MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

ISHIMOVA MOHINUR ABSALOMOVNA

ISHIMOVA MOHINUR ABSALOMOVNA

Davlat kadastrlar palatasi Toshkent Shahar boshqarmasi “Moliya-iqtisod” shoʻbasi buxgalteri

Ishimova Mohinur Absalomovna 1997-yil 9-noyabrda Qashqadaryo viloyati, Qamashi tumanida ziyolilar oilasida tavallud topgan. Oilasidagi tarbiya, bilim va halollik tamoyillari uning kelajakdagi yoʻnalishlariga mustahkam poydevor boʻldi. Uning ilk ta’lim yoʻli Toshkent shahridagi 256-sonli maktabdan boshlanib, u yerda oʻzining a’lo baholari va bilimga chanqoqligi bilan ajralib turgan. U maktab davridayoq jamoat ishlarida faolligi, odob-axloqiy fazilatlari, tengdoshlariga namunali munosabati bilan ajralib turdi. Shu asosda mahallasi tomonidan unga “Odobli Qiz” faxriy sertifikati topshirilgan, bu esa uning ma’naviy yetukligi va tarbiyasining yuqori darajada ekanini isbotlaydi.

Ta’lim jarayonida orttirilgan mustahkam bilim va mehnatsevarlik uni Toshkent Soliq Kollejiga yetakladi. 2013-2017-yillar davomida ushbu muassasada soliq mutaxassisi yoʻnalishida tahsil oldi. U kollejda oʻqish mobaynida Soliq bilimdonlari tanlovlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, sohaga boʻlgan qiziqishi va bilimini yanada mustahkamladi. Kollejni a’lo baholar va qizil diplom bilan tamomladi.

2017-yilda Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani Davlat Soliq Inspeksiyasida xizmat koʻrsatuvchi texnik xodim sifatida mehnat faoliyatini boshlagan Mohinur qisqa vaqt ichida oʻzining bilimdonligi, ishlarga puxta yondashishi va mas’uliyatliligi bilan e’tirof etildi.

2018-yilda Toshkent Davlat Iqtisodiyot Universitetining "Soliqlar va soliqqa tortish" yoʻnalishida bakalavr bosqichida tahsil ola boshladi. Universitetda ta’lim olish bilan birga amaliy tajribasini oshirish va iqtisodiyot sohasidagi bilimlarini yanada chuqurlashtirishga e’tibor qaratdi. 2022-yilda bakalavr darajasini muvaffaqiyatli tamomlab, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi huzuridagi Kadastr Agentligining Davlat Kadastrlar Palatasi Toshkent shahar boshqarmasida hisobchi sifatida ish boshladi. Moliyaviy boshqaruv, soliq hisobi va davlat kadastr tizimining yuritilishi boʻyicha tajribasi unga mas’uliyatli lavozimda oʻzini namoyon qilish imkonini berdi.

Yuksak professionalizm, mas’uliyat va uzluksiz oʻz ustida ishlash tamoyillariga amal qilgan Mohinur 2024-yilda Bank-Moliya Akademiyasining “Davlat moliyasi va xalqaro moliya” yoʻnalishida magistratura bosqichida tahsil olishni boshladi. U ayni paytda ishlash bilan birga ilmiy izlanishlar olib borib, oʻz sohasining yetuk va zamonaviy bilimlarga ega mutaxassisiga aylanish yoʻlida sobitqadamlik bilan harakat qilmoqda.

Ishimova Mohinur Absalomovna bugungi kunda ish faoliyatini davom ettirish bilan birga ilmiy izlanishlar olib bormoqda. U iqtisodiyot va moliya sohasida yangi yondashuvlarni oʻrganish, zamonaviy moliyaviy strategiyalarni ishlab chiqish va sohaga oʻz hissasini qoʻshish yoʻlida izlanishda. Uning intilishi va mehnatsevarligi kelajakda mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga katta hissa qoʻshishiga xizmat qiladi.