Mashrapov Hasanbay Sharifovich 1963-yil 2-dekabrda Namangan viloyati, Uchqo‘rg‘on shahrida o‘zbek millatiga mansub oilada tug‘ilgan. 1971–1981-yillarda Uchqo‘rg‘on tumanidagi 7-umumta’lim maktabida tahsil olgan. Maktabni tugatgach, 1982-yilda Andijon davlat tibbiyot institutining pediatriya fakultetiga o‘qishga kirib, uni 1988-yilda muvaffaqiyatli yakunlagan. Shu-yili Ukraina SSR, Odessa davlat tibbiyot institutida bolalar shifokori sifatida internaturani o‘tab, tibbiy faoliyatni boshlashga tayyor bo‘lgan.
Mehnat faoliyati.
O‘z kasbiy faoliyatini 1989-yilda Namangan viloyati, ZadarŅ tumani Jumashuy markaziy shifoxonasi bolalar bo‘limida pediatr sifatida boshlagan. 1991–1999-yillarda Namangan viloyati, Uchqo‘rg‘on tumani markaziy shifoxonasi bolalar bo‘limida, 1999–2001-yillarda esa Jizzax viloyati, Dashtobod tumani markaziy shifoxonasi bolalar bo‘limida vrach-pediatr sifatida faoliyat yuritgan.
2001–2010-yillarda Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani tibbiyot birlashmasi qoshidagi 7-son oilaviy poliklinikada shifokor-immunolog sifatida ishlagan. 2010–2013-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Sport-sog‘lomlashtirish majmuasi fizioterapiya bo‘limi boshlig‘i va shifokori sifatida faoliyat ko‘rsatgan.
Xalqaro tajribaga ega bo‘lgan shifokor sifatida 2013–2014-yillarda Rossiya Federatsiyasi, Krasnodar shahrida joylashgan akademik I.V. Malanin klinikasida refleksoterapevt bo‘lib ishlagan. 2014–2015-yillarda Ukraina Respublikasi, Kiev shahridagi “Veles” klinikasida, 2015–2023-yillarda esa yana Krasnodar shahridagi Malanin klinikasida shifokorlik faoliyatini davom ettirgan. 2024-yildan buyon “TURON” sanatoriysida refleksoterapevt sifatida faoliyat yuritmoqda.
Malaka oshirish va ilmiy-amaliy tayyorgarlik.
Mashrapov Hasanbay Sharifovich o‘z faoliyati davomida ko‘plab malaka oshirish kurslarida qatnashib, bilim va ko‘nikmalarini muntazam ravishda boyitib kelgan. 1995-yilda Andijon tibbiyot oliygohida refleksoterapiya va klinik limfologiya bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgan. 2004-yilda Toshkent shahrida vrachlar malakasini oshirish institutida pediatriya kafedrasida bolalar shifokori yo‘nalishida bilimini mustahkamlagan. 2006-yilda “DOTS” dasturi asosida sil kasalliklarini profilaktika qilish, erta tashxislash va davolash bo‘yicha malaka oshirgan.
2010-yilda Toshkent shahrida xalq taboboti kafedrasida refleksoterapevt mutaxassisligi bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgan. 2014-yilda Ukraina Respublikasining Kiev shahrida Respublika vrachlar malakasini oshirish institutida refleksoterapiya va manual terapiya bo‘yicha chuqur bilim olgan. 2020-yilda Toshkent shahrida vrachlar malakasini oshirish institutining “Gastroenterologiya va fizioterapiya” kafedrasida qayta tayyorlash kursini muvaffaqiyatli tugatgan.