MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

MUHIDDINOVA  OQILA  TULQIN QIZI

MUHIDDINOVA OQILA TULQIN QIZI

Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnalogiyalar vazirligi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot Texnologiyalari Universitetining Dasturiy injiniring fakulteti “Oliy matematika” kafedrasi v.b. dotsenti hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Аkademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutining “Differensial tenglamalar va uning tatbiqlari” ilmiy laboratoriyasi katta ilmiy xodimi

Muhiddinova Oqila Tulqin qizi 1992-yili 10-iyulda Navoiy viloyati Xatirchi tumani Xoʻja qishlogʻida tavallud topgan 10-oʻrta umumta’lim maktabini a’lo baholari va namunali xulqi bilan muvaffaqiyatli tamomlagan. Shuningdek, maktab davridayoq koʻplab sohalarga qiziqqanligi sababli, oʻzi oʻqigan umumta’lim maktabiga qoʻshimcha ravishda Yunus Rajabiy nomidagi musiqa maktabida “dutor” yoʻnalishi boʻyicha ham a’lo baholar bilan tamomlab maktab diplomini qoʻlga kiritgan. Shu bilan birga uning oilasida koʻpchilik matematiklar boʻlishgani sababli matematika sohasiga ham qiziqa boshlagan.

O.T.  Muhiddinova 2009-2013-yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti bakalavriatini, 2013-2015-yillarda esa Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti magistraturasini namunaviy xulqi va a’lo baholari bilan muvaffaqiyatli tamomlagan. Ilmga chanqoqligi sababli, 2020-yilda Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining V.I. Ramonovskiy nomidagi Matematika tadqiqot instituti tayanch doktoranturasiga o‘qishga topshirib 2022-yilda “Yuqori tartibli differensial tenglamalar uchun boshlangʻich-chegaraviy va teskari masalalar” mavzusidagi PhD dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. Uning tadqiqotlari amaliy matematika va kasr hosilali differensial tenglamalar sohalaridagi muhim muammolarni hal qilishga qaratilgan.

O.T.Muhiddinova mamlakatimiz doirasida muammolarni matematik usullar bilan hal qilishdagi hissasi ham e’tiborga molik. 2020-yilda, COVID-19 pandemiyasi davrida, virusning tarqalish tezligini bashorat qilishga ehtiyoj tugʻildi. Shu sababli, davlat rahbariyati topshirigʻi bilan Matematika institutida tashkil etilgan ishchi ilmiy guruh professori Ashurov rahbarligida va professor S.R. Umarov (AQSH), professor Y.Tsyuan Butun Chen (Kaliforniya, AQSH) va Johns Hopkins universiteti bilan hamkorlikda pandemiyani bashorat qilish boʻyicha ilmiy izlanishlar olib bordi. Kasr tartibli operatorlar boʻyicha teskari masalani hal etish orqali qurilgan model natijalari 2020 yil 8-apreldan yil oxirigacha Vazirlar Mahkamasiga taqdim etib borildi.

O. T. Muhiddinova 45 ga yaqin ilmiy ishlar muallifidir. Shulardan 15 ga yaqin ilmiy maqolasi xalqaro va mahalliy jurnallarda chop etilgan. Ulardan 10 dan ortigʻi Scopus bazasiga kiritilgan, Q1 va Q2 toifasidagi yuqori impakt-faktorga ega xalqaro jurnallarda e’lon qilingan. Bundan tashqari, u toʻrtta monografiya va uchta uslubiy qoʻllanmani milliy va xalqaro nashriyotlarda chop ettirgan, shulardan ikkitasi Springer nashriyoti tomonidan nashr etilgan monografiyalardir.

Uning ilmiy ishlariga Scopus bazasida 72 marotaba iqtibos keltirilgan, h-indeksi esa 3 ga teng. Shuningdek, u oʻz ilmiy natijalarini 25 dan ortiq xalqaro va respublika ilmiy konferensiyalarida taqdim etgan. Shu bilan birga quyidagi “Решение краевых задач для дифференциальных уравнений с целыми и дробными порядками” nomli Ф-ФА-2021-424 fundamental grant loyihasida ham qatnashgan.

Akademik yutuqlaridan tashqari, Muhiddinova Oqila a’lo darajadagi kasbiy fazilatlarga ham ega. U murakkab matematik tushunchalarni oson va aniq ifoda etib tushuntira oladigan kuchli mahoratga ega.

Uning hamkorlikka ochiqligi, uning jamoadagi boshqa tadqiqotchilar va oʻqituvchilar bilan samarali ishlashga undaydi, bu esa sogʻlom ilmiy muhitni ta’minlaydi.

O.T. Muhiddinova hozirga qadar juda koʻplab yurtimiz oliy ta’limi va xalq ta’limi sohalarida samarali mehnat faoliyatida boʻlgan: 2014-2015-yillarda Toshkent Bank kolleji oʻqituvchisi. 2015-2016-yillarda Navoiy informatika va elektron sanoat kolleji oʻqituvchisi.

2017-2018-yillarda Navoiy Davlat konchilik instituti “Oliy matematika va axborot texnologiyalari” kafedrasi assistenti. 2018-2019-yillarda Toshkent viloyati, Zangiota tumani 40-umumtaʼlim maktab oʻqituvchisi. 2019-2020-yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti “Axborot xavfsizligi” kafedrasi oʻqituvchisi. 2020-2021-yillarda A. Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga   oʻrgatish milliy-tadqiqot instituti “Matematika” fanidan oʻqituvchisi. 2020-yildan hozirga qadar Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasining V.I.Ramonovskiy nomidagi Matematika tadqiqot instituti “Differensial tenglamalar va uning tatbiqlari” ilmiy laboratoriyasida ilmiy xodimi va 2022-yildan hozirga qadar Toshkent Axborot texnologiyalari universitetining “Oliy matematika” kafedrasi v.b. dotsenti lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda.

O.T. Muhiddinova ilm-fanga oʻzining hissasini qoʻshish bilan birga koʻplab koʻrik tanlovlarda ishtirok etib bir qator yutuqlarga erishib kelmoqda. Jumladan, 2019-yilda “Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi-2019” koʻrik tanlovining muvaffaqiyatli gʻolibalaridan boʻlgan.

Shuningdek 2020 yilda ZiyoForum Respublika ilm-fan va ta'limni rivojlantirish fondi tomonidan tashkil etilgan “100 ta yosh tadqiqotchilar” loyihasida ishtirok etib, o’zining yutuqlari bilan “Ziyolilar yosh tadqiqotchilar almanaxi” dan joy olgan. Shuningdek Innovatsiya vazirligi tarafidan tashkil etilgan “English for Science 2021” loyihasini muvaffaqiyatli tamomlagan. Shuningdek Shayx Muxammad Sodiq Muxammad Yusuf hazratlarining qizlari boshchiligida tashkil etilgan “Muslimat.uz” saytining “Men ham Olima boʻlaman” koʻrsatuviga taklif etilgan. Shuningdek, Ilmiy ishi turk tiliga tarjima qilinib “Oʻzbekistanʼın lider kadınları” (Oʻzbekistonlik lider ayollar) deb nomlangan turk antologiyasidan joy olgan.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 28.11.2023 yildagi “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-380-son qaroriga koʻra amalga oshirilayotgan. Yoshlar ishlari agentligi tomonidan jahonda mashhur 1000 ta kitob oʻzbek tiliga tarjima qilinayotgan, “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasida expert sifatida tanlab olinib, hozirda u yerda ham oʻzining faoliyatini yuritmoqda. Shuningdek, O.T. Muhiddinova yaqinda Qozogʻistonda boʻlib oʻtadigan ISAAC 2025 Travel Grants for Young Mathematicians grantini qoʻlga kiritdi.

U bir nafar nomdor stipendiyaga nomzod iqtidorli talabasi bilan ham birgalikda 10 dan ortiq ilmiy ishlar yozishib, samarali shugʻullanib kelmoqda.

O.T. Muhiddinova - kamtar, yuqori ilmiy salohiyatga ega olima, yuqori metodik mahoratga ega pedagog, oʻz ustida muntazam ishlovchi va yoshlarni ilmga jalb qiluvchi inson.

Ibratli ayol va oʻz maktabida aʼlo baholarga oʻqib fan olimpiadalaridan faxrli

1-oʻrinlarni olib yuradigan yaxshi xulqli sportsmen 1 oʻgʻil farzandning ibratli onаsi  hisoblanadi.