Filippov Olgerd Aleksandrovich 1981-yil 8-avgust kuni Toshkent shahrida ziyoli oilada tugʻilgan. Millati — osetin, maʼlumoti — oliy, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi.
1987–1998-yillarda Toshkent shahridagi 3-sonli umumtaʼlim maktabida tahsil olgan. Oʻqish davomida kimyo, tarix va ona tili fanlari boʻyicha tuman va shahar olimpiadalarida bir necha bor faol va muvaffaqiyatli ishtirok etgan.
1999-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Chet tillar fakulteti rus tili va adabiyoti yoʻnalishiga oʻqishga kirgan. 2003-2005-yillarda ushbu universitetning magistratura bosqichida rus tili yoʻnalishi boʻyicha tahsil olgan.
2004-yilda “Eng yaxshi magistrant” tanlovi gʻolibi boʻlgan va gumanitar yoʻnalishlar boʻyicha oshirilgan stipendiyaga sazovor boʻlgan.
Mehnat faoliyatini 2001-yilda Toshkent shahridagi 135-sonli umumtaʼlim maktabida rus tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi lavozimida boshlagan. 2005-2008-yillarda Toshkent shahridagi 135-sonli umumtaʼlim maktabida oʻquv-tarbiya ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari va rus tili va adabiyoti oʻqituvchisi lavozimida ishlagan. 2004-yilda “Yilning eng yaxshi oʻqituvchisi” tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etib, tuman bosqichida faxrli birinchi oʻrinni egallagan.
2009-2010-yillarda Toshkent shahridagi Sergeli tuman Xalq taʼlimi boʻlimining Davlat taʼlim standartlari boʻlimida mutaxassis lavozimida ishlagan.
2010-2020-yillarda Toshkent shahridagi 172-sonli umumtaʼlim maktabida oʻquv-tarbiya ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari va rus tili va adabiyoti oʻqituvchisi sifatida faoliyat yuritgan.
Xalq taʼlimi tizimidagi faoliyati davomida, 2012-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining “Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim tizimini milliy baholash” loyihasida ekspert sifatida ishtirok etgan.
2010 va 2013-yillarda “Eng yaxshi fan oʻqituvchisi” tanlovining shahar bosqichida faxrli uchinchi oʻrinni egallagan. 2014-2015-yillarda Yakkasaroy tumani rus tili va adabiyoti oʻqituvchilari uchun tashkil etilgan “Pedagogik mahorat maktabi”ning trener-oʻqituvchisi boʻlgan.
2016-yilda “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.
2019-yilda pedagogik attestatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtib, rus tili va adabiyoti fani boʻyicha oʻqituvchilikning eng yuqori malaka toifasini olgan. Toshkent shahar Xalq taʼlimi bosh boshqarmasi hamda Xalq taʼlimi vazirligining koʻplab faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan.
2020-yildan buyon “PROFI EDUCATION” MChJda faoliyat yuritadi.
2020-2022-yillarda nodavlat taʼlim muassasasi — “PROFI SCHOOL”da dastlab direktor oʻrinbosari, keyinchalik direktor lavozimida ishlagan.
2022-yilda “PROFI UNIVERSITY”ning sirtqi boʻlimi dekani lavozimiga tayinlangan, shu yilning iyul oyida ushbu universitetning Navoiy filiali rektori etib tayinlangan.
2022-yilda yosh avlodni tarbiyalash va ularning intellektual salohiyatini oshirish, shuningdek istiqbolli pedagog kadrlarni tayyorlash borasidagi xizmatlari uchun Navoiy shahri hokimining minnatdorchilik bilan taqdirlangan.
2025-yildan boshlab “PROFI UNIVERSITY”ning Pedagogika va xorijiy tillar kafedrasida dotsent v.b. sifatida ishlamoqda.
Ilmiy-tadqiqot faoliyatini 2022-yildan boshlab, Navoiy davlat pedagogika universiteti “Ijtimoiy fanlar” kafedrasida mustaqil tadqiqotchi sifatida boshlagan. Ilmiy rahbari — falsafa fanlari doktori, professor Safarova Nigora Olimovna.
2024-yilda 09.00.04 – Ijtimoiy falsafa ixtisosligi boʻyicha “Raqamlashtirish va bilimning pragmatizatsiyasi sharoitida oliy taʼlimning gnoseologik konsepsiyasi (ijtimoiy-falsafiy tahlil)” mavzusida falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori ilmiy darajasini (PhD) olish uchun dissertatsiyasini Buxoro davlat universiteti huzuridagi DSc.03/27.02.2020.F.72.08 raqamli ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash yigʻilishida muvaffaqiyatli himoya qilgan.
2022-yildan buyon respublika va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda faol ishtirok etib kelmoqda. 2022-yilda 22-noyabr kuni boʻlib oʻtgan “Zamonaviy oliy taʼlim tizimi: muammolar va yechimlar” mavzusidagi Xalqaro konferensiyada maʼruza bilan ishtirok etgan.
2022-yil 27-dekabrda “Oʻzbekiston mustaqilligining yangi davri tarixidagi zamonaviy muammolar va falsafiy tafakkur: dolzarb masalalar” mavzusidagi Respublika konferensiyasida ishtirok etgan.
2023-yil 19-oktabrda “Oʻrta Osiyodan Anadoʻligacha: turkiy xalqlar tili, tarixi, madaniyati va etnografiyasi” mavzusidagi Xalqaro konferensiyada ishtirok etgan.
2024-yilda quyidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda maʼruza qilgan: 5-may kuni: “Oila institutini mustahkamlashning ijtimoiy-psixologik muammolari”, 5-iyun kuni: “Taʼlim tizimini takomillashtirishda ilgʻor xalqaro tajribalar”, 29-noyabr kuni: “Oliy taʼlimda innovatsiya va raqamli texnologiyalar muhitida oʻqitishning zamonaviy tendensiyalari: istiqbollar, muammolar va yechimlar”.
2025-yilda quyidagi xalqaro konferensiyalarda ishtirok etgan: 22-fevral: “Aqlli texnologiyalar va tadqiqotlarda innovatsion yondashuv: raqamli kelajakni yaratish”, 31-mart: “Muammohoyi ilmu fan dar sharoyiti jahonyshavī”, 10-aprel: “Renessans kontekstida Markaziy Osiyoning ilmiy-maʼnaviy merosi”, 17-aprel: “Tech Horizon 2025: IT va innovatsiyalar sammiti”, 2-may: “Raqamli transformatsiya: taʼlim, fan va jamiyat”, 5-may: “Innovatsion investitsiyalash jarayonlarini fan, taʼlim, ishlab chiqarish va iqtisodiyotdagi integratsiyalashuvi: muammo va yechimlar”, “Milliy taʼlim yaratilishida innovatsion yondashuvlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya. Shuningdek, Respublika konferensiyalarida ishtirok etgan: “Sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyot (SIRI–2025)”, 26-aprel: “Taʼlim jarayonida innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni joriy qilish — zamonaviy taʼlimning bosh strategiyasi”.
Mazkur davr mobaynida quyidagi Respublika ilmiy jurnallarida ilmiy maqolalar chop etilgan: “Oʻzbekiston milliy universiteti xabarlari”, “Tamaddun nuri. Ilmiy, ijtimoiy-falsafiy, madaniy-maʼrifiy adabiy-badiiy jurnal”, “Namangan davlat universiteti ilmiy axborotnomasi”, “Pedagogika, psixologiya va ijtimoiy tadqiqotlar”, “Talqin va tadqiqotlar”.
Shuningdek, quyidagi xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalari eʼlon qilingan: “International Journal of Advance Scientific Research”, “Academic Research in Modern Science”,“Theoretical Aspects in the Formation of Pedagogical Sciences”, “BELARUS-OʻZBEK ilmiy-metodik jurnal”, “British View”, “Ilm nuri” xalqaro ilmiy jurnal, “Eurasian Journal of Social Sciences, Philosophy and Culture”, “Interpretation and Researches”, “Oriental Journal of History, Politics and Law”, “American Journal of Interdisciplinary Research and Development”, “International Multidisciplinary Research in Academic Science (IMRAS)”.
O.A. Filippovning ilmiy izlanishlari ijtimoiy falsafa, taʼlim falsafasi hamda raqamli transformatsiyalar axloqshunosligi sohalariga qaratilgan. Uning ilmiy faoliyati, ayniqsa, oliy taʼlim sohasida raqamlashtirishning ijtimoiy-madaniy va antropologik oqibatlarini oʻrganishga asoslanadi.
Tadqiqotlarning asosiy yoʻnalishlari raqamli muhit sharoitida subyektlilik va qadriy avtonomiya masalalarining falsafiy tahlili, taʼlim jarayonlariga sunʼiy intellektni joriy etishning ijtimoiy-gumanitar ekspertizasi, raqamli gumanizmning axloqiy va aksiologik jihatlaridir.
O.A. Filippovning ilmiy izlanishlarida Oʻzbekistonning modernizatsion islohotlar va madaniy-tarixiy anʼanalar chorrahasida joylashgan mamlakat sifatidagi oʻziga xosligiga alohida eʼtibor qaratiladi. Tadqiqotlar milliy taʼlim tizimi oldida turgan dolzarb chaqiriqlarni chuqur anglashga va ijtimoiy hamda taʼlim siyosatida axloqiy asoslangan raqamli strategiyalarni shakllantirishga doir falsafiy yondashuvlarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.
O.A. Filippovning ilmiy faoliyati postklassik falsafiy paradigma doirasida milliy falsafiy diskursni rivojlantirishga, shuningdek, jamiyatning raqamli transformatsiyasi jarayonlarida gumanitar tarkibiy qismlarni mustahkamlashga qaratilgan. Uning ishlari akademik va ekspertlar hamjamiyatida ijobiy aks sado topmoqda hamda taʼlim islohotlarida amaliy qoʻllanilish imkoniyatiga ega.
Ilmiy-tadqiqot faoliyati natijasida quyidagi ilmiy nashrlar tayyorlangan: “Globalizatsiya sharoitida oliy maktabning transformatsiyasi (ijtimoiy-falsafiy tahlil tajribasi)” nomli monografiya, bakalavriat talabalari uchun moʻljallangan boʻlib, murakkab va koʻp qirrali axborot muhitida yoʻnala olish, manbalarni tanqidiy baholash, mediakontentni tahlil qilish va ushbu koʻnikmalarni kasbiy hamda shaxsiy hayotda qoʻllashga oʻrgatishga xizmat qiladigan “Media savodxonlik va axborot madaniyati” nomli oʻquv qoʻllanma.
O.A. Filippov 2023-yilda MDH davlatlari hamkorligida “Scientific Academy” ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tashkil etilgan “Faol tadqiqotchi” ilmiy tanlovi gʻolibi boʻlgan.
2025-yilda esa u “Eurasian Journal of Social Sciences, Philosophy and Culture” hamda “International Multidisciplinary Research in Academic Science” xalqaro ilmiy jurnallarining tahrir hayʼati aʼzoligiga qabul qilingan.
Hozirgi vaqtda O.A. Filippov ijtimoiy falsafa yoʻnalishida ilmiy-tadqiqot ishlarini davom ettirmoqda, uning ilmiy izlanishlari oliy taʼlimda raqamlashtirish va sunʼiy intellekt tizimlarini joriy etish bilan bogʻliq doktorlik dissertatsiyasi ustida olib borilmoqda.
Shuningdek, u zamonaviy taʼlim amaliyotida raqamli texnologiyalar mavzusida bitiruvchi malakaviy ishlar rahbarligini ham amalga oshirmoqda.
Oʻzining maʼmuriy, ilmiy-tadqiqot va pedagogik faoliyatida u quyidagi respublika tashkilotlari bilan faol hamkorlik qiladi: “Turon” xalqaro fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Navoiy boʻlimi, Navoiy viloyati Pedagogik mahorat markazi, “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali, hamda bir qator xorijiy universitetlar bilan.