MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

GORDEYEVA YELENA ANATOLYEVNA

GORDEYEVA YELENA ANATOLYEVNA

Tarix fanlari bo‘yicha PhD, katta ilmiy xodim

Gordeyeva Yelena Anatolyevn -tarix fanlari bo‘yicha PhD, katta ilmiy xodim, 1984-yil 18-noyabrda Farg‘ona shahri, Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Millati rus. Ma’lumoti oliy. O‘zbekiston Respublikasi  fuqarosi.

1992-1998-yillarda Farg‘ona shahar 18-sonli umumta’lim maktabida o‘qigan.

1998-2003-yillarda Farg‘ona shahar 9-sonli umumta’lim maktabida o‘qigan.

2003-2004-yillarda Farg‘ona shahridagi “Kabul Deu” qo‘shma korxonasida laborant lavozimida ishlagan.

2004-2008-yillarda Farg‘ona davlat universiteti, “Tarix” yo‘nalishida (bakalavr) o‘qigan.

2008-2010-yillarda Toshkent shahrida O‘zbekiston Milliy universiteti, “Arxeologiya” yo‘nalishida (magistratura)ni bitirgan.

2010-2018-yillarda Farg‘ona shahridagi 41-sonli gimnaziyada tarix hamda davlat va huquq asoslari fanlarini o‘qitgan. Shu bilan birga, ushbu davrda 41-sonli gimnaziyada ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘yicha metodik birlashma rahbari lavozimini egallagan hamda sinf rahbari sifatida 200 nafardan ortiq o‘quvchini tayyorlab, ularning O‘zbekiston Respublikasi va xalqaro darajadagi kollej, litsey hamda oliy ta’lim muassasalariga kirishlariga yordam bergan. Bir qator o‘quvchilari tarix va huquq fanlaridan viloyat va respublika bosqichidagi fan olimpiadalarida sovrindor bo‘lishgan.

2018-2020-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutida bazaviy doktoranturada o‘qigan.

2021-yil 17-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi (O‘zR FA) Tarix institutida “Turan ma’naviy hayotining dastlabki bosqichlari (miloddan avvalgi VII-I ming yillikning birinchi yarmi)” mavzusida dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan.

2022-yildan hozirgi kungacha E.A.Gordeyeva Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi (O‘zR FA) Milliy arxeologiya markazida katta ilmiy xodim lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

2022-yilda E. A. Gordeyeva O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazining “Landshaft arxeologiyasi” laboratoriyasi rahbari lavozimida faoliyat yuritgan.

2023-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazining “Bioarxeologiya” laboratoriyasi rahbari lavozimida ishlagan.

2022-yildan boshlab E. A. Gordeyeva O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan “O‘zbekistonning moddiy madaniyat tarixi” ilmiy jurnali tahrir hay’ati a’zosi hisoblanadi.

2024-yilda “Katta ilmiy xodim” ilmiy unvonini olgan.

Ilmiy qiziqishlari: Markaziy Osiyoda qadimda diniy-mifologik tizimlarning shakllanishi (dafn va ibodatxonalar an’analarini o‘rganish asosida), qoyatosh suratlari, qadimgi va ilk o‘rta asr Choch va Farg‘ona hududlarida urbanizatsiya jarayonlarining shakllanish manbalari, arxeozoologiya va paleoekologiya, qadimgi kulolchilik hunarmandchiligi.

50 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi.

Respublika va xalqaro konferensiyalarda (Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston) spiker sifatida ishtirok etgan. Respublika va xalqaro arxeologik ekspeditsiyalarda qatnashadi.