Qodirova Gulnoza Qodirjonovna 2006-yil Namangan muhandislik-pedagogika institutining Texnologiya fakultetiga oʻqishga kirib, 2010-yilda «Kasb ta’limi (Kimyoviy texnologiya)» bakalavriat yoʻnalishini imtiyozli tamomlagan, 2012-yilda Toshkent kimyo-texnologiya institutining «Mineral oʻgʻitlar kimyoviy texnologiyasi» magistratura mutaxassisligi boʻyicha magistr darajasini olgan. U 2014-yildan 2018-yilgacha Namangan muhandislik-qurilish instituti «Kimyoviy texnologiya» kafedrasida laborant, katta laborant, oʻqituvchi lavozimlarida ishlagan. 2019-2021-yillarda mazkur kafedraning doktoranti sifatida oʻz ilmiy faoliyatini olib bordi hamda 2021-yilda dissertatsiya himoyasisiz ixtiro patentlari asosida «Mahalliy xomashyolar asosida suvda eriydigan organomineral oʻgʻitlar olish texnologiyalarini ishlab chiqish» mavzusidagi 02.00.13 – «Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi» ixtisosligi (texnika fanlari) boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan. 2021-yildan boshlab «Kimyoviy texnologiya» kafedrasi dotsenti lavozimida ishlab kelmoqda.
2020-yilda oʻtkazilgan «Oʻzbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi» III Respublika tanlovining «Eng yaxshi ixtiro» nominatsiyasi gʻolibi hisoblanadi II-darajali diplom bilan taqdirlangan). Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligining «Best IP-2022» - eng yaxshi intellektual mulk ob’ektlari uchun tanlovining «Eng yaxshi ixtiro» nominatsiyasi boʻyicha II darajali diplom bilan taqdirlangan. 2022-yilda viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshganligi va jamoat hayotidagi faol ishtiroki uchun Namangan viloyati hokimining Faxriy yorligʻi bilan mukofotlangan.
G.Q.Qodirova 80 dan ortiq ilmiy-uslubiy ishlar, shu jumladan 60 dan ortiq ilmiy maqolalar chop ettirgan, 3 ta ixtiro uchun patentlar olgan va oliy ta’limning bakalavriat bosqichi talabalari uchun chop etilgan 1 ta darslik muallifi hisoblanadi. Uning ilmiy izlanishlari suvda toʻla eriydigan, ekologik xavfsiz monoammoniyfosfat hamda yomgʻir chuvalchangi biogumusidan suyuq bioorganomineral oʻgʻit olish texnologiyalarini yaratishga bagʻishlangan boʻlib, olingan ilmiy natijalar asosida suvda toʻla eriydigan monoammoniyfosfat olish texnologiyasi «Ifoda agro kimyo himoya» MCHJda amaliyotga joriy etilgan, bu esa tomchilab sugʻorish uchun NPK-oʻgʻitlar va suyuq bioorganomineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish uchun Markaziy Qizilqum fosforitlaridan monoammoniyfosfat va qoʻshimchalardan tozalangan ekstraksion fosfat kislota olish imkonini bergan. Shuningdek, yomgʻir chuvalchangi biogumusini suyuq bioorganomineral oʻgʻitlarga qayta ishlash texnologiyasi «Uychi sohibkor agro eksport» MCHJda amaliyotga joriy etilgan boʻlib, natijada yomgʻir chuvalchangi biogumusidan tomchilab sugʻorish, gidroponika va ildizdan tashqari oziqlantirish talablariga javob beradigan, tarkibida oʻsimliklarni oʻstiruvchi va rivojlantiruvchi ekologik xavfsiz stimulyatori boʻlgan yuqori samarador suyuq bioorganomineral oʻgʻitlar olish imkoniyati yaratilgan.
Suyuq bioorganomineral oʻgʻitdan foydalanish oʻgʻitning foydali ta’sir koeffitsiyentini oshirishni va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tannarxini kamaytirishni ta’minlaydi.
G.Q.Qodirova Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasidagi 2014-2015-yillarga moʻljallangan IOT-2014-7-9 raqamli «Angren kaolini asosida alyuminiy sulfat olish texnologiyasini joriy etish» mavzusidagi innovatsion loyiha hamda 2015-2017-yillarga moʻljallangan A-12-39 raqamli «Mahalliy karbonatli xomashyolardan foydalangan holda kalsiy va magniy fosfatli oʻgʻitlar olish texnologiyasi» mavzusidagi amaliy loyihani bajarishda faol ishtirok etdi. Natijada Angren kaolinidan import oʻrnini bosuvchi koagulyant –alyuminiy sulfat ishlab chiqarish texnologiyasini sanoatga tatbiq etish maqsadida «Qo’qon superfosfat zavodi» AJda tajriba-sinov ishlari oʻtkazildi hamda yangi texnologiyani ishlab chiqarishga joriy etish uchun korxona tomonidan qabul qilingan.
G.Q.Qodirova – tajribali pedagog. U darslarni yuqori saviyada va pedagogik texnologiyaning interfaol strategiyalarini qoʻllab hamda axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda olib boradi. U kimyoviy texnologiya sohasidagi ilmiy izlanishlarga ishtiyoqi boʻlgan yoshlarni maqsadlariga erishishida oʻz hissasini qoʻshib bormoqda. Uning talaba shogirdlari turli ilmiy-ijodiy tanlovlarda gʻolib boʻlgan. Jumladan, institutning 4-KTKimT-16 guruh talabasi Melikuziyeva Gulhayo «Yil talabasi» tanlovining «Yilning oʻz mutaxassisligi boʻyicha eng bilimdon talabasi» nominatsiyasi boʻyicha 1-darajali diplom bilan taqdirlangan hamda «Kamolot» YOIH va Oʻzbekiston Respublikasi OOʻMTV tomonidan oliy ta’lim muassasalari talabalari oʻrtasida oʻtkazilgan koʻrik-tanlovning Namangan viloyat bosqichida munosib ishtirok etib faxrli И-oʻrinni qoʻlga kiritgan, 32-KimT-21 guruh talabasi Zokirov Muhammadyusuf 2022-yil MDH da tashkil etilgan xalqaro tanlovda “Ilm-fаn fidokori” esdalik nishoni bilan taqdirlangan.