MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

NIYAZOVA XAFIZA XAKIMOVNA

NIYAZOVA XAFIZA XAKIMOVNA

Sanʼatshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik instituti katta ilmiy xodimi

Niyazova Xafiza Xakimovna 1985-yil 15-sentyabrda Toshkent shahrida ishchi oilasida tugʻilgan. 2003-yilda Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 201-maktabni aʼlo baholar bilan tamomlagan. Oilali, 4 qizning sevimli onasi.

2003-yilda Toshkent davlat sanʼat institutining “sanʼatshunoslik jurnalistikasi” boʻlimiga oʻqishga kirgan. 2006-yilda Oʻzbekiston davlat Sanʼat instituti tarixida birinchi boʻlib Navoiy nomli davlat stipendianti deb eʼtirof etilgan va 2007-yilda ushbu oliygohning sanʼatshunoslik jurnalistikasi boʻyicha magistratura boʻlimiga imtihonsiz, imtiyozli ravishda qabul qilingan. 

X.Niyazova talabalik yillarida “Kamolot” stipendianti (2005), “Talaba-yoshlar ijodiyoti festivalining” “Yilning eng faol talabasi” (2005), Navoiy nomli davlat stipendianti (2006), “Iqtidorli talabalar uchun stipendiyalar dasturi” gʻolibi (2006), “Amir Temur tanlovi” gʻolibi (2006), “TV art-2008” tanlovining “Eng yaxshi sanʼatshunos jurnalist ishi” hamda “Talaba-yoshlar ijodiyoti festivalining” “Yilning eng yaxshi magistrlik dissertatsiyasi” (2009) nominatsiyalari gʻolibi boʻlgan.

Bundan tashqari, Xafiza Xakimovna ilmiy nashrlari, maʼnaviy-maʼrifiy sohadagi faolligi, qator tanlovlardagi ishtiroki bois 40 ga yaqin faxriy yorliq, diplom va sertifikatlar bilan taqdirlangan. Oʻzbek kino sanʼati muammolari bilan bogʻliq turli mavzularda OAVlaridagi faolligi bilan ajralib turadi.

X.X.Niyazova 2010-2012-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik institutining “Kino va televideniye” boʻlimi aspiranturasiga oʻqigan. U 2013–2024-yillar mobaynida mazkur boʻlimda kichik ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borgan.

2024-yilda “Mustaqillik davri Oʻzbekiston badiiy kinosida zamondosh obrazi” mavzusida sanʼatshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Hozirga qadar X.X. Niyazovaning respublika hamda xorijiy ilmiy jurnallar, konferensiya toʻplamlarida kino sanʼatining turli dolzarb masalalariga bagʻishlangan 50 dan ziyod ilmiy maqolasi nashr etilgan. Olimaning bir qancha ilmiy maqolalari Amerika, Rossiya, Turkiya, Hindiston ilmiy jurnal hamda konferensiya materiallari toʻplamlarida nashr etilgan.

X.Niyazova 2024-yil 23-sentabrdan “Kino va televideniye” boʻlimi katta ilmiy xodimi sifatida ilmiy izlanish olib bormoqda.  U boʻlim tomonidan amalga oshirilgan quyidagi ilmiy loyihalarda ham ishtirok etgan:

2012–2014-yillarda A-1-FA-0-19116 – “Mustaqil Oʻzbekiston kino sanʼati: ijtimoiy funksiyalari va poetikasi” ilmiy-amaliy loyihasi.

2. 2015–2017-yillarda FA-A1-G023 P3-2014-0912152733 – “Oʻzbekiston teatr va kino sanʼatining shakllanishi va rivojlanish jarayonlari ijtimoiy-madaniy evrilishlar kesimida” ilmiy loyihasi.

3. 2018–2020-yillarda 702 PZ-20170928517 – “Teatr, kino va musiqa ustalari ijodi  Oʻzbekiston milliy madaniyatining ustuvor omili sifatida” ilmiy loyihasi.

X.Niyazova 2021-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangan. 2022-yilda Toshkent shahri Yangihayot tumani “Chorbogʻ” mahallasidagi “Maʼrifatli ayol” deb eʼtirof etilgan. 2024-yilda “Science and innovation awards” tanlovida “Yilning eng yaxshi yosh olimi” nominatsiyasi finalisti sifatida eʼtirof etilgan.

2022 – “Ilm-fanda yosh xotin-qizlarning oʻrni. Yangi tendensiyalar va istiqbollar” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyasi faol ishtirokchisi.

2022 – “Zamonaviy sanʼat muammolari va istiqboli masalalari yosh olimlar nigohida” Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi faol tashkilotchi va ishtirokchisi.

2023 – “Zamonaviy sanʼat muammolari va istiqboli masalalari yosh olimlar nigohida” Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi faol ishtirokchisi.

2023 – “Sanʼat va madaniyat: ilmiy-amaliy izlanishlar yoʻlidagi odimlar” ilmiy-amaliy konferensiyasi faol ishtirokchisi.

2024 – “Science and innovation” ilmiy jurnalida doimiy ravishda maqola chop ettirgani uchun tashakkurnoma.