Matyoqubova Tozagul Rajapovna, 1971- yil 3- dekabrda Xorazm viloyati Qoʻshkoʻpir tumanida tugʻilgan. Umumtaʼlim maktabini tugatgach, Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU) ning Oʻzbek filologiyasi fakultetida (1989-1994), soʻngra UrDU aspiranturasida (1995-1998) tahsil olgan.
Maʼlumki, istiqlol sharofati bilan ijtimoiy-siyosiy hayotimizning barcha jabhalarida boʻlganidek, milliy adabiyotshunosligimizda ham tub oʻzgarishlar davri boshlandi. Xususan, oʻtmish adabiy meroslarimiz, ulugʻvor tarixiy-adabiy siymolarimiz merosini badiiy matnga tayangan holda, eʼtiqodiy asoslari, ijtimoiy-madaniy, adabiy-estetik ildizlari, hayotiy manbaalari nuqtai nazaridan qayta baholash ehtiyoji tugʻildi. Bu hol milliy va jahoniy yondashuvlar negizidagi yangicha estetik mezonlarga tayanib ish koʻrishni taqozo etardi. Chunki xalq inonchlari, ilohiy kitoblar va adabiy-tarixiy manbalar, jumladan Qurʼoni Karim, Hadisi sharif, Sharq-islom falsafasining asrlar sinovidan oʻtgan estetik anʼanalarini ilmiy-nazariy tadqiqotlarga faol jalb qilish imkonlari yuzaga kelgandi.
Ana shu hayotiy ehtiyoj va zaruriyat tufayli T.Matyoqubova filologiya fanlari doktori, professor Hamdam Abdullaev ilmiy rahbarligida 2001-yilda “Ogahiy sheʼriyatida anʼanaviy obrazlar talqini” mavzusidagi izlanishlarini yakunlab, nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ushbu monografik tadqiqotda Muhammadrizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiy sheʼriyatida faol qoʻllanilgan mifologik, tarixiy, diniy-tasavvufiy timsollar folklor, mumtoz adabiyot anʼanalarining ijodiy oʻzlashtirilishi, vorisiylik, adabiy izdoshlik, xalq hayotiga yaqinlik, ijodiy individuallik, poetik mahorat singari aspektlarda keng tahlil va tadqiq etildi.
Natijada Ogahiyning tarixiy-adabiy jarayondagi oʻrni belgilanib, obraz yaratish mahorati yangicha ilmiy-nazariy qarashlar asosida yoritildi va muayyan nazariy umumlashmalar chiqarildi.
Tozagul Matyoqubova Oʻzbekiston Respublikasi OAK Rayosati qaroriga koʻra dotsent ilmiy unvonida tasdiqlangan. (2010- yil 28- oktabr. Bayonnoma 168/1).
Matyoqubova Tozagul Rajapovna mehnat faoliyatini Urganch Davlat universiteti “Oʻzbek adabiyoti” kafedrasi (2000) da oʻqituvchilikdan boshlagan. Shundan keyin UrDUda katta oʻqituvchi (2001-2004), Oʻzbekiston Milliy universitetida doktorant (2004-2006) sifatida faoliyat yuritdi. U Oʻzbekiston davlat Jahon tillari universiteti “Publitsistika va adabiyotshunoslik” kafedrasida dotsent (2007) lavozimida ishladi.
Olima 2007-2016-yillarda Nizomiy nomidagi TDPU “Oʻzbek klassik adabiyoti” kafedrasi katta oʻqituvchisi (2007-2008), dotsenti (2008-2010), “Oʻzbek klassik adabiyoti” kafedrasi mudiri (2010-2011), “Oʻzbek adabiyoti” kafedrasi dotsenti (2011-2016) lavozimlarida faoliyat yuritdi. Bu yillarda kafedraning faoliyati nainki universitet, balki respublika va xorijiy OTM bilan munosabatlar hisobiga yanada kengaydi. Kadrlar koʻnimsizligiga barham berildi. Ilmiy salohiyati yanada yuksaldi. Respublika va Xalqaro hamkorlar bilan aloqalari mustahkamlandi.
Tozagul Matyoqubova 2016-yildan eʼtiboran Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining dotsenti lavozimida ishlab kelmoqda. Jumladan, “Oʻzbek adabiyotini oʻqitish metodikasi” kafedrasi dotsenti (2016-2018), “Oʻzbek adabiyoti tarixi va folklor” kafedrasi dotsenti (2018-2023), 2023-yildan hozirgacha “Oʻzbek tili va adabiyoti” kafedrasi dotsenti sifatida taʼlimning bakalavriat va magistratura bosqichi talabalariga ilgʻor texnologiyalar asosida zamon talablariga mos maʼruza va amaliy mashgʻulot darslarini oʻtib kelmoqda.
T.Matyoqubova yetuk pedagog, mehribon ustoz, faol jamoatchi boʻlish bilan bir qatorda, oʻz ilmiy nazariy tayyorgarligini muntazam oshirib boradigan zahmatkash olimadir. U oʻz tadqiqotlarida global va intensiv rivojlanayotgan davrimiz milliy adabiyotshunoslik oldiga qoʻygan adabiy-nazariy muammolarga xolis va obʼektiv munosabat bildirib kelmoqda. T.Matyoqubovaning badiiy matn mehvariga tayanib ilgari suriladigan individual nuqtai nazari, muammolarga ilmi-ijodiy yondashuv yoʻsini, nazariy konseptual kpozitsiyasi mavjud. Bu jihatlar uning koʻp yillik zahmatli izlanishlari samarasi sifatida yuzaga kelgan 6 ta risola, oʻquv va oʻquv-uslubiy qoʻllanmasi, 5 ta monografiyasi va koʻplab maqolalarida oʻz aksini topgan.
Eʼtiborli jihati shundaki mohir pedagog va fidoyi olima qalamiga mansub oʻquv va oʻquv-metodik qoʻllanmalar nainki, mamlakatimiz Oliy taʼlim tizimi, balki xorijiy mamlakatlarning OTMlarida ham faol qoʻllanib kelinilmoqda. Monografiyalarida ilgari surilgan ilgʻor ilmiy-nazariy qarashlar bugungi kunda amalga oshirilayotgan tadqiqotlar uchun muayyan darajada tayanch manba boʻlib xizmat qilmoqda. Masalan: “Obraz va talqin” (2002), “Gʻafur Gʻulom badiiyati” (2006), “Poetik idrok va mahorat” (2011), “Munaqqid maʼnaviy salohiyati” (2017), “Gʻafur Gʻulom badiiy estetik olami” (2023) singari monografik tadqiqotlari; “Peyzaj, poetik idrok, mahorat” (2002), “Isteʼdod va mahorat” (2003), “Oʻzbek mumtoz adabiyoti fanidan kurs ishilarning bajarilishi boʻyicha metodik tavsiyalar” (2009), “Alisher Navoiy hayoti va ijodi” (2010), “Oʻzbek adabiyotini oʻqitish metodikasi fanidan kurs ishilarni bajarish boʻyicha uslubiy qoʻllanma” (2017) nomli oʻquv, oʻquv-uslubiy qoʻllanma va risolalari ilmiy-adabiy jamoatchilik va keng kitobxonlar tomonidan iliq kutib olingan.
Adabiyotshunos olimaning “Alisher Navoiy hayoti va ijodi” (2024) nomli oʻquv qoʻllanmasi Afgʻonistonning Mazori Sharif shahrida “Bayoniy ijtimoiy farhangiy jamgʻarmasi” koʻmagida “Umid matbaasi” tomonidan eski oʻzbek yozuvida nashr etilib, qoʻshni yurt taʼlim tizimida oʻquv amaliyotiga tadbiq etilgan. Darhaqiqat, ushbu oʻquv qoʻllanma afgʻonistonlik talabalar uchun ulugʻ mutafakkir, gʻazal mulkining sultoni Alisher Navoiy hayoti va ijodiy merosini oʻrganishda muhim manba boʻlib xizmat qilmoqda.
T.Matyoqubovaning Scopus, Web of Science va jahon miqyosida umumeʼtirof etilgan indeksatsiyalangan maʼlumotlar bazalari roʻyxatiga kirgan nufuzli jurnallarida 20 ta, respublikamiz ilmiy jurnallari va toʻplamlarida 200 dan ortiq ilmiy maqolalari chop etilgan.
Uning Roʻdakiy, Bedil, Umar Xayyom, Jomiy, Navoiy, Ogahiy, Muqimiy, Furqat, Avaz singari mumtoz soʻz sanʼatkorlari; Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Hamza Abdulla Avloniy kabi jadid adabiyoti namoyandalari; Oybek, Gʻafur Gʻulom, Maqsud Shayxzoda, Erkin Vohidov, Omon Matjon va boshqa zamonaviy oʻzbek adabiyotining zabardast vakillari poetik merosining nafosati, badiiyati, shoiru adiblarning poetik mahorat sirlari haqidagi nazariy asoslari baquvvat, mazmundor maqolalari adabiyotshunoslik oldida turgan dolzarb masalalar tadqiq etilgani bilan ilmiy-adabiy jamoatchilik nazariga tushgan.
T.Matyoqubovaning “Gʻafur Gʻulom adabiy-estetik tamoyillariga doir”, “Tasvir va talqin rang-barangligi”, “Ijodkor izlagan imkoniyat”, “Obrazli tafakkur va poetik ifoda”, “Rudakiy va Gʻafur Gʻulom”, “Umar Xayyom va Gʻafur Gʻulom”, “Avlodlar ehtiromiga sazovor shoir”, “Oʻzbek xalqining moʻtabar shoiri” “Haq va diyonatning munavvar yoʻli”, “Bedil va Gʻafur Gʻulom” va boshqa koʻplab maqolalari bunga yorqin misol boʻla oladi.
Olima qalamiga mansub maqolalar nafaqat respublikamiz, balki AQSh, Rossiya Federatsiyasi, Chexiya, Slovakiya, Yugoslaviya, Hindiston, Qoreya Turkiya, Ozarbayjon singari xorijiy mamlakatlar nufuzli jurnallarida ham eʼlon qilingan. Jumladan: “Gafur Gulam ve Nazim Hikmet siirlerinde mustereklık ve bıreysellık” (2011), “Gloss of folk melodies” (2012), “Poetic character and its specific features” (2015), “Folk sʼirit and style in artistic creativity” (2020), “Laboratory works of Gafur Gulam: poetic image and imagery” (2020), “Creative enjoyment of Navoi.” (2021), “A mastery of affecting a student with a lyric feeling” (2021), “Lyric Experience in Gafur Gulamʼs Poetry” (2022), “Gafur Ghulamʼs lyrical expression of the spiritual experiences of “I am” (2022), “Poetic imagery of nature” (2023), “The Expression Of the poetʼs feelings in Gafur Gulamʼs poetry” (2024), “Philosophical-Aesthetic Conception: Community and individuality” (2024) singari koʻplab maqolalari bunga yorqin misol boʻla oladi. Bunday maqolalar oʻzbek adabiyoti jahon adabiyoti bilan bemalol boʻylasha olishini koʻrsatishi jihatidan alohida qimmat kasb etadi.
T.Matyoqubova Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti va Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti huzuridagi ilmiy darajalarberuvchi Ilmiy kengashlar qoshidagi Ilmiy seminarlar aʼzosidir.
Matyoqubova Tozagul Rajapovna bir qator ilmiy va adabiy-badiiy nashrlar: “Oʻzbekiston: til va madaniyat” (2022-2024), “World of Philologiy” kabi respublika miqyosidagi jurnallar, shuningdek “Filologik tadqiqotlar: til, adabiyot, taʼlim” ("Philological research: language, literature, education”/ "Filologicheskie issledovaniya: yazыk, literatura, obrazovanie", 2020 dan), hamda “Xalqaro ijtimoiy fan va inson tadqiqotlari jurnali” (“International Journal of social science and human research”, Hindiston, 2021 yildan) kabi xalqaro miqyosdagi jurnallarning tahririyat aʼzosidir.
T.Matyoqubova mohir pedag sifatida respublikamiz oliygohlari bilan bir qatorda, dunyoning top – 1000 talik roʻyxatiga kirgan nufuzli universitetlari talabalariga ham onlayn va oflayn tarzda yuqori darajadagi maʼruza va amaliy mashgʻulotlar oʻtib kelmoqda. Jumladan, olimaning M.Avezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universiteti (2022), L.N.Gumilyev nomidagi Evroaziya davlat universiteti (2023), Qozogʻiston Respublikasi Turkiston shahar Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti (2024), Turkiyaning Ege universiteti talabalariga oʻtgan dars mashgʻulotlari nafaqat milliy adabiyotimiz va adabiyotshunoslik ilmimizda kuzatilayotgan yangilanish jarayonlarini turkiyzabon xorijiy davlatlarga targʻib qilish, balki oʻzaro doʻstlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga ham muhim ulush boʻlib qoʻshilmoqda.
Matyoqubova Tozagul Rajapovna Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va boshqa mamlakatlarda oʻtkazilib kelinayotgan xalqaro ilmiy-nazariy, ilmiy-amaliy anjumanlar hamda seminar-treninglarda oʻz maʼruzalari bilan faol qatnashib kelmoqda. Bunday anjumanlar turkiyzabon ziyolilar bilan yaqin ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, oʻz yechimini kutayotgan dolzarb muammolarga hamjihatlikda optimal yechimlar topishga koʻmaklashishi, xalqlar va adabiyotlarning integratsiyasini taʼminlashi jihatidan ahamiyatga molikdir.
U 2017-yildan buyon muntazam tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Alisher Navoiy va XXI asr” nomli anʼanaviy xalqaro ilmiy anjumanda har yili oʻz maʼruzalari bilan faol ishtirok etib kelmoqda. Bu maʼruzalarda ulugʻ mutafakkir ijodiy merosining yangi qirralari kashf etilib, ilmiy-adabiy jamoatchilik hukmiga havola etilmoqda. Ushbu anjuman materiallari alohida toʻplam sifatida chop etilib, keng kitobxonlar diqqat-eʼtiborini tortmoqda. Bunday xayrli ishlar oʻtmish madaniy merosimizni asrab-avaylash, ulugʻvor adabiy siymolar ibratli hayot va ijod yoʻli orqali yosh avlod maʼnaviyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
T.Matyoqubova ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchilari, yuqori malakali filolog mutaxassislar tayyorlashga ham katta hissa qoʻshib kelmoqda. Uning bevosita rahbarligida oʻnlab yosh doktorant va mustaqil tadqiqotchilar filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun dolzarb mavzulardagi dissertatsion tadqiqotlar ustida izlanishlar olib borishmoqda. Ular orasida Zulfiya mukofoti va Davlat stipendiyasi sovrindorlari borligi taʼlimning uzviyligi hamda uzluksizligi taʼminlanayotgani jihatidan quvonchlidir. Olima iqtidorli shogirdlaridan Kumush Abdusalomova va Munojot Asqarovalar ilmiy tadqiqot ishlarini yakunlab, rasmiy himoya qilishga hozirlik koʻrishmoqda.
T.Matyoqubova 2022-yildan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi sifatida Respublikamizda oʻtkazib kelinayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda. “Sheʼriyat” ijodiy kengashlarining yil yakuniga bagʻishlangan hisobotlarida oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etgan. Bu hol uning ijtimoiy-maʼrifiy faoliyat doirasi tobora kengayib borayotganini koʻrsatadi.
T.Matyoqubova dolzarb mavzulardagi suhbat-muloqotlari bilan Oʻzbekiston teleradiokompaniyasining “Oʻzbekiston”, “Yoshlar”, “Mahalla”, “Madaniyat va maʼrifat”, “Oʻzbekiston tarixi” kanallari orqali efirga uzatilayotgan telekoʻrsatuv va radioeshittirishlarda muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Tozagul Matyoqubovaning koʻp yillik mehnatlari munosib qadrlanib, “Alisher Navoiy” va “Gʻafur Gʻulom” nomidagi koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan.
T.Matyoqubova nafaqat universitet professor-oʻqituvchilar jamoasi va talaba yoshlari, balki respublika ilmiy-adabiy jamoatchiligi orasida ham oʻz kasbining fidoyisi, talabchan, tashabbuskor va jonkuyar pedagog hamda bilimdon filolog olima sifatida alohida hurmat-eʼtiborga ega.
Bugungi kunda olima XX asr oʻzbek sheʼriyati va uning yetakchi adabiy siymolari ijodiy meroslari poetik serjiloligi sirlarini kashf etish muammolarini keng tadqiq etish yoʻsinida jiddiy izlanishlar olib bormoqda.