Muxlisa Omonova Do‘stnazarovna 1995-yil 24-aprel kuni Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 2013-2017-yillarda Toshkent davlat agrar universitetida tahsil olgan. Ta’lim sohasidagi ilk mehnat faoliyatini 2017-yili Toshkent viloyati xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida maxsus fanlar kafedrasida ishlab chiqarish ta’limi ustasi sifatida boshlagan.
2018-2019-yillarda ushbu kollejda axborot-kitobxona texnologiyalari bo‘yicha yetakchi mutaxassis, 2021-yili esa Toshkent tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabida ustaxona mudiri vazifasida mehnat faoliyatini davom ettirgan. 2020-2022-yillarda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnik universitetining magistratura bosqichida tahsil olgan.
2021-yildan Chirchiq davlat pedagogika universitetida mustaqil izlanuvchi sifatida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borib, 2024-yildan shu universitetda Boshlang‘ich ta’lim nazariyasi kafedrasi o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, 2024-yildan boshlab Alfraganus nomidagi nodavlat oliy ta’lim muassasasida Pedagogika va psixologiya kafedrasida dotsent v.b. sifatida faoliyat olib bormoqda.
Omonova M.D. pedagogik innovatsiyalar, tanqidiy fikrlashni rivojlantirish, individual yondashuv va axborot texnologiyalarini ta’limda qo‘llash sohalarida faol tadqiqotlar olib boradi. Uning qalamiga mansub “Pedagogik texnologiya”, “CLIL texnologiyasi va inklyuziv ta’lim”, “Tanqidiy fikrlashni rivojlantirish texnologiyalari” kabi o‘quv qo‘llanma va darsliklar shular jumlasidandir.
U 2025-yil 22-30-aprel kunlari Turkiyaning Konya shahrida joylashgan Saljuk universiteti tashabbusi bilan tashkil etilgan XIV Al-Farobiy xalqaro ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar kongressida maxsus ma’ruzasi bilan ishtirok etgan. IKSAD universitetining 12 soatlik ma’ruza kursida ham qatnashgan va tamomlagan. PAUD o‘quv dasturlari doirasida 2025-yilning yanvaridan iyuniga qadar Indoneziya pedagogika universitetining Boshlang‘ich ta’lim kafedrasi talabalariga 16 soatlik dars mashg‘ulotlari olib borgan.
Omonova Muxlisa xalqaro va respublika miqyosidagi konferensiyalarda faol ishtirok etgan. Jumladan, “Modern Education and Development” (2024), “New Renaissance” (2023), Jizzax va Guliston shaharlarida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjumanlarda ma’ruza bilan qatnashgan.
Ilmiy-ijodiy faoliyatidan tashqari, u bir qator hammualliflikdagi ishlarga ham mualliflik qilgan. Jumladan, pedagogika sohasida faoliyat yuritayotgan yetakchi olimlar bilan hamkorlikda tayyorlangan maqolalari mamlakatimizdagi va xalqaro ilmiy jurnallarda e’lon qilingan. Uning muallifligida “Pedagogik texnologiya” darsligi (ro‘yxat raqami №491249), “Inklyuziv va korreksion ta’limda CLIL texnologiyasi” (ro‘yxat raqami №391331), “Texnologiyalarni o‘qitish metodikasi” kabi o‘quv qo‘llanmalari tayyorlangan. Qolaversa, 2025-yilning may oyida “Individual ta’lim tamoyillari asosida talabalarning tanqidiy fikrlashini rivojlantirish” nomli 124 betdan iborat monografiyasi nashr ettirilgan, shuningdek ushbu monografiya Indoneziya nashriyotida ham indonez tilida nashr ettirilishi uchun shartnoma imzolangan.
Uning ilmiy maqolalari “Higher School”, “Science and Innovation”, “Academic Research in Educational Sciences”, “Education, Science and Innovation” kabi jurnallarda chop etilgan. Ayrim ilmiy ishlari Scopus platformasi tomonidan indeksatsiya qilingan bo‘lib, bu uning ilmiy salohiyatining xalqaro darajada e’tirof etilayotganidan dalolat beradi.
Muxlisa Omonova o‘z maqolalarida boshlang‘ich ta’limda integratsiyalashgan yondashuv, pedagogik klasterlarda tanqidiy fikrlashni shakllantirish, axborot ta’lim muhitining imkoniyatlari va talabalarning mustaqil faoliyatini tashkil etish kabi dolzarb mavzularni tahlil qiladi.
Jumladan:
– “Boshlang‘ich ta’limda integratsiyalashgan yondashuv va uning xususiyatlari”;
– “Kelajak pedagoglarida zamonaviy kompetensiyalarni shakllantirish”;
– “Talabalarda tanqidiy fikrlashni rivojlantirishda axborot-ta’lim texnologiyalarining pedagogik imkoniyatlari”;
– “Innovatsion pedagogik klaster sharoitida tanqidiy fikrlashga o‘rgatish shart-sharoitlari”;
– “Talabalarda tanqidiy fikrni shakllantirish bosqichlari” va boshqalar.
Omonova M.D. bir necha xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjumanlarda faol ishtirok etgan. Jumladan, 2023-2024-yillarda Toshkent, Guliston, Jizzax shaharlarida o‘tkazilgan konferensiyalarda ma’ruzalar bilan ishtirok etib, pedagogik bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, individual yondashuv asosida ta’lim sifatiga erishish kabi masalalar yuzasidan tadqiqotlar taqdim etgan. Uning “Tanqidiy fikrni shakllantirish bosqichlari”, “O‘quvchilarda mustaqil faoliyatni tashkil etish” va “Shaxsiy yondashuv asosida o‘quvchining o‘zini baholash metodikasi” kabi maqolalari yosh pedagoglar uchun amaliy yo‘riqnoma vazifasini o‘taydi.
U, shuningdek, tilshunoslik va pedagogik psixologiya sohalaridagi mavzularda ham ish olib borib, ingliz va o‘zbek tillarida zamon va xususiyatlar qiyosiy tahlili, o‘smirlardagi tajovuzkorlikning psixologik jihatlari, fikrlashning kognitiv ko‘rsatkichlari kabi mavzularda ham izlanishlar olib borgan.
Omonova Muxlisa Do‘stnazarovna – mustaqil fikrlaydigan, ilmiy tadqiqotga intiluvchan, tajribali pedagog sifatida ta’lim-tarbiya sohasida faoliyat yuritib, yoshlar uchun namuna bo‘la oladigan zamonaviy pedagog-olimalardan biridir.