Buxorov Komil Xushvaqtovich 1973-yil 21-martda Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan. 1980-1990-yillari Yakkabog‘ tumanidagi 37-umumta’lim maktabini imtiyozli tamomlagan. 1990-1995-yillari Toshkent davlat agrar universiteti O‘simliklar himoyasi, agrokimyo va tuproqshunoslik fakultetida tahsil olib, O‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha olim agronom ixtisosligi bo‘yicha oliy ma’lumotli mutaxassis diplomini olgan. 1995-1998-yillari Toshkent davlat agrar universiteti aspiranti, 1998-2007-yillarida Toshkent davlat agrar universiteti botanika va tabiatni muhofaza qilish kafedrasi assistenti, 2007-2017-yillarida esa TDAU dotsenti lavozimida faoliyat olib borgan. 2017-2018-yillari Toshkent davlat agrar universiteti dorivor o‘simliklar va botanika kafedrasi mudiri, 2018-yildan buyon Toshkent davlat agrar ekologiya va botanika kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.
K.Buxorov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan, 2009-2014-yillarda qishloq xo‘jaligi xodimlari va fermer xo‘jaligi rahbarlariga amaliy yordam berish maqsadida, qishloq xo‘jaligi ekinlarining turli mikroorganizmlar bilan kasallanishini nazorat qilish guruhi rahbari sifatida butun respublika bo‘ylab paxta va don ekinlarini kasallanish monitoringini amalga oshirgan.
2024-yilning aprel oyida Toshkent metallurgiya zavodida (TMZ) “Eco-Fast” shiori ostida o‘tkazilgan Xalqaro Seminarda faol ishtirok etgan.
2024-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlariga deputatlar saylovida Oʻzbekiston Ekologik partiyasi tomonidan ishonchli vakil sifatida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borgan.
U 2005-yil biologiya fanlari nomzodi dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. 2016-yil O‘zR OAK tomonidan dotsent ilmiy unvoniga tasdiqlandi va tegishli diplom sohibiga aylandi. Uning ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda agrar sohaga oid “Botanika va o‘simliklar fiziologiyasi”, “O‘simliklar morfologiyasi”, “Bakterologiya” “Botanika fanidan laboratoriya mashg‘ulotlari” kabi o‘quv qo‘llanmalarii, uslubiy qo‘llanmalari, monografiya bilan bir qatorda Xalqaro va Respublika jurnal va konferensiya to‘plamlarida 100 dan ziyod ilmiy maqolalari nashr qilingan.
K.Buxorov ilmiy-ijodiy faoliyat bilan bir qatorda tashkiliy ishlarni ham muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. U Ekologiya va botanika kafedrasi mudiri sifatida “Ekologiya maktabi” ga asos soldi. Bu maktabning asosiy vazifalaridan biri iqlim o‘zgarishi davrida biologik xilma xillikni saqlab qolishdan iboratdir.
Xalqaro hamda Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi davlatlari oliy ta’lim tizimida yo‘lga qo‘yilgan professor-o‘qituvchilarning o‘zaro akademik mobillik dasturi asosida 2024-yil aprel va iyun oylarida M.O.Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universiteti hamda Qozog‘iston Milliy agrar tadqiqot universiteti talabalariga o‘simliklar morfologiyasiga oid mavzularda ma’ruza, seminar darslarini olib borgan.
Shu bilan bir qatorda kafedra tomonidan “Yashil iqtisodiyot sharoitida iqlim o‘zgarishining qishloq xoʻjaligiga ta’sirini yumshatish masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarni tashkil etishda faol ishtirok etmoqda.
U Ekologiya va botanika kafedrasi mudiri sifatida Xalqaro xamkorliklarni yo‘lga qo‘yish maqsadida Qozog‘iston Milliy agrar tadqiqot universiteti bilan Ekologiya yo‘nalishida malaka oshirish va stajirovka kurslarini tashkil qildi. Bu malaka oshirish kursini birinchi qaldirg‘ochi sifatida J. Gumaray tamomladi.
K.Buxorov pedagogik faoliyati bilan bir qatorda “Markaziy viloyatlarda sug‘oriladigan bug‘doyzordagi begona o‘tlarning turlar tarkibini o‘rganish” mavzusida doktorlik dissertatsiya (DSc) ishini olib bormoqda. Bu dissertatsiya ishi bo‘yicha Respublika va Xalqaro jurnallarda ilmiy maqolalar nashr qilingan bo‘lib, ulardan 4 tasi Scopus, 4 tasi WOS ma’lumotlar bazasiga kirgan IF ga ega bo‘lgan ilmiy jurnallar qatoriga kiradi.
U O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xuzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazida ham yetakchi mutaxassis sifatida faoliyat olib borib, respublika miqyosida vujudga kelayotgan turli muammoli va baxsli masalalarni xal etishda faol ishtirok etib kelmoqda.
Buxorov Komil Xushvaqtovich hozirgi kunda Toshkent davlat agrar universiteti Ekologiya va botanika kafedrasida dotsent lavozimida ishlab kelmoqda. Pedagogik faoliyatida bakalavriat talabalariga “Botanika va o‘simliklar fiziologiyasi”, “Botanika”, “Agroekologiya”, “Ekologiya va atroh-muhit muhofazasi” fanlaridan magistrantlarga esa “Ilmiy-pedagogik ish va malaka amaliyoti”, “Yaylov ekologiyasi va menejmentda ilmiy tadqiqot uslublari”, “O‘simliklar ekologik anatomiyasi” kabi fanlardan bilim berib kelmoqda. U ma’ruza fanlaridan tashqari “Botanika” fanidan amaliyot darslarini ham maroqli ravishda o‘tib, oliy o‘quv yurti ta’lim sohasini ilmiy tadqiqot bilan integratsiyasini yo‘lga qo‘yish maqsadida, talabalarni ilmiy tekshirish institutlari bilan bir qatorda Toshkent Botanika bog‘iga olib boradi.