MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

QILICHOVA MARJONA OʻKTAM QIZI

QILICHOVA MARJONA OʻKTAM QIZI

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Magistratura boʻlimi Boshlangʻich taʼlim yoʻnalishi magistranti

Qilichova Marjona Oʻktam qizi 2002-yil 12-iyunda Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida tugʻilgan. 2009-2010-yillar tumandagi 83-umumiy oʻrta taʼlim maktabida tahsil olgan. 2010-2020-yillari esa 9-davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabida tahsil olgan. 2018-yil 9-sinfni aʼlo darajali shahodatnoma bilan, 2020-yil esa 9-DIUMni aʼlo darajali attestat bilan tamomlagan. Oʻquvchilik davrlarida har bir oʻquv yilini namunali yakunlagan hamda 3-4-sinf davrlarida “Mitti olimpiada” tuman, viloyat bosqichlarida faxrli I-II-oʻrinlarni qoʻlga kiritgan. 2013-2016-yillari “Bilimlar bellashuvi”da ingliz tili fanidan faxrli oʻrinlarni egallagan boʻlsa, 2017-2020-yillarda fan olimpiadalarida matematika, informatika, kimyo, ona tili fanlaridan faol ishtirok etib, maktabning faxrli oʻquvchilari qatoridan joy olgan. Fanlarni yaxshi oʻzlashtirish bilan bir qatorda madaniy-maʼrifiy tadbirlarda, koʻrik-tanlovlarda faol ishtirok etgan va “Kamalak”, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faol, tashabbuskor aʼzosi boʻlgan. “Yosh matematik”, “Xorazmiy avlodlari”, “Kitobxon haftaligi”, shuningdek, turli mavzulardagi insholar tanlovida birinchilikni qoʻlga kiritgan.

Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan iqtidorli oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, oʻzaro doʻstona munosabatlarini mustahkamlash, intellektual qobiliyatlarini rivojlantirish, fanlardan olgan bilimlarini namoyon etishlariga imkoniyat yaratish maqsadida 2017-2018-oʻquv yillarida tashkil etilgan “Innovatsion olimpiada”da yuqori natijalarni olib diplom va estalik sovgʻalar bilan taqdirlangan. 2020-2021-oʻquv yili qabul uchun oʻtkazilgan test sinovida 173,5 ballni toʻplab, Qarshi davlat universiteti, Pedagogika fakulteti, Boshlangʻich taʼlim yoʻnalishi bakalavriat bosqichiga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilindi va uni 2024-yil imtiyozli diplom asosida tamomladi.

Talabalik davrlarida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Qarshi davlat universiteti boshlangʻich tashkiloti tomonidan tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan, “Eng aziz va eng moʻtabar ustoz” hamda shu kabi bir qator tanlovlarda faol ishtirok etib, diplom va sertifikatlar bilan taqdirlangan.  Shuningdek, konferensiya va anjumanlarda maqolalar chop ettirgan.

2024-yildan Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti Magistratura boʻlimi, Taʼlim-tarbiya nazariyasi va metodikasi(boshlangʻich taʼlim) yoʻnalishi magistranti sifatida tahsil olmoqda. U professor Mamanazar Djumaev ilmiy rahbarligida 2025-yil “Boshlangʻich sinf matematika darslarida matematik qonuniyatlar asosida bajariladigan topshiriqlar tizimini yaratishning didaktik imkoniyatlari’’ mavzusida ilmiy tadqiqot ishlari olib bormoqda. M. Qilichova Magistratura boʻlimida tashkil etilgan “Zakovat”, “Siz qonunni bilasizmi?”, “Anʼana va qadriyatlar beshigi — Vatan” kabi turli xil tadbir, tanlov va intellektual oʻyinlarda faol ishtirok etib kelmoqda.

Chop ettirgan ilmiy maqolalari:

1. Qilichova M.Oʻ. “Problem of improving education and science in the new development period of Uzbekistan” international online scientific-applied conference(17.05.2023, QarDU).

2. Qilichova M.Oʻ.Matematika darslarining sifatini oshirishda foydalaniladigan metodlar Modernizatsiya qilingan oʻquv dasturlari va darsliklarini amaliyotga samarali joriy qilish texnologiyalari: tahlil, metod va vositalar respublika onlayn ilmiy-amaliy konferensiya; 29.04.2022 QarDU). (pp.750-755)

3. Qilichova M.Oʻ.Boshlangʻich taʼlimda matematika oʻqitishda kompetensiyaviy yondashuvning xalqaro baholash dasturi masalalarida Raqamli taʼlim muhitida boshlangʻich taʼlimga innovatsion yondashuv masalalari respublika ilmiy-amaliy anjumani; 04.10.2024, TDPU (pp.60-65)

4. Qilichova M.Oʻ. Matematika oʻqitishda  kompetensiyaviy yondashuv masalalari. Buxoro viloyati pedagogik mahorat markazi) “Zamonaviy sifatli taʼlim tendensiyalari: xalqaro tajribalar va rivojlanish istiqbollari” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya; 31.10.2024, (pp.185-192)

5. Qilichova M.Oʻ. Oʻquvchini matematikaga qiziqtirish omillari. Maktabgacha va maktab taʼlimi pedagogik, psixometodologik va tabiiy fanlarga ixtisoslashgan ilmiy jurnal; (13.02.2025, TDPU) ( pp.222-227)