MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

OYMATOV RUSTAM KAMARIDDINOVICH

OYMATOV RUSTAM KAMARIDDINOVICH

Geodeziya kartografiya ixtisosligi boʻyicha falsafa doktori, dotsent “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Geodeziya va geoinformatika kafedrasi mudiri

Oymatov Rustam Kamariddinovich  1986-yil 15-fevralda Buxoro viloyati Olot tumanida tug‘ilgan. 1993-1999-yillari – 1-umumta’lim maktabi, 1999-2002-yillari – Buxoro viloyati Olot tumanidagi fizika-matematikaga ixtisoslashtirilgan litseyda tahsil olgan. 2003-2007-yillari Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining (hozirgi “TIQXMMI” milliy tadqiqot universiteti) “Geodeziya, kartografiya va kadastr” mutaxassisligi bo‘yicha bakalavriat bosqichi va 2007-2009-yili Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining “Kartografiya” mutaxassisligi bo‘yicha magistratura bosqichida tahsil olgan.

Ilmiy-pedagogik mehnat faoliyatini 2009 yildan 2016-yilgacha Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti “Geodeziya va yer kadastri” kafedrasi assistenti, 2016-yildan 2017-yilgacha katta o‘qituvchi, 2017-yildan 2019-yilgacha kafedra dotsenti lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Kafedrada dotsent lavozimlaridan tashqari 2017-yildan 2019-yillar oralig‘ida institut Ilmiy Kengash kotibi va “Marketing bo‘lim” boshlig‘i lavozimlarida ham faoliyat ko‘rsatgan. 2019-yildan hozirgi kunga qadar “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti “Geodeziya va geoinformatika” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

Ilmiy-pedagogik faoliyati davomida bir nechta xorijiy davlatlarda soha bo‘yicha malakasini oshirgan. Jumladan, 2011-yilda “Erasmus Plus” va “DsinGIS” xalaqaro loyihasi doirasida Avstriya, 2022-yilda Rossiya Federatsiya Moskva geodeziya va kartografiya universiteti, Moskva yer tuzish universiteti, 2024-yilda Ispaniyaning Valensiya politexnika universiteti, Xitoyning Xidian universiteti va “Mino Space” xususiy tijorat sun’iy yo‘ldosh kompaniyasi shular jumlasidandir.

2016-yil O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-fevraldagi 32-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovida ishtirok etib, “Eng yaxshi pedagog-tadqiqotchi” nominatsiyasi bo‘yicha Respublikada birinchi o‘rinni egallagan.

Oymatov Rustam Kamariddinovich geodeziya, kartografiya va geoinformatika sohasining o‘quv va ilmiy-tadqiqot jabhalarida faoliyat yuritib kelmoqda.  

U 2021-yil “Geoaxborot tizim va texnologiyalar asosida qishloq xo‘jaligi elektron kartalarini tuzish uslubini takomillashtirish” mavzusidagi 11.00.06-Geodeziya. Kartografiya ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. O‘quv va ilmiy-tadqiqot faoliyati davomida 70 dan ortiq o‘quv-ilmiy ishlar e’lon qilingan, jumladan, geodeziya, kartografiya, geoinformatika, yerni masofadan zondlash sohalarini qamrab olgan 3 ta darslik, 15 ta o‘quv qo‘llanma, 50 dan ortiq ilmiy maqola, 10 ta uslubiy ko‘rsatmalardir. R.Oymatov Xalqaro va respublika miqyosida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyalarning faol ishtirokchisidir. Xalqaro ilmiy nashrlarda, “Web of Science” va “Scopus” bazasiga kiritilgan jurnallarda maqolalar chop etish bo‘yicha ham sezilarli natijalarga erishgan, 2021 yildan hozirgi kunga qadar jami 19 ta maqola chop etilgan bo‘lib, Scopus bazasidagi iqtibosliklar soni 270 dan ortiq hamda olim yoki tadqiqot guruhining mahsuldorligini baholash uchun ishlatiladigan metrik ko‘rsatkichi (h-indeks) 10 ga teng.

Kafedrada olib borilgan xalqaro hamkorlik natijalari e’tiborga loyiq. Bunga misol qilib, Moskva davlat geodeziya va kartografiya universiteti bilan olib borilgan ikki tomonlama aloqalar doirasida geodeziya, kartografiya sohasi bo‘yicha ilmiy maqolalar tayyorlash, mustaqil izlanuvchilar va doktorantlarga ilmiy rahbarlik qilish, Geodeziya fani bo‘yicha o‘quv amaliyotlarini tashkil qilishda har ikki tomon universitet talabalarini jalb qilish, qo‘shma ilmiy tadqiqot loyihalar olib borish, xalqaro konferensiyalar tashkil qilish, hamkorlikda ilmiy loyihalarda ishtirok etish, kafedralar va talabalar uchun seminar-trening o‘tkazish hamda talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi kabi kelishuvlarga erishilgan.

Kelishuv natijalarining yorqin namunasi sifatida Moskva davlat geodeziya va kartografiya universiteti tomonidan tashkil qilingan malaka oshirish kurslarida kafedraning 10 nafar professor-o‘qituvchilari soha bo‘yicha malakalarini oshirib diplom olishgan.

R.Oymatov kafedra mudiri faoliyatidan tashqari turli darajadagi ilmiy-tadqiqot ishlarida ham samarali faoliyat yuritib kelmoqda. U «Sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlarining ekologik holatini xarita olish uslubini takomillashtirish», O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi innovatsion rivojlantirish agentligi bilan “Geofazoviy usullar orqali organik va an’anaviy dehqonchilikni qo‘llab-quvvatlash” Davlat granti loyihasi (2023-2025), Yevropa komissiyasining Erasmus+ dasturi tomonidan e’lon qilingan ERASMUS-EDU-2023-CBHE №101129032 «LESLIE: Markaziy Osiyoda yer resurslari boshqaruvi, atrof-muhit va qattiq chiqindilar ta’limi hamda biznesi» (2023-2026), “Masofadan zondlash, meteorologik ma’lumotlar va Geo-AI usullarini integratsiyalash orqali iqlimga moslashuvchan qishloq xo‘jaligini tashkil etish” kabi xalqaro ilmiy grantlarning katta ilmiy xodimi va faol ishtirokchisi hisoblanadi.

R.Oymatov bir nechta xalqaro va mahalliy ilmiy jurnallarda tahririyat a’zosi va bosh muharriri lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda. Olib borgan samarali mehnat faoliyati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kadastr agentligi tomonidan munosib taqdirlangan.

R.Oymatov ilmiy-ijodiy faoliyat bilan bir qatorda tashkiliy ishlarni ham muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Jumladan, 2024-yilda uning rahbarligida 1 nafar talabala “Beruniy” nomli davlat stipendiyasi g‘olibi, 2 nafar talaba “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti tomonidan joriy qilingan stipendiya sohibi bo‘lishgan.

R.Oymatov rahbarligida “Erasmus+ International Credit Mobility” dasturi гранти ғолиби сифатида Geodeziya va geoinformatika magistratura bosqichi talabalaridan 1 nafari Avstriyaning Zalzburg universitetida, 2 nafar doktorantura tadqiqotchilari doirasida Vengriyaning Obuda universitetida stajirovka va o‘qishlarini davom ettirishmoqda.

Oymatov Rustam Kamariddinovich hozirgi kunda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanazatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti “Geodeziya va geoinformatika” kafedrasi mudiri sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. 2023 yildan R.Oymatov O‘zbekiston respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlarda, jumladan, “Geodeziya, kartografiya va geoinformatika”  jurnalida bosh muharrir sifatida faoliyat yuritmoqda.