MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

MAXMUDOVA OYBARCHIN AXATOVNA

MAXMUDOVA OYBARCHIN AXATOVNA

Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, “Profi University” “Maktabgacha, boshlang‘ich ta’lim” kafedrasi v.b. professori

Maxmudova Oybarchin Axatovna 1969-yil 21-martda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati – o‘zbek, ma’lumoti oliy, mutaxassisligi bo‘yicha pedagog.

1993-yilda Nizomiy nomli Toshkent davlat pedagogika institutining “Pedagogika va psixologiya” (Maktabgacha tarbiya) ixtisosligi bo‘yicha maktabgacha pedagogikasi va psixologiyasi o‘qituvchisi mutaxassisligiga ega bo‘lgan.

O.A. Maxmudovaning Umumiy ish staji – 41 yil. Pedagogik staji – 40 yil, bugungi kunda “Profi University” “Maktabgacha, boshlang‘ich ta’lim” kafedrasi v.b. professori.

2022-yil mart oyidan buyon pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) O.A. Maxmudova 13.00.08- “Maktabgacha ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi” ixtisosligi bo‘yicha Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi (PhD).12/30.12.2019.ped.80.01 raqamli ilmiy kengashining 2022-yil 28-fevraldagi majlisida pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun “Maktabgacha katta yoshdagi bolalarni tasviriy faoliyatga o‘rgatish metodikasini takomillashtirish” mavzusidagi dissertatsiyasini muvafaqqiyatli himoya qilgan.

Ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlarni zamonaviy o‘qitish usullari asosida zamonaviy pedagogik, innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan hamda multimedia ta’lim resurslaridan foydalangan holda, yuqori ilmiy va o‘quv-uslubiy saviyada olib boradi. Malaka oshirish kurs tinglovchilariga va OTM talabalariga fanning mazmunini chuqur singdirish uchun reja asosida har bir mashg‘ulotlarga multimediali taqdimotlar, pedagogik texnologiyalar asosida tarqatma materiallar tayyorlagan hamda bu materiallardan dars jarayonida unumli foydalanadi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari bakalavr va magistratura yo‘nalishlari uchun yuqorida ko‘rsatilgan fanlarning barchasidan elektron darslik, video-darslar hamda elektron o‘quv-metodik majmua, multimediali o‘quv-uslubiy majmualarni o‘zbek va rus tillarida yaratgan va undan ta’lim jarayonida keng foydalanmoqda.

O.Maxmudova malaka oshirish tizimidagi OTM faoliyati bilan birgalikda Respublika ta’lim Markazi, Nizomiy nomidagi TDPU,Toshkent shahar XTB, tuman XTB bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. 2020-yil Nizomiy nomidagi TDPU 5A111801 – “Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi” (Maktabgacha ta’lim) magistratura mutaxassisligining malaka talablarini ishlab chiqishda ishtirok etgan. 2020-yil 17-aprel sanasida Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti tomonidan tashkil etilgan Zo‘r TV telekanalida “Maktabgacha yoshdagi bolalarni tasviriy faoliyatga oilada o‘rgatish” hamda 24-aprel sanasida “Maktabgacha yoshdagi bolalarni applikatsiyaga o‘rgatish” mavzularda teledarslarni olib borgan.

Bektemir Olmazor, Chilonzor, Uchtepa tumanlar MTB tasarrufidagi Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va uslubchilari uchun “STEAM” ta’lim texnologiyasini maktabgacha ta’limda qo‘llashning me’yoriy uslubiy asoslari bo‘yicha ma’ruza va amaliy treninglar o‘tkazdi hamda “Yoshlar” telekanalida efirda uzatilgan.

2017-yil davomida “Yoshlar” radiokanalining “Qizlarga” radiojurnalida “Radioustaxonasi” sahifasida qizlarga hunar sirlarni o‘rgatib keldi.

Doimiy ravishda mualliflik ko‘rgazmasini tashkil  qiladi, jumladan uning 2019-yil noyabr oyida mamlakatimizda ayollar tadbirkorligi harakatini rivojlantirish, ishbilarmon ayollar eksport salohiyatini oshirish va tadbirkor ayollarning xorijiy mamlakatlar ishbilarmon ayollari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishlari maqsadida tashkil etilgan “BUSINESS WOMEN EXPO 2019” xalqaro ko‘rgazma savdo yarmarkasida ishtirok etgan.

Toshkent shahar Yashnobod tuman 30-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan yasalgan qo‘l mehnati buyumlarini “Mo‘jizalar vaqti ” xayriya savdo yarmarkasida o‘z hissasini qo‘shdi.

2019/2020-o‘quv yilida Nizomiy nomidagi TDPUning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari (kunduzgi, sirtqi, ikkinchi oliy ta’lim) bitiruvchilari umum-kasbiy va ixtisoslik fanlaridan Yakuniy davlat imtihoni hamda bitiruv malakaviy ishlar himoyasi uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2020-yil 20-apreldagi 365-son buyrug‘i asosida komissiyasi tarkibi a’zo, Bektemir tumani “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalari pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish” komissiyasining rais o‘rinbosari sifatida ishtirok etib kelmoqda. 2025-yilda esa, Qo‘qon universitet “Maktabgacha ta’lim” yo‘nalishi bitiruvchilari uchun tashkil etiladigan yakuniy attestatsiya komissiya raisi sifatida ishtirok etib kelgan.

O.A. Maxmudova nafaqat o‘quv-uslubiy sohada ijobiy natijalarga erishgan balki, ilmiy-tadqiqot sohasida ham samarali mehnat qilmoqda. Xususan, uning muallifligida 60 ga yaqin ilmiy ishlar jumladan, 6 ta darslik 8 ta o‘quv qo‘llanma, 1 ta monografiya, 1 ta metodik qo‘llanma, xalqaro va respublika ilmiy amaliy jurnallari va anjumanlarida 40 dan ziyod ilmiy maqolalari e’lon qilingan.

O.A. Maxmudova 2016 yilda yurtimiz ravnaqi, jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faol ishtiroki, oliy ta’lim tizimini rivojlanishi va ravnaqi yo‘lida halol va sidqidildan olib borayotgan faoliyati, yoshlarning intellektual salohiyatlarini shakllantirishda, milliy urf-odatlarimiz va qadriyatlarimizni talaba yoshlar ongiga singdirishdagi alohida xizmatlari uchun  O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’lim vazirining 2016 yil 15 sentyabrdagi buyrug‘iga asosan O‘zbekiston Respublikasi “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.