Golisheva Yelena Vyacheslavovna 1977-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1999-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining (kunduzgi) bo‘limini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha xorijiy tillarni biluvchi iqtisodchi mutaxassisligiga ega.
Golisheva Yelena Vyacheslavovna 1999-yildan buyon Turizm qo‘mitasi tizimida faoliyat yuritadi. Turizm sohasida yuqori malakali mutaxassis. Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi, katta ilmiy xodim ilmiy unvoniga ega.
O‘z mehnat faoliyatini 1999-yildan “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining Marketing bo‘limi mutaxassisi lavozimida boshlagan. 2000-yildan 2004-yilgacha Milliy kompaniyaning Moskva shahridagi vakolatxonasi bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan. 2005-yildan “O‘zbekturizm” Milliy kompaniyasida Marketing va reklama bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.
Golisheva Yelena Vyacheslavovna o‘z mehnat faoliyati davomida O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish, sohaviy qonunchilikni isloh qilish va strategik yo‘nalishlarni belgilash, turizmni rivojlantirish bo‘yicha bir qator muhim normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan, Prezident farmonlari, qarorlar va qonunlar loyihalarini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etgan. Xususan, turizm sohasini jadal rivojlantirish, ichki turizmni qo‘llab-quvvatlash, 2025-yilgacha bo‘lgan turizm konsepsiyasi va sohada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan tashabbuslarda uning amaliy hissasi katta bo‘lgan.
Golisheva Yelena Vyacheslavovna 2017-yilda respublikadagi OTMlarda “Gid-hamrohligi va tarjimonlik faoliyati” (61010500) yangi yo‘nalishi ochilishida ishtirok etdi.
2018-yil Samarqand shahrida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetini ishga tushirish bo‘yicha ishchi guruh a’zosi bo‘ldi.
2019-yildan Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Golisheva Yelena Vyacheslavovnaning ish faoliyati hukumatimiz tomonidan munosib baholanib, 2011-yilda “Mustaqillikning 20-yilligi” va 2016-yilda “Mustaqillikning 25-yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Golisheva Yelena Vyacheslavovna rahbarligida 2022-yilda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida qiymati 499 818 400 so‘m bo‘lgan “Turizm salohiyati yuqori bo‘lgan qishloq va mahallalarining “Turizm mahallasi” elektron platformasini yaratish” loyihasi qo‘lga kiritildi, o‘tgan yillar davomida Institut tomonidan turizm sohasiga oid 10 ga yaqin davlat standartlari, 35 ta kasbiy standartlar ishlab chiqildi.
Golisheva Yelena Vyacheslavovna boshchiligidagi Institut olimlaring sa’y-harakatlari bilan 2024-yilda Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti huzurida iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash faoliyati tashkil etildi.
Golisheva Yelena Vyacheslavovna boshchiligida 2025-yilning aprel oyida Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Rossiya Federatsiyasining Oltoy davlat universiteti bilan hamkorlikda Farg‘ona vodiysida xorijiy mutaxassislar ishtirokida xalqaro etnografik-ilmiy ekspeditsiya tashkil etildi. Mazkur ekspeditsiya Farg‘ona vodiysida etnoturizmni rivojlantirish, uning salohiyatini tahlil etish, etnoturizm obyektlarni aniqlash va ularning yagona reyestrini yaratish, yangi turistik marshrutlarni ishlab chiqish, vodiy aholisi etnografiyasiga doir ma’lumotlarni to‘plash, xorijiy davlatlarda hududning etnoturizmini keng targ‘ib qilish maqsadida muvaffaqiyatli tashkil etildi.
Keyinroq, Institut tashabbusi bilan Qo‘qon universiteti hamda Italiyaning “GALILEO FERRARIS” oliy o‘quv ta’lim muassasasi bilan hamkorligida 2025-yilning may oyida “Italiya turizm haftaligi” ilmiy va amaliy tadbiri tashkil etildi. Haftalik davomida xorijiy ekspertlar tomonidan bir qator yo‘nalishlarda mahorat darslari o‘tkazildi.
Golisheva Yelena Vyacheslavovna rahbariligida Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Xitoy, Polsha, Rossiya, Turkiya, Isroil, Germaniya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Gretsiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Malayziya, AQSH, Hindiston, Fransiya, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Belarus, Armaniston va boshqa davlatlardan xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda 60 ga yaqin konferensiya, seminar, mahorat darslari tashkil etildi.
40 ta hamkorlik memorandumlari imzolandi, 5 ta ma’ruzalar to‘plami va konferensiya tezislari, 2 ta xalqaro monografiyalar tayyorlandi.
Golisheva Yelena Vyacheslavovna Turizm qo‘mitasi tizimidagi faoliyati davomida o‘zining boy tajribasi va bilimlarini samarali qo‘llab kelayotgan malakali mutaxassisdir.
Institut faoliyati bilan bog‘liq tashkiliy-boshqaruv masalalarini samarali hal qiladi, qo‘l ostidagi xodimlar faoliyatini to‘g‘ri, samarali tashkil eta oladi.