MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

MATTIYEV OʻTKIR

MATTIYEV OʻTKIR

Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, Toshkent Kimyo xalqaro universiteti Samarqand filiali dotsenti

Inson hayotining asosini mehnat va u orqali erishilgan muvaffaqiyatlar tashkil etadi. U hayoti davomida qanchalik muvaffaqiyatlarga erishib borsa, bu kamdek tuyulaveradi. Shu boisdan ham tinmay ilmiy, ijodiy faoliyatdan to‘xtamaydi. Bunday insonlarni hayotda ko‘plab uchratish mumkin. Kimdir ijodiy, kimdir ilmiy yana kimdir jismoniy mehnati bilan hayotda muvaffaqiyatlarga erishib, jamiyatda, insonlar orasida hurmat va ehtiromga sazovor bo‘ladi. 

O‘zim haqimda ikki og‘iz fikr bildirib o‘tadigan bo‘lsam, erishilgan yutuqlarim ustozlarim erishgan yutuqlar oldida arzimasdek gap. Ustozlarimning muvaffaqiyatlarini ularning o‘z shogirdlari ardog‘ida ekanligidan ko‘raman va bunga havas bilan qarayman. Kelajakda shu ustozlarimdek shogirdlarim e’tiborida bo‘lishni xohlayman. Albatta, bu katta va mashaqqatli mehnatni talab etadi. Lekin inson ko‘zlagan maqsadiga erishishi uchun o‘z yo‘lida sobit qadam tashlashi lozim.

Men 1985-yilning 17-mayda Samarqand viloyati, Pastdarg‘om tumani, Xonchorbog‘ qishloq fuqarolar yig‘ini “Umakay” qishlog‘ida ishchi oilasida tug‘ilganman. Millatim o‘zbek. 1991-2001-yillar davomida shu hududdagi №10 - son va №9-sonli o‘rta maktablarda tahsil oldim. 2002-2006-yillar davomida Samarqand davlat universiteti tarix fakultetida bakalavriatni tamomladim. 2006-yilda o‘tkazilgan tarix fani bo‘yicha Respublika olimpiadasida faxrli birinchi o‘rinni egallab, shu-yili  Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti Tarixshunoslik va manbashunoslik yo‘nalishi bo‘yicha magistratura mutaxassisligiga davlat granti asosida qabul qilindim. Hozirgacha bo‘lgan muddatda umumiy ish stajim 23 yil, ilmiy va pedagogik ish staji 19 yil.

Ish faoliyatim davomida, ya’ni 2006-2017-yillarda Samarqand iqtisodiyot va servis instituti qoshidagi akademik litseyda, 2017-2021-yillarda Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti qoshidagi akademik litseyda, 2021-2022-yillarda Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti tarixshunoslik va manbashunoslik kafedrasida to‘liq shtat birligida davom ettirdim. Bu vaqt davomida respublika va xalqaro miqyosdagi OAK e’tirof etgan ilmiy jurnallar va konferensiyalarda 50 ga yaqin ilmiy maqola va tezislar, ikkita darslik, bitta o‘quv qo‘llanma va bitta monografiya nashr etishga muvaffaq bo‘ldim. 2021-yilda “2021-yilning eng yaxshi ilmiy maqolasi” tanlovida g‘olib bo‘ldim. 2022-yilda 07.00.01- O‘zbekiston tarixi- ixtisosligi bo‘yicha “Turkistonda yashagan afg‘on fuqarolari tarixi (XIX asrning ikkinchi yarmi-XX asr boshlari)” mavzusida himoya qilib tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasiga ega bo‘ldim. 2024-yilda Yevropa mamlakatlarida xalqaro tajriba almashinuvida ishtirok etdim. 2025-yil 10-may kuni Janubiy Koreyaning Chonjou shahrida o‘tkazilgan “Buyuk ipak yo‘li: taraqqiyot va kelajak” mavzusidagi xalqaro konferensiyada O‘zbekiston olimlari nomidan ishtirok etdim. 2025-yil dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘ldim.

Shu kunga qadar 5000 ga yaqin akademik litsey bitiruvchilari, 600 dan ziyod bakalavr bitiruvchilari, 15 ta magistratura bitiruvchilariga zamonaviy texnologiyalar asosida dars berib kelmoqdaman. Bundan tashqari, 20 ga yaqin magistrant va 5 ta PhD himoyasiga taqrizlar berdim. Pedagogik faoliyatim davomida bir qator fanlardan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazib kelmoqdaman. Jumladan, Toshkent Kimyo xalqaro universiteti Samarqand filialida bakalavr ta’lim yo‘nalishlariga O‘zbekiston tarixi, Tarixshunoslik, manbashunoslik, tanlov fan, xorijiy mamlakatlar tarixshunosligi fanlaridan nazariy mashg‘ulotlar olib bormoqdaman. Ilmiy va pedagogik faoliyatimning asosini vatanparvar, bilimli kadrlarni tayyorlash tashkil etadi.