MENING MUVAFFAQIYAT YO'LIM

BIOGRAFIK ENSIKLOPEDIYASI

DUSTMURODOV MA’RUFJON MANSUR O‘G‘LI

DUSTMURODOV MA’RUFJON MANSUR O‘G‘LI

Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent. TIPU Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i

Dustmurodov Ma’rufjon Mansur o‘g‘li 1993-yil 14-mayda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida ziyoli oilasida tug‘ilgan. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi. Millati o‘zbek.

2000-2009-yillari 28-umumta’lim maktabi, 2009-2012-yillari TDYU huzuridagi Ijtimoiy-gumanitar fanlarga ixtisoslashtirilgan akademik litseyda tahsil olgan. 2014-2018-yillari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining  bakalavriat va 2018-2020-yillari magistratura bosqichini “Lingvistika” yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan. 2023-yilda Toshkent davlat Sharqshunoslik universitetida falsafa doktori ilmiy darajasi uchun yozilgan dissertatsiyasini yoqlagan. 2024-yil dotsent ilmiy unvoniga tasdiqlangan.

2020-yilda oliy ta’lim muassasasidagi pedagogik faoliyatini Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti “Til nazariyasi” kafedrasi o‘qituvchisidan boshlagan Ma’rufjon Dustmurodov keyingi yillarda Kengash kotibi, kafedra katta o‘qituvchisi, kafedra dotsenti, kafedra mudiri lavozimlarida ishlagan. Hozirda Toshkent iqtisodiyot va pedagogika universiteti Ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i, kafedra dotsenti lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Ma’rufjon Dustmurodov Toshkent iqtisodiyot va pedagogika universitetidagi o‘z faoliyati davomida Universitetni ilmiy va xalqaro yo‘nalishda jahonga tanitishda samarali ter to‘kib kelmoqda. Buni Universitetdagi qisqa muddatda erishilgan ilmiy salohiyat, xalqaro ilmiy yig‘inlar, yoshlar, xususan, o‘qituvchilar va talabalarni ilmiy tadqiqot ishiga faol va tizimli yo‘naltirish, xorijiy nufuzli ilmiy muassasalar bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama natijali aloqalarning olib borilishi kabi jabhalarda erishilgan yutuqlar bilan izohlash mumkin.

Olim sifatida uning tadqiqot obyekti turkiy xalqlar tarixining ilk chog‘lariga tegishli va murakkab bo‘lgan qadimgi runik bitiklarga qaratilgan. Sinchkovlik va uzoq muddatli mehnatni talab qiladigan asl manbalar bilan ishlash natijasida turkologiya sohasida ham samarali mehnat qilib kelmoqda. U 2023-yil o‘zbek tilshunosligining zabardast olimi f.f.d., prof. Hamidulla Dadaboyev ilmiy rahbarligida TDSHU huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Kengashda “O‘rxun-Yenisey bitiktoshlaridagi harbiy terminlar tadqiqi” mavzusidagi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Uning ilmiy-tadqiqot faoliyati serhosil bo‘lib, xalqaro va respublika jurnal va konferensiya to‘plamlarida 40 dan ziyod ilmiy maqolalari nashr etilgandir. Shuningdek, 1 ta monografiya, 1 ta darslik, 1 ta o‘quv qo‘llanma va 5 ta uslubiy qo‘llanma nashr ettirgan. U ingliz, turk, ozarbayjon tillarida erkin muloqot qila oladi. 3 ta xalqaro ilmiy loyiha (grant)da xodim sifatida ishtirok etgan.

Ma’rufjon Dustmurodov xalqaro va respublika miqyosida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyalarning faol ishtirokchisidir. Jumladan, 2020-2023-yillarda Respublikadagi nufuzli ilmiy yig‘inlarda ma’ruzalar qildi. 2024-2025-yillarda Turkiyaning Ege, Ko‘nya Saljuqli va Nevshehir universitetlarida, Qozog‘istonning Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston va Ahmad Yassaviy xalqaro qozoq-turk universitetlarida ilmiy safarlarda bo‘lgan. Shuningdek, Ozarbayjonning nufuzli Xazar universitetidagi ilmiy anjumanda ma’ruzalar o‘qigan. Shuningdek, Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Yevropa va MDH mamlakatlarining ilmiy nashrlarida maqolalari chop etilgan.

Ma’rufjon Dustmurodov ilmiy-ijodiy faoliyat bilan bir qatorda tashkiliy va jamoatchilik ishlarini ham muvaffaqiyatli amalga oshirgan. Jumladan, 2016-2019-yillarda Respublika Yosh filolog olimlari jamiyati raisi sifatida qariyb 10 yildan beri o‘tkazilib kelinayotgan an’anaviy “Til va adabiyot: ilmiy-amaliy izlanishlar yo‘lidagi ilk odimlar” va “Filologiya masalalari yosh tadqiqotchilar nigohida” mavzusidagi ilmiy dasturlarning bevosita muallifidir. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan turli xil tanlovlar, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar va boshqa bir qator tadbirlarni tashkil etgan, 20 ga yaqin ilmiy ishlar to‘plamlarining bosh muharriri va tahririyat a’zosi bo‘lgan. 2020-yilda ZiyoForum Respublika ilm-fan va ta’limni rivojlantirish fondi tomonidan tashkil etilgan “100 ta yosh tatqiqochilar” loyihasida ishtirok etib, bir qator tadbirlarda  o‘zining taqdimot-ma’ruzasi bilan ishtirok etgan.

2023-yildan Ma’rufjon Dustmurodov O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasining doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan 3 ta ilmiy nashrda tahririyat a’zosi, shuningdek, “Toshkent iqtisodiyot va pedagogika universiteti ilmiy-metodik jurnali”da bosh muharrir o‘rinbosari, sifatida faoliyat yuritmoqda.

Hozirda f.f.d., prof. H.Dadaboyev ilmiy rahbarligida “O‘rxun bitiktoshlari leksikasi tadqiqi (“Uyg‘ur xoqonligi davri yodnomalari misolida”) mavzusida filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi ustida ilmiy ish olib bormoqda.