xalqaro yozgi ta`lim dasturida ishtirok etgan. 

2009-2017 yillari O`zbekiston davlat konservatoriyasi “Akademik xonandalik” kafedrasida konsertmeyster, 2010 – 2015 yillar O`zbekiston davlat konservatoriyasi qoshidagi akademik litseyda “maxsus fortepiano” bo`limi o`qituvchisi, 2013-yildan hozirgi kungacha O`zDK “Maxsus fortepiano” kafedrasi katta o`qituvchisi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, 2020-2022 yillari O`zDK Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo`limi boshlig`i lavozimida faoliyat yuritgan. 

 Muxamedova Feruza Nurmaxmatovna musiqa san'ati (fortepiano) sohasining pedagogik, ijrochilik va ilmiy-tadqiqot jabhalarida faoliyat yuritib kelmoqda.  

U 2020 yil “O‘zbekiston fortepiano musiqasining shakllanishi, janrlarning o‘ziga xosligi, interpretatsiya” mavzusidagi san'atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Uning ilmiy-tadqiqot faoliyati serhosil bo‘lib, Xalqaro va Respublika jurnal va konferensiya to‘plamlarida 50 dan ziyod ilmiy maqolalari nashr etilgandir. F.Muxamedova Xalqaro va respublika miqyosida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferentsiyalarning faol ishtirokchisidir. Jumladan, 2016 yili Syantszi shahrida (Xitoy xalq respublikasi) o‘tkazilgan Xalqaro san'at va ta'lim forumida ishtirok etib, “Piano education in Uzbekistan” (O‘zbekistonda fortepiano ta'limi) mavzusiga ma'ruza va taqdimot qilgan. 2022 yili Qozon shahri (Rossiya)da o`tkazilgan Xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyasi plenar yig`ilishida taqdimot-ma`ruza bilan ishtirok etgan.

F. Muxamedova yakkaxon, jo‘rnavoz va ansambl ishtirokchisi sifatida serhosil kontsert-ijrochilik faoliyat olib bormoqda. U turli xil Xalqaro tanlov va festivallarda, jumladan, Italiya, Gretsiya, Rossiya, Ozarbayjon, Xitoy Xalq Respublikasi, Qozog‘iston kabi mamlakatlarda  yakkaxon ijrochi va jo‘rnavoz sifatida ishtirok etgan. 2022 yil Rossiyaning Qozon shahrida bo`lib o`tgan Xalqaro musulmon madaniyati festivalida pianinochi sifatida qatnashgan. 

F.Muxamedova turli yillarda taniqli dirijerlar  A.Ergashev, E.Azimov, A.Raimjanov, K.Urinbayev, A.Shoxakimov, B.Xudoykulov rahbarligidagi orkestrlar bilan  I.S.Bax, V.Motsart, F.Shopen, R.Shuman, S.Frank, A.Shnitke kabi kompozitorlarning fortepiano va orkestr uchun kontsertlarini ijro etgan. Shuningdek, “Oltin kuz”, “Davr sadolari”, Jahon simfonik musiqasi festivali,  «Kontinent FA» kabi festivallarda, “Ustoz - shogird”, “XX asr shedevrlari” kabi tadbirlarda faol ishtirok etgan. F.Muxamedova O‘zbekiston kompozitorlari fortepiano musiqasining targ‘ibotchisi bo‘lib, u R.Abdullayev, D.Omonullayeva, A.Mansurov, O.Abdullayeva, D.Zakirova kabi kompozitorlarining asarlarini ijro etib kelmoqda. 

F.Muxamedova ilmiy-tadqiqot, pedagogik faoliyat bilan bir qatorda jo‘rnavoz sifatida ham faol ijod qilib, turli xil Xalqaro (Moskva, Sankt-Peterburg, Baku, Astana, Chimkent, Bishkek) va Respublika tanlovlarda erishgan katta muvaffaqiyatlari uchun  “Eng yaxshi kontsertmeyster” diplomlari, Madaniyat va Sport ishlari vazirligining “Tasanno” sertifikati, faxriy yorliqlar va tashakkurnomalar bilan taqdirlangan.

F.Muxamedova ilmiy-ijodiy faoliyat bilan bir qatorda tashkiliy ishlarni ham muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Jumladan, 2020 yildan O‘zDK Iqtidorli talabalarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i sifatida talabalar o‘rtasida turli xil tanlovlar, Xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyalar va boshqa bir qator tadbirlarni tashkil etgan. H.Olimjon, B.Zokirov ijodiga bag‘ishlangan Respublika talabalar konferentsiyasi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasining 85-yilligiga bag‘ishlangan Xalqaro yosh olimlar konferentsiyalari  maqolalar to‘plamining bosh muharriri bo‘lgan.

 2020 yilda ZiyoForum Respublika ilm-fan va ta'limni rivojlantirish fondi tomonidan tashkil etilgan “100 ta yosh tadqiqochilar” loyihasida ishtirok etib, bir qator tadbirlarda  «O‘zbekiston fortepiano san'ati» mavzusidagi taqdimot-ma'ruzasi bilan ishtirok etgan.

Muxamedova Feruza Nurmaxmatovna hozirgi kunda O`zbekiston davlat konservatoriyasi “Maxsus fortepiano” kafedrasi dotsenti hamda  O`zDK qoshidagi B.Zokirov nomidagi Milliy estrada san`ati instituti Magistratura bo`limi boshlig`i sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. 2020 yildan F.Muxamedova O‘zbekiston respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlarda, jumladan, “Musiqa”, Eurasian music science journal, “Science and innovation”  jurnallarida tahririyat a'zosi sifatida faoliyat yuritmoqda.