MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

NURALIYEV RUSTAM TURGUNOVICH

NURALIYEV RUSTAM TURGUNOVICH

Iqtisod fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Tadqiqotlar markazi boʻlim mudiri

Nuraliyev Rustam Turgʻunovich 1959-yilda Toshkent shahrida ziyoli oilasida tugʻilgan, millati oʻzbek. 1989-yildan buyon iqtisodiyot fanlari nomzodi, 2024-yilda katta ilmiy xodim unvonini olgan.

Umumiy ish faoliyati 43 yil, ilmiy va pedagogik ish faoliyati – 3 yil, shundan Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish  markazining boʻlim mudiri sifatida – 3 yil.

R.T.Nuraliyev 1980-yili Toshkent xalq xoʻjaligi instituti (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) “Reja-iqtisodiyot” fakultetining “Xalq xoʻjaligini rejalashtirish” yoʻnalishi boʻyicha imtiyozli diplom bilan tamomlagan.

Dastlabki mehnat faoliyatini 1980-yilda Davlat reja qoʻmitasi huzuridagi Mehnatni ilmiy tashkil qilish va ishlab chiqarishni boshqarish respublika ilmiy markazida iqtisodchi lavozimida ishlashdan boshlagan. U 1980-1982-yillarda harbiy xizmatda boʻlgan. 1982-1985-yillarda Oʻzbekiston SSR Fanlar Akademiyasining Iqtisodiyot instituti aspiranturasida sirtqi shaklda oʻqigan. 1982-1993-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining Istiqbolni belgilash va statistika Davlat qoʻmitasida yetakchi iqtisodchi, boʻlim boshligʻi oʻrinbosari, boʻlim boshligʻi lavozimlarida ishlagan.

1993-1997-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulk qoʻmitasi raisining oʻrinbosari, raisning birinchi oʻrinbosari lavozimlarida faoliyat koʻrsatgan. Keyinchalik, turli tashkilotlarda turli rahbar lavozimlarda, jumladan 1998-2000-yillarda Oʻzbekiston-Turkiya ishbilarmonlar xalqaro uyushmasi “UTID” bosh direktor oʻrinbosari, 2000-2008-yillarda Oʻzbek va xorijiy mamlakatlar tadbirkorlari “Uz-For Ent International” xalqaro tashkilotining boshqaruv va kengash raisi, 2008-2013-yillarda “Oʻzpaxtamash” OTAJ bosh direktor oʻrinbosari, bosh direktorning birinchi oʻrinbosari, 2013-2014-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Toshkent shahar hokimiyati huzuridagi “Yoshlar ijod saroyi” davlat korxonasida iqtisod boʻyicha maslahatchi, 2013-2018-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Toshkent shahar hokimligi “Yakkasaroy kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi” DUK direktori, 2019-2020-yillarda “YOʻL-LOYIHA BYUROSI” MCHJ moliya-iqtisod boʻlimi boshligʻi lavozimlarida samarali faoliyat yuritgan.

U hozirda 2022-yil fevral oyidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazida “Davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish” boʻlimi mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

R.T.Nuraliyev  mamlakatimizda  ilmiy tadqiqot sohasida murakkab masalalarni hal qilishda tashabbuskor va oʻziga masʼuliyatni qabul qilishga qodir boʻlgan ilmiy xodim, qolaversa, oʻz sohasining yetuk mutaxassisi boʻlgan iqtisodchi olim sifatida bir necha yillar ichida oʻzini koʻrsata olgan.

1980-1997-davr mobaynida, hamda oxirgi uch yil davomida sohalar kesimida boshqaruvning nazariy, uslubiy va amaliy muammolarini keng tadqiq etib, amaliyotda qoʻllab kelmoqda, xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish sohalari boʻyicha katta tajribaga ega mutaxassis hisoblanadi. Dissertatsiya himoyasidan keyin u bugungi kunga qadar mamlakatimizda davlat aktivlarini boshqarish, korporativ boshqaruv, korxonani boshqarish sohalarini rivojlantirishga doir 42 ta ilmiy va uslubiy ishlar, jumladan 20 tasi ilmiy jurnallarda ilmiy maqolalar (shundan 13 tasi nufuzli xorijiy ilmiy jurnallarda), 18 ta maqola va tezislar xalqaro hamda respublika ilmiy-amaliy konferensiya toʻplamlarida (shundan 4 tasi xorijiy konferensiya toʻplamlarida) chop etgan va 4 ta mualliflik guvohnomalari olgan.

50 dan ortiq ilmiy ishlari chop etilgan, shulardan 42 tasi dissertatsiya himoyasidan keyin eʼlon qilingan.

R.T.Nuraliyev iqtisodiyot fanining boshqaruv sohasi boʻyicha nafaqat nazariyotchi, balki yetuk amaliyotchi olim hamdir. U 10 dan ziyod ilmiy va amaliy ishlanmalar (sh.j. normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, ilmiy taklif va tavsiyalar, tahliliy va doklad maʼlumotnomalari va h.k.) muallifi hisoblanadi. Shuningdek, bugungi kunga qadar respublika iqtisodiyoti rivojlanishining turli bosqichlarida davlat aktivlarini boshqarish, xususan xususiylashtirish bilan bogʻliq meʼyoriy-huquqiy bazani shakllantirish va rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshdi.

R.T.Nuraliyev oʻz bilimi va koʻnikmalarini rivojlantirish maqsadida muntazam ravishda turli zamonaviy yoʻnalishlardagi trening kurslarida malakasini oshirib, amaliy tajribasini orttirib keladi. R.T.Nuraliyev respublikada bir qator turli ilmiy tadbirlarda, jumladan ilmiy-amaliy konferensiyalarda, ilmiy seminarlarda oʻz maʼruzalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda.

Jumladan:

- Markaz tomonidan 2022-yil 22-noyabrda tashkil etilgan va oʻtkazilgan ilmiy seminarda.;

- Markaz tomonidan 2023-yil 13-iyulda tashkil etilgan va oʻtkazilgan ilmiy seminarda;

- Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2023-yil 17-noyabrda oʻtkazilgan “Milliy iqtisodiyot barqarorligini taʼminlash va yalpi ichki mahsulotda sanoat ulushini oshirish istiqbollari” respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida;

- Markaz tomonidan 2023-yil 26-dekabrda tashkil etilgan va oʻtkazilgan ilmiy seminarda;

- Markaz tomonidan 2024-yil 8-avgustda tashkil etilgan va oʻtkazilgan ilmiy seminarda.

R.T.Nuraliyev Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi bir necha ishchi guruhlar aʼzosi sifatida samarali faoliyat olib boradi. Jumladan:

- Davaktiv agentligining kelgusi besh yillikdagi Strategiyasi loyihasini ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh aʼzosi (2024-yil);

- Davlat mulkidan foydalanish qoidalari va davlat mulkini boshqarish samaradorligini baholash tartibini ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh aʼzosi (2023-yil);

- Davlat uy-joy fondidan foydalanish va uni tasarruf etish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish boʻyicha ishchi guruh aʼzosi  (2022-yil).

R.T.Nuraliyev, shu bilan birga, bir necha aksiyadorlik jamiyatlarida, jumladan “Olmazor kichik sanoat zonasi” AJ (2023-yil – h/v), “Xovrenko nomidagi Samarqand vino zavodi” AJ (2023-yil – h/v), “Jizzaxplastmassa” AJ (2023-yil – h/v) kuzatuv kengashlari aʼzosi, “Yoʻl loyiha byurosi” MCHJ (2023-yil – h/v) kuzatuv kengashining raisi sifatida faol qatnashib, oʻzining ilmiy faoliyatini amaliyot bilan yaqin aloqada olib boradi, amaliyotdagi korporativ boshqaruv bilan bogʻliq muammolarni yechishda oʻz hissasini qoʻshib keladi.

R.T.Nuraliyev shu kunga qadar Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan Markazning tasdiqlangan choraklik ilmiy-tadqiqot mavzulari doirasida bir qancha ilmiy izlanishlarda ishtirok etgan va ilmiy natijalar olgan

R.T.Nuraliyev Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazining maʼnaviy-maʼrifiy ishlari va tadbirlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Bundan tashqari, u Markazning kasaba uyushmasi rahbari, shu bilan birga Faxriylar kengashi raisi hisoblanadi.

U Markazning jamoa ishlarida faol qatnashib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari hamda ilm-fan tizimidagi va iqtisodiy sohadagi islohotlarni va ulardagi oʻzgarishlarni oʻz vaqtida Markazning ilmiy xodimlariga kasaba uyushma yigʻilishlarida yetkazib bormoqda.

R.T.Nuraliyev oxirgi 2 yil ichida oliy taʼlim va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimidagi attestatsiya jarayonida faol ishtirok etgan. Jumladan:

- Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining 2023-yil 31-martdagi 99-sonli buyrugʻiga asosan “Korporativ boshqaruv” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha Yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlari boʻyicha Yakuniy davlat attestatsiya komissiyasining raisi etib tayinlangan.

R.T.Nuraliyev intizomli, bilimli va talabchan xodim sifatida oʻziga yuklatilgan vazifalarni oʻz vaqtida bajaradi. Oʻtgan davr ichida R.T.Nuraliyev oʻzining toʻgʻri soʻzligi, qatʼiyati va mehnatsevarligi bilan Xususiylashtirish va davlat aktivlarini boshqarish muammolarini tadqiq etish markazining jamoasi orasida hurmat qozongan. Hozirgi paytda R.T.Nuraliyev Oʻzbekistonni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga real xizmat qiladigan hamda jamiyat uchun yuqori malakali va intellektual salohiyatli  kadrlarni tayyorlash imkoniyatiga ega boʻlgan oʻziga xos olimlar qatorida faoliyat olib bormoqda. Bugungi kunda u 2026-2030-yillarga moʻljallangan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatining asosiy ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Strategiyasi loyihasini ishlab chiqish ustida ilmiy ish olib bormoqda.